1-mavzu: Psixologiya haqida tushuncha. Reja



Yüklə 450,02 Kb.
səhifə14/67
tarix15.11.2022
ölçüsü450,02 Kb.
#69164
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   67
1-mavzu Psixologiya haqida tushuncha. Reja

Ilk yoshdagi bolalarda nerv sistemasining rivojlanishi
Bolaning ilk yoshdagi davrida ham nerv sistemasi tez rivoj- lanishda davom etadi. Bu davrda bosh miyaning hajmi va vazni anchagina ortadi. Masalan, bola bir yoshdan ikki yoshga kirguncha bosh miyasining vazni 940 g dan 1025 g ga ortadi. Ikki yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan davrda esa bola miyasi­ning vazni 1025 g dan 1112 g ga ortadi. Bu davrda bola mi- yasi vaznining ortishi bilan birga miyaning ichki qismlarida ham jiddiy o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Miya po‘stidagi nerv hu- jayralarining (neyronlarning) tuzilishi murakkablashadi, ya’ni neyronlarning shoxsimon o‘simtalari tobora orta boradi. Bosh miya po‘stidagi nerv hujayralarining takomillashuvi turli assotsiatsiyalarning (muvaqqat aloqalarning, shartli reflekslarning) yuzaga kelishini osonlashtiradi va tezlashtiradi.
Ilk yoshdagi bolalarda shartli reflekslar tez va osonlik bilan yuzaga keladi, xili orta boradi. Bog‘chagacha tarbiya yoshidagi bolalar nerv sistemasining rivojlanishidagi eng xarakterli tomonlardan biri shundan iboratki, bu davrda shar­tli tormozlanishning oddiy turlari yuzaga kela boshlaydi. Shartl i tormozlanishning ishlay boshlashi tufayli bu yoshdagi bolalar ayrim harakatlardan o‘zlarini darhol to‘xtata ola­digan bo‘ladilar. Masalan, ikki yoshli bolaga «tegma», «jim bo‘l», «to‘xta», «yo‘q» kabi so‘zlarni tegishli qo‘l yoki boshqa ishoralar bilan aytilsa, u o‘zini ba’zi harakatlardan tiya oladi. Shartli tormozlar ko‘paya borgan sari ularning hosil bo‘lishi ham yengillasha boraveradi va bola o‘z xatti-harakatlarini ifo- da qila olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Oliy nerv faoliyatining ishida signallar sistemasining nisbati o‘zgaradi. Agar bir yosh-gacha bo‘lgan bola asosan birinchi signallar sistemasi orqa­li tashqi muhitni aks ettirsa, ikki yoshga to‘lgandan so‘ng ik