Mediani o‘rganish esa o‘z navbatida: –mediani nazariy jihatdan o‘rganishni;
– mediani qiyosiy jihatdan tahlil etishni;
–uning konseptual tarkibini;
– media matnni tahlil etish va uning yaratilish metodikasini;
– ommaviy kommunikatsiya, kino san’ati va madaniyatshunoslik fanlarining o‘zaro bog‘liqligini;
OAVning ta’sirini o‘rganadi.
Media savodxonlik mediani o‘rganish bo‘lib, media ta’limning quyidagi
natijalariga asoslanadi va o‘z oldiga:
– medianing shaxs va jamiyatga ta’sirini tushunish;
– ommaviy kommunikatsiya jarayonini anglash;
– media matnlarni tushunish va tahlil eta olish;
–media kontekstini tushunish;
– media matnlarni yaratish va ularni tahlil etish;
– media matnlarni baholashga va ularni saralash vazifalarini qo‘yadi.
Bugungi kunda media, ya’ni ommaviy axborot vositalari, kino, teatr, san’atning turlari, madaniyat sarchashmalari, internet orqali uzatilayotgan har qanday ma’lumot inson ongiga o‘zining ma’lum bir ta’sirini o‘tkazib, uning dunyoqarashini o‘zgartirishga sabab bo‘lmoqda. Yuqorida tilga olingan tushunchalarning qo‘llanilishi va bugungi kunda media ta’lim, media savodxonlik, media tanqid va mediani o‘rganishga bo‘lgan intilishning asosiy maqsadi ham axborotning yaratilishi, uning tarqalish jarayonini tushunib yetish, tijorat, siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy va madaniy maqsadlarda tarqatilayotgan axborotning mohiyatini anglagan holda uni baholay olishdir.
Ayni paytda media ta’lim asoslarini har bir ta’lim muassasasiga o‘quv dasturiga kiritish, o‘quvchila yoshlarga maktablarda ta’lim jarayonida uning asoslarini interaktiv, turli o‘yinlar shaklida tushuntirish, o‘sib kelayotgan avlod tomonidan shiddatli axborot oqimida zarurini tanlash va unga tanqidiy yondoshgan holda baholay olish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida yoshlarning kelajakdagi fuqarolik pozitsiyasini yanada mustahkamlanishiga, jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalarni xolis baholab, to‘g‘ri qaror qabul qila olishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Taniqli hind fotojurnalisti Pabak Sarkarning fikriga ko‘ra, mediasavodxonlik sari tashlangan ilk qadam, bu to‘g‘ri savol bera olishdir. Bugungi kunda Internet orqali amalga oshirilayotgan axboriy xurujlar dunyodagi har bir mamlakat milliy xavfsizligi strategiyasining bir qismiga aylandi va u kiberxavfsizlik nomini oldi. Zero, virtual va haqiqiy dunyoning qo‘shilishi, aynan virtual dunyo orqali yoshlar tomonidan haqiqiy dunyoni noto‘g‘ri tushunilishi, turli xil salbiy kuchlar va oqimlar tomonidan bir qarashda ijobiy ko‘ringan, ammo mohiyatan inson ongiga salbiy ta’sir qiluvchi axborotning tarqatilishi ko‘payib borayotganligi hech kimga sir emas. Aynan jamiyat hayotiga ta’sir etuvchi mazkur salbiy jihatlarning oldini olishda aholini mediasavodli qilish zarur, degan fikrlar ko‘paymoqda. Bugungi kunda media savodxonlik Buyuk Britaniya va Avstraliyada gumanitar fanlar majmuasida alohida fan sifatida o‘tilsa, Finlyandiyada 1970-yildan o‘rta maktablarning, 1977-yildan esa oliy o‘quv yurtlarning o‘quv dasturlariga kiritilgan edi. 1990-yillarda esa mamlakatda mediasavodxonlik mediata’lim tushunchasi bilan almashtirildi. Shvetsiyada u 1980-yildan boshlab ta’lim muassasalarida alohida fan sifatida o‘qitila boshlangan. 1990-yillarda Rossiyada media ta’limni ilmiy tadqiq etishga urinishlar bo‘lib, O.Baranov, S.Penzin, A.Fyodorov, A.Sharikova va boshqalarning tadqiqotlari bunga misol bo‘la oladi. 2002-yili pedagogika oliy ta’lim yurtlari uchun mediata’lim ixtisosligi bo‘yicha yo‘nalish ochildi. 2005-yili esa YUNESKO homiyligida “Mediata’lim” darsligi yaratildi va Rossiyada kinota’lim va mediapedagogika sayti ishga tushirildi.
