1-mavzu aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza
Samarqand viloyati. Respublikaning markaziy viloyatlaridan bo‘lib, Zarafshon daryosining o‘rta oqimiga joylashgan. Samarqand viloyatining maydoni 13,9 ming kv. km2, respublika hududining 3% ni tashkil etadi. Aholisi 2,3 mln. dan ortiq. Viloyat janubiy (Zarafshon) va shimoliy (Nurota) qismlarda tog‘liklar bilan chegaralanib turadi. Muhandis-geologik jihatdan shimoliy qismida Nurota tog‘ etaklarida va janubiy qismdagi Qoratepa tog‘ining shimoliy yonbag‘irlarida lyoss qatlamlari ko‘proq bo‘lgani uchun bu joylarda ko‘chki jarayoni nisbatan keng tarqalgan. Viloyatdagi yirik suv omborlaridan Kattaqo‘rg‘on havzasida mavsumiy vaqtlarda suv miqdorining ko‘payib ketishi oqibatida qirg‘oq atrofining o‘pirilishi kuzatiladi, lekin bu joylarda aholi punktlari joylashmagan. Suv ombori atrofi hozirgi vaqtda qishloq xo‘jaligi maqsadida o‘zlashtirilishi natijasida ayrim joylarda o‘pirilish va eroziyalanish hodisalari rivojlanib bormokda. Tabiiy sharoitda hosil bo‘layotgan ko‘chkilarni Oqsoy, Saganak, Okdaryo va Qoradaryo havzalari atrofida uchratish mumkin. Boshqa viloyatlardagi ko‘chkilarga taqqoslab ko‘radigan bo‘lsak, Samarqand viloyatidagi ko‘chkilarning ko‘lami, xususiyati o‘zgachadir, ya’ni keng maydonlarni qamrab olmagani sababi bu joylardagi relef yuzasining qiyaligi juda katta emas va surilib borayotgan massa juda kam joylarga tarqaladi. Viloyatda olib borilayotgan qurilish (sanoat, transport, suv inshootlari) ishlari natijasida ham yonbag‘irlarning o‘pirilish holatlari uchramoqda.