Investitsion bahslarni hal qilish bo’yicha xalqaro markaz (ing. ICSID – International Centre for Settlement of Investment Disputes) – yuqorida ko’rib o’tgan tashkilotlarimizdek Jahon banki guruhiga kiruvchi mustaqil xalqaro tashkilot bo’lishi bilan qatorda BMTning maxsus tashkiloti hisoblanadi. Investitsion bahslarni hal qilish bo’yicha xalqaro markazning maqsadi bo’lib, xalqaro investitsion bahslarni hal qilish va tomonlarni o’zaro murosaga keltirish uchun huquqiy imkoniyatlarni ta’minlash hisoblanadi. Markaz xususiy investitsiyalar yo’lidagi tashqi iqtisodiy to’siqlarni bartaraf etishga qaratilgan hamda davlatlar va xususiy investorlar o’rtasidagi bahslarni hal qiluvchi xalqaro mustaqil arbitraj tashkiloti sifatida qaraladi.
9.4. Mintaqaviy valyuta-kredit va moliya tashkilotlari
XX asrning 60-yillarida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasidagi rivojlanayotgan mamlakatlar xamkorligini kengaytirish va ushbu mintaqalardagi o’ziga xos muammolarni echish uchun mintaqaviy rivojlanish banklari tashkil etildi.
Mintaqaviy valyuta-kredit tashkilotlarining maqsadi bo’lib, mintaqa mamlakatlarida ijtimoiy taraqqiyot va iqtisodiy rivojlanishni qo’llab-quvvatlash, qashshoqlik va qarzdorlik darajasini kamaytirish hamda xususiy sektor rivojlanishiga ko’maklashish hisoblanadi.
Mintaqaviy valyuta-kredit tashkilotlarining resurslari xalqaro kapital bozorlaridan o’zlashtirish orqali jalb etilgan mablag’lardan, ustav kapitallaridan, shuningdek, texnik yordam ko’rsatish va imtiyozli kreditlash uchun asosan a’zo mamlakatlar badallari hisobiga tashkil topgan maxsus fondlar mablag’laridan tashkil topadi.
Ushbu tashkilotlarning operatsiyalari iqtisodiy rivojlanishning barcha yo’nalishlarini moliyaviy qo’llab-quvvatlashga mo’ljallangan, lekin ustuvor yo’nalish bo’lib iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmalar (energetika, transport, kommunikatsiya va boshq.) rivojlanishini moliyalashtirish hisoblanadi. Banklar resurslarining sezilarli qismi sanoatni kreditlashga yo’naltiriladi.
Mintaqaviy valyuta-kredit tashkilotlari faoliyatining asosiy yo’nalishlari quyidagilardan iborat:
rivojlanish loyihalari va investitsiya dasturlariga o’z mablag’larini qo’yish hamda kreditlar ajratish. Eksport-import va tijorat tashkilotlari bilan birgalikdagi loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etish. Bunda kreditlashning turli usullaridan foydalaniladi: aniq loyihalarni moliyalashtirish uchun qarzlar, tuzilmaviy qayta qurishni o’tkazish uchun qarzlar, tiklash qarzlari, kredit liniyalari va boshqalar.
a’zo mamlakatlar iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida xususiy investitsiyalarni oshirishni rag’batlantirish;
rivojlanish loyihalari va mintaqaviy dasturlarni tayyorlashda, shuningdek ushbu dastur va loyihalarni amalga oshirishda texnik yordam ko’rsatish va maslahatlar berish.
Xalqaro moliya tashkilotlari ichida Bazeldagi Xalqaro hisob-kitoblar banki (ing. Bank for International Settlements (BIS)) muhim o’rin egallaydi (XHKB, 1930 yil, Bazel). Xalqaro hisob-kitoblar banki 1930 yilda 6 davlatning (Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Frantsiya, Yaponiya) hukumatlararo kelishuvi hamda ushbu davlatlarning o’z hududida faoliyat ko’rsatadigan Shveytsariya bilan konventsiyasi asosida tuzilgan. Hozirda Xalqaro hisob-kitoblar banki 34 mamlakatning markaziy banklaridan iborat. Xalqaro hisob-kitoblar banki ularga kreditlar beradi va depozitlarini qabul qiladi hamda ularning xamkorligiga yordam beradi. Xalqaro hisob-kitoblar bankining muhim xususiyati bo’lib, xalqaro hisob-kitoblarda valyuta kliringi bo’yicha hamda a’zo mamlakatlarning boshqa hisob-kitoblarida bank-agent funktsiyasini bajarish hisoblanadi.
Shuningdek, Xalqaro hisob-kitoblar banki etakchi valyuta kurslarini ushlab turish maqsadida markaziy baklarning jamoaviy valyuta interventsiyasini tashkil etadi, xukumatlararo kreditlarda vasiy bo’ladi hamda evro bozor holatini nazorat qilib turadi.
1982 yildan boshlab XHKB XVF kreditlarini kutayotgan ayrim mamlakatlarning xalqaro valyuta likvidliligi inqiroziga yo’l qo’ymaslik uchun markaziy banklarning kafolati evaziga oraliq kreditlar bermoqda. Bunday kreditlarni Vengriya, Meksika, Braziliya, Argentina va Yugoslaviya mamlakatlari olgan.
XHKB – etakchi axborot-tadqiqot markazi ham bo’lib hisoblanadi. U o’zining tadqiqotlari asosida davriy nashrlarni chop etib boradi.
Nizom bo’yicha XHKBiga 2 asosiy funktsiya yuklatilgan: 1) markaziy banklar o’rtasida hamkorlikka ko’mak berish, xalqaro moliya operatsiyalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish; 2) o’z a’zolarining xalqaro hisob-kitoblarini o’tkazish bo’yicha agent yoki ishonchli shaxs sifatida harakat qilish. Bulardan kelib chiqqan holda XHKB quyidagi operatsiyalarni bajaradi:
markaziy banklar bilan depozit-ssuda operatsiyalari;
alohida bitimlar bo’yicha hukumat ulushlarni qabul qilish;
valyuta va qimmatbaho qog’ozlar bilan (aktsiyalardan tashqari) operatsiyalar;
markaziy banklarning muxbiri yoki agenti sifatida jahon (valyuta, kredit, qimmatbaho qog’ozlar, oltin) bozorlarida operatsiyalar;
o’zaro xalqaro hisob-kitoblarga ko’mak berish maqsadida markaziy banklar bilan bitimlar tuzish.
XHKB resurslarining asosiy manbai – markaziy banklarning chet el valyutasida yoki oltindagi qisqa muddatli (3 oygacha) omonatlari. Ular bo’yicha foizlar to’lash uchun bank ularni bozor sharoitlarida boshqa markaziy banklarga, xalqaro tashkilotlarga joylashtiradi. XHKBining asosiy aktiv operatsiyasi bo’lib markaziy banklarga chet el valyutasidagi kreditlar berishdir.