1-mavzu psixologiya fanining predmeti, maqsad va hozirgi kundagi dolzarb vazifalari. Reja



Yüklə 21,3 Kb.
səhifə1/3
tarix16.12.2023
ölçüsü21,3 Kb.
#182211
  1   2   3
1-mavzu Psixologiya fanining predmeti, maqsad va hozirgi kundagi dolzarb vazifalari


1-MAVZU PSIXOLOGIYA FANINING PREDMETI, MAQSAD VA HOZIRGI KUNDAGI DOLZARB VAZIFALARI .
Reja:

  1. Psixologiyaning predmeti, maqsad va vazifalari.

  2. Psixologiyaning fanlar tizimida tutgan o’rni.

  3. Psixologiyaning fanining tarmoqlari

  4. Psixologiyaning boshqa fanlar bilan aloqasi.

Psixologiya termini grek tilidan olingan bo’lib, ikki qismdan - psuhe va logosdan iborat. Psuhe qismi o’zbek tilida ruh, jon, logos qismi esa, ilm, fan, ta’limot ma’nolarini beradi. Ular biriktirilganda ruh yoki jon Haqidagi fan degan mazmunni anglatadi.


Shuni ta’kidlash lozimki, filosofiya, fiziologiya, geometriya, geografiya terminlarida bo’lganidek, psixologiya terminining ham fan sifatidagi mazmunini o’zbek tiliga to’g’ridan-to’g’ri tarjima qilib bo’lmaydi. Chunki so’zma-so’z tarjimasidan ma’lumki, psixologiya ruh yoki jon mavzuida bahs etuvchi fan emas.
Har bir shaxs o’zining kundalik faoliyatida bir qancha odamlar bilan uchrashadi, ular bilan muomalada bo’ladi. Ularning ba’zilari shaxsga yoqimli, hayajonli ta’sir o’tkazadi, ba’zilari esa, aksincha bunday xususiyatga ega bo’lmaydi. Shuning uchun xam shaxs o’zini ba’zilarga yaqin tutadi, ba’zilardan olib qochadi.
Shaxs turmushdagi voqyea-hodisalarga, turli-tuman fakt va predmetlarga ham bir xilda munosabatda bo’lavermaydi. Ularning ba’zilari shaxsni o’ylatadi, his-hayajonga soladi, uni qiziqtiradi, ba’zilariga nisbatan esa shaxs beparvo munosabatda bo’ladi.
Ba’zi ta’sirotlar shaxsga huzur-halovat bag’ishlaydi, uning ruhini tetiklashtiradi, kayfiyatini yaxshilaydi, ayrimlari esa shaxsga noxush ta’sir qiladi va unda turli-tuman ruhiy kechinmalarni vujudga keltiradi. Ayrim shaxslarning nojo’ya qiliqlari boshqalarda antipatik hislarni qo’zg’aydi, g’azabini keltiradi.
Jamiyatimiz a’zolaridagi yuksak axloqiy insoniy fazilatlar- mehnatsevarlik, insonparvarlik, baynalminalchilik, jamiyat baxt-saodati yo’lidagi halol mehnat, jamoatchilik, ijtimoiy va shaxsiy hayotda halollik, rostgo’ylik, oddiylik, kamtarlik kabi sifatlardan zavqlanamiz.
Inson o’zini o’rab olgan sosial muhitda yashaydi va harakat kiladi.U har qanday ehtiyojga muhtojdir va uni qanoatlantirishga (qondirishga) intiladi. Tevarak-atrofdagi muhitdan har xil axborotlar (informasiyalar) qabul qiladi va o’zini shunga muvofiqlantirishga harakat qiladi. Dunyodagi real obrazlarni miyasida ongli shakllantirishga kirishadi, shunga qarab o’zining shu muhitda qanday harakat qilish kerakligi to’g’risida, u yoki bu voqyeaga qanday yondashish uchun rejalar tuzadi. O’zining oldiga qo’ygan maqsadlarini o’z harakat natijalariga solishtirib ko’radi, o’z boshidan juda katta hissiy (emosional) holatni kechiradi. Hayot faoliyatidagi ba’zi kamchilik va xatoliklarni to’g’rilash yo’llarini axtaradi. Buning uchun uylaydi, fikr yuritadi, hayajonlanadi. Ba’zan o’zini tuta olmay pessimizmga berilib ketadi. Nihoyat, o’zini tutib oladi, o’z oldiga qo’ygan maqsadga erishishiga butun kuchini qaratadi.