OAV orqali tarqatilayotgan axborotning manipulyativ ta’siri kuchliligini bugun hech kim inkor etmaydi. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, OAV orqali tarqatilayotgan xabarning haqqoniyligiga ishonish ilk gazetalar paydo bo‘lishi bilan yuzaga kelganligini ko‘rish mumkin. 1874 yilning 9 noyabr kuni New York Herald gazetasida reportyor T.B.Konneri tomonidan Sentral Park hayvonot bog‘ida yirtqichlar chiqib ketib, “ikki yuzga yaqin odam jarohatlangan, toptalgan bo‘lib, oltmish nafari og‘ir ahvolda. Ulardan uchtasi ertalabgacha yetib bormasligi mumkin. O‘n ikkita yirtqich hayvon hamon erkinlikda. Ular qaerga yaqinlashganligi hozircha noma’lum” deya yolg‘on xabar bosib chiqarilib, uning oxirida gazeta mushtariylari xavotirga tushmasliklari, bularning barchasi uydirma ekanligi yozilgan edi. Ammo ko‘pchilik xabarning aynan shu joyigacha yetib kelmay, yashirinishga, ba’zilar esa qo‘lga qurol olib yirtqichlarni o‘ldirish uchun hattoki ko‘chaga chiqishgan. 1939 yili CBS radiostantsiyasi Orsona Uelles tomonidan Mercury teatrida Gerbert Uellsning “Dunyolar urushi” romani asosida qo‘yilgan asarining radiopostanovkasini efirga uzatayotgan paytida ommaviy tartibsizliklar yuz bergan. Roman syujetiga ko‘ra, marsliklar yerni bosib olib, millionlab insonlarni gaz bilan zaharlaydilar. Ko‘pgina odamlar radiopostanovkaning birinchi qismini eshitgan daqiqalardan boshlab qochishga, “dushmanlar”dan yashirinishga harakat qilishgan. 1835 yili birinchi Amerika tabloidi New York Sun jurnalist Richard Adame Lokkning ingliz astronomi oyning yuzasida aqlli jonzotlarni teleskop orqali ko‘rganligi haqidagi yolg‘on xabarni bosib chiqaradi. Natijada gazetaning adadi o‘sha payti eng yuqori ko‘rsatkich — 19 ming donaga yetadi. Hattoki, xristian ayollar jamiyati ularni nasroniy diniga kiritish uchun Oyga uchish taraddudiga ham tushishadi.
Bugun OAVning ta’siri o‘sha paytdagidan kam emas. Aynan axborotni tahlil etmay, o‘z holicha qabul qilish oqibatida dunyoning turli chekkalarida yoshlar jinoyatga qo‘l urmoqda, o‘zini kino asari qahramoni sifatida his qilganlar esa, “qahramon” xatti-harakatlarini takrorlagan holda qo‘llariga qurol olib, begunoh insonlar hayotiga zomin bo‘lishmoqda. Masalan, respublikamiz telekanallari orqali efirga uzatilgan “Jumong” serialidan so‘ng yosh bolalarning o‘zini “Jumong” his qilib, qo‘lida “qilich” bilan urisha boshlaganliklari, AQShda jangari filmlari va kompyuter o‘yinlarini ko‘rgan maktab o‘quvchilari haqiqiy qurol bilan sinfdoshlari va ko‘chadagi begunoh odamlarni otganliklari haqidagi xabarlar tobora ko‘payib bormoqda. Bugungi kunda terrorchilik guruhlar tomonidan internet orqali jihodga chaqirgan, “jannat” va’dasini o‘zida mujassam etgan axborotlari yoshlar ongiga salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Demak, aynan ana shu holatlarning oldini olish, axborotga ongli ravishda yondoshish bugun zamon talabidir.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar 1. Bugungi kunda tobora ommalashib borayotgan media madaniyatning axloqiy me’yorlarga qanday aloqasi bor?
2. Yoshlar ong va tafakkurini media madaniyat orqali boshqarishning iloji bormi?
3. «Axborot kimning qo‘lida bo‘lsa, o‘sha dunyoni boshqaradi», degan fikrni qanday izohlaysiz?
4. Media va axborot savodxonligi nima?