4-mavzu. Shaxsning ijtimoiy borliqni bilishi. Bilish
mezonlari va uning adekvatligi. Idrok, xotira va diqqat
jarayonlarini boshqarish REJA:1. Bilish jarayonlari va professional faoliyat.
2. Bilish jarayonlari.
3. Idrok va idrok qilish qonunlari.
4. Xotira va shaxs tajribasining boyligi.
5. Bilish jarayonlarini boshqarish usullari.
Bilish jarayonlari va professional faoliyat. Professional faoliyat shaxsdan juda ko`p bilimlarni hamda malakalarni talab qiladi. Nima uchun u yoki bu kasbni tanlaganini anglab yetgan shaxs (motivlar muammosi), endi o`z faoliyati va qobiliyatlarini boshqara bilishi va o`z ustida muttasil ishlab, malakalarini ort-tirib borishi shart. Professional bilimdonlikshu nuqtai nazardan shaxs umumiy madaniyatining shunday yo`nalishiki, unga faqat kasbiga taalluqli bo`lgan bilimlardan tashqari shu bilimlarning hosil bo`lish yo`llari va malakalarning takomillashuvini ta’minlovchi psixologik jarayonlar va xolatlarni bilishni ham taqozo etadi. Bu psixologiyada bilish jarayonlari va ularning mohiyatini va kechishini bilish demakdir.
Ma’lumki, odamlar bir-birlaridan ko`p jihatlari bilan farq qiladilar. Masalan, ayrimlar ko`rgan-kechirganlarini juda yaxshi esda olib qolib, kerak vaqtda aniq esga tushira oladilar. Ba’zilar ko`zi bilan ko`rgan har qanday ob’ektni mayda detallarigacha bayon etish qobiliyatiga ega. Yana birlari eshitgan narsalari xususida aniqroq fikrlaydi, kimdir sodda, ravon tilga o`z his-kechinmalarini ayta olsa, boshqalar — har bir hikoyaga albatta, fantaziya elementlarini qo`shishga moyil bo`ladilar. Demak, odamlarning tashqi olamdan oladigan taasurotlari va ularni ongda tartiblashtirish qobiliyatlari har xil bo`larkan. Ikkinchi tomondan, shunday kasb-korlar borki, u shaxsdagi u yoki bu sifatlarning mukammalashib borishiga imkon beradi. Masalan, yirik avtomatik boshqaruv tizimlarida ishlaydigan operator o`z diqqatini har qanday mayda o`zgarishlarga ham qaratishga o`rgansa, konstruktor mavhum matematik hisob-kitoblarga usta bo`lib boradi. Iqtisodchi-moliyachi pulning har bir tiyinidan foyda olishga o`rgansa, shoir tabiatan barcha xodisa va voqealarni badiiy bo`yoqlarda, o`ziga xos idrok qilishga moyilligi oshadi. Demak, odamning tashqi olam xossa va xususiyatlarini ongida aks ettirishi uning iqtidori o`sishi va professional malakalari rivojlanganligiga bog`liq tarzda kechadi. Shuning uchun har ongning muhim aks ettirish shakllari bo`lmish bilish jarayonlari — idrok, sezgilar, xotira, diqqat, tafakkur, iroda va hissiyotlarning inson hayoti va professional o`sishidagi roliga to`xtab o`tamiz.
Bu jarayonlar insonga juda yaqin va tanish. Chunki har birimiz ongimiz borligini, atrofdagi narsalar va xodisalarning ayrim alohida hamda yaxlit xususiyatlarini bilamiz. Bu narsa va xodisalar bizda har bir alohida sharoitda o`ziga xos hissiy-kechinmalarni keltirib chiqarishini ham bilamiz. Masalan, qorningiz och qolganda, yemishga bo`lgan talabingizni haqiqatan bor yoki yo`qligini birovlardan so`ramaysiz-ku? Yoki kitob mutoala qilayotgan shaxs shu kitobni rost bilan ham o`zi o`qiyotganligini boshqalardan so`ramaydi. Bunday ishlar o`z-o`zidan tabiiy jarayonlarday kechaveradi. Faqat imtihon paytida kecha kechasi bilan mutoaala qilib, o`rganib chiqqan materialni nega hozir domla oldida eslay olmayotganligingiz sizni ko`proq qiziqtiradi va siz «Xotiram ustida ishlashim kerak» degan xulosaga kelasiz.
Darhaqiqat, bilish jarayonlari ham ma’lum ma’noda boshqariladigan jarayonlar bo`lib, agar siz o`z imkoniyatlaringizni kengaytirish yoki iqtidor darajangizni orttirmoqchi bo`lsangiz, bu jarayonlarga oid ma’lum qoidalar va xususiyatlarni bilib olishingiz kerak.
