1-mavzu Falsafa fanining predmeti, mazmuni va ilm-fan, madaniya-fayllar.org
Ishqdir ul, nasha’i komilkim, andandir mudom Mayda tashviri harorat, nayda ta’siri sado.73 Komil nash’a, komil lazzatga faqat komil insongina erisha oladi. Demak, muhabbat inson axloqiy hayotining cho’qqisi, komillik belgisidir. SHu bois haqiqiy muhabbat egalari yoshlar tomonidan doimo axloqiy ideal tarzida qabul qilinadi: Farhod va SHirin, Romeo va Juletta, Otabek, Kumush va h.k. SHunday qilib, muhabbatni shaxs erkinligining axloqiy zarurat sifatidagi o’ziga xos ko’rinishi, baxtga erishuvning asosiy omili deyish mumkin.
Ta’kidlash lozimki, muhabbat – oliy tuyg’u, shu ma’noda u oliy tushuncha. Lekin uni tuban, quyi narsa–hodisalarga nisbatan ham qo’llash hollari uchrab turadi. CHunonchi, Fromm singari g’arblik mutafakkirlar, ba’zi rus faylasuflari muhabbat tushunchasini o’likka (nekrofil), mol–dunyoga, pulga nisbatan qo’llaydilar. Ularga nisbatan «o’chlik», «ruju», «hirs» singari tushunchalarni qo’llash ma’qul emasmikan?
Muhabbat ham, axloqshunoslikdagi ko’pgina tushunchalardek, «juftlik» xususiyatiga ega, uning ziddi – nafrat. Nafrat tushunchasi, albatta, muhabbat singari keng qamrovli emas. U aksil muhabbat tarzida namoyon bo’ladi, ob’ektdan chetlashishni, undan begonalashishni taqozo etadi. Hazar, jirkanch hissi nafratning kundalik turmushdagi tor, «mayda» ko’rinishidir. Nafratning ularga nisbatan «yirikligi» uning ijtimoiy hodisa sifatida mavjudligidir.
Ayni paytda, nafrat g’azabdan keskin farq qiladi. U, g’azabga o’xshab, o’z ob’ektini yo’qotishga intilmaydi, undan faqat yuz buradi. Uni muhabbat egasida o’z muhabbati ob’ektiga nisbatan tashqi bir kuchning noinsoniy, adolatsiz, noinsoflarcha munosabati tufayli o’sha kuchga qarshi qo’zg’aladigan hissiyot deyish mumkin. U davomiylik tabiatiga ega, g’azab kabi o’tkinchi hodisa emas. Agar g’azabning asosida inson fe’lining salbiy holati – oniy badjahllilik yotsa, nafrat uchun chuqur o’ylab qabul qilingan uzil–kesil qaror yotadi. Ko’rinishdan nafrat kishida yoqimsiz taassurot uyg’otsa–da, ko’p hollarda u illat emas, axloqiy fazilat sifatida insonning vijdonliligidan, botiniy jasoratidan dalolatdir.
SHu o’rinda buyuk fransuz yozuvchisi Emil Zolyaning «Nima menda nafrat uyg’otadi» degan estetikaga doir kitobiga yozgan so’zboshisidan olingan quyidagi fikrni keltirish maqsadga muvofiq:
«Nafrat – muqaddas. Nafrat bu – kuchli va qudratli yuraklarning noroziligi, bu – o’rtamiyonalik va pastkashliklardan qahrlanadigan odamlarning jangovar jirkanchi. Nafratlanmoq – sevmoq degani, o’zida otashin va mardona qalbni his qilmoq, nimaiki sharmandalik va nodonlik bo’lsa, o’shanga nisbatan chuqur hazar tuyg’usini tuymoq degani.
