1. Estetika fanining obekti va falsafiy mohiyati. Estetikaning k
Ulug‘vorlik va tubanlik Ingliz nafosatshunosi E.Byork go‘zallikni ulug‘vorlik bilan solishtiradi va ularni bir-biriga qarama-qarshi tushunchalar sifatida tadqiq etadi. I.Kant esa go‘zallik va ulug‘vorlikni uyg‘unlikda rivojlanuvchi tushunchalar deb hisoblaydi. Ushubu mutafakkirlardan farqli o‘laroq, Xegel, ulug‘vorlikni go‘zallikning bir ko‘rinishi, ulug‘vorlik–zohiriy go‘zallikning botiniy go‘zallikka aylanishi, deb tushuntiradi. Ulug‘vorlik - insonning narsa hodislarga estetik va axloqiy mezonlar bilan yondashishi va ulardan yuksak hayratlanish tuyg‘usini hosil qiluvchi estetik hissiyot majmuidir. Ulug‘vorlikning ko‘lami go‘zallik ko‘lami kabi cheksizdir. Ulug‘vorlik o‘zida hajm, miqdor, ko‘lam va buyuklikni mujassam etadi. SHiller ulug‘vorlik tushunchasini dramatiklashtiradi: u qayg‘u va qo‘rkuvni engish insonni qanchalik ulug‘lashi va chiroy baxsh etishini ko‘rsatib beradi. Bu erda u «axloqiy xavfsizlik» tushunchasini kiritadi. Qo‘rquv va dahshatga qarshi borish uchun ham xavfdan xoli bo‘lish lozim. Jismoniy xavfsizlik bevosita shaxsning o‘ziga tegishli bo‘lib, insondagi qatiy ishonch bois xotirjam, xavfsiz. Biroq, dahshatli yo‘qotishlar va mudhish qotilliklar qarshisida insonning xotirjamligi yo‘qoladi. Agar xavf insonning o‘zigagina yaqinlashsa-yu, u o‘zini hotirjam xis qilsa, demakki, uning vijdoni xavfdan xoli; unga hech qanday havf taxdid solmaydi. Shu bois Shiller «axloqiy havfsizlik»ni din, e’tiqod va abadiylik bilan bog‘laydi. «Axloqiy xavfsizlik»ning zaminiy xususiyatini hayot va o‘lim masalalari bilan izohlash mumkin. Ulug‘vorlik muhokamasi yuksak darajada madaniyatni talab qiladiki, bu muhokama go‘zallik muhokamasidan ustuvorroqdir.
Tabiatdagi ulug‘vorlik cheksiz osmon, purviqor tog‘lar, yuksak cho‘qqilar, moviy dengizlar, ming yillik chinorlar, shuningdek, vulqon va chaqmoq singari tabiat hodisalarida namoyon bo‘ladi. Ular uzoqdan kishilarda hech qanday hayajonli taassurot qoldirmaydi. Biroq, ularga yaqinlashganimiz sari ruhiyatimizni hayajon, jo‘shqinlik egallay boshlaydi, ularni butunligicha ko‘z bilan qamrab ololmaslik darajsiga etganda esa bu hayajon yanada ortadi. Tabiatdagi ulug‘vorlik matematik va dinamik xususiyatga ega. Matematik xususiyatida xajm, dinamik xususiyatida kuch ustuvor ahamiyatga kasb etadi. Biroq, ikkala xususiyat ham insonda kuchli hayrat va hayratlanish tuyg‘ularini paydo qiladi. Tog‘lar insonni yuksak fikrlashga, buyuk g‘oyalarga undaydi: Everestga O‘zbekiston bayrog‘ini tikib qaytishgan alpinistlarimizning taassurotlari nihoyatda hayajonlidir.
San’atdagi ulug‘vorlik o‘zining har tomonlama ijodiy ifodasini topadi; san’atning barcha turlari uchun ulug‘vorlik asosiy mezon bo‘lib hizmat qiladi. Badiiiy adabiyot va ifodali san’at turlari ulug‘vorlikni tasvirlashda xilma-xil vositalardan foydalanib hamda ulug‘vorlik mavzusini badiiy o‘zlashtirib, qahramonlik eposlarini liro-epik dostonlarni, qahramonlik fojialarini, mardonavor musiqa asarlarini (simfoniya, oratoriya)ni vujudga keltirdi.
Me’morchilikdagi ulug‘vorlik yuksak ahamiyat kasb etadi: Samarqanddagi Registon maydoni, Go‘ri Amir maqbarasi, Imom Buxoriy majmui, Buxorodagi Minorai Kalon, Xivadagi Kalta Minor, Shahrisabzdagi Bibixonim, Oqsaroy, Toshkentdagi Evropa va Osiyo me’morchiligining yangi an’alarini uyg‘unlashtirgan Milliy Bank binosi, Oliy Majlis binosi, Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, Misrdagi ehromlar, yunonlarning Parfenoni, rimliklarning Kolizeyi, o‘rta asr gotik bosh cherkovlari shular jumlasidandir. SHuni alohida ta’kidlash joizki, ulug‘vorlik tushunchasiga faqat miqyos, ko‘lam va o‘lchovining kattaligi bilan yondashish uning qamrovini chegaralab qo‘yadi. Bobil minorasi, Minorai Kalon, Misr ehromlari o‘zining keng miqyosliligi bilan kishilarni hayratga solsa, Go‘ri amir, SHohizinda, Ichan qal’a, Registon maydoni, Ismoil Somoniy maqbarasi, CHor Minor, Bolo hovuz machiti insonda yuksak darajada nafosat va go‘zallik tuyg‘ularni shaklantiradi.
San’atdagi ulug‘vorlik teatr, kino, badiiy adabiyot fojiaviylik bilan yonma-yon turadi: estetikaning bu ikki mezoniy tushunchasi o‘rtasida o‘ziga xos dialektik aloqadorlik mavjud bo‘lib, ular milliylik va umuminsoniylik xususiyatlariga ko‘ra farqlanadilar. Masalan, Shekspir va Shayxzoda asarlari bir vaqtning o‘zida ham ulug‘vorlikni ham fojiaviylikni namoyon etadi. Farq, Ulug‘bekning o‘limi bilan Otteloning qismatida, xolos... San’atdagi ulug‘vorlik badiiy mazmun va shaklning barcha imkoniyatlari vositasida ifodalanadi, lekin bunda hal qiluvchi rolni g‘oya o‘ynaydi. Muhim ahamiyatli g‘oya yuksak ruhlangan, muukammal shaklning zarurligini yuzaga keltirib, san’at asari darajasining yuksakligi belgilab beradi. Bu holat hayotiy haqiqatdan qochishga emas, unga xizmat qilishga da’vat etadi.
Tubanlik - insonda kuchli nafratlanish tuyg‘ularini hosil qiluvchi estetik kategoriyadir. Nafosatshunoslik kategoriyalari orasida xunuklik singari kishilarda salbiy his-tuyg‘u paydo qiladigan boshqa tushunchalar ham mavjud. Tubanlik ana shunday tushuncha: uni xunuklik bilan aynanlashtirib bo‘lmaydi. Chunki, xunuklik kishilarda engil noxushlik tuyg‘usini paydo qilsa, tubanlik esa kuchli nafratlanish hissini uyg‘otadi. Tabiat, hayvonot va nabotot olamidagi xunuklik tubanlikka aylanmaydi. Insondagi xunuklik esa tubanlik darajasiga borib etadi. Daryoning suvi loyqalangani, ko‘kalamzorlarga to‘kilgan axlat, qurbaqa, ilon xunuk ko‘ringani bilan undan odamlar nafratlanmaydilar. Gohida muhtojlik inson tabiatidagi yovuz maylni qo‘zg‘atib yuborishi natijasida insonni tubanlashtiradi. Ayniqsa, mamlakat boshiga og‘ir kulfat tushganda undan o‘z moddiy manfaatlari yo‘lida foydalanuvchi kimsalar (2001 yil 11 sentyabrda AQShda sodir bo‘lgan fojea sabab o‘g‘ri «tadbirkorlar» magazinlarni talashgan edi-H.B.) tuban odamga misol bo‘ladi.