1. Makroiqtisodiyot fanining predmeti, uslubi va vazifalari 2.Ehtiyojlar va resurslar. Iqtisodning asosiy masalalari 3. “Resurslar – tovarlar va xizmatlar” hamda “daromadlar – xarajatlar”ning doiraviy oqimi modeli Kirish Makroiqtisodiyot mikroiqtisodiyot bilan birgalikda iqtisodiyotfanidagi 2 eng muhim boʻlimlarni tashkil etadi. Mikroiqtisodiy darajada hal etib boʻlmaydigan muammolar makroiqtisodiyotda koʻrib chiqiladi. Makroiqtisodiy taʼlimotlar rivojlanishida 10 dan ortiq maktab tashkil topgan. Ular paydo boʻlgan davlati va asoschilarining gʻoyalariga koʻra farq qiladi. Makroiqtisodiyot termini birinchi marta Ragnar Frisch tomonidan 1934-yil, 14-avgustda qoʻllanilgan. “The General Theory of Employment, Interest and Money” kitobida keltirilgan gʻoyalari uchun zamonaviy makroiqtisodiyot asoschisi John Maynard Keynes hisoblanadi.
Makroiqtisodiy holatlarni tahlil etishda va optimal makroiqtisodiy siyosatni belgilashda makroiqtisodiy modeldan foydalaniladi. Makroiqtisodiy model oʻzgaruvchilarning bir-biriga bogʻliqlik darajasi, inqirozdan chiqish usullariga koʻra farq qiladi. Neoklassik nazariya va neokeynschilik taʼlimotiga asoslangan makroiqtisodiy modellar asosan iqtisodiy oʻsishga erishish usullarini tasvirlab beradi. Makroiqtisodiy modellarga AD-AS modeli, IS-LM modeli va Solow modeli misol boʻla oladi.
Davlat iqtisodiyotni tartibga solishda fiskal va monetar siyosatdan foydalanadi. Fiskal siyosatda davlatning byudjet parametrlari va soliq stavkalari koʻrib chiqilsa, monetar siyosatda pul massasi koʻrsatkichlari oʻzgartiriladi. Dunyodagi koʻpgina yirik inqirozlar davlatlarning notoʻgʻri makroiqtisodiy siyosatlari yoki iqtisodiyotni yetarli darajada nazorat qilmasliklari oqibatida sodir boʻlgan. Iqtisodchilar Emi Nakamura va Jón Steinssonning2018-yildagi xulosalariga koʻra, shuncha inqirozlardan soʻng ham, davlatlar tomonidan olib borilayotgan turli makroiqtisodiy siyosatlarning natijalari har doim ham ijobiy emas va shu sababli, bunday siyosatlar tanqid ostida qolmoqda. COVID-19 pandemiyasi paytida qabul qilingan makroiqtisodiy qarorlar yetarli darajada samarali emasligi sababli, u iqtisodiyotga ham, kishilar hayotini saqlashda ham kutilganidek yordam bermadi.