Nurchilar. Asoschisi turkiyalik Sayyid Nursiy Badiuzzamon bo’lgan mazkur tashkilotning asl maqsadi – mavjud hokimiyat uchun qarshi chiquvchi o’ta diniy, mutaassib kishilarni tarbiyalashdan iborat. Oqim vakillari o’zlariga yangi a’zoni jalb etishda birinchi navbatda, nurchilar jamoasi faoliyati siyosatdan uzoq degan fikrni singdirishga harakat qiladilar. Aslida bu bir niqob bo’lib, ularning faoliyati negizida aynan siyosatga aralashuv yotadi. Tashkilotning strategiyasi uzoq davrga mo’ljallangan bo’lib, asta-sekinlik bilan yoshlarga mutassib islomiy g’oyalarni singdirib borish va kelajakda ularni rahbar lavozimlarga tayinlanishi orqali “Nurchilar” jamoasiga moyil shaxslarni hokimiyat tepasiga chiqarishga asoslangan. Bu oqimning yurtimizga kirib kelishi 1992 yildan boshlab kuzatilgan. Dastlab oqim g’oyalari turkiyalik ekstremistlarning moddiy va ma’naviy ko’magida etkazilgan. Ayni damda ular maxfiy tarzda harakat olib borishga urinmoqdalar. “Nurchilik” harakati saflarining asosini yoshlar tashkil etadi, harakat tomonidan chop etilgan da’vat varaqalarini tarqatish yo’li bilan ularning saflari kengaymoqda. Mazkur oqim a’zolari Hindiston, Pokiston va Malayziya mamlakatlarida ham paydo bo’lgan. Shuningdek, Amerikada tahsil oluvchi turk talabalari orasida nurchilar da’vatiga ergashuvchilar borligi sababli bu harakat AQSh hududida ham tarqalmoqda. Shunday qilib, yuqorida qayd etilgan diniy ekstremistik guruhlar Islom dinini “asl holatiga qaytarish” da’vati ostida bosqinchilik, talonchilik va begunoh insonlarning qonini to’kish kabi terrorchilik ishlarini amalga oshirmoqda. Mazkur guruhlarning g’oyalari jamiyat hayotining ajralmas bo’lagi sanalgan ma’naviy va madaniy taraqqiyotga ham salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.
3. Yoshlar va xotin-qizlar orasida ekstremistik g’oyalarning tarqalish sabablari. Keyingi paytlarda turli terrorchilik harakatlarini sodir etish ishlariga ayollar ham aralashib qolmoqda. Bellariga portlovchi moddalar bog’lab, o’zini nobud qilayotgan ayollar soni ortib bormoqda. Bu kabi ishlarga qo’l urishlari, o’z jonlariga qasd qilishlari, umuman, terrorizm yo’liga kirib qolishlarining asosiy sababi, ularning na diniy, na dunyoviy bilimga ega emasliklari, turli oqimlarga nisbatan sof islom dinining munosabatini bilmasliklaridir. Ba’zi kishilar ayollarning terror yo’liga kirib qolishlarini moddiy qiyinchilik, oiladagi etishmovchilik, ishsizlik, kam ta’minlanganlik, alamzadalik, siyosatdan norozilik kabi qator ijtimoiy holatlar bilan bog’lashga intiladilar. Aslida esa, ekstremistlar ayollarning turli oqimlarga kirib, o’zlarini o’ldirish darajasigacha borishlarida ularning ma’naviy- ruhiy olamiga xos xususiyatlardan ustalik bilan foydalanayotganliklarini ko’rish mumkin. Xususan, ma’lumotlar Falastin va Kavkazda aldab yoki zo’rlab nomusiga tegish orqali ularni ma’naviy-ruhiy jihatdan boshi berk ko’chaga kiritib qo’yish, so’ng esa bu gunohni yuvish yo’li sifatida “shahidlik”ni taklif etish va asta- sekin o’z-o’zini portlatishga tayyorlash usulidan keng foydalanilayotganini ko’rsatadi. Amaliyot, ayni paytda, xotin - qizlar o’z aka-ukalarining ta’sirida ham bunday harakatlarni sodir etish darajasiga kelganliklarini ko’rsatadi.
Jumladan, erkaklar o’zining diniy ilmlardan bexabar, har ishda itoatkor ayoliga turli oyat-hadislarni noto’g’ri talqinda tushuntirishi, qo’poruvchilik harakati uchun jannat bilan mukofotlanishini va’da qilishi, ayolning jannatga kirishi erning roziligiga bog’liqligini doimiy uqtirishi oqibatida ayollarning o’zini va begunoh kishilarni o’ldirib, jinoyatga qo’l urishlari aniqlangan. Yoshlarning turli oqimlarga kirib qolishlari sabablari qatorida ularning bilimlari, shu jumladan, diniy ilmlarni egallashga bo’lgan qiziqish va intilishi hamda ishonuvchanligi, birdaniga va hamma narsaga (boylik, shon-shuhrat, martaba va h.k.) ega bo’lishga harakat qilishi, ilmiy tilda aytganda maksimalizm kabi ma’naviy-ruhiy omillarni alohida ajratib ko’rsatish lozim. “Sen bu tashkilotga kirish yoki mana bu vazifani bajarish bilan alohida, har kimga ham nasib qilavermaydigan sharafli ishga qo’l urgan bo’lasan, kerak bo’lsa, sen millat, din, insoniyatning xaloskoriga aylanasan!”, – degan qarashlarni singdirish jarayoni aynan mana shu kabi xususiyatlarga alohida e’tibor berilayotganini ko’rsatadi. Yoshlar va ayollar ularga xos bo’lgan ruhiy xususiyatlarni yaxshi biladigan va o’zlarining g’arazli maqsadlari yo’lida ustalik bilan foydalanayotgan, xalifalik tuzsak barcha muammolarimiz hal bo’ladi deb yurgan hizbchilarning safsatalariga uchib, aldanib qolmoqdalar, o’zlarini portlatmoqdalar. Islom ta’limotining asl mohiyatiga ko’ra, bu kabi harakatlar mutlaqo noto’g’ridir.
Zero, Qur’oni karimda ґo’z joniga qasd qilish eng katta gunohlardan ekani ta’kidlangan: «...o’z qo’llaringiz bilan o’zlaringizni halokatga tashlamangiz! (Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko’radi» («Baqara», 195). Kim bo’lishidan qat’i nazar, begunoh kishilarni halok etish ulkan gunoh ekani haqida quyidagi oyat xabar beradi: «Biror jonni o’ldirmagan yoki Erda (buzg’unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarni qilmagan insonni o’ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o’ldirgan kabidir («Moida», 32). Abu Hurayra rivoyat qilgan hadisi sharifda esa o’zini o’ldirgan kishining jazosi yanada ravshanroq yoritilgan: «Kim o’zini bir temir parchasi bilan o’ldirsa, qiyomat kunida jahannam o’tida temir parchasi qo’lida, abadiy ravishda u bilan o’zini o’ldirib azoblanib yotadi. Kim zahar ichib o’zini o’ldirsa, doimiy ravishda zaharlanib jahannam o’tida azoblanadi. Kim o’zini tog’dan tashlab yuborsa, doimiy ravishda jahannam o’tida o’zini tog’dan tashlab o’ldirib azoblanadi».