Sichqoncha, klaviatura, monitor va ularning vazifalari. Sichqoncha (ingl. mouse – sichqon) ma’lumot kiritish qurilmasi bo‘lib, biror tekislik bo‘ylab harakatlantirilganda tagidagi lazer nuri harakat haqidagi ma’lumotni kompyuterga uzatadi va ekrandagi ko‘rsatkich (kursor) mos yo‘nalishlarda harakatlanadi. Sichqonchaning tugmalari yordamida kompyuterga biror buyruq berish, undagi dasturlar va jarayonlarni ishga tushirish hamda hujjatlarni ochish mumkin.
Klaviatura (ingl. keyboard) muayyan qurilmani boshqarish yoki axborotni kiritish uchun mo‘ljallangan tugmalar (klavishalar) to‘plamidan iborat bo‘lgan qurilma yoki ekrandagi tasvir. Texnik va mexanik qurilmalarni (kalkulyator, kompyuter, telefon, kassa apparati) boshqarish uchun alifbo-raqamli klaviaturalar qo‘llaniladi. Klaviaturalardagi har bir tugmaga bir yoki bir necha belgi biriktiriladi. Tugma birikmalari klaviaturadan bajariladigan amallarning sonini ko‘paytirishga imkon beradi.
Monitor kompyuterning ish jarayonida vujudga keladigan axborotlarni ekranda yoritishga xizmat qiladigan qurilma. Monitor grafik yoki matn holatida ishlashi mumkin. Matn holatida belgi o‘rinlari deyiluvchi alohida qismlarga, grafik holatida esa piksel nomli nuqtalarga bo‘linadi. Monitordagi piksellarning umumiy miqdori hamda ranglar soni monitorning imkon darajasini (kengligini) belgilaydi.
Videoproektor va ekran.Proektorlar va ekranlar ma’lumotlarni yirik o‘lchamda tasvirlash uchun ishlatiladigan qurilmalardir. Unda tasvir o‘lchami ekranda yirik holatda aks ettiriladi. Bu qurilmalar kompyuter bilan birgalikda foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, ko‘proq katta auditoriyalarda va zallarda hamda turli majlislarda prezintatsiya va videoroliklarni namoyish qilish uchun ishlatiladi.
Videoproektor kompyuter va shunga o‘xshash namoyish vositalarining alohida qo‘shimcha monitori hisoblanib, tasvirlarni yirik hajmda tasvirlash uchun mo‘ljallangan.
Ekran - videoproektor orqali yoritilayotgan materiallarni o‘zida tasvirlovchi element.