2. Tarbiyasi qiyin va bo`sh o`zlashtiruvchi o`quvchilar bilan ishlashni tashkil etish va boshqarish qoidalari
Qoida: O`quvchilar nimani xohlashayotgani haqida o`ylang! Muayyan bir turdagi stimullarni tahlil etish uchun amerikalik professor G.Overstritning “Inson xulq-atvoriga ta’sir ko`rsatish” deb nomlangan kitobida keltirilgan fikrlarga e’tiborni qaratsak, foydadan xoli bo`lmaydi. G.Overstritning ta’kidlashicha, xulq-atvorimiz va xatti-harakatlarimiz zamirida biz uchun eng qimmatli bo`lgan orzularimiz yotadi. Kimnidir u yoki bu ko`rinishdagi xatti-harakatlarni bajarishga undashni o`z oldigan vazifa qilib qo`yganlar uchun eng yaxshi maslahat shunday: avvalo o`z suhbatdoshingizni nimanidir qattiq istashga majbur qiling. Kimki buni uddalay olsa, butun dunyoni egallaydi, agar uddalay olmasa, yakkalanib qoladi.
Istaklarga tayaning. Bolalar nimani istashadi – bu o`qituvchining olidida turgan bosh masala bo`lib hisoblanadi. Agar biz sichqonni tutmoqchi bo`lsak, qopqonga qip-qizil bo`lib pishgan gilosni qo`ymaymiz, balki pishloq bo`lagini qo`yamiz, ya’ni bunda o`z istagimiz va ta’bimizga ko`ra emas, balki kemiruvchilarning ta’bidan kelib chiqib ish yuritamiz. Shuni mudom yodda tutishimiz va anglashimiz lozimki, faqat biz nimani istashimizgina muhim emas, balki bolalar nimani istashlari ham juda muhimdir. Uni sindirishga va qayta qurishga urinmang: u o`z xohish-istaklari uchun aybdor emas. Tarbiyaning tabiatga moslanganligi g`oyasini yodda tuting. O`qituvchining vazifasi – agar pedagogik maqsadlarga mos kelmasa, intilishlarning yo`nalishini o`zgartirish.
Agar biz bolalarning chekmasligini istasagu, biroq o`quvchini chekish istagi tark etmasa, unga har qancha pand-nasihat qilsangiz ham foydasi bo`lmaydi. Bolalarni qo`rqitish uchun odatda ko`p misol qilib keltiriladigan “nikotindan o`lgan ot” sizga yordam bermaydi. Ammo siz o`quvchingizda musobaqada g`olib bo`lish, futbol jamoasiga qo`shilish yoki sinfdagi bir go`zal qizning nazariga tushish istagi borligini bilib qolsangiz, unga tushuntiringki, chekish bu borada muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga sabab bo`lishi mumkin.