­­­ talabasi



Yüklə 29,65 Kb.
tarix18.12.2023
ölçüsü29,65 Kb.
#184198
falsaf



Andijon qishloq xojaligi va agrotexnologiyalar institut
Agrobiznes va raqamli iqtisodiyot fakulteti
­­­_____________ talabasi
______________________________ning
Falsafa fanidan

MUSTAQIL ISHI
Mavzu: Davlat va huquq tizimida din omili

Reja:
Kirish

  1. Davlat bilan din (diniy tashkilotlar) o‘rtasidagi munosabatlar

  2. Vijdon va e’tiqod erkinligi

Xulosa

Mavzu:Davlat va huquq tizimida din omili.


Din va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning tiplari. Rivojlangan demokratik yo‘ldan ketayotgan davlatlarning hozirgi zamonda dinga munosabati asosan vijdon erkinligini ta’minlash va diniy bag‘rikenglikka asoslangan. SHunga qaramay, bugungi kunda davlat va din o‘rtasidagi munosabatlar o‘z mazmuni, mohiyati, shakllari va usullariga ko‘ra turli davlatlarda o‘ziga xoslikka ega. SHu munosabat bilan din va davlat o‘rtasidagi munosabatning tiplari, modellari haqida fikr yuritish mumkin.
Hozirda davlat bilan din (diniy tashkilotlar) o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning turli shakllari mavjud bo‘lib, ular bugunga kelib quyidagi uchta asosiy turkumga ajratiladi:
1. Davlat-diniy tashkilot modeli – identifikatsion model. Bunday modelni biz, misol uchun, Daniya, Angliya, Gretsiya, SHvetsiya, Finlyandiya, Norvegiyada (ya’ni Evropa ittifoqining deyarli uchdan bir qismida), Saudiya Arabistoni, Bruney qirolligi, Qatar, Eron islom respublikasida kuzatishimiz mumkin.
2. Separatsion, ya’ni davlat dindan ajratilganligiga asoslangan model. Davlat bilan din o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solishning bu turiga AQSH, Fransiya, Niderlandiya, Turkiya, MDH davlatlari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi kabi davlatlarni misol sifatida keltirish mumkin.
3. Kooperatsion – neytralitet modeli. Germaniya, Ispaniya, Italiya, Belgiya, Lyuksemburg, Avstriya kabi mamlakatlarida o‘z aksini topgan.
Identifikatsion model muayyan tarixiy shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda, Evropaning ayrim mamlakatlarida davlat dinini rasmiy belgilash prinsipiga amal qiladi. Jumladan, hozirgi kunda anglikan cherkovi (rasmiy nomlanishi – Angliya cherkovi) davlat maqomiga egadir. Qirolikdagi diniy tashkilotlarning o‘rni-mavqei bir qator parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar hamda davlat va diniy tashkilot o‘rtasidagi kelishuv-bitimlari bilan belgilanadi. SHunday hujjatlardan eng muhimi – 1534 yili qabul qilingan «Suprematiya (ustuvorlik) to‘g‘risidagi akt»dir. Unga binoan qirol anglikan cherkov rahbari hisoblanadi (1952 yildang buyon qirolicha). Monarx hukumat tavsiyasiga binoan episkoplarni tayinlaydi. Bunday episkoplarning aksariyat qismi lordlar palatasining a’zolaridir.
Barcha din xizmatchilaridan san (diniy unvon)ga bag‘ishlash jarayonida qirolga itoatkorlik to‘g‘risida qasamyod qilishi talab etiladi. SHuningdek, cherkovning muhim hujjatlari, shuningdek anglikan cherkovining Bosh sinodi qarorlari, qonuniy kuchga kirishidan avval, parlament tomonidan tasdiqlanishi va qirol tomonidan ma’qullanishi lozim. Anglikan cherkovi xizmatchilari tomonidan rasmiylashtirilgan nikohlar yuridik kuchga ega. Diniy tashkilot o‘zining barcha mablag‘larini bevosita emas, balki «CHerkov vakolatdorlari» nomli davlat moliyaviy tashkiloti orqali tasarruf etadi. Bu tashkilot qo‘lida Angliya cherkoviga rasmiy tegishli bo‘lgan barcha moliya-mablag‘lar to‘planadi.
