1- mavzu ijtimoiy psixologiyaga kirish,ijtimoiy psixologiyaning
1- MAVZU: IJTIMOIY PSIXOLOGIYAGA KIRISH,IJTIMOIY PSIXOLOGIYANING SHAKILLANISH TARIXI (2 SOAT) Reja:
1.Ijtimoiy psixologiya metodini tushunish umumiy psixologiya va sotsiologiya predmetini tushunishiga bog’liqligi
2. Sotsial psixologiya fanining predmeti.
3.Sotsial psixologiya fanining vazifalari. Tayanch tushunchalar: sotsial psixologiya, metod, psixologiya,sotsiolog, jamiyat, inson, guruh, omma, ijtimoiy ong, jamoa 1.Jamiyat - bu insonlar majmuidir. Uning taraqqiyoti va ma’naviy salohiyati ko’p jixatdan ana shu insonlar o’rtasida yuzaga keladigan o’zaro munosabatlarning tabiatiga, ular amalga oshiradigan murakkab ijtimoiy hamkorlik faoliyatining mazmuniga bog’liq. Har bir inson jamiyatda yashar ekan, u unda o’ziga xos o’rin va mustaqil mavqe egallashga intiladi, shuning uchun u o’ziga xos intilish, layoqat va faollik namunalarini namoyish etadi. Insonlar o’rtasidaga o’zaro munosabatlarni hamda har bir shaxsning jamiyatdagi o’rni va uning turlicha ijtimoiy munosabatlari tabiatini o’rganuvchi qator ijtimoiy fanlar mavjud bo’lib, ularning orasida ijtimoiy psixologiya alohida o’rin egallaydi.
Ijtimoiy psixologiya juda qadimiy va shuning bilan birga u o’ta navqiron fandir. Uning qadimiyligi insoniyat tarixi, madaniyati va ma’naviyatining qadimiy ildizlari bilan belgilanadi. Ular aslini olib qaraganda, u yoki bu jamiyatda yashagan kishilar o’rtasidagi ijtimoiy munosabatlarning va tafakkurning xosilasi ekanligi bilan e’tirof etilsa, u - o’z uslubiyoti, predmeti va fanlar tizimida tutgan o’rnining yangiligi insoniyat taraqqiyotining eng yangi davrida shakllanganligi va rivojiga turtki berganligi bilan tavsiflanadi. Darhaqiqat, ijtimoiy psixologiyaning fan sifatida tan olinishi xususida so’z borar ekan, uning rasman e’tirof etilishi 1908 yil deyiladi. Chunki aynan shu yili ingliz olimi V. Makdugall o’zining "Ijtimoiy psixologiyaga kirish" kitobini, amerikalik sotsiolog E.Ross esa "Ijtimoiy psixologiya", deb nomlangan kitobini chop ettirgan edi. Bu asarlarda birinchi marta alohida fan - ijtimoiy psixologiyaning mavjudligi tan olindi va uning predmetiga ta’rif berildi. Ikkala muallif ham - biri psixolog, ikkinchisi sotsiolog bo’lishiga qaramay, bu fanning asosiy predmeti ijtimoiy taraqqiyot hamda psixik taraqqiyot qonuniyatlarini uyg’unlikda o’rganishdir, degan umumiy xulosaga kelishgan.
Rus olimasi G.M.Andreeva ta’kidlaganidek, ijtimoiy psixologiya sohasida ishlayotgan mutaxassisning aslida kim ekanligi - psixologmi, faylasufmi yoki sotsiologmi - uning ushbu fan predmetiga yondaShuvida o’z aksini topadi, chunki agar u sotsiolog bo’lsa, ijtimoiy qonuniyatlarni avval boshdan jamiyatdagi an’analar va umumiy qoidalar tilida tuShuntirishga intilsa, psixolog - konkret olingan shaxs psixologiyasining qonuniyatlarini umumjamiyat qonun-qoidalariga tadbiq etishga harakat qiladi. Shuning uchun ham G.Andreeva ijtimoiy psixologiyaning mavzu bahsi haqidagi hozirgi zamon qarashlarini umumlashtirib, bu o’rinda uch xil yondashish: sotsiologik, psixologik, ham sotsiologik va psixologik mavjud ekanligini asoslaydi. Nima bo’lganda ham, shuni asosli tarzda e’tirof etish zarurki, ijtimoiy psixologiyaning alohida fan bo’lib ajralib chiqishiga sabab bo’lgan ilmiy manbalar ikki fan - psixologiya va sotsiologiya fanlarining erishgan yutuqlari va har qaysisining doirasida ma’lum muammolarning yechilishi uchun yana qo’shimcha alohida fanning bo’lishi lozimligini tan olish tufayli yuzaga keldi. Shuning uchun ham uzoq yillar mobaynida ijtimoiy psixologiya sohasida tadqiqotlar olib borayotgan shaxsning kimligiga qarab, izlanishlarning natijalarida u yoki bu yondaShuv - psixologik yoki sotsiologik yondashuvning ustuvorligi yaqqol ko’zga tashlandi. Demak, bu fanning tug’ilishi, o’z predmeti sohasini aniqlab olishiga sabab bo’lgan sotsiologiya va psixologiya fanlaridir va bu fanlar aslida uning "ota-onalaridir".