2.1. O`tiladigan mavzuning asosiy mazmunini ochib berish. Tarqatma materiallar yordamida o'tiladigan mavzuning asosiy mazmunini berish, olingan axborotni dars davomida va darsdan tashqarida ta'lim oluvchilar bilan mustaqil muhokama qilish, ular diqqatini mustaqil fikrlash, ijodiy izlanishga qaratish, ularni darsga faol jalb qilish, ularning olgan bilimlarini nazorat qilish va sinash mumkin. Tarqatma materiallarni maqsadi, mazmuni jihatdan shartli ravishda:
- axborot beruvchi;
- topshiriq beruvchi;
- bilimni nazorat qiluvchi turlarga ajratish mumkin.
2.2. Dars jarayonida tarqatma materiallardan foydalanishda o'ziga xos kamchiliklari. Dars jarayonida tarqatma materiallardan foydalanishda o'ziga xos kamchiliklar ham mavjud. Tarqatma materiallar tayyorlash pedagogdan ko'p kuch va vaqt, mablag' hamda yuksak mahorat talab qiladi. Har bir ta'lim oluvchiga imkon qadar bitta tarqatma material berilishi maqsadga muvofiq. Bu qo'shimcha katta moddiy xarajatni talab qiladi. Tarqatma material asosida o'zaro muhokama cho'zilib, mavzuning boshqa qismlariga, savollariga e'tibor pasayishiga olib kelishi mumkin. Ayrim kamchiliklariga qaramay, dars mashg'ulotlarida tarqatma materiallardan foydalanishning afzalligi ustun va tarqatma materiallardan barcha metodlar asosida dars o'tishda keng foydalanish mumkin.
Ayniqsa chet tillarini o'qitishda grammatik qoidalar ko'pchilik ta'lim oluvchilarda ba'zi tushunmovchiliklarni yoki savollarni keltirib chiqaradi.
Bu kabi holatlarda grammatik qoida tushuntirilgach, ularni mustahkamlash sifatida tarqatma materiallardan o'z o'rnida samarali foydalanish ijobiy natija beradi. Shuningdek, tarqatma materiallarning muhim ijobiy tomonlaridan yana biri shundaki, u bevosita ta'lim oluvchilarning qo'lida bo'lib, berilgan topshiriqni bajarishga bo'lgan mas'uliyat hissini oshiradi, darsda imkon qadar faol ishtirok etishiga undaydi va uning tasavvur qilib, erkin fikrlashiga imkon yaratadi.
Og'zaki nazorat. Ushbu jarayonga pedagogning ta'lim oluvchi bilan jonli muloqoti, uning fikrlarini nutq shaklida ifodalashga mashq qildirish, bilimlarni yanada chuqurroq tekshirish maqsadida pedagog tomonidan qo 'shimcha savollar berish imkoniyatlari kiradi. Pedagog tomonidan qo'yilgan savolga og'zaki javob berishga tayyorlanish doimo ta'lim oluvchining faol fikrlashi bilan bog'langan. Og'zaki javob yaxshi tayyorlangan ta'lim oluvchiga o'zining iqtidorini, qo'shimcha egallagan bilimlarini namoyish etishga ikmon beradi.
Bevosita muloqot tufayli pedagogda savol-javob davomida ta'lim oluvchining bilimlari to'g'risidagi barcha gumonlarni bartaraf etish imkoni bo'ladi. Shu bilan bir vaqtda og'zaki nazoratda ularning bilimlarini baholashda ma'lum darajada pedagog shaxsiyatining aks etishi namoyon bo'ladi. Shu sababli har bir pedagogda ta'lim oluvchilarning o'zlashtirish darajalarini baholashda doimo xolis va shaxsiy munosabat bir vaqtning o'zida ro'yobga chiqadi.
Test. Test bu biror-bir faoliyatni bajarish uchun ma'lum darajadagi bilimni egallashga qaratilgan topshiriqlardir. Tarqatma materiallar yordamida o'tkazilgan test nazoratlari va uning afzalliklariga quyidagilarni sanab o'tish mumkin:
- yetarli tarzda tuzilgan pedagogik test natijalari nazorat o'tkazayotgan shaxsga bog'liq bo'lmagan xolis pedagogik o'lchov quroli hisoblanadi;
- test o'quv mavzularining barcha asosiy mazmunini qamrab olishi mumkin;
- o'qitish natijalarini test usulida o'lchash barcha tekshiriluvchilarga baravar qo'llanadigan oldindan ishlab chiqilgan mezon asosida aniq va ishonchli baho beradi;
- test nazorati texnologiyalashuvchan, u nisbatan qisqa vaqt ichida ma'lum o'quv mavzulari o'zlashtirilishining to'la nazoratini kam kuch va vositalar sarflab o'tkazish imkonini beradi;
- test nazorati kompyuterlar yordamida oson avtomatlashtiriladi. Bu pedagogik test o'tkazishning asosiy afzalliklaridan biridir.