Reja 5.1. Valyuta risklari tushunchasining iqtisodiy mohiyati va turlari. 5.2. Valyuta riskining yuzaga kelish sabablari. 5.3. Valyuta riskini boshqarish usullari va ularning mohiyati.
Valyuta riski, operatsion valyuta riski, translyatsion valyuta riski, iqtisodiy valyuta riski, valyuta pozitsiyasi, xedjerlash, liding va legging, kross xedjirlash, valyuta diversifikatsiyasi, fyuchers, forvard, optsion.
5.1. Valyuta risklari tushunchasining iqtisodiy mohiyati va turlari
Xalqaro iqtisodiy munosabatlarning uzoq yillar mobaynidagi tajribasi asosida tovarlar va xizmatlar, ekvivalent qiymatlar bilan o’zaro almashinishning o’zaro manfaatli shakllari shakllandi.
Xalqaro savdo-kredit va to’lov munosabatlari hamma vaqt valyuta hisob-kitoblari bilan qamrab olingan. Bu degani, tashqi iqtisodiy faoliyatning sub’ekti hisob-kitoblarni uning uchun xorijiy hisoblangan valyutada amalga oshiradi.
Xalqaro shartnomani amalga oshirish davrida, bir qator iqtisodiy omillarning ta’siri ostida shartnomadagi valyuta kursi boshqa valyutalar kursiga nisbatan o’zgarishi kuzatiladi. Bu esa o’z navbatida shartnomada ishtirok etuvchi taraflarning ma’lum bir yo’qotishlariga olib kelishi mumkin.
70-yillarning boshidan barcha davlatlarning erkin suzadigan kurslar rejimiga o’tishi, tashqi iqtisodiy munosabatlar sohasida sezilarli salbiy oqibatlarga olib keldi. Boshqacha qilib aytganda, jahon bozorida valyuta kurslarining erkin suzish sharoitida iqtisodiy muvozanatsizlik kuchaydi.
Valyuta riski deganda, tashqi iqtisodiy faoliyat jarayonida ayirboshlash kurslarini o’zgarishidan yoki boshqa turli valyuta operatsiyalarini amalga oshirilishida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan yo’qotishlar (yoki daromad olish) tushuniladi. Valyuta risklarining yuzaga kelishining asosiy sababi – valyuta kurslarini o’zgarishi hisoblanadi1.
Valyuta risk tijorat riskining bir ko’rinishi bo’lib, xalqaro moliya munosabatlari ishtirokchilari faoliyatida yuzaga keladi.
Valyuta risklari xorijiy valyutalarni turli xil kurs asosida sotish va sotib olish jarayonlarida muayyan zarar sifatida ifodalanadi. Valyuta risklari bank operatsiyalari bozorining baynalmilallashuvi, transmilliy korporatsiyalar va moliyaviy tashkilotlarning tashkil etilishi hamda ular faoliyatining diversifikatsiyalashuvi bilan bog’liq bo’lib, valyuta kurslarining keskin tebranishi natijasida pul yo’qotishlari holatini yuzaga keltiradi. Bunda valyuta kurslarining bir-biriga nisbatan o’zgarishi bir qator omillar ta’siri orqali sodir bo’ladi: jumladan, valyutalarning ichki qiymati o’zgarishi bilan bog’liq pul oqimlarining mamlakatlar o’rtasida doimiy ko’chib yurishi, spekulyatsion operatsiyalarning rivojlanishi va boshqalar.
Istalgan valyutani tavsiflovchi asosiy omil bo’lib, rezident va norezidentlarning valyutaga bo’lgan ishonch darajasi hisoblanadi. Valyutaga bo’lgan ishonch murakkab ko’p omilli mezon bo’lib o’z ichiga mamlakat iqtisodiyotining ochiqlik darajasi, iqtisodiyotning erkinlashuvi va almashinuv kursi rejimi, mamlakat savdo balansi holati, asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlar holati va istiqbolda mamlakat rivojlanishining barqarorligiga investorlarning ishonchi kabi bir qator ko’rsatkichlarni qamrab oladi.
Valyuta riskini uch turga ajratish mumkin:
operatsion valyuta riski;
translyatsion valyuta riski;
iqtisodiy valyuta riski.
Operatsion valyuta riski. Operatsion risk asosan savdo operatsiyalari, shuningdek, dividend to’lovlari va moliyaviy investitsiyalash bo’yicha pulli shartnomalar bilan bog’liq holda yuzaga keladi. Operatsion risk pul mablag’lari harakatida yuzaga kelgan holda foyda darajasiga bevosita salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bu riskni pul mablag’larining kutilayotgan oqimiga almashinuv kursi o’zgarishining bevosita ta’siri natijasida yuqori foydaga erishmaslik yoki zararning yuzaga kelishi holati sifatida ta’riflash mumkin.
Sotilgan mahsulotga xorijiy valyuta olishi lozim bo’lgan eksport qiluvchi milliy valyutaga nisbatan xorijiy valyuta kursining pasayishi natijasida zarar ko’radi. Xorijiy valyutada to’lovni amalga oshirishi lozim bo’lgan import qiluvchi esa, milliy valyutaga nisbatan xorijiy valyuta kursining oshishidan zarar ko’radi.
Valyutalar almashinuvini taqozo qiluvchi bitimlar bilan bog’liq risk narxlar siyosati yordamida boshqarilishi mumkin. Shuningdek, riskga pulni to’lash va olish muddatlari ham birmuncha ta’sir ko’rsatishi mumkin. Agar valyuta tushumi va valyuta xarajatlari o’zaro bir biriga muvofiq bo’lsa operatsion riskni kamaytirish mumkin.
