1-mavzu. Moliyaning mohiyati va funksiyalari reja Moliyaning mo (1)
4. Davlat qarzlarining mohiyati va ahamiyati
Umumdavlat ehtiyojlarini moliyalashtirish uchun zarur bo’lgan pul resurslarining asosiy qismi soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar shaklida jalb qilinadi. Iqtisodiyotning moliyaviy holati barqaror bo’lmaganda, davlat daromadlarining kamayib ketgan sharoitda davlat o’zining xarajatlarini qoplashga boshqa manbalardan ham mablag’ jalb qilishga majbur bo’lib qoladi. Davlat tomonidan jalb qilishning asosiy shakli bo’lib davlat krediti hisoblanadi. Davlat krediti – bu davlat bilan yuridik va jismoniy shaxslar o’rtasidagi kredit munosabatlaridir. Bu yerda davlat, asosan, qarz oluvchi bo’lib ishtirok etadi. Davlat krediti hukumat organlari va xo’jalik yurituvchi subyektlar tomonidan olingan kreditlarni davlatning kafolat majburiyatlari shaklida chiqishi ham mumkin.
Kafolat majburiyati – bu kreditorga berilishi lozim bo’lgan so’mmani o’z vaqtida to’lanilishini ta’minlash kafilligini olgan organ tomonidan berilgan hujjatdir. Kafolat majburiyatining ta’sir kuchi kafolat xatida ko’rsatilgan hamma so’mma to’laligicha to’langanidan so’ng tugaydi.
Davlat zayomlari - davlatning qimmatli qog’ozlarini sotish yo’li bilan amalga oshiriladi. Shu asosda davlat qarzi shakllanadi.
Davlat kreditlari umumdavlat moliyasining muhim elementi bo’lib, bunda kreditor sifatida yuridik va jismoniy shaxslar, davlat nomidan qarz oluvchi bo’lib esa davlat organlari o’tadi. Halqaro munosabatlar doirasida davlat bir vaqtda ham kreditor, ham qarz oluvchi bo’lishi mumkin.
Davlat krediti qaytarilishi va to’lanishi asosida beriladi. Davlat krediti bank kreditidan farq qiladi. Davlat krediti orqali yig’iladigan qo’shimcha moliyaviy resurslar ishlab chiqarish kapitali aylanishida ishtirok etmaydi, balki byudjet taqchilligini qoplash uchun yo’naltiriladi.
Byudjet taqchilligi – bu muayyan davrda byudjet xarajatlarining byudjet daromadlaridan ortiq bo’lgan so’mmasidir. Davlat tomonidan mablag’lar jalb qilinganda kreditning ta’minoti bo’lib davlatning barcha mol-mulki hisoblanadi.
Davlat krediti kelgusida davlat qarzining shakllanishiga olib keladi. Davlat qarzi – bu davlat tomonidan ichki mablag’ni va xorijdan mablag’ jalb qilish natijasida vujudga kelgan muayyan mamlakatning majburiyatlari yig’indisidir. Bu so’mma davlatning qarz oldi-berdi bilan bog’liq chiqarilgan va qaytarilmagan, ular bo’yicha hisoblangan foizlarni hisobga olgan holda, davlatning majburiyatlari sifatida namoyon bo’ladi.
Davlat krediti o’zining iqtisodiy mohiyati bo’yicha YaIMning qayta taqsimlash shakli hisoblanadi. Uning manbasi aholi va xo’jalik yurituvchi subyektlarning bo’sh turgan mablag’lari hisoblanadi. Davlat kreditidan foydalanish davlat ixtiyoriga mablag’larni jalb etishning asosiy shaklidir.
O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi kelgusi moliya yili uchun Davlat byudjetini qabul qilish jarayonida davlatning ichki va tashqi qarzining eng yuqori me’yorlarini tasdiqlaydi.