Bilish jarayonlari. Inson ongi bir qarashda yaxlit narsa, aslida u ayrim alohida jarayonlardan iborat. Shuning uchun ham atrof-muhitni, o`zimizni bilishimizga imkon beruvchi ongni o`rganish uchun uni alohida psixik jarayonlarga bo`lib o`rgana boshlaganlar. Bu jarayonlar — sezgilar, idrok, xotira, diqqat, tafakkur, nutq va boshqalardir. Bu jarayonlar shu qadar bir-birlari bilan bog`liqki, birini ikkinchisiz tasavvur qilishning o`zi qiyin. Masalan, ko`rib idrok qilib turgan narsangizni fikrlamay ko`ringchi, uning mohiyatini bilasizmi? Diqqat bilan ko`rgan yoki o`qigan tekstingizni eslab qolasiz. Yoki biror narsa to`g`risida fikrlash uchun bizga bir vaqtda ham ilgarigi idrok obrazlari, ham eslab qolish mahoratimiz, ham ichki nutqimiz, irodamiz va diqqat kerak bo`ladi. Xattoki, tasodifan qo`limizga kirib ketgan zirapchaga bergan reaksiyamiz ham emotsiyalardan tashqari, o`sha narsaning bu yerda qanday paydo bo`lganligi kabi qator tafakkur jarayonlarini keltirib chiqaradi.
Murakkab kompyuter texnikasi chiqqandan keyin odamning o`z psixik jarayonlariga qiziqishi yanada ortdi. Endi ma’lumotlarni qabul qilish (an’anaviy idrok deb ataluvchi jarayonga o`hshash), ularni qayta ishlash (tafakkurga o`xshash) va uni saqlash (xotira) haqida ko`p gapiradigan bo`lib qoldik. Lekin bu insondagi tabiiy jonli jarayonlar ahamiyati va tarbiyasi masalasini yanada yuqori ko`tardi.
Psixologiya sohasida eksperimental ishlarning muvaffiqiyatli amalga oshirilishi aslida inson psixikasi kompyuterdan ko`ra murakkabligi va odam anglagan ma’lumotlaridan ko`proq narsalarni idrok qilib, qabul qilishini isbotladi. Masalan, maxsus asboblar yordamida aslida odam ko`rmayotgan, his qilmayotgan juda kuchsiz signallar ham fiziologik reaksiyalarni keltirib chiqarayotganligi qayd etildi. Masalan, shu narsa aniqlanganki, odam kino ko`rayotganda bir sekundda 24 kadrni idrok qiladi va biror tasvir ko`z o`ngida gavdalanadi. Psixologlar shunday eksperiment qilishdi: kunlarning birida o`ziga xos tasvir namoyon etildi. 24 ta kadr o`rniga 25 kadr berib, o`sha 25-kadrda «Koka-kola iching» degan yozuv berildi. Tabiiy, oddiy idrok bu bitta kadrni ilg`amaydi. Lekin kinoteatr bufetida ushbu ichimlikni ichish kadrdan keyin 18 foizga oshgan. Demak, aslida ong bu ma’lumotni qabul qilgan, lekin real anglash, oydinlashuv ro`y bermagan ekan.
Analogik xolat xotiramizda ham tez-tez ro`y beradi. Kimnidir uchratib qolamizda, o`ylanamiz: qayerda ko`rgan ekanman? hech eslolmaysiz, lekin yuzi, ko`zi va boshqa sifatlari tanishday. Buni ham shunday izohlash lozimki, odam ko`rgan-kechirganlari aslida miyada saqlanadi, biz ong sohasiga ayrimlarinigina chiqara olamiz. Faqat, kasal bo`lib yoki biror narsadan qattiq tashvishga tushganimizda kallamizga har xil o`y-fikrlar kelaveradi. ¤shalar aslida bor narsalarning beixtiyor tiklanishi.
Ongdagi ma’lumotlarning aslida miyamizdagilardan kamligining asosiy sababi — odam har qanday ma’lumotni saralab, tanlab qabul qiladi, o`zi uchun «ahamiyatsiz» deb baholagan narsaga diqqat ham qilmaydi, esga tushirmaydi ham. U o`z ongida barcha mavjud ma’lumotni o`ziga xos tarzda qayta ishlaydi, o`zgartiradi. Shuning uchun ham har bir inson o`ziga xos va qaytarilmasdir-individualdir, deyiladi. Bilish jarayonlardagi individuallik sabablarini tushunish uchun eng muhim bilish jarayonlari bilan tanishamiz.
Idrok va idrok qilish qonunlari. Psixologlarning fikricha, inson nimaniki idrok qilsa, uni figura va fonda idrok qiladi. Figura — shunday narsaki, uni aniq anglash, ajratish, ko`rish, eshitish va tuyish mumkin. Fon esa aksincha, noaniqroq, umumiyroq narsa bo`lib, aniq ob’ektni ajratishga yordam beradi. Masalan, gavjum bozorda ketayotgan taqdirda ham o`z ismimizni birov aytib chaqirsa, darrov o`sha tarafga qaraymiz. Ism — figura bo`lsa, bozordagi shovqin-fon rolini o`ynaydi. Boshqacha qilib aytganda, biz biror narsani idrok qilayotgan paytimizda uni albatta biror fondan ajratib olamiz. Masalan, gul bozorida aynan qip-qizil atirgul sizga yoqib qolib, o`shani xarid qilasiz, qolgan gullar fonday ongingiz aktiviga o`tmaydi.