Mana shu holatlarning hammasi kishining psixik faoliyati hisoblanadi. Ana shu psixik faoliyat qonunlarini o’rganuvchi fan psixologiya fanidir.
Psixologiya fanining o’z oldiga vazifa qilib qo’yadigan problemalari juda xilma-xil bo’lib, u eng avvalo, psixik faoliyatning asosiy qonunini belgilash, uning rivojlanish yo’llarini aniqlash, har bir psixik prosessning asosida qanday mexanizm borligi, uning o’zgarish jarayonlarini ochib berish masalalarini o’rganadi. Psixologiya psixik faoliyatning u yoki bu sharoitda qanday ro’yobga chiqqanligini o’rganish bilangina shug’ullanib qolmasdan, bu jarayonlarni qanday boshqarib borish masalalarini ham ilmiy asosda o’rganadi. Shuning uchun ham ilmiy psixologiya boshqa barcha o’rganilayotgan predmetlar orasida eng asosiy fanlardan hisoblanadiki, uning jamiyat rivojlanishi bilan ahamiyati yanada ortib va takomillashib boraveradi.
Turli mazmundagi ta’sirotlar tufayli paydo bo’ladigan hissiy holatlar psixik (ruhiy) hayotimizning turli-tuman ko’rinishlaridirki, bularning hammasini psixologiya fani, jumladan, umumiy psixologiya o’rganadi.
Tashqi muhit ta’sirotlari bilan munosabatda bo’lish tufayli odamda vujudga keladigan ruhiy (psixik) holatlarning yig’indisi p s i x i k a deb yuritiladi.
Psixika” termini yunon tilidagi psuxikos (ruhiy, jonga oid) so’zidan olingan bo’lib, yuksak darajada tashkil topgan tirik materiya - bosh miyaning obyektiv olamni sezgilar, idrok, tasavvur, xotira, hissiyot, irodaviy harakatlar kabi formalarda aks ettirish demakdir.
Respublikamizda demokratlashuv jadal sur’atlar bilan amalga oshirilmoqda. Bu jarayonning muvaffaqiyati odamlar ma’naviyatidagi tub o’zgarishlarga bog’liq. Odamlar kundalik hayotdagi ikir-chikirlarni qanchalik tez va to’g’ri idrok qilsalar, jamiyatimizning ma’naviy muhiti shuncha tez rivoj topadi va yuksaladi. Turmushning shu talabiga asoslangan holda psixologiya fanida turli tarmoqlarga bo’linish yuzaga keldi. Buning natijasida umumiy psixologiyadan dastavval bolalar psixologiyasi, medisina psixologiyasi, san’at psixologiyasi kabi sohalar ajralib chiqdi. Keyinchalik obyektiv zaruriyatga asoslangan holda bu ajralish yanada jadallashdi. Psixologiya fani oldiga hayot va turmush tomonidan yangi-yangi vazifalar qo’yila boshladi. Bu yangi vazifalar, birinchidan, respublikamizda yuzaga kelgan yangi ijtimoiy muhit, mustaqillik sharoiti tufayli bo’lsa, ikkinchidan, mamlakatimiz xalqlari ongidagi sifatiy o’zgarishlar istiqlol mafkurasi tufayli sodir bo’ldi. Bu ikki hol insoniyat tarixida yangi mazmundagi o’zaro munosabatlarni va yangicha faoliyat formalarini vujudga keltirdi.
Mustaqillik tufayli jamiyat hayotida yuz bergan o’zgarishlar natijasida psixologiya fanining yangi zamonaviy tarmoqlari yuzaga keldi. Bu yangi tarmoqlar jumlasiga boshqarish psixologiyasi, aviasiya psixologiyasi, kosmik psixologiya, fermer psixologiyasi, mulkdor psixologiyasi, tijorat psixologiyasi va h.k.lar kiradi. Shuni aytish kerakki, bu tarmoqlar orasida endigina shaklllanayotgan, bugunning dolzarb muammolarini yechishda nazariy va amaliy ahamiyati katta bo’lgan sohalar ham bor. Fermer psixologiyasi, mulkdor psixologiyasi, rahbar psixologiyasi kabilar shular jumlasidandir.
