«ZIYONET» JAMOAT TA’LIMI AXBOROT TARMOG‘I «ZiyoNET» jamoat ta’limi axborot tarmog‘i muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Nogironlar uchun axborot texnologiyalari markazlari va maxsus treninglar tashkil qilindi.
TO‘RTINCHI AVLOD (4G) ALOQA TARMOG‘I Mamlakatimizda MDHda ilk bor to‘rtinchi avlod (4G) aloqa tarmog‘i ishga tushirildi, interfaol shaklda davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha «yagona oyna» markazlari ochildi. Forumda qator xorijlik ekspertlar AKT sohasidagi eng so‘nggi ishlanmalarni joriy etish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Kompyuter va axborot texnologiyalari tushunchasi mazmun va mohiyati. Kompyuter texnologiyalari to‘g‘risida so‘z yuritilganda, odatda ko‘z oldimizda axborot texnologiyalari mujassamlanadi. Buning sababi, shaxsiy kompyuterlarning ixtiro etilishi axborot texnologiyalarining ommaviylashishiga va uni keng miqyosda tadbiq etilishiga olib kelinganligidadir. Chunki shaxsiy kompyuterlarning paydo bo‘lishi natijasida axborot texnologiyalarining mahsuli bo‘lgan dasturiy vositalarga zaruriyat ortib, kundalik ehtiyojga aylanib bormoqda. Shaxsiy kompyuterni tadbiq etish bo‘yicha erishilgan muhim yutuqlardan biri bu multimedia vositalarining yaratilishidir. Shaxsiy kompyuterlar multimedia vositalaridan, ya’ni ovoz, grafika, animatsiya, video vositalaridan keng ko‘lamda foydalanish sari yo‘l ochdi. Ta’lim tizimida axborot texnologiyalarining multimedia vositalari yordamida o‘quv jarayonini tashkil etish imkoniyatlari paydo bo‘la boshladi. Bular sirasiga virtual kutubxona, virtual o‘qitish texnologiyalarini kiritish mumkin. Virtual kutubxona - bu o‘quv materiallari elektron nusxada chop etilgan yagona katalog tizimiga ega bo‘lgan elektron kutubxonadir. Elektron kutubxonadagi o‘quv materiallarini tarmoq tizimi imkoniyatlaridan foydalanib o‘qish mumkin.
Elektron kutubxonadan yoki boshqa manbalardan tarmoq tizimi yordamida materiallarni olib o‘qish-virtual o‘qish deb yuritiladi. Yangi axborot texnologiyalari asosida boshqarishni avtomatlashtirish, ish yuritish, moliya ishlarini avtomatlashtirilgan holda boshqarishni ta’minlash kabi ishlarni bajarish imkoniyatlari tug‘ildi. Bundan tashqari yangi axborot texnologiyalari tufayli yuzaga kelgan juda katta imkoniyatga ega bo‘lgan muharrirlarni, tarjima qiluvchi dasturiy vositalarni keltirish mumkinki, ularning yaratilishi ta’lim tizimida ham o‘z samarasini bermoqda. Shu o‘rinda olamshumul ahamiyatga ega bo‘lgan telekommunikatsion (kabelli, shisha tolali, sputnikli) aloqa vositalari asosida tashkil etilgan Internet tizimining insoniyatga juda keng imkoniyatlar yaratganligini ta’kidlash lozim. Internet hozirgi kunda butun insoniyat bilimlarini birlashtirish, ularning aqliy qobiliyatlaridan unumli foydalanish kabi masalalarni yechish bilan bir qatorda, yangi adabiyotlar to‘g‘risida ma’lumot olish, masofadan turib o‘qitish texnologiyasini amalga oshirish, musiqa eshitish, kino va boshqa sohalardagi mashhur kishilarning (yulduzlarning) rasmlarini ko‘rish, ular haqida ma’lumotlar olish, kundalik gazetani o‘qib borish, ob-havo to‘g‘risida ma’lumot olish, kompyuter o‘yinlari o‘ynash, yangi ish joyi topish, magazindan xarid qilish va hatto keng miqyosdagi biznes ishlarini amalga oshirish mumkin. Uchinchi ming yillikning boshlarida 120 mln. kompyuter yagona dunyo tarmog‘iga ulangan, ulardan 1 mlrd. dan ziyod odamlar foydalanmoqda.
