1-3 sinflar o‘rtasida o‘tkaziladigan spartakiada ssenariysi
Diqqatingizga havola etilayotgan «Sog‘lik tantanasi» deb nomlangan spartakiada boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘quv yilining tugashi munosabati bilan o‘tkaziladi. Ushbu tadbirga sport namoyondalari, ota-onalarni ham taklif etish mumkin.
Maqsadlar:
— bolalarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish;
— o‘quvchilarda jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga, sportga qiziqish uyg‘otish;
— musobaqa shartlarini bajarish orqali o‘quvchi — o‘qituvchi — ota-ona hamkorligini yo‘lga qo‘yish.
Vazifalar:
— bolalarni sport va jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishga jalb qilish orqali sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish;
— o‘quvchilar salomatligini yaxshilash;
— bolalar va ota-onalarni jismoniy tarbiya mashqlarini muntazam bajarishga undash.
Spartakiada shiori: «Sport — salomatlik va barkamollik elchisi!»
Tadbirning borishi
Tadbir o‘tkaziladigan joy (sport zal yoki maktab sport maydoni) oldindan tayyorlab qo‘yiladi. Sport va sog‘lom turmush tarzi aks ettirilgan suratli plakatlar, rangli sharlar bilan bezatiladi, sho‘x musiqa yangraydi.
Boshlovchi: — Assalomu alaykum, qadrli mehmonlar, ustozlar va aziz ota-onalar! Bugungi «Sog‘lik tantanasi» deb nomlangan spartakiadamizga xush kelibsiz!
Musiqa sadolari ostida davraga Bilmasvoy va Doktor Voyjonim kirib keladi.
Boshlovchi: — Assalomu alaykum! Bilmasvoy, sen ham spartakiadamizda ishtirok etish uchun keldingmi?
Bilmasvoy: — Yo‘q, aslida men o‘quv yili tugagani munosabati bilan chinakam bayram qilmoqchi edim. Kuni bilan televizorda namoyish etiladigan multfilmlarni tomosha qilib, o‘rtoqlarim bilan kompyuterda o‘yin o‘ynamoqchi edim. Ammo Doktor Voyjonim meni bu yerga boshlab keldi.
Doktor Voyjonim: — To‘g‘ri-da, men senga faol dam olish va haqiqiy bayram qanaqa bo‘lishini ko‘rsatmoqchiman. Ko‘p vaqt televizor yoki kompyuter qarshisida o‘tirish sog‘lig‘ing uchun qanchalik zararligini nahot bilmasang?!
Boshlovchi: — Xafa bo‘lma, Bilmasvoy, bugun sen ham bolajonlar bilan birgalikda spartakiadamiz doirasida o‘tkaziladigan musobaqalarda qatnashib, nafaqat sportning inson salomatligi uchun foydasi kattaligini anglab yetasan, shu bilan birga yangi do‘stlar orttirib, vaqtingni mazmunli va maroqli o‘tkazasan.
Bilmasvoy: — Hech tushunmayman, qanday qilib jismoniy mashqlarni bajarish bilan dam olish mumkin?
Doktor Voyjonim: — Mayli, kel musobaqamizni boshlaylik, ana shunda hammasini o‘zing tushunib olasan.
Bolalar o‘z sinflari bilan jamoalarni tashkil etadilar va har bir jamoa o‘z nomi va shiori yozilgan plakatni ushlab turadi. Har bir jamoada bittadan yetakchi, sinf rahbari va ota-onalardan vakil qatnashishi lozim. Boshlovchi har bir jamoa nomini aytganida, plakatlarini ko‘tarib, shiorni jo‘r bo‘lib aytishlari kerak. Shundan so‘ng hakamlar hay’ati tanishtiriladi.
Doktor Voyjonim: — Salom, bolalar!
Hamma: — Assalom!
Doktor Voyjonim: — Meni tanidingiz-a, bolalar? Men sizlarni sog‘lik tantanasi bilan qutlagani keldim. Yodingizda bo‘lsin, o‘quvchilar, musobaqa vaqtida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish, tartib-intizomli bo‘lish, bir-biringizni hurmat qilishingiz muhim. Jamoa birligi sizni g‘alaba tomon yetaklaydi! Endi esa ushbu so‘zlarni menga jo‘r bo‘lib aytishingizni xohlardim.
«Bir-birimizga do‘stona munosabatda bo‘lishga va’da beramiz!»
Bolalar: — Va’da beramiz!
Doktor Voyjonim: — «G‘alaba uchun halol bellashishga…».
Bolalar: — Va’da beramiz!
Doktor Voyjonim: — «Qiyinchiliklarni tabassum bilan yengishga…».
Bolalar: — Va’da beramiz!
Doktor Voyjonim, Bilmasvoy: — Unda spartakiadamizni ochiq deb e’lon qilamiz! Olg‘a!
Maktab sport maydoni yoki zalida har bir musobaqa shartini o‘tkazish uchun alohida joy hozirlangan bo‘lib, jamoalar bir shartni bajarib bo‘lgach, keyingi shartni bajarishga kirishadilar.
«Koptokni yumalat» musobaqasi. Bir o‘quvchi cho‘kkalab koptokni finishdagi gardishgacha yumalatib boradi. Keyin esa gardishni aylanib, koptokni qo‘llarida ushlagancha startga qarab yuguradi va uni keyingi ishtirokchiga beradi.
«Shumtaka» musobaqasi. Bunda o‘quvchilar gardishni aylantirib, undan osha sakraydilar.
«Gazetxon» musobaqasi. Jamoalarga chelak, qog‘oz yoki gazeta sahifalari beriladi. Ota-onalar yoki sinf rahbari gazeta sahifalaridan qog‘oz sharchalar yasashlari va guruh ishtirokchilariga uzatishlari talab etiladi. Jamoalar qog‘oz sharchalarini chelakka 1,5—2 metr masofadan otib tushirishlari kerak bo‘ladi (chelakka tushirilgan shariklar soni hisobga olinadi).
Dam olish daqiqasi. Uch musobaqa sharti bajarib bo‘lingach, Doktor Voyjonim va Bilmasvoy boshchiligida bolalar sho‘x musiqa sadolari ostida raqsga tushadilar.
Doktor Voyjonim: — Bolalar, charchab qolmadingizmi?
Bolalar: — Yo‘q!
Bilmasvoy: — Unda musiqa sadolari ostida biz bilan birgalikda mana shu harakatlarni bajaring va biz bilan birga kuylang. Keling, o‘z raqsimizni yaratamiz. Agar «clap» (klep) desak, chapak chalasiz, «hands up» (henz ap) desak, qo‘llaringizni yuqoriga ko‘tarasiz, «hands down» (henz daun) desak, qo‘llaringizni tushirasiz, «jump» (jamp) desak, bir oyoqda sakraysiz. Kelishdikmi?
Bolalar: — Ha!
Bilmasvoy va Doktor Voyjonim:
We are having fun right here!
Look what we do and do it here!
Let’s clap…and now let’s jump,
Put your hands up…and now put hands down!
Dam olish daqiqasida o‘quvchilar salomatlik, sport haqida she’rlar aytishlari, ushbu mavzuda sahna ko‘rinishlarini tayyorlashlari mumkin.
«Kim ko‘p sakraydi?» musobaqasi. Bunda sinf rahbarlari jamoalaridagi ishtirokchilardan ikkita-ikkitadan chiqarib, bir daqiqa davomida arg‘amchida eng ko‘p sakragan o‘quvchini aniqlaydi.
«Antiqa gul» musobaqasi. Jamoaning har bir ishtirokchisi bittadan shar puflaydi, ota-onalar esa ularni bog‘lab, bir nechta shardan gul yasashlari kerak bo‘ladi.
«Kim chaqqon?» musobaqasi. Jamoa yetakchilari belgilangan joydan turib uzoq masofaga sakraydilar. Musobaqa shartlarini kuzatib borayotgan jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi yetakchi kelib tushgan masofaga chiziq tortadi. Belgilangan chiziqdan sinf rahbari, so‘ng ota-onalardan vakil sakraydi. Natijada eng uzoqqa sakragan jamoa ushbu shartda g‘olib bo‘ladi.
Doktor Voyjonim: — Bilmasvoy, senga bugungi tadbirimiz yoqdimi?
Bilmasvoy: — Ha, men sport musobaqasi bunchalik maroqli o‘tishi mumkinligini bilmagan ekanman. Endi o‘rtoqlarimni ham tez-tez ochiq havoda turli harakatli o‘yinlar o‘ynashga chaqiraman.
Doktor Voyjonim: — Yodingizda tuting, o‘quvchilar, sport bilan muntazam shug‘ullanib turish kerak. Ana shunda hech qachon kasal bo‘lmaysiz. Bugun sizlarning faol ishtirokingizni ko‘rib juda quvondim. Ayniqsa, tadbirimizga tashrif buyurgan ota-onalarga alohida minnatdorchilik bildiraman. Chunki sog‘lom avlodni tarbiyalashda shaxsiy namuna alohida ahamiyatga ega. Salomat bo‘ling! Ta’tilingiz mazmunli o‘tsin!
Spartakiada natijalarini e’lon qilish uchun so‘z hakamlar hay’atiga beriladi. «Sog‘lik tantanasi»da faol ishtirok etgan jamoalar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi. Ota-onalar va mehmonlar tadbir haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashadi.
Dostları ilə paylaş: |