Nazorat uchun savollar: Genogramma tushunchasiga ta’rif bering.
Genogramma tushunchasini fanga birinchi bo’lib kim asoslagan?
Oila genogrammasi (nasabnoma)ga ta’rif bering.
Nasabnoma-oilaviy aloqalar haqifagi fan.
Eko-xarita qanday tuziladi?
Gender psixologiya qachon paydo bo’lgan?
Mishel Poludiy-gender psixologiyasi sohasidagi tadqiqotlariga izoh bering.
O’zbekistonda gender masalasi bo’yicha tadqiqotlar olib borgan olimlar haqida nimalarni bilasiz?
Feminizm nima?
Genogramma tuzishda qanday shartli belgilardan foydaliniladi?
6-mavzu. Oila rivojlanishini rejalashtirish. Reja: Oila rivojlanish rejasini amalga oshirish va bajarilishini monitoring qilish.
Oilaviy aralashuvlar.
Onalik va bolalik muhofazasi.
Tayanch iboralar: Onalar va bolalar muhofazasi.
Mamlakatimizda oilaga jamiyatning asosiy boʻgʻini sifatida qaraladi. Ularning mustahkamligi va farovonligi yoʻlida esa ezgu ishlar amalga oshirib kelinmoqda. – Oila muqaddasligi, er va xotin oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, komil farzand tarbiyasi, avlodlararo muloqotning ahamiyati, sharqona tarbiya masalalari asrlar davomida xalqimiz ongida shakllanib kelgan. Shu sabab, oila muhiti yoshlar tarbiyasida millatning oʻzligini va qadriyatlarini saqlab, davom ettiruvchi dargoh sifatida hal qiluvchi oʻrin tutgan.
Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash borasida mutlaqo yangicha tizim ishlab chiqilib, keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq bu borada olib borilayotgan oʻrganish va monitoringlar oilalarda maʼnaviy-axloqiy muhitni mustahkamlash va sogʻlomlashtirishning samarali mexanizmlarini yaratishga toʻsqinlik qilayotgan qator omillar ham mavjudligini koʻrsatmoqda.
Xususan, oila mavzusidagi tadqiqotlar nihoyatda kam, borlari ham hayotiy voqelikdan uzilib qolgan. Boy tarixiy merosimiz, qadriyatlarimizni tiklash, tanlash, tahlil qilish va bugungi zamon ruhi bilan uygʻunlashtirgan holda yosh avlod ongiga singdirish masalalarida sustkashlikka yoʻl qoʻyib kelingan. Oxirgi oʻn yilda Oʻzbekistonda aholining demografik rivojlanishi va oilalar salomatligi, ularga tibbiy xizmat koʻrsatish holatini oʻrganish boʻyicha kompleks tadqiqotlar deyarli amalga oshirilmagan. Ilmiy-tadqiqot ishlarining mavzularini belgilashda mintaqalarga xos boʻlgan muammolar eʼtibordan chetda qolib kelgan. Har bir hududning ijtimoiy-madaniy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda jiddiy antropologik tadqiqotlar olib borilmagan.
Shu bois, bugun yoshlarimizning oila qurishida zarur huquqiy, iqtisodiy, tibbiy, maʼnaviy-maʼrifiy, psixologik, jinsiy, axloqiy bilim va koʻnikmalari pastligi, mustaqil hayotga tayyor emasligi, roʻzgʻor yuritishga uquvsizligi sezilib qolmoqda. Pirovardida, keyingi yillarda nizoli oilalar va ajrashishlar soni sezilarli oshgan, oilaning reproduktiv huquqlari toʻliq taʼminlanmagan, norasmiy nikohlar soni koʻpaygan, ogʻir hayotiy sharoitdagi oilalarning nima uchun bunday holatga tushib qolgani tahlil qilinmagan.