Keyingi vaqtda internetdan o‘spirin yoshlarning va xotin-qizlarning foydalanish sur`ati o‘sib borayotganligini qayd etish mumkin. Uchinchi ming yillikning boshida axborot texnologiyalarini tadbiq etishda tub o‘zgarishlar ro‘y berishi kutilmoqda. Bularga yo‘ldosh kanali orqali internet elektron kitoblar, dunyo internet kutubxonasi, internet video-telefonlar, muloqotli tarjimonlar va nutqni hamda harakatni tushunadigan kompyuterlarning yaratilishi kutilmoqda. Bulardan ko‘rinib turibdiki, ta’lim tizimida yangi axborot texnologiyalarini tadbiq etish masalalariga tubdan boshqacha ko‘z bilan qaramoq lozim. Yuqorida qayd etilgan masalalar ta’lim tizimida ham yangi axborot texnologiyalarini tadbiq, etishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash bilan bir qatorda, ularning yechimini kechiktirmasdan hal etish uchun chora-tadbirlar ko‘rish zaruratini ham yuzaga keltiradi. Shu o‘rinda aytish lozimki, ta’lim tizimida yangi axborot texnologiyalarini tadbiq etishning bugungi kundagi dolzarb masalalaridan biri multimedia vositalari negizida virtual o‘qitish tizimini yaratishdir.
Axborot texnologiyalaridan o‘quv jarayonini boshqarishda foydalanish ta’limning samaradorligini oshirishga olib keladi. Buning sababi, o‘quv jarayonini to‘liq nazorat qilish va uni yangilab borish imkoniyatlarining yaratilishidir. Masalan, ta’lim muassasasida lokal kompyuter tarmog‘ining mavjudligi qog‘ozda berilayotgan ma’lumotlar, hujjatlar hajmining qisqarishiga olib keladi, bu esa o‘z navbatida, ta’lim jarayonida qabul qilinayotgan boshqaruvga doir qarorlarni qabul qilishda vaqtni tejash imkoniyatini beradi. Axborot texnologiyalarini o‘quv jarayoniga tadbiq etish natijasida yangi ma’lumotlar bazasi vujudga keladi, unda pedagogik texnologiyalar, tahliliy materiallar kabi ma’lumotlar to‘planadi. Shuning bilan bir qatorda, video-konferensiya o‘tkazish, har xil ko‘rinishdagi taqdimotlarni namoyish etish va eng yaxshi tadqiqot ishlar haqida ma’lumot berish, seminarlar va turli mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun juda ko‘p imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Hozirgi davr axborot-kommunikatsiyalar asri sifatida xarakterlanmoqda. Shu sababli mehnat kapitali va tovarlar qatorida aqliy kapitaldan foydalanish muhimligi jihatidan kam ahamiyatga ega bo‘lmagan omillardan biridir.
Masofali ta’lim tizimining asosini kompyuter, axborot va pedagogik texnologiyalar tashkil etishi shubhasiz. Ta’limda axborot texnologiyalari haqida gapirganimizda, birinchi navbatda, masofali ta’lim, interaktiv pedagogika va turli o‘quv shakllari ko‘rinishidagi didaktik tizimlarni nazarda tutamiz.
Ta’limda texnologik yondoshuvning mohiyatini tushunish uchun, avvalo, “texnologiya” so‘zi va tushunchasining mazmunini aniqlash zarur. Texnologiya yunoncha so‘z bo‘lib, texne-mahorat, san`at, logos-tushuncha, fan, ta’limot ma’nolarini anglatadi. Ta’limda texnologiya tushunchasi o‘quv rejasiga asosan beriladigan bilimlar tizimini talabalarga yetkazib berish va shu asosda ularni bugungi kun talablariga to‘liq javob beradigan kadrlar qilib tarbiyalashga yo‘naltirilgan shunday usul va tajribalarni ishlab chiquvchi, takomillashtiruvchi va targ‘ib qiluvchi zamonaviy fan sifatida ta’riflanadi.
Ta’lim jarayoniga texnologik yondoshuvda u qayta takrorlanadigan jarayon sifatida tashkil etiladi, undan kutiladigan natija ham mufassal tavsiflanadi va aniq qayd etiladi. O‘quv materiali diagnostik ifodalangan o‘quv maqsadlariga mos qayta tuzilib, ishlab chiqiladi, ayrim bo‘laklarga ajratiladi. O‘quv materialini talabalarga yetkazib berishning muqobil yo‘llari nazarda tutiladi. Har bir bo‘lakni o‘rganish test yordamida nazorat etilib, xato-kamchiliklar shu paytning o‘zida tuzatilib, to‘g‘rilanib boriladi.
Pedagogik texnologiya ta’lim jarayoniga noan`anaviy shaklda, o‘ziga xos belgilar va xususiyatlarga ega bo‘lgan tizimli, texnologik yondoshuvlarga asoslanadigan holda kirib keldi.