SHvetsiya, Daniya va Norvegiyada diniy tashkilotning maqomi boshqa mamlakatlarda bo‘lgan maqomidan jiddiy farq qiladi. Skandinaviya mamlakatlarining xarakterli belgisi – protestantizmning qat’iy ustuvorligi hisoblanadi - bu mamlakatlarda aholining 90 foizidan ko‘prog‘i protestant cherkoviga mansubdir.
YAqin va O‘rta sharq mamlakatlarining aksariyatida davlat dini sifatida islom dini e’tirof etilgan bo‘lib, ko‘pincha, bu haqda ularning nomlarida ham ko‘rsatiladi: Pokiston Islom Respublikasi, Eron Islom Respublikasi. SHu bilan birga islom Afg‘oniston, Misr, Iroq, Jazoir, Tunis va Iordaniyada ham davlat dini sifatida e’tirof etilgan.
1979 yili 23 dekabrda tasdiqlangan Eron Islom Respublikasining Konstitutsiyasida aytilishicha, «Eronda 12 ta imomlarning mavjudligini nazarda tutuvchi ja’fariya mazhabi rasmiy din sifatida e’tirof etiladi hamda bu qoida abadiy o‘zgarmas bo‘lib qoladi» (12-modda). «Barcha fuqarolik, moliyaviy, iqtisodiy, ma’muriy, madaniy, harbiy, siyosiy va boshqa qonun-qoidalar islom normalari asosida belgilanishi lozim» (4-modda).
Qirol bir vaqtning o‘zida hukumat rahbari, oliy bosh qo‘mondon va diniy rahbar sifatida namoyon bo‘ladigan, mutlaq teokratik monarxiyaga Saudiya Arbistonini misol qilib keltirsa bo‘ladi. Bu mamlakat Konstitutsiyada Qur’oni karim va Payg‘ambar alayhis-salom sunnatlari har qanday normadan ustun ekani e’tirof etilgan. Saudiya Arabistonida mahalliy aholi to‘liq islom diniga e’tiqod qiladi. SHuningdek, Makka va Madina shaharlariga islomdan boshqa dinga e’tiqod qiluvchi shaxsning kirishi taqiqlanadi. Qirollikda sud hokimiyati asosan shariat sudlari tomonidan Qur’on ko‘rsatmalariga amal qilgan holda amalga oshiriladi.
Isroilda esa yahudiylik davlat dini bo‘lib, bu mamlakatda din davlat mexanizmining bir qismi sifatida o‘z aksini topgan. Mamlakatda yagona konstitutsiya mavjud bo‘lmay, uning o‘rniga Knesset tomonidan qabul qilinadigan qonunlar amal qiladi. 1952 yilgi qonunga binoan Isroil fuqaroligi yahudiylikdan boshqa dinga e’tiqod qiluvchi yoki umuman dinsiz yahudiylarga berilmaydi. Sinagoga va ravvinatning jamiyat turli sohalardagi aralashuvi nihoyatda keng bo‘lib, ular o‘zlari tomonidan chiqarilgan turli ko‘rsatmalar orqali e’tiqod qiluvchi hayotining turli jabhalarini tartibga soladi.
Ayrim mamlakatlarning konstitutsiyalarida diniy tashkilotning davlatdan ajratilganligi (separatsion model) mustahkamlangan bo‘lib, bunda davlat dinni o‘z fuqarolarining shaxsiy ishi sifatida ko‘radi. Bunday holatni «erkin jamiyatda erkin e’tiqod» degan ibora bilan izohlasa bo‘ladi.
Separatsion model vakillaridan bo‘lgan AQSHda davlat va dinning bir-biri ishlariga ikki tomonlama aralashmaslik, diniy jamoalarning erkinligi, diniy konfessiyalar o‘rtasida davlatning betaraf ekanini nazarda tutuvchi diniy tashkilotning davlatdan qat’iy ajratilishi tamoyili keng yoyilgan.
Diniy tashkilotning davlatdan ajratilishi prinsipi boshqa shaklda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Evropada bunday tizim diniy tashkilotga qarshi kurash jarayonlari natijasi sifatida shakllandi. XIX asr davomida Fransiyada davlat-din munosabatlari hamkorlikdan butunlay uzilishga qadar o‘zgarib, 1905 yildan cherkov davlatdan rasmiy ravishda ajratiladi. SHunga bog‘liq ravishda 1905 yili Fransiyada qabul qilingan qonun quyidagilarni tan oladi:

Vijdon va e’tiqod erkinligi;


Davlat tomonidan diniy tashkilotlar va ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishining taqiqlanishi;
Barcha dinlarga, hech bir istisnosiz teng munosabatda bo‘lish.
Fransiyada qabuli qilingan dinning davlatdan ajratilishi to‘g‘risidagi qonun diniy marosim va urf-odatlarni bajo keltirish davlat hokimiyati ruxsati va nazorati bilan amalga oshirilishini belgilab qo‘ydi.
Kooperatsion, ya’ni neytralitet modeliga Germaniya federativ respublikasini misol tariqasida keltirish mumkin. GFR da davlat bilan diniy tashkilot o‘rtasidagi munosabatlarda davlat hokimiyatining ustuvorligi e’tirof etilgan, davlat-diniy tashkilot huquqi vujudga keldi.
Veymar Konstitutsiyasi davridan boshlab Germaniyada davlat-cherkov munosabatlari sekulyarlik tamoyiliga asoslanadi. SHuningdek, davlat hokimiyati bilan diniy tashkilot muunosabatlarida muayyan masofa saqlanadi. Hozirgi kunda bunday masofani «neytralitet» termini bilan atash odat bo‘lgan.
Hozirgi kunda davlat-cherkov munosabatlari GFR Asosiy qonunining 140-moddasi asosida tartibga solinadi. O‘z navbatida konstitutsiyaning mazkur moddasi 1919 yilgi Veymar Konstitutsiyasining 136-139, 141- moddalaridan tashkil topgan. Mazkur qoidalarga binoan GFR da davlat biror dinga rasmiy davlat dini maqomini bermaydi.
GFRda diniy mashg‘ulotlar davlat bilan diniy tashkilot o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning o‘ziga xos ifodasi bo‘lib, diniy mashg‘ulotlar davlat bilan diniy tashkilotning umumiy ishi sifatida e’tirof etiladi. GFR Konstitutsiyasining 7-moddasiga binoan, ommaviy maktablarda diniy ta’lim majburiy predmet sifatida o‘qitiladi.

Ko‘rib chiqilayotgan model doirasida 1920 yilgi Avstriya konstitutsiyasida ham o‘ziga xosliklar bor. Unda ham vijdon va e’tiqod erkinligi to‘liq e’tirof etiladi. Avstriyada ham, GFRda bo‘lgani kabi, cherkov davlatdan ajratilmagan. Katolik cherkovi davlat maqomiga ega bo‘lmasa-da, diniy sohada hukmronlik qiladi va mafkuraviy hayotning turli jabhalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. E’tiqod qiluvchilarning taxminan 90% ni katoliklar tashkil etadi.


YUqoridagi davlatlar misolidan ko‘rinib turibdiki, xorijiy mamlakatlarda diniy tashkilotlarning huquqiy maqomini, davlatning dinga, vijdon va e’tiqod erkinligiga bo‘lgan munosabatini tartibga soluvchi konstitutsiyaviy va qonunchilik normalari nihoyatda turli-tumandir. Konstitutsiyalar odatda, diniy tashkilot bilan davlat o‘rtasidagi o‘zaro munosabat asoslari, jamiyatda dinning tutgan o‘rni bilan bog‘liq masalalarni tartibga soluvchi maxsus moddalarni, ayrim hollarda esa bir-butun bo‘lim va boblarni ham o‘zida aks ettiradi. Umuman olganda esa, konstitutsiyalar konfessiyalar va e’tiqod qiluvchilar huquqlarining kafili bo‘lib hisoblanadi.
O‘zbekistonda tarkib topgan davlat va din o‘rtasidagi munosabat o‘z mohiyati, mazmuni va huquqiy asoslariga ko‘ra separatsion modelga, ya’ni davlatdan din, umumta’lim maktablaridan diniy ta’limning ajratilganligi va vijdon erkinligi, konfessional bag‘rikenglik ta’minlanganligiga asoslanadi.
O‘zbekiston dunyoviy davlat bo‘lib, mamlaktimizda din davlatdan alohida bo‘lib, bu haqda mamlakatimiz Konstitutsiyasining 61-moddasida shunday deyiladi: «Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi».
Bu g‘oya «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunning 5-moddasida ham mustahkamlangan bo‘lib, unda ham dinning davlatdan ajratilganligi, hech bir dinga yoki diniy e’tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilgan. Bu esa mamlakatimizda davlatning diniy ishlarga, dinning esa davlat ishlariga (qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno, albatta) aralashmasligini anglatadi.
Buning zamirida davlat tomonidan turli dinlarga e’tiqod qiluvchi va dinga e’tiqod qilmaydigan fuqarolar, shu kabi tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro murosa va hurmat o‘rnatilishiga ko‘maklashishi, ular o‘rtasida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan qarama-qarshilik va keskinliklarning oldini olishi, diniy konfessiyalar o‘rtasidagi tinchlik va totuvlikni qo‘llab-quvvatlashi, diniy tashkilotlar zimmasiga davlat o‘zining hech qanday vazifasini bajarishni yuklamasligi, ularning qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan faoliyatiga aralashmasligi kabilar yotadi.
SHu bilan birga O‘zbekiston Respublikasi demokratik prinsiplarga sodiqligini ifodasi sifatda davlatning din va diniy tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatda quyidagi pritsiplarga amal qilishini e’lon qildi:

dindorlarning diniy tuyg‘ularini hurmat qilish;


diniy e’tiqodlarni fuqarolarning yoki ular uyushmalarining xususiy ishi deb tan olish;
diniy qarashlarga amal qiluvchi fuqarolarning ham, ularga amal qilmaydigan fuqarolarning ham huquqlarini teng kafolatlash hamda ularni ta’qib qilishga yo‘l qo‘ymaslik;
ma’naviy tiklanish, umuminsoniy axloqiy qadriyatlarni qaror toptirish ishida turli diniy uyushmalarning imkoniyatlaridan foydalanish uchun ular bilan muloqot qilish yo‘llarini izlash zarurati;
dindan buzg‘unchilik maqsadlarida foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini e’tirof etish.
YUqoridagilarga asoslangan holda, xulosa qilish mumkinki, biz yuqorida tahlil etgan davlat va din o‘rtasidagi munosabatning uch modeli davlat va din o‘rtasidagi munosabatning turli-tuman qirralarini jihatlarini va xossalarini to‘laligicha qamrab ololmaydi. Davlat va din o‘rtasidagi munosabatning bir modelida boshqa model elementlari ham uchrab qolishi mumkin. SHu jihatlarni hisobga olgan holda aytish mumkinki, davlat va din o‘rtasidagi munosabatning qaysi modelda bo‘lishi shu davlatning taraqqiyoti, undagi aholining mentaliteti, dinning xususiyati, mamlakatdagi demokratik vaziyat, inson huquqlarining ta’minlanganligi, xalqaro ahvol, jamiyatning onggi kabi omillar ta’sir etishi shubhasizdir.
2. O‘zbekistonda vijdon erkinligini ta’minlanishi. Vijdon erkinligi tabiiy huquq va erkinliklar sirasiga kiruvchi, har bir shaxsning ajralmas huquqlaridan biridir. SHaxsning tabiiy huquqlari davlatning insonga bergan «tuhfasi» emas, balki insonning munosib turmush va hayot tarzini tanlash bilan bog‘liq real imkoniyati hisoblanadi.
SHu bilan birga, tabiiy huquqlar jumlasiga kiruvchi erkinliklarni qonun chiqaruvchi o‘zi xohlaganda qisqartirishi yoki cheklashga ham haqli emas. CHunki bu huquqlar insonlarga tabiatan (Xudo tomonidan) berilgan in’om sanaladi. Vijdon erkinligi ham xuddi shunday.
Vijdon erkinligi insonning asosiy erkinliklaridan bo‘lsa-da, qonunda o‘z ifodasini topib, muhofaza ostiga olingandagina chin ma’noda huquq darajasiga ko‘tariladi. Aks holda shaxsning qalb kechinmalarini ifodalovchi bu huquq haqiqiy ma’nosini yo‘qotadi.
Bu erkinlik deyarli barcha davlatlarning konstitutsiya va qonunlarida, shuningdek, qator xalqaro hujjatlarda huquqiy jihatdan himoyaga olingan.
Atama sifatida «vijdon» so‘zi ko‘p ma’noni anglatadi. Bu atama turli soha va ijtimoiy qatlamga mansub insonlar tomonidan turlicha qo‘llaniladi. A.Madvaliev tahriri ostida nashr etilgan «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da «vijdon» so‘ziga quyidagicha ta’rif berilgan:
«Vijdon» (arab. ehtiros, his-tuyg‘u, insof, diyonat) kishining o‘z xatti-harakati, qilmishi, yurish-turishi uchun odamlar, jamoatchilik oldidagi mas’uliyat hissi, insoniylikning asosiy belgilaridan biri; diyonat, insof», deya izoh berilgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, vijdon so‘zining birinchi ma’nosi insoning o‘z xatti-harakatilari uchun o‘zgalar oldidagi mas’uliyat hissi hisoblanar ekan.
Aslida olib qaraganda «vijdon» so‘zi ko‘p ma’noli bo‘lgani bois uning huquq atamashunosligida ishlatilishi unchalik ham ijobiy hol emas. CHunki «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonun talablariga ko‘ra qonun hujjatlarida foydalaniladigan tushuncha va atamalar turlicha izohlash imkoniyatini istisno etishi lozim. SHuningdek, qonunda eskirgan hamda ko‘p ma’noni anglatadigan so‘zlar va iboralar, majoziy taqqoslashlar, sifatlashlar, kinoyalar qo‘llanilishi mumkin emas. Lekin bu atama endi qonunchiligimizga kirib bo‘ldi. Uni foydalanishdan chiqarib, yangi so‘z ixtiro qilgandan ko‘ra, atamaning mazmun-mohiyatini keng ommaga tushuntirish, izohlab berish maqsadga muvofiq.
SHunday ekan, vijdon erkinligining birinchi ma’nosi aynan shaxsning e’tiqodi bilan bog‘liq huquqi sifatida qabul qilgan holda shu mazmunni yoritishga harakat qilamiz.
Huquqiy mezonda vijdon tushunchasi «vijdon erkinligi» shaklida keladi. O‘zbekistonning asosiy qomusi – Konstitutsiyada ta’kidlanishicha «Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi» (31-modda), degan qoida mustahkamlangan.
Bu qoidaga ko‘ra «vijdon erkinligi» degan tushunchaning mazmun-mohiyati shaxsning xohlagan dinga e’tiqod qilishi bilan birga, hech qanday dinga e’tiqod qilmaslik ixtiyorini ham qamrab oladi. Bu modda so‘ngida «diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi», degan muhim qoida asosida, har bir inson haqli bo‘lgan huquqning buzilmasligi uchun qonuniy zamin tayyorlangan. Buning zamirida vijdon erkinligiga nisbatan har qanday tahdidni bartaraf etish istagi yotadi.
SHunday qilib, Konstitutsiyamizdagi norma asosida vijdon erkinligi uch jihatni anglatadigan huquqiy kategoriya sifatida namoyon bo‘ladi:

Muayyan shaxs Xudoga ishonishi, xohlagan diniga e’tiqod qilishi mumkin;


Xudoga va dinga ishonmasligi, ularga nisbatan betaraf bo‘lishi mumkin.

Dahriy, ya’ni hech bir dinga e’tiqod qilmaygina qolmasdan, balki ularni inkor etishi mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar:


http://fayllar.org
www.wikipedia.org
www.lex.uz
Yüklə 29,65 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin