Xo`jalik hisobida qo`llaniladigan o`lchov birliklari
Korxona, tashkilot va muassasalar xo`jalik faoliyatida sodir bo`lgan xo`jalik muomalalarini hisobga olish, xo`jalikda bo`lgan mablag`larning miqdorini, shuningdek, bajarilgan ishlarning hajmini va xo`jalik faoliyatining boshqa ko`rsatkichlarini oddiy kuzatish yordamida aniqlash mumkin emas. Korxona, tashkilot va muassasaning barcha ishlarini hisobga olish uchun miqdoriy ifodalash va sifat jihatdan tavsiflash zarur. Shuning uchun ham hisob yordamida kuzatiladigan ob’ektlar son ko`rsatkichlari bilan ifoda etiladi.
Sodir etilgan hodisa va voqeyliklar o`lchov birliklariga asoslanib hisobga olinadi. Hisobga olishda quyidagi hisob o`lchov birliklari qo`llaniladi:
natura o`lchov birliklari (og`irlik, uzunlik, hajm, yuza);
mehnat o`lchov birliklari;
pul (qiymat) o`lchov birliklari.
Natura o`lchov birligida hisobga olinayotgan ob’ekt natural ko`rinishda o`lchanadi, ya’ni kilogramm, metr, litr, santimetr va h.k. Natural o`lchov birligida asosan tovar-moddiy zahiralar hisobga olinadi va ularning natural holati nazorat qilinadi.
Natura o`lchovlari hisobda xo`jalik jarayonidagi harakatlarini natura holida ifodalash uchun xizmat qiladi. Natura o`lchovlarini qo`llash hisobga olinayotgan ob’ektning hususiyatlaridan, ya’ni uning fizik va iste’mol hossalaridan farq qiladi. Masalan, hisob ob’ektlari: og`irlik birligida (gramm, kilogramm, tsentner, tonna); hajm birligida (kubometr); uzunlik birligida (santimetr, metr); hisob birligida (dona, bosh) va boshqalarda o`lchanadi.
Natura o`lchovlari moddiy qiymatliklarni hisoblash, tortish va o`lchash natijasida olingan ma’lumotlarni hisobga olish, ularning son va sifat o`zgarishlari ustidan nazorat olib borish uchun qo`llaniladi. Bunday hisobga olishning afzalligi shundaki, u aniq mahsulotning massasi haqida ma’lumot beradi. Natura o`lchovlari faqatgina hisobga olinayotgan ob’ektning miqdorini aks ettiribgina qolmasdan (masalan, ishlab chiqariladigan mahsulot), balki unga sifatiy tavsif (turi, navi) ham beradiki, bu mulkning ko`rinishi uchun katta ahamiyatga egadir.
Natura o`lchovlari yordamida mashina, hom-ashyo, material, yoqilgi, tayyor mahsulot va boshqalarning miqdoriy ko`rsatkichlarini (masalan, metallurgiya zavodining mahsulotini – tonna, to`qimachilik fabrikasining mahsulotini – metr, ko`mirni – tonna, suvash ishlarini – kvadrat metr va h.k.) aniqlash bilan birga, buyumalarning sifat belgilarini (balandligini, mahkamligini, pishiqligini, hajmini va h.k.) ham ifodalash mumkin. Lekin shuni ham qayd etib o`tish kerakki, natura o`lchovlari yordamida moddiy mablag`larning maqsadga muvofiq foydalanilishi ustidan nazorat o`rnatilsa-da, undan hisob-kitob qilishda foydalanish chegaralangan, chunki tabiiy hususiyat bo`yicha har xil bo`lgan ko`rsatkichlarni bir joyga yig`ib aks ettirish imkoniyati yo`q. Masalan, hajm va og`irlik, og`irlik va maydon, dona va uzunlik va shunga o`xshash har xil natura ko`rsatkichlarini, shuningdek kilogramm miqdorini kubometr miqdori bilan, metr miqdorini tsentner miqdori bilan birga olib borish umuman mumkin emas.
Ayrim hollarda bajarilgan ishlarni to`g`ri hisobga olish uchun murakkab (kombinatsiyalashgan) natura o`lchovlaridan foydalaniladi. Masalan, transport ishlari tonna-kilometr, energiya ishlab chiqarish kilovatt-soat bilan o`lchanadi va h.k.
Mehnat o`lchov birligi mehnat unumdorligini va bajarilgan mehnat hajmini hisoblashda qo`llaniladi. Mehnat o`lchovlari biror ishni bajarish uchun sarflangan ish vaqtini aniqlash uchun xizmat qiladi. Mehnat o`lchovining asosida ma’lum bir mahsulotni ishlab chiqarish uchun sarflanadigan vaqt birligi me’yori yoki biron-bir ishni bajarishga sarflangan vaqt me’yori yotadi. Mehnat o`lchovlariga misol sifatida kishi-kuni, kishi-soati, kishi-dona birliglarini keltirish mumkin.
Mehnat o`lchovlari natura o`lchovlari bilan birgalikda mehnat unumdoriligini, mehnat haqining ko`lamini, bajarilayotgan ish me’yorini aniqlash uchun xizmat qiladi. Shuni ham qayd etib o`tish kerakki, natura va mehnat o`lchovlarining halq xo`jalik hisobida katta ahamiyatga ega ekanligiga qaramasdan ular yordamida olingan ko`rsatkichlarni hamma vaqt ham umumlashtirib va solishtirib bo`lavermaydi. Masalan, umumlashtiruvchi ma’lumotni olish uchun metr bilan kishi-soatini yoki dona bilan metrni qo`shish mumkin emas.
Pul o`lchov birligida hisobga olinayotgan ob’ektning qiymati summalarda o`lchanadi. Pul o`lchov birligi natural va mehnat ko`rsatkichlarini umumlashtirish uchun xizmat qiladi. Bunda korxona xo`jalik faoliyatiga baho berish realligi ortadi.
Tovar-pul munosabatlarining mavjudligi mehnat va natura o`lchovlari ma’lumotlarini qiymat shaklda o`lchashni talab qiladi. Buning uchun qiymat yoki pul o`lchovi xizmat qiladi.
Pul o`lchovlari mablag`larni va ularning manbalarini, shuningdek xo`jalik jarayonlarini hisobga olish va ular ustidan nazorat o`rnatish maqsadida umumlashgan ma’lumot olish uchun foydalaniladi (so`m va tiyin ko`rsatkichlarida). Pul o`lchovining mavjudligini tovar ishlab chiqarish va qiymat qonunining harakati taqozo etadi.
Tovar ishlab chiqarish va qiymat qonunining amal qilishi bilan vujudga kelgan pul o`lchovi hozirgi vaqtda korxona, tashkilot va muassasalarda xo`jalik mablag`lari va jarayonlarini umumlashgan ko`rsatkichda aks ettirishini ta’minlabgina qolmasdan, balki ularning shu faoliyati ustidan kundalik nazorat o`rnatadi, moddiy resurslardan va pul mablag`laridan maqsadga muvofiq foydalanishni ta’minlashga yordam beradi.
Pul o`lchovi yordamida korxonaning mahsulotni ishlab chiqarishga sarflangan jami xarajatlarini hisoblash, xarajatlarni daromadlar bilan taqqoslash va natijani aniqlash, mahsulot tannarxini aniqlash, ishni ratsional yuritishni ta’minlash, mehnat unumdorlini oshirish manbalarini aniqlash, har xil mablag`lar mavjudligi haqidagi ma’lumotlarni umumlashtirish, ishlab chiqarishga taalluqli bo`lmagan har xil xarajatlarni yo`qotishga erishish va ishlab chiqarishni kengaytirish uchun qo`shimcha mablag`larni tashkil qilish mumkin.
Xo`jalikda pul o`lchovisiz har xil yig`ma ko`rsatkichlarni talab qiladigan halq xo`jaligini rejalashtirish mumkin emas. Bu korxonalar xo`jalik ishlarining har xil ko`rsatkichlarini hisoblash uchun xizmat qilibgina qolmasdan, balki ular o`rtasidagi hisob-kitob va kredit muomalalarini amalga oshirishga ham sharoit yaratib beradi.
Shuni aytish kerakki, pul o`lchovi yordamida hisobning muhim asosi – xo`jalik faoliyati ustidan pul bilan nazorat o`rnatiladi. Bundan tashqari, pul o`lchovi sifat ko`rsatkichi – mahsulot birligining tannarxini aniqlashga xizmat qiladi.
Ko`pincha pul o`lchovi hisobda mehnat va natura o`lchovlari bilan birga qo`llaniladi. Masalan, moddiy qiymatliklarning puldagi ifodasini aniqlash uchun uning natura o`lchovidagi miqdoriga narxini ko`paytirish zarur. Shuningdek ishchiga uning kasallik varaqasiga muvofiq nafaqa hisoblash uchun mehnat o`lchovidagi kasal kuni miqdoriga o`rtacha kunlik ish haqi summasini ko`paytirish zarur.
Shunday qilib, hisobda turli maqsadlarga xizmat qiladigan uch xildagi o`lchovlar tizimi amal qiladi. Ular ayrim hollarda alohida, ayrim hollarda esa birgalikda qo`llanilib, xo`jalik faoliyati yuzasidan to`la tavsif berish uchun xizmat qiladi.
Dostları ilə paylaş: |