Oilalar bilan ishlash boʻyicha mutaxassislar taqchilligi kuzatilmoqda. Misol uchun, demografiya siyosati masalalarini muvofiqlashtiruvchi yagona masʼul hukumat tashkilotining yoʻqligi demograflarga boʻlgan ehtiyojni kuchaytirmoqda. Aksariyat mutaxassislar vaziyatni xolis baholab, tahlil qilib, tadqiqotlar olib borib, har taraflama aniq va puxta xulosalar ishlab chiqish kabi amaliy koʻnikmalarga ega emas.
Oilalarga ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi tajribali mutaxassislar – ijtimoiy ish xizmatchilari, oilaviy psixologlar, ilmiy amaliyotchilar, tadqiqotchilar ham yetishmaydi. Oliy oʻquv yurtlarida oila sohasiga oid fanlar cheklangani sababli jamiyatda oila bilan bogʻliq muammolar uchrab turibdi, ularning yechimini topish oqsamoqda.
Umumtaʼlim maktablarida psixologlar yetishmasligi bugun eng ogʻriqli masalaga aylangan. Respublika miqyosidagi oʻrganishlarga koʻra, ayni vaqtda maktabda faoliyat yuritayotgan bir nafar psixolog oʻrtacha 554 nafar oʻquvchi, 43 nafar oʻqituvchi bilan ishlashiga toʻgʻri kelmoqda yoki 25 foizga yaqin maktablarda psixolog uchun xona ajratilmagan.
Shu bois, markazimizning barcha hududiy boshqarmalari qoshida maxsus oʻquv kurslari tashkil etildi. Ularda oila sohasiga daxldor mutaxassislar malakasi muntazam oshirib borilmoqda. Oʻz navbatida, bu boradagi mavjud muammoni hal etish, oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida oila instituti sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan 2017 yil dekabr oyida maktab dasturiga kiritilgan fanlarda oila saboqlariga qaratilgan mavzularning tahlili oʻtkazildi. Xususan, oila, ota-ona, mehr-oqibat, sadoqat, eʼtiqod, kabi tushunchalar hamda yoshlarni oilaga tayyorlash masalasiga bagʻishlangan mavzular holati oʻrganildi. Maʼlum boʻldiki, maktab oʻquv dasturlariga kiritilgan oila saboqlariga oid mavzular boshlangʻich sinflarda “Oʻqish” va “Odobnoma” fanlarida oilaviy qadriyatlar, odob-axloq, milliy anʼanalar ruhida tarbiyalashga qaratilgan kichik hikoyalar, sheʼrlar va ertaklar shaklida oʻrin olgan. Shuningdek, 5-9 sinflarda “Vatan tuygʻusi”, “Milliy istiqlol gʻoyasi va maʼnaviyat asoslari” va “Davlat va huquq asoslari” fanlari tarkibida jami 15 soat oila sohasiga yaqin mavzular oʻqitilishi yoʻlga qoʻyilgan. 10-11 sinflarda oʻqitiladigan “Davlat va huquq asoslari” faniga oila huquqi haqida bilimlar beruvchi mavzular kiritilgan.
Biroq maktab oʻquv dasturida oila saboqlarining barcha yoʻnalishini qamrab olgan alohida fan yoʻq. Yoshlarni oilaga tayyorlash va oilada sogʻlom muhitni yaratishda muhim hisoblangan er-xotin, qaynona-kelin, ota-ona va farzand, yaqin qarindoshlar, jinsiy tarbiya, oilani rejalashtirish, reproduktiv salomatlik, oila byudjeti hamda oilalarda saqlanib kelayotgan milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ularni asrab-avaylash kabi mavzular kiritilmagan.
Markaz tomonidan yoshlarni nikoh qurishdan avval oilaviy hayot asoslariga oʻqitish borasida rivojlangan xorij davlatlari tajribasi tahlil qilinganida, aksariyat davlatlarda bu masalaga alohida eʼtibor bilan yondashuv mavjudligi maʼlum boʻldi.
Amerika Qoʻshma Shtatlaridagi maktab va kollejlarda oilaviy hayotni oʻrgatish uchun alohida oʻquv dasturi boʻlib, ular asosan nikoh qurishga tayyorgarlik, homiladorlik masʼuliyati va jinsiy taʼlim masalalariga yoʻnaltirilgan.
