Qarama-qarshiliklar birligi qonuni. Qarama-qarshilik – narsalar va hodisalardagi bir-birini taqozo qiluvchi va bir-birini istisno etuvchi tomonlar, xossalar, tendensiyalar, jarayonlarni aks ettiruvchi falsafiy kategoriya (assimilyasiya – dissimilyasiya, o‘zgaruvchanlik – tug‘malik, ishlab chiqarish – iste’mol qilish, yaxshilik – yomonlik va sh.k.). Qarama-qarshiliklar o‘rtasida ikki xil munosabat mavjud: yagonalik munosabati va qarshi harakatga doir munosabat. (qonunning klassik ta’rifida «kurash» atamasi ishlatiladiki, u qonunning mohiyatini soddalashtiradi, chunki mazkur atama ko‘proq jamiyatga tegishlidir.)
Ziddiyatlar – narsa yoki hodisa qarama-qarshi tomonlarining bir-birini istisno etish va bir-biriga o‘tish munosabatlaridir.
Tafovut - avvalgi holatdan saqlanib qolgan xossalar ustunlik qilgani holda, ayni bir predmet xossalarining mos kelmasligidir. «Tafovut» - har xillik, o‘z-o‘ziga, boshqa narsalar, hodisalar, jihatlarga mos kelmaslik munosabati. «Ayniyat»tushunchasi ziddiyat tarqalishining dastlabki bosqichini anglatadi. Bu bir xillik, narsa, hodisa, jihatning o‘z-o‘ziga yoki boshqa narsalar, hodisalar, jihatlarga o‘xshashlik munosabati.