Translyatsion valyuta riski. Mazkur risk hisob-kitob yoki balans riski sifatida ham ma’lumdir. Uning manbai bo’lib, turli mamlakatlar valyutalarida ifodalangan aktiv va passivlar o’rtasidagi nomuvofiqlik holati hisoblanadi. Bu riskning paydo bulishiga kompaniya balansini hisob-kitob qilish jarayonida aktiv va passiv tomonlari o’zaro munosabatlarining to’g’ri kelmasligi sabab bo’ladi. Kompaniya shaxobchalari turli mamlakatlarda joylashgani va shu mamlakatlarda milliy valyuta kursi o’zgarib turishi ushbu risklarni yuzaga keltiruvchi asosiy shartlardir.
Masalan, Britaniya kompaniyasi AQShda o’zining sho’’ba kompaniyasiga ega bo’lib, uning AQSh dollaridagi aktivlari mavjud. Agar Britaniya kompaniyasining AQSh dollaridagi etarlicha passivlari bo’lmasa, ushbu aktivlarning AQSh dollaridagi to’langan qiymati tufayli kompaniya riskka duchor bo’ladi. Funt sterlingga nisbatan AQSh dollarining qadrsizlanishi natijasida sho’’ba kompaniyalar aktivlari qiymatining balans bahosini pasayishiga olib keladi, chunki asosiy kompaniyaning balans hisoboti funt sterlingda ifodalanadi. Shu singari, mazkur valyuta kursining oshishi holatida xorijiy valyutadagi passivlar bilan kompaniya riskka duchor bo’ladi. Agar kompaniya o’z faoliyatida translyatsion riskni muhim ahamiyat kasb etmaydi deb hisoblasa, u holda bunday riskni xedjirlashga zaruriyat sezilmaydi. Chunki, aktiv va passivlar o’zgarishini balans hisobotida ularning asosiy valyutadagi bahosida ifodalash muhim ahamiyat kasb etmaydigan buxgalteriya hisob-kitoblari hisoblanadi. AQShdagi sho’’ba kompaniyasining funt sterlingda ifodalangan aktivlari qiymati AQSh dollarining funt sterlingga nisbatan almashinuv kursi harakati bilan birgalikda tebranadi, bu holat esa, sho’’ba kompaniyaning foyda darajasiga yoki asosiy faoliyatiga umuman ta’sir ko’rsatmasligi mumkin. Shuning uchun, translyatsion riskni xedjirlashga qilinadigan xarajatlar hech qanday ahamiyat kasb etmaydi, chunki amalda kurs tebranishda yo’qotish riski yuzaga kelmaydi. Agar kursning o’zgarishi barqaror kursga nisbatan og’ish sifatida baholansa ushbu fikr o’zini oqlaydi. Biroq, kurs o’zgarishining muayyan tendentsiyasi mavjud bo’lsa, u holda kursdan u yoki bu tomonga og’ish holati mavjud bo’lganda bu tendentsiya sezilarli ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Iqtisodiy valyuta riski. Iqtisodiy risk kompaniya iqtisodiy holatiga almashinuv kursi o’zgarishining salbiy ta’siri ehtimoli sifatida ta’riflanadi. Bir xil turdagi tovarlarni ishlab chiqaruvchilar hamda boshqa turdagi tovarlarni ishlab chiqaruvchilar o’rtasida raqobatlashuvning o’zgarishi, shuningdek, muayyan tovar belgisi iste’molchilari ehtiyojining o’zgarishi natijasida risk yuzaga kelishi mumkin.
Iqtisodiy valyuta riski mamlakatlar o’rtasida tovar almashishda, tayyor mahsulotlarni sotib olish yoki sotishda valyutalar kursining o’zgarishida yuzaga keladi. Kompaniya ishlab chiqarayotgan mahsulotini boshqa mamlakatga sotish yoki kompaniyaning o’sha mamlakatdagi shoxobchasida sotib olinadigan tovarlarni hisob-kitob qilish jarayonida valyuta kursi iqtisodiy valyuta risklarini yuzaga keltiradi.
Iqtisodiy riskka o’z xarajatlarini faqat milliy valyutada amalga oshiruvchi kompaniyalar hamda valyuta kursi o’zgarishiga ta’sir ko’rsatish qobiliyatiga ega bo’lgan eng kam darajada duchor bo’lishadi. Mazkur kompaniyalar o’z mahsulotlarini faqat mamlakat ichida sotishadi va tovarlar tomonidan raqobatga uchrashmaydi, shuningdek, kursning ijobiy o’zgarishi natijasida narxlar birmuncha foydali bo’lishi mumkin. Biroq, bunday kompaniyalar ham to’liq riskdan himoyalangan emas, chunki almashinuv kursining keskin tarzda o’zgarishi ular faoliyatiga salbiy ta’sir ko’rsatishi ham mumkin.
Almashinuv kurslarining tebranishi kompaniyalarning xarajatlari tarkibiga yoki ularning milliy valyutada ifodalangan sotish narxlariga ta’sir etib boshqa ishlab chiqaruvchilar tomonidan raqobatlashuv darajasiga ta’sir ko’rsatishi mumkin. Faqat ichki bozorda faoliyat ko’rsatib milliy valyutada xarajatlar qiluvchi kompaniya milliy valyuta kursining oshishidan zarar ko’radi, chunki raqobatchi import tovarlar birmuncha arzon bo’ladi.