Rossiya Federatsiyasida esa yoshlarni oilaga tayyorlash rasmiy va fakultativ taʼlim shaklida olib boriladi. Oilaviy hayot asoslarini oʻqitish boʻyicha “Diniy madaniyat asoslari va dunyoviy axloq” deb nomlangan oʻquv kurslari maktab oʻquvchilari oʻrtasida davlat taʼlim standartlari asosida qatʼiy yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻz navbatida, baʼzi oʻquv muassasalarida oʻquvchilarning boshqa yosh toifalarini oilaviy hayotga sifatli tayyorlashni taʼminlash uchun mualliflik dasturlaridan ham foydalaniladi. Xususan, kichik maktab yoshidagi bolalar uchun “Men nafaqat bolaman, men boʻlgʻusi oila quruvchiman”, “Mening baxtli oilam”, katta sinfdagi oʻquvchilar uchun “Boʻlgʻusi oila quruvchini tarbiyalash”, “Oilaviy hayot etikasi va estetikasi”, kollej oʻquvchilari uchun esa “Oila”, “Ulgʻayish”, “Etika va oilaviy hayot psixologiyasi”, “Bolalar uyida boʻlgʻusi oila quruvchini tarbiyalash” kabi oʻquv mashgʻulotlarini olib borish yoʻlga qoʻyilgan. Oliy oʻquv muassasalarida talabalar uchun “Oila huquqi” darslari oʻtiladi.
Belarus Respublikasida esa 10-11 sinf oʻquvchilariga “Oʻquvchilarni oilaviy hayotga tayyorlash” deb nomlangan fakultativ mashgʻulotlar oʻrgatiladi.
Mamlakatimizda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash mavzusi boʻyicha bir qator nodavlat taʼlim muassasalarida mashgʻulotlar olib borilayotgan boʻlsa-da, ularning aksariyati faqatgina qizlarga tor doiradagi roʻzgʻor koʻnikmalari, jumladan, pishiriqlar pishirish, tikish-bichish, pardoz-andoz, chaqaloqni parvarishlash, qaynona-kelin munosabatlari singari mavzular bilangina cheklanib qolmoqda. Yigitlar uchun oila sohasida nodavlat taʼlim muassasalari deyarli faoliyat yuritmaydi.
Mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalari oʻquv dasturlaridan ham oila institutiga oid umumkasbiy fanlar oʻrin olmagan. Markazimiz bu borada tegishli idoralarga oʻzining taklif va tavsiyalarini taqdim etgan.
Afsuski, bugun koʻpchilik yoshlarimiz mustaqil hayotga na iqtisodiy, na maʼnaviy, na huquqiy, na ruhiy va na diniy-maʼrifiy tomondan tayyor emas. Bu muammoni hal etish maqsadida joriy yil iyun oyida Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi FHDYO organiga nikohdan oʻtish uchun ariza bergan boʻlgʻusi kelin-kuyovlar uchun maxsus oʻquv kursi tashkil etdik. Bir oy mobaynida ularning bilim va koʻnikmasini oshirishga harakat qildik. Parkentda izchil davom ettirilayotgan bu oʻquv kursi yoshlarga maʼqul kelgani bois, ushbu tajribani butun respublikamiz boʻylab ommalashtirmoqdamiz.
Shu bilan birga, yaqinda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va Yoshlar ittifoqi hamkorligida Toshkent shahrining Shayxontohur tumani FHDYO idorasi binosida “Boʻlgʻusi kelin-kuyovlar innovatsion maktabi”ning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Prezidentimiz gʻoyasi asosida tashkil etilgan ushbu innovatsion maktabda oila qurish arafasida turgan yoshlarga oilaviy munosabatlarning huquqiy-ijtimoiy, psixologik, maʼnaviy-axloqiy asoslari, oilada erkak va ayolning vazifalari, oila iqtisodiyoti va byudjetini yuritish, reproduktiv salomatlik borasida zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida bilim va koʻnikmalar beriladi. Ular oilaviy hayotga kompleks tayyorlab boriladi.