Shunday qilib, idrok — bu bilishimizning shunday shakliki, u borliqdagi ko`plab, xilma-xil predmet va xodisalar orasida bizga ayni paytda kerak bo`lgan ob’ektni xossa va xususiyatlari bilan yaxlit tarzda aks etishimizni ta’minlaydi. Ya’ni, idrokning asosida narsa va xodisaning yaxlitlashgan obrazi yotadiki, bu obraz boshqalaridan farq qiladi. Idrok o`ziga nisbatan soddaroq bo`lgan sezgi jarayonlaridan tashkil topadi. Masalan, olmaning shaklini, hidini, mazasini, rangini sezamiz, ya’ni alohida-alohida xossalar ongimizda aks etadi. Bu — sezgilarimizdir. Sezgilar yaxlit tarzda idrok jarayonini ta’minlaydi. Lekin olimlar idrokni sezgilarning oddiygina, mexanik tarz-dagi birlashuvi, degan fikrga mutloq qarshilar. Chunki idrok ongli, maqsadga qaratilgan murakkab jarayon bo`lib, unda shaxsning u yoki bu ob’ektga shaxsiy munosabati va idrokdagi faolligi aks etadi. Masalan, buning isboti uchun ko`pincha Rubin figurasi tavsiya etiladi. Unda ikkita qora profil oq fonda berilgan. Bir qarashda ayrimlar bu rasmlarga qarab, «Bu — vaza» deb atasa, boshqalar uni bir-biriga qarab turgan ikki kishi yuzining yon tomondan ko`rinishi, deb ta’riflashi mumkin. Shunisi xarakterliki, birinchi marta shu rasmni ko`rgan odam uni yaxlit idrok qilib, nima ekanligini tushunishga xarakat qiladi, lekin biror figurani ko`rgach, ma’lum vaqtgacha boshqasini ko`rmay turadi. Agar shu idrok darajasi qolsa, ya’ni yana nimanidir ko`rishni xoxlamasa, u ikkinchi figurani ko`rmasligi ham mumkin. Bu bizdagi idrok jarayonlarining faolligimizga, ob’ektga munosabatimizga bevosita bog`liqligini ko`rsatib turibdi. Ikkinchidan, idrok bizning kayfiyatimizga ham bog`liq. Tashvish bilan yo`lakchadan o`tib ketayotib, oyog`ingiz tagidagi narsa tugul, ro`paradagi odamni ham ko`rmay qolishingiz mumkin. Yoki san’at muzeyida tomosha qilib yurgan ikki kishi bir rasmda tamoman har xil narsalarni, elementlarni ko`rishi mumkin. Yaxshi kayfiyatda, yaxshi dustlar kompaniyasida iste’mol qilgan taom sizga juda mazaliday tuyuladi. Agar talaba biror fan predmetidan qarzdor bo`lib qolsa, och qoringa yegan shirin taomi ham «ta’timaydi», xatto nima yeganini ham unutib qo`yadi. Yomon kayfiyat ko`proq qora, nursiz ranglarni idrok qilishga moyil bo`lsa, yaxshi ko`tarinki kayfiyat, aksincha, hamma narsani eng yoqimli ranglarda «ko`radi». Bu yana bir bor idrokning oddiygina aks ettirish yoki bilish jarayoni emas, balki shaxsdagi faol ustanovkalarga bog`liq bo`lgan, mantiqan asoslangan ongli jarayon ekanligini isbotlaydi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, shaxs idrok qilishi jarayonlariga xos bo`lgan bir nechta qonuniyatlarni belgilaymiz:
A. Figura va fonning ilgarigi xarakatga bog`liqligi qonuni.Bu qonunning ma’nosi: odam ilgarigi tajribasida bo`lgan, bevosita to`qnash kelgan narsalarini idrok qilishga moyil bo`ladi. Agar biror predmetni u ilgari figura sifatida idrok qilgan bo`lsa, demak, keyingi safar ham uni aynan figuraday idrok qiladi, agar fon bo`lgan bo`lsa, tabiiy, fonday qabul qiladi. Bu qonunning hayotdagi o`rni chet davlatlarda borgan turistlar tajribasiga tayanib tushuntirilishi mumkin. ¤zbekistonliklar Yer kurrasining qaysi burchagida bo`lmasin, o`zbek do`ppisi yoki atlas ko`ylakni juda tez ilg`ab oladilar va suyunib ketadilar ham. Yonidagi sheriglari o`zbek bo`lsa ham, aynan do`ppili o`zbekni ko`rib, ko`zlari yashnab ketadi. Boshqa millat vakillari, masalan, nigeriyalik ham milliy ko`ylagida yurgan bo`lishi mumkin, lekin o`zbek turist uchun bu kiyim fon edi, fonligicha qoladi ham.