24. Bezli epiteliy. Sekretor tsikl haqida tushuncha, sekretsiya turlari. Bez hujayralarida hosil bo`lgan sekret vaqti-vaqti bilan tashqariga chiqariladi, shuning uchun bez hujayralari sekretsiya jarayonining ma’lum davrlarida o`ziga xos tuzilishga ega bo`ladi. Bez hujayralarining sekret ishlash jarayoni bilan bog`liq bo`lgan o`zgarishiga sekretor sikl deb yuritiladi. Uni quyidagi 5 fazaga bo`lish mumkin: 1) hujayrada sekret ishlash uchun kerak bo`lgan moddalarning to`planishi; 2) hujayra ichidagi strukturalar ishtirokida sekretning sintezlanishi; 3) sekretor moddaning yetilishi; 4) yetilgan sekretor moddaning to`planishi; 5) sekretor moddaning ajralib chiqishi.
Birinchi fazada qon va limfadan hujayraning bazal plazmatik qobig`i orqali sekret ishlash uchun kerakli bo`lgan turli noorganik tuzlar, suv, aminokislotalar, monosaxaridlar, yog` kislotalari va boshqa moddalar uning sitoplazmasiga kiradi. So`ngra ulardan bez hujayralarining endoplazmatik to`rida organik birikmalar hosil bo`lib, ular Golji kompleks sohasida yetiladi va shakllanadi. Golji kompleksining sekret donachalar saqlovchi qismlari ajralib, apikal qismi sohasida to`planadi va bez oxirgi bo`limlari bo`shlig`iga ajraladi.
25. Ichki muhit to’qimasi. Qon tarkibi, gemogramma, uning klinik mohiyati. Qon tarkibida plazma va shaklli elementlar (eritrotsitlar,trombotsitlar,leykotsitlar) bo’ladi. Qon eng ko’p tarqalgan transport tizimi bo’lib, O2, CO2, gormonlar hamda boshqa moddalarni azo va to’qimalarga tashuvchi muxitdir. Qondagi gormonlar, biologik faol moddalar, bazi fermentlar azo va to’qimalarda kechadigan kimyoviy jarayonlarni boshqaradi.
Qonning vazifalari: 1) transportlik va trofik vazifasi - o`pka, to`qima va organlarda O2 va Co2 ni; ichak va me’dada so`rilgan va organizm uchun muhim bo`lgan har xil oziq moddalarni to`qimalarga yetkazib beradi; 2) himoya vazifasi - organizmga tushgan mikroblar, zaharli, begona zarrachalarni fagotsitoz qilish (yutish va yemirish)dan iborat bo`ladi. Qon tarkibida maxsus oqsil moddalar - antitelolar organizmga tushgan begona oqsillar, mikroblarga (antigenlarga) javoban ishlab chiqariladi. Antitelolarning asosiy roli antigenlarni zararsizlantirish (neytrallash)dir; 3) Gomeostatik vazifasi - fizik-kimyoviy ko`rsatkichlarning doimiyligini, chunonchi, tana harorati, osmotik bosim va organizmda kislota-asos tengligining doimiyligini ta’minlab turadi.
Gemogramma tushunchasi qon shaklli elementlarining miqdoriy nisbati, gemoglobin miqdori, eritrotsitlarning cho`kish reaksiyasi, gematokrit ko`rsatkichi va boshqalarni o`z ichiga oladi. Bu ko`rsatkichlar meditsina praktikasida muhim ahamiyatga ega.