Kogerent (nazariy) konsepsiyaeksperimentga muvofiq bo‘lishi, unga zid kelmasligi, uning natijalarini bashorat qilish imkonini berishi lozim. Masalan, neopozitivistlar eksperimentni nazariya to‘g‘ri ekanligining mukammal tavsifi deb hisoblaganlar. Nazariya eksperimentda tekshiriladi, verifikatsiya qilinadi: u yo mazkur sinovdan muvaffaqiyat bilan o‘tadi, yo o‘tmaydi; u yo to‘g‘ri, yo noto‘g‘ri. K.Popper bu fikrda kamchilik topdi: hamonki nazariyalar ertami, kechmi inkor etilar, falsifikatsiya qilinar ekan, ularning eksperimentga avvalgi muvofiqliklari amalda haqiqiy sinov hisoblanmaydi. Popperga e’tiroz bildirish mumkin: agar nazariya eksperimentda olingan ayrim ma’lumotlar bilan ziddiyatga kirishgan bo‘lsa, bu nazariyadan mazkur ma’lumotlarni sharhlash uchun foydalanish mumkin emas, biroq u boshqa eksperimental ma’lumotlar uchun o‘z ahamiyatini saqlab qoladi. Fanda yangi nazariya eskisini doim ham istisno etavermaydi. Fizikada ba’zi bir fizik hodisalarni talqin qilish uchun Nyuton mexanikasidan hozirgacha foydalaniladi. Vaholanki, u eng yangi fizik nazariyalar bilan rad etilgan. Nyuton mexanikasi nisbiylik nazariyasi va kvant fizikasining ayrim, nisbatan sodda ko‘rinishi sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolgan.
Haqiqatning pragmatik konsepsiyasida amaliyot mezoni ko‘pincha to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksperiment tushunchasi bilan bog‘lanadi. Biroq ilmiy amaliyot faqat eksperimentdan iborat emas, u fan qo‘llaniladigan butun maydonni, uning inson uchun hayotiy ahamiyatini qamrab oladi. Shuni hisobga olganda, insonning butun hayoti, uning fandan amalda foydalaniladigan barcha jabhalari fanning haqiqiyligini sinash maydoniga aylangan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Isbotlash va rad etish. Fanning u yoki bu qoidasining haqiqiyligi yoki soxtaligi, aniq-ravshan ko‘rinib turmaydi. Faqat eng sodda mulohazalar o‘zining haqiqiyligini tasdiqlash uchun sezgi idrokidangina foydalanishni talab qiladi: ko‘rsatish mumkin bo‘lgan narsani isbotlashning hojati yo‘q.
Fanning aksariyat qoidalari sezgi a’zolari orqali bilish darajasida va boshqa haqiqatlardan alohida emas, balki mantiqiy tafakkur darajasida, boshqa haqiqatlarga bog‘langan holda, ya’ni isbotlash yo‘li bilan haqiqiy deb qabul qilinadi. Isbotlash – ilmiy tafakkurning muhim vositasi.
Har qanday isbotda tezis, isbotlash uchun asoslar (dalillar) va isbotlash usuli mavjud. Haqiqiyligi yoki soxtaligi isbotlash yo‘li bilan aniqlanayotgan qoida tezis deb ataladi. Tezisning soxtaligini aniqlash rad etish deb ataladi. Isbotlashda foydalanilayotgan va isbotlanayotgan tezisning haqiqiyligini ko‘rsatayotgan barcha qoidalar asoslar yoki dalillar deb ataladi. Asoslar va dalillar ishonchli dalillar haqidagi qoidalar, ta’riflar, aksiomalar va ilgari isbotlangan qoidalardan tashkil topadi.