Nafrat yengillik beradi, nafrat adolat o’rnatadi, nafrat yuksaltiradi»74 Nafratdan tashqari yana rashk tushunchasi borki, u – ijtimoiy hodisa emas, ko’p hollarda jinsiy muhabbat bilan yonma–yon keladi. Ma’lumki, muhabbat egasi o’z sevgisini va sevgilisini qizg’anib, asrab qolishga harakat qiladi. Ana shu qizg’anish hissi me’yoridan oshib ketganda rashkka aylanadi. Rashk esa, uni qanchalik ta’rif–tavsif qilmaylik, me’yorning buzilishi, illat. CHunki uning mohiyati xudbinlikka borib taqaladi: muhabbat egasi muhabbat lazzatiga noil bo’lgani holda uning iztirobidan qochishga intiladi; o’zi chekishi lozim bo’lgan iztirobni o’z muhabbat ob’ektiga o’tkazishga harakat qiladi. Natijada ba’zan iztirobni yo’qotishga intilish muhabbat ob’ektining o’zini yo’q qilishga, fojeaga olib keladi.
Asosiy tushunchalar orasidagi yana bir juftlik – ezgulik va yovuzlik; ezgulik axloqshunoslikdagi eng muhim kategoriyalardan. U inson faoliyatining asl mohiyatini anglatadi – Tangri irodasining inson qalbidagi tajassumi sifatida namoyon bo’ladi. «Ezgu o’y, ezgu so’z, ezgu a’mol» uchligi «Avesto» dan tortib, barcha muqaddas kitoblarda yetakchi o’rinni egallashi ham shundan.
Ezgulik – insonga eng kuchli ma’naviy lazzat bag’ishlaydigan, uni ijtimoiy shaxsga aylantirib, haqiqiy baxtga olib boruvchi fazilat; shaxsni komillikka, jamiyatni esa yuksak taraqqiyotga yetkazuvchi yuksak qadriyat. U insonning axloqiy faoliyati tufayli muayyanlashadi, yuzaga chiqadi. Uni sinfiylik yoxud partiyaviylik qobig’iga o’rash mumkin emas. CHunonchi, «sinfiy dushmanni», ya’ni biror bir shaxsni yoki guruhni faqat boshqa sinfga mansub bo’lgani uchun jisman yo’qotish, qanchalik bo’yab–bejalmasin, ezgulik bo’lolmaydi. U tom ma’nodagi yovuzlikdir. Totalitar tuzumlar mafkurasida ezgulikni bunday talqin etishning noilmiyligi, soxtaligi hozirgi kunda hammaga ayon.
Ezgulik va uning ziddi yovuzlik odatiy, kundalik hayot mezonlari bilan o’lchanmaydi, ular ham muhabbat singari qamrovli va ijtimoiylik xususiyatiga ega. Ezgulikning axloqiy ideal bilan bog’liqligi shundan. SHu tufayli u amaliyotda qahramonlik, vatanparvarlik, insonparvarlik, jasurlik singari tamoyillarni o’z ichiga oladi.
SHuni ham aytish kerakki, muhabbat va nafrat juftlik tushunchasida nafrat muhabbatni inkor etmay, aksincha, uning barqarorligidan dalolat bersa, ezgulik va yovuzlik juftligida har ikki tushuncha bir–birini tamomila inkor etadi. Nafaqat inkor etadi, balki ular orasida hayot–mamot kurashi ketadi va bu kurash abadiy kurash sifatida, olamni harakatga keltiruvchi kuch tarzida namoyon bo’ladi. Lekin, ayni paytda ular orasida muayyan tarzdagi dialektik aloqadorlik bor: ular hech qachon bir–biridan mutlaq alohida holda voqe bo’lolmaydi.
Ezgulik va yovuzlikning yana bir o’ziga xos tomoni shundaki, bu juftlik tushuncha inson faoliyatini baholash xususiyatiga ega. Uni odam bolasining ulug’ligi va tubanligini o’lchaydigan muqaddas tarozuga o’xshatish mumkin. Insonning komilligi, jamiyatning takomilga erishgan–erishmagani shu mezon bilan o’lchanadi. CHunonchi, Lenin, Stalin, Hitler, Pol Potlarni yovuz insonlar, sobiq sho’rolar ittifoqini esa jamiyat sifatida «Yovuzlik saltanati» deb baholanishi buning yorqin misolidir.