Hozirgi zamon psixologiyasining turli tarmoqlarga bo’linishi psixologiya faniga boshqa fanlarning ko’rsatayotgan faol ta’siriga ham bog’liqdir. Masalan, falsafa, iqtisod nazariyasi, fizika, matematika, biologiya, adabiyot fanlarining rivojlanishi davomida o’z mohiyati jihatidan psixologik muammolar tug’iladi. Bu muammolar shu fanlarning uslublari asosida o’rganiladi. Ayrim hollarda esa, bunday muammolarni hal etishda psixologik uslublarga murojaat qilishga to’g’ri keladi. Buning oqibatida hozirgi zamon psixologiyasida tobora yangi-yangi sohalar va yo’nalishlar yuzaga kelmoqda.
Hozirgi zamon psixologiyasida turli sohalarning yuzaga kelishi jamiyatimiz hayotida yuz berayotgan murakkab o’zgarishlar bilan bog’liq. Chunki psixologiya fanining obyekti odamdir. Odamni o’rganishning zarurligi shundaki, u jamiyat ishlab chiqarishning asosiy elementi, ijtimoiy munosabatlarning subyektidir. Odamning tashqi muhit bilan munosabatlariga bog’liq holda unda turli-tuman fazilatlar namoyon bo’ladi.
Umumiy psixologiyaning mundarijasi psixologiya faniga kirish; psixika va ongning taraqqiyoti; hozirgi zamon psixologiyasining ahvoli, tuzilishi va usullari; shaxs va faoliyat; shaxslararo munosabatlar; ruhiy holatlar; shaxsning individual xususiyatlari kabi mavzularni o’z ichiga oladi.
Ikkinchi muhim soha b o l a l a r psixologiyasidir. Bu tarmoq bolaning tug’ilishidan boshlab maktab yoshigacha bo’lgan davrda psixik jihatdan rivojlanishini o’rganadi. Bolalar psixologiyasini o’rganishning hozirgi kundagi ahamiyati juda katta. Chunki bolalar psixik taraqqiyoti o’ziga xos qonuniyatlarga asoslangandir. Shuningdek, bolalar asosan o’yin faoliyati jarayonida psixik jihatdan rivojlanadi. Shu narsa ham e’tiborga loyiqki, kichik yoshdagi bolalarning shaxsiy xususiyatlari va insoniy fazilatlari hali tarkib topmagan bo’ladi. Buning natijasida ular idrok qilayotgan narsalarning mazmunini o’zlaricha tahlil qilib, to’g’ri tushuna olmaydilar.
Umumiy psixologiyadan ajralib chiqqan yirik hajmdagi mustaqil sohalardan biri p ye d a g o g i k psixologiyadir.
Pedagogik psixologiya turli yoshdagi o’quvchilarning ta’lim va tarbiya jarayonida psixologik jihatdan taraqqiy etish qonuniyatlarini, maktab o’quv fanlarining ilmiy va tarbiyaviy samaradorligini oshirish yo’llarni, o’quvchilarning bilimlarni ongli va mustahkam o’zlashtirishining psixologik asoslarini o’rganadi. Bundan tashqari, pedagogik psixologiya o’quvchilarning psixik taraqqiyoti bilan maktab ta’limi va tarbiyasi o’rtasidagi munosabatni, ta’lim va tarbiya jarayoni mahsuldorligini oshirish usullarini asoslash yo’llarini tadqiq etish mavzusini ham o’z ichiga oladi.
Psixologiya fanlari tizimidagi muhim sohalardan biri mehnat psixologiyasidir. Hozirgi vaqtda mehnat unumdorligini oshirish va ishlab chiqarishni oqilona tashkil qilish ishlab chiqaruvchilarning psixo-fiziologik imkoniyatlarini aniq bilishni taqozo etadi. Bu talab tufayli mehnat psixologiyasi alohida tarmoq sifatida shakllanadi.
Psixologiya fanlari tizimida mehnat psixologiyasiga juda yaqin bo’lgan tarmoq i n j e n e r l i k psixologiyasidir. Injenerlik psixologiyasi ishlab chiqarish jarayonida odam va mashina o’rtasidagi munosabatlarni o’rganadi. Hozirgi zamon avtomatlashtirilgan texnika inshootlarini boshqarishda inson psixik faoliyatining yuqori imkoniyatlarini aniq bilish zarur. Bunda odamlarning sezgilari, idroki, diqqati, tafakkuri, hissiyoti, xayoli, irodasi kabi psixik sifatlarining qudrati g’oyat katta rol o’ynaydi.
Mustaqillik va jamiyatning demokratlashuvi sharoitida muhim ilmiy va amaliy ahamiyatga molik soha i j t i m o i y psixologiyadir.
Odamlar o’rtasidagi o’zaro munosabatlar, inson shaxsining tarkib topish qonuniyatlari, shaxsning psixologik tuzilishi, ijtimoiy muhit va shaxs, guruh, jamoa, jamiyatlararo munosabatlarning ko’rinishlari, guruhga xos bo’lgan ijtimoiy psixologik muammolar, ilmiy psixologiya masalalari, ommaviy aloqa, ommaviy axborot, odamning odam tomonidan idrok qilinishi odamlararo o’zaro ta’sir, bu ta’sirning manbalari, turlari, odamning o’z-o’zini anglashi, o’ziga baho berishi, jamoada normal psixologik iqlimni ta’minlash yo’llari, rahbar psixologiyasi, rahbar shaxsining namunaviy mohiyati va olomon psixologiyasi kabi psixologik hollar bugungi ijtimoiy psixologiyaning dolzarb muammolaridir.
Hozirgi kunda muhim amaliy ahamiyatga molik soha tibbiy psixologiyadir. Bu tarmoq hakimlik faoliyatining psixologik asoslarini, xulq-atvorini hamda bemor va hakim o’rtasidagi muloqotlar mazmunini o’rganadi. Endilikda tibbiyot psixologiyasining psixik hodisalar bilan miyadagi fiziologik tuzilmalar o’rtasidagi munosabatlarni o’rganuvchi neyropsixologiya, odam psixik faoliyatiga ta’sir qiluvchi dorivor moddalarni o’rganuvchi psixoformakologiya, bemorni davolash uchun unga psixik jihatdan ta’sir qiluvchi vositalarni va ulardan foydalanish yo’llarni o’rganuvchi psixoterapiya, bemorga so’z orqali ta’sir etuvchi logoterapiya, odamning ruhiy sog’lomligini ta’minlash tadbirlari tizimini ishlab chiqaruvchi psixoprofilaktika va psixogigiyena kabi ichki sohalari ham bor.
Huquq tizimini amalga oshirish bilan bog’liq bo’lgan psixologik muammolarni o’rganuvchi soha h u q u q psixologiyasidir. Huquq psixologiyasi ham o’z navbatida bir qancha qismlardan iborat; jinoyatni ochish jarayonida qatnashuvchi shaxslarning xulq-atvorida sodir bo’luvchi psixologik holatlarni(guvoh psixologiyasi, ayblanuvchi psixologiyasi, so’roq jarayoni psixologiyasi) o’rganuvchi sud psixologiyasi, jinoyatchi shaxsining tarkib topishi, jinoyatchining xulq-atvori, jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning oldini olish yo’llarni o’rganuvchi k r i m i n a l psixologiya axloq tuzatish, qamalganlar psixologik holatlari bilan shug’ullanuvchi a x l o q tuzatish mehnati psixologiyasi kabilar shular jumlasidandir.
Jangovar harakatlar sharoitida odamning murakkab kechinmalarini, xulq-atvorini, zobitlar va ularga itoat qiluvchilar o’rtasidagi o’zaro munosabatlarning psixologik asoslarini, jangchilarning harbiy texnikani boshqarishdagi malaka va ko’nikmalarini hamda harbiy ta’lim va tarbiyaning samarali usullaridan unumli foydalanish yo’llarini harbiy psixologiya o’rganadi.

Yüklə 21,3 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin