Sug’urtalovchi – sug’urta xizmatlarini ko’rsatishga ixtisoslashgan va tegishli litsenziyaga ega bo’lgan yuridik shaxslar. Tadbirkorlik faoliyatining muhim bo’g’ini. O’zbekiston Respublikasining "Sug’urta faoliyati to’g’risida"gi Qonuniga ko’ra, sug’urta shartnomasiga muvofiq sug’urta tovoni (sug’urta puli) to’lovini amalga oshirish majburiyatini oluvchi yuridik shaxs sug’urtalovchi deb hisoblanadi.
Sug’urtalovchilar turli mulk shakliga ega bo’lishi mumkin (davlat sug’urta tashkilotlari, aktsionerlik sug’urta tashkilotlari hamda o’zaro sug’urtalash jamiyatlari). Sug’urta faoliyatini olib boruvchi tashkilotlar maxsus davlat organining tegishli litsenziyasiga ega bo’lishi zarur.
Sug’urtalanuvchi– sug’urtalovchi bilan aniq sug’urta munosabati o’rnatgan va tegishli sug’urta mukofotlarini to’lovchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
Sug’urta vositachilari – sug’urtalovchi va sug’urtalanuvchi o’rtasida vositachilik vazifasini bajaruvchi yuridik shaxs. Maqomi bo’yicha vositachi sug’urtalanuvchining manfaatlarini himoya qiladi. Ko’rsatgan xizmatlari uchun vositachi tegishli vositachilik haqini oladi.
Risk- bitta kutilayotgan hodisa bo’yicha xavfning yuzaga kelishi. Risk tushunchasi ko’rinishlarining xilma-xilligi, uni sodir bo’lishi natijasida yuzaga kelgan oqibatlarning og’irligi, riskni ro’y berishi sababli paydo bo’lgan zararlarni mutloq tugatishni imkoniyati bo’lmaganligi sug’urta ishini tashkil etish uchun asos yaratdi. Shunday qilib, risk sug’urtaviy huquqiy munosabatlarni shakllantirish uchun shart-sharoit yaratadi. Risk-riskli holatlarning yagonalik va o’zaro aloqadorlik yig’indisidir.
Sug’urta fanida risk tushunchasiga turlicha tariflar berilgan. Jumladan, risk-bu konkret hodisa yoki hodisalar yig’indisi bo’lib, ular sodir bo’lgan taqdirda sug’urta kompaniyasi qoplamalar to’laydi. Risk sug’urta ob’ekti bilan to’g’ridan to’g’ri bog’langan. Ob’ektga risk salbiy ta’sir ko’rsatib, uni shikastlashi yoxud nobud qilishi mumkin. Shu tufayli risk - bu yagona tasodifiy hodisa bo’lib, uning ro’y berishi inson ongiga yoki irodasiga bog’liq emas. Sug’urta risklarining ro’yxati sug’urtalovchining sug’urta javobgarligi hajmini tashkil etadi.
Risk bahosining puldagi ifodasi sug’urta tarif stavkasini tashkil etadi; sug’urta ob’ekti; sug’urta javobgarligining turi.
Tibbiy sug’urta- aholi sog’ligini himoya qilish vositalaridan biri. Sug’urta hodisasi ro’y berishi munosabati bilan, sug’urta polisi orqali bepul tibbiy xizmat ko’rsatilishi. Tibbiy xizmat ko’rsatish bilan bog’liq xarajatlarni sug’urta kompaniyasi to’laydi. Tibbiy sug’urta majburiy yoki ixtiyoriy bo’ladi.
Mulkiy sug’urta - turli ko’rinishdagi mol-mulklarni saqlash bilan bog’liq manfaatlar sug’urta munosabatlarining ob’ekti hisoblangan, sug’urtaning mustaqil tarmog’i. Sug’urtalanuvchining shaxsiy mulki, uning qaramog’ida joylashgan mol-mulklar sug’urtalanishi mumkin. Sug’urtalanuvchi sifatida, nafaqat mol-mulkning sohiblari, balki mol-mulkning saqlanishi uchun mas’uliyatli bo’lgan jismoniy va yuridik shaxslar ham bo’lishi mumkin.
Netto-stavka - brutto-stavkaning asosiy tarkibiy qismi. Netto-stavka sug’urta qoplamasini to’lashga mo’ljallangan pul mablag’lari resurslari bo’lib, u brutto-stavkaning 90 foizigacha miqdorini tashkil etishi mumkin.
Majburiy sug’urta - sug’urta munosabatlarinning qonun kuchiga ega bo’lgan shakli. Majburiy sug’urta qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Ushbu hujjatda sug’urtaga tortiladigan ob’ektlar soni, sug’urta javobgarligining hajmi, sug’urta munosabatlarida qatnashadigan tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa rekvizitlar ko’rsatiladi. Amaldagi qonunchilikka asosan, O’zbekistonda majburiy sug’urtani tegishli litsenziyaga ega bo’lgan har qanday sug’urta kompaniyasi o’tkazishi mumkin. Shuningdek, majburiy davlat sug’urta turlari ham mavjud. Masalan, harbiy xizmatchilar, davlat bojxona va soliq xizmati xodimlari hamda bir qatorda shunday toifadagi shaxslar baxtsiz hodisalardan majburiy davlat sug’urtasiga tortiladi. Bu sug’urta turi bo’yicha sug’urta mukofotlari Davlat byudjeti mablag’lari hisobidan amalga oshiriladi.
Risklarni joylashtirish:
1) sug’urta manfaati tufayli yuzaga keladigan sug’urtaviy huquqiy munosabatlarning boshlanish jarayoni. Risklarni birlamchi, ikkilamchi va uchlamchi joylashtirish mos ravishda to’g’ridan to’g’ri sug’urtalash, qayta sug’urtalash va retrotsessiyani anglatadi. Bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotda risklarni joylashtirish sug’urta vositachilari orqali sug’urta bozorida amalga oshiriladi;
2) sug’urta brokeri yordamida bir vaqtning o’zida yirik va xavfli risklarni qismlarga bo’lib bir nechta sug’urta kompaniyasida sug’urtalash uslubi. Bir qancha sug’urta kompaniyalari tarkibidan bittasi etakchi sifatida ajralib chiqadi va u sug’urta shartnomasidagi shartlarni ma’qullab, riskning tegishli qismini o’z javobgarligiga oladi. Keyin, broker boshqa sug’urta kompaniyalariga murojaat qilib, riskning qolgan qismini ham joylashtiradi.
Sug’urta - har xil noxush hodisalar ro’y berishi natijasida ko’rilgan zararni qoplash hamda fuqarolarning hayotida tegishli sug’urta hodisalari ro’y berganda ularga moddiy yordam ko’rsatish maqsadida tashkil etiladigan va undan foydalanish bilan bog’liq (maqsadli pul fondlari) iqtisodiy munosabatlar yig’indisi. o’tkazish shartiga qarab, sug’urta majburiy va ixtiyoriy bo’ladi. Ob’ektiga ko’ra, mulkiy, shaxsiy va javobgarlik sug’urtasiga bo’linadi. Sug’urtaning asosini risk tashkil etadi. Sug’urta - bu riskni taqsimlash usulidir.
2. Sug’urta fondidan foydalanish bilan bog’liq atamalarga quyidagilar kiradi:
Bosh polis- sug’urta kompaniyasi va sug’urtalanuvchi o’rtasidagi yozma bitim. Bu bitimga muvofiq, tegishli davr mobaynida sug’urtalanuvchi barcha ob’ektlarni sug’urta kompaniyasiga sug’urtalash uchun beradi. Chet el tajribasida bu bitim «ochiq polis» yoki «polis-abonament» deyiladi. Mazkur bosh polis asosida sug’urtalash tashqi savdo yuklari sug’urtasida keng tarqalgan. Sug’urtalanuvchi sug’urta kompaniyasiga har bir jo’natilgan yuk haqidagi ma’lumotlar (yukning vazni, sug’urta summasi, yukni jo’natish va qabul qilib olish punktlari) bayon etilgan arizani taqdim etsa etarli, yuk avtomatik ravishda sug’urtalangan hisoblanadi.
Kvotali qayta sug’urtalash - sug’urta kompaniyasi qayta sug’urtalovchi kompaniya bilan kelishgan holda unga risklarni bir qismini beradi. Bu operatsiya kvota shartnomasi orqali rasmiylashtiriladi. Qayta sug’urtalovchi kompaniyaga sug’urta mukofotini tegishli qismi beriladi va qayta sug’urtalovchi kompaniya mutanosib ravishda ko’rilgan zararni qoplashda ishtirok etadi.
Vositachilik haqi - mijozlarni sug’urtaga tortganligi uchun sug’urta kompaniyasi tomonidan vositachilarga (sug’urta brokeri, agent) to’lanadigan haq. Vositachilik haqining miqdori sug’urtaning turiga va kelib tushgan mukofotning hajmiga bog’liq holda sug’urta mukofotiga nisbatan foizlarda to’lanadi.
Sug’urta polisi - sug’urta shartnomasi tuzilganlik faktini tasdiqlovchi hujjat. Sug’urta polisida quyidagi rekvizitlar bo’lishi shart: sug’urta kompaniyasining yuridik manzili, sug’urtalanuvchining nomi, sug’urta ob’ekti, sug’urta mukofotining miqdori, shartnomaning amal qilish muddati. Sug’urta qoplamasini to’lashda sug’urtalanuvchi sug’urta polisini sug’urta kompaniyasiga taqdim etishi zarur.
Sug’urta dalolatnomasi - sug’urta hodisasi ro’y berganda sug’urta kompaniyasi tomonidan tuziladigan hujjat. Dalolatnomada mol-mulkning zararlanish yoxud nobud bo’lish sabablari, ko’rilgan zarar miqdori va boshqa ko’rsatkichlar bo’ladi. Dalolatnomaga, zarur hollarda sug’urta hodisasi va mol-mulkning zararlanganligini tasdiqlovchi tegishli tashkilotlarning (yong’inga qarshi kurash, davlat avtomobil nazorati, qishloq xo’jaligi, veterinariya xizmati va boshqalar) yozma hulosasi ilova etiladi. Xalqaro sug’urta munosabatlarida sug’urta dalolatnomasini adjaster yoki avariya komissari tuzadi va mohiyatan avariya sertifikatiga yaqinlashadi.
Sug’urta mukofoti- sug’urta xizmatini ko’rsatganlik uchun to’lanadigan haq. Sug’urta mukofotining miqdori sug’urta summasiga nisbatan foizlarda aniqlanadi. Sug’urta mukofotining miqdori aniq summalarda ham ifodalanishi mumkin. Masalan, avtomobil egalarining uchinchi shaxsga zarar keltirish fuqarolik javobgarligini sug’urtasida sug’urta mukofoti aniq pul birligida ko’rsatiladi.
Sug’urta puli - sug’urta majburiyatini bajarish hamda sug’urta operatsiyalarini moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida yuridik shaxs maqomiga ega bo’lmasdan o’zaro kelishgan holda bir qancha sug’urta kompaniyalarining ixtiyoriy uyushmasi. Sug’urta puli, asosan, xavfli, yirik ob’ektlarni sug’urtalash maqsadida tashkil etiladi. har qaysi kompaniya o’z sug’urtalangan riskni pulga beradi va buning uchun, pul orqali yig’ilgan sug’urta mukofotlarining bir qismini oladi.
Sug’urta ob’ekti - shaxsiy sug’urtada fuqarolarning hayoti, sog’ligi, mehnat qobiliyati bilan bog’liq manfaati; mulkiy sug’urtada binolar, qurilmalar, transport vositalari uy-joy mulki, tashiladigan yuklar va boshqa moddiy boyliklarni saqlashga bo’lgan yuridik va jismoniy shaxslarning manfaati; jismoniy yoki yuridik shaxsning o’z hatti-harakati bilan uning shaxsga zarar keltirish fuqarolik mas’uliyati - mas’uliyatni sug’urtalashda sug’urta ob’ektlari bo’lib hisoblanadi. Riskni baholash maqsadida sug’urta ob’ekti sug’urta kompaniyasining mutaxassislari tomonidan ekspertiza qilinishi mumkin.
Sug’urta shartnomasi - ikki yoki undan ortiq tomonlar o’rtasida tuziladigan yozma ravishdagi bitim bo’lib, bunda sug’urta kompaniyasi sug’urta hodisasi tufayli zarar ko’rilganda sug’urtalanuvchiga sug’urta qoplamasi yoki sug’urta summasini to’lash majburiyatini, sug’urtalanuvchi esa belgilangan muddatlarda sug’urta mukofotini to’lash majburiyatini oladi. Sug’urta shartnomasi tuzilganlik faktini tasdiqlash uchun sug’urtalovchi sug’urtalanuvchiga sug’urta polisi beradi. Sug’urta shartnomasini tuzishdagi asosiy, oddiy va qo’shimcha shartlar sug’urta shartnomasining mazmunini tashkil etadi.