1 ma’ruza Kirish Avtomobillarni ishlab chiqarishning o‘ziga xos
5. Quritish Qoplamaning sifati va umrboqiyligi lakbo’yoq materialini quritish maromining qanchalik to’g’ri tanlanganiga va bajarilganiga sezilarli darajada bog’liq bo’ladi. Lakbo’yoq materiallari qisman qurish va plyonka hosil qilish tabiatiga ko’ra eriydigan (qaytuvchan) va erimaydigan (qaytmas) plyonka hosil qiluvchi materiallarga bo’linadi.
Qaytuvchan plyonka bo’yoqning suyuq qatlamidan uchuvchan eritkichlarning bug’lanishi natijasida sodir bo’ladi. Bunday materiallarga xona harorati sharoitida qattiq plyonka hosil qiluvchi nitrotsellyulozali lak va emallar, spirtli laklar va b. misol bo’ladi. Qisman quritilgan qaytuvchan plyonkani eritkich qo’shish orqali dastlabki suyuq holatiga qaytarish mumkin.
Qaytmas parda nafaqat eritkichning bug’lanishi natijasida, balki plyonka hosil qiluvchi moddalarning oksidlanishi, kondensatsiyasi va polimerlashishi kabi murakkab kimyoviy jarayonlar natijasida hosil bo’ladi. Bu guruhdagi materiallarni quritishda plyonka hosil bo’lish jarayoni ikki fazaga bo’linadi: uchuvchan eritkichlar bug’lanishining fizik jarayoni va plyonka hosil bo’lishining kimyoviy jarayoni. Qaytmas lakbo’yoq
materiallariga moyli laklar, alkidli va melaminalkidli emallar kiradi.
Oddiy sharoitlarda xona haroratida, ayniqsa, qaytmas plyonkalarning hosil bo’lish jarayonlari sekin kechadi va oxiriga yetmaydi, buning natijasida plyonka yetarli turg’unlik va mustahkamlikka ega bo’lmaydi. Quritish jarayonlarini jadallashtirish va qoplamalar sifatini yaxshilash uchun bo’yalgan detallar qizdiriladi.
Qizdirish bilan quritish bo’yash ishlarini uzluksiz oqimda bajarish imkonini beradi va umumiy jarayon davomiyligini keskin qisqartiradi. Bundan tashqari, melaminalkidli emallar, epoksid shpatlyovkalar kabi materiallar faqatgina shunday sharoitlarda qattiqlashadi va sifatli qoplamalar hosil qiladi. Atrof-muhit harorati qancha yuqori, eritkich bug’larining konsentratsiyasi qancha kam va bo’yalayotgan sirt bo’ylab qizdirilgan havoning harakatlanish tezligi qancha katta bo’lsa, quritish jarayoni shunchalik tez sodir bo’ladi.
Lakbo’yoq materiallarini qizdirish orqali quritishning bir qator usullari mavjud. Eng keng tarqalgan usullar sifatida aylanuvchan qizdirilgan havoli quritish (konveksion) va infraqizil nurlar yordamida quritish (termoradiatsion) qo’llaniladi.
Konveksion quritishda aylanuvchan qizdirilgan havo orqali tutash issiqlik uzatish sodir bo’ladi, qisman qurish jarayoni esa qoplamaning yuza qatlamidan boshlanadi (5-rasm). Buning natijasida sirtda hosil bo’layotgan yupqa plyonka lakbo’yoq materialining pastki qatlamlaridagi eritkichlar bug’lanishini qiyinlashtiradi.