12-mashq. O‘qing, atoqli va turdosh otlarni aniqlang, ularning farqini izohlang.
Odatda katta iste’dod egalari hayotda ham yorqin shaxslar bo‘ladi. Men Oybek va G‘afur G‘ulom, Mirtemir va Shayxzoda kabi ulkan so‘z san’atkorlari suhbatida bo‘lib, shunday e’tiqodga kelganman. Bu ustozlar kirib kelgan uylarda chiroq yoqilganday bo‘lar, o‘zgacha bir fayz qo‘shilar edi. Aminmanki, Hamid Olimjon, Usmon Nosirlar ham shunday farishtali odamlar bo‘lishgan.
... Usmon Nosirning “Yurak”, “Nil va Rim” she’rlari, “Naxshon” dostoni o‘zbek she’riyati xazinasidan joy olgan. Shoir qilgan tarjimalar bu olijanob san’atning yorqin namunalari sifatida ko‘p avlod tarjimonlar uchun mahorat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.(E. Vohidov)
13-mashq. Murodjon Rahmonovning «Samimiylik» she’rini ifodali o‘qing. Aniq va mavhum otlarni aniqlab, farqini tushuntiring.
Sen borsanki, hayot shirin, ishq barqaror, samimiylik,
Sen borsanki, do‘stlik mangu, yor vafodor, samimiylik.
Sen bor joyda ko‘ngil ravshan, dillar charog‘on hamisha,
Sen bor joyda yo‘q kin, g‘araz, yo‘qdir ozor, samimiylik.
Sen bor joyda turmush go‘zal, kulib boqar baxt, istiqbol,
Sen bor joyda yaxshilik bor, ezgulik bor, samimiylik.
Sen borsanki, sofdil odam, el farovon, zamon xurram,
Sen bor joyda bo‘lmas gumon, yo‘q hech g‘ubor, samimiylik.
Sen borsanki, ko‘ngillarda doim bahor, samimiylik.
Sen bilandir saodat ham, pok xislatlar, sadoqat ham,
Mangu yasha sen jahonda, bo‘lgin bisyor, samimiylik...
14-mashq. Mavhum otlarni ta’riflang.
ONA DUOSI
Safar qilsang oq yo‘l, bolam, omon yur,
Razildan qoch va oqillar tomon yur,
Ukalaring sog‘intirmay kelib tur,
Hech bo‘lmasa ikki enlik xat bit, bolam.
U yoqlik ham o‘zimizday xilma-xil,
Yaxshilikda hamma qo‘shni Normas bil,
Bir do‘stni deb bir do‘stingni sotmagil,
Do‘st orttir-u do‘stlaringni teng tut, bolam.
Ig‘vogarning quloqlari juda uzun,
Xiyonat bu – o‘ylamasdan aytgan so‘zing,
O‘ylaringni aytar ko‘zgu ikki ko‘zing,
Bad o‘ylarni boshginangdan itqit, bolam.
Dong‘i chiqmas bir yakka ot – yolg‘izlik,
O‘z juftidan judo qanot – yolg‘izlik,
Aytib bo‘lmas unsiz faryod – yolg‘izlik,
Yolg‘izlanma, yaxshilarni do‘st tut, bolam.
Safar qilsang, uydan ko‘ngling to‘q qilgin,
Lekin g‘iybat bor joylarda yo‘q bo‘lgin,
Shoir bo‘lsang, yomonlikka o‘q bo‘lgin,
Dardlilarning dillarini yorit, bolam.
Elga qalbing bergan qalbning bunyodisan,
Sen zahmatga egiz xalqning zuryodisan,
Pastlik qilma, Alpomishning avlodisan,
Muhtojlarning g‘amlarini arit, bolam.
Yo‘ling ochiq bo‘lar, bo‘lsang sen ochiq qo‘l,
Omin endi, polaponim, senga oq yo‘l,
Bir tilagim: qayda bo‘lsang, salomat bo‘l
Va uydagi erkinliging unut, bolam.
15-mashq. O‘qing. Birlik va ko‘plik sonda kelgan otlarni aniqlang. Ko‘plik shaklda kelgan otlarning ma’nolaridagi farqlarni izohlang. Gaplarni ko‘chirib, ko‘plik qo‘shimchasi tagiga chizing.
I.Quyosh botgan esa-da, hali hammayoq yorug‘, hali kunduzning yallig‘i bilan nafas olgan dashtda to‘rg‘aylar ora-sira “chiv-chiv”lashib uchishar edi. Toshbaqalar, kirpitikanlar o‘ynar edilar. Mayda toshlar ustida shildirab oqqan iliq suv bilan chelaklarni to‘ldirgandan keyin, bet-qo‘llarini yuvib, sochlarini ho‘llab, dam olgani katta toshga o‘tirishdi. Bu yerda chuqur jimjitlik hukm surar edi. Qizlar sekin-sekin quyuqlasha borgan shom qorong‘isida sokin mudragan adirlarga, tepalarga xayolchan termulib, ancha vaqt jim o‘tirishdi. (Oybek.)
16-mashq. Egalik affikslarini olgan otlarni aniqlang. Ko‘chirib, egalik qo‘shimchasi tagiga chizing, shaxs va sonini so‘zning ustiga yozing.
1. Akam ishxonadan chiqib, o‘rtog‘i Xolmat partizanni qarshiladi. U, odatdagidek, to‘la-to‘kis qurollangan. Uning kelishgan qomatiga... ko‘k movut shimi, sarg‘ish gimnastyorkasi, ... shpor taqilgan qora xrom etigi, qilichi, belidagi qo‘sh bombasi, beshotar miltig‘i faqat Xolmat Rajabov uchun yaratilgandek yarashardi. (N.Safarov.)
II. 1. Asrlarning so‘kib chokini, Ko‘zlarimga surib xokini, Tarixlarni bir-bir titurman, Afsonalar topib biturman. (O.) 2. Navro‘z kelsa so‘roqlab, Ne deyman, boshlarim xam. Yoz izlasa so‘roqlab, Ne deyman, kiprigim nam. (Z.O.) 3. Adashtirmay tanib turdi Ulkan daryong, keng o‘rmoniig, Bog‘-u rog‘ing, qiringni! (Sh.) 4. Lochin akam – Valeriy, Lochin opam – Valyaxon! Men sizga hamroh, sherik Quyoshga aziz mehmon. (G. J.) 5. Ijodingga biz tashna. Chanqoqlikni, kel, qondir, Kuying elga dostondir. (Q. H.)
Dostları ilə paylaş: |