Stixiyali dialektika. Qadimgi mutafakkirlar ziddiyatlilik va o‘zgaruvchanlik fikr-mulohazalardagina emas, balki real borliqda ham mavjud ekanligini payqaganlar. Bu dalilning tagiga yetgan ilk mutafakkirlardan biri efeslik Geraklit bo‘lgan. U dunyoni «jonli olov» yoki «ikki marta kirish» mumkin bo‘lmagan daryo oqimi sifatida tasavvur qilgan. Harakatchan dunyoda zamon o‘tishi bilan hamma narsa o‘zining dastlabki shakl-shamoyilini yo‘qotadi va asta-sekin o‘zining qarama-qarshiligiga o‘tadi: ho‘l narsa quriydi, quruq narsa esa nam tortadi; bir narsa boshqa narsaga: sovuq issiqqa, tirik o‘likka o‘tadi. Bu mulohazalarda hozirgi talqindagi dialektikaning asoslari mujassamlashgan. Shu sababli qadimgi faylasuflarning stixiyali dialektikasi dialektikaning tarixan birinchi shakli deb hisoblanadi. Stixiyali dialektika borliq va bilishning jarayonlar mohiyatini anglab yetishga asoslanmagan sodda dialektikadir.
O‘rta asrlarda metafizika falsafadan dialektikani siqib chiqargan. Natijada dialektika odamlar ongiga diniy dunyoqarashni singdirish va mustahkamlash uchun hukmron sinflar faol foydalangan sofistika va sxolastikaga aylangan.
Idealistik dialektika. Metafizika unsurlarini o‘z ichga olgan dialektikaga qaytish Yangi davr falsafasi (Rene Dekart, Benedikt Spinoza, Deni Didro va b.)da yuz bergan. Shunga qaramay dialektikaning eng yaxlit konsepsiyasini klassik nemis falsafasida Georg Gegel ta’riflagan. Bu konsepsiya dialektikaning ikkinchi shakli deb ataladi.
Gegel ilk bor dunyoni quyidan oliyga qarab boruvchi umumiy rivojlanish jarayoni sifatida tasvirlagan, rivojlanish manbai - qarama-qarshiliklar kurashini ko‘rsatib bergan, dialektikaning asosiy qonunlari va kategoriyalarini ta’riflagan. Ammo Gegel dialektikasi idealistik xususiyat kasb etgan. Zero, idealistik dialektikaning andozasi bo‘lib ob’ektiv borliq emas, balki uni aks ettiruvchi tafakkur xizmat qilgan. Bu nazariya chuqur dialektika g‘oyalari: geologiyaga tatbiqan rivojlanish nazariyasi (Ch.Loel), Lamarkning evolyusion g‘oyalari, Kant – Laplasning kosmologik g‘oyalari va boshqalar ilgari surgan tabiatshunoslik asoslariga zid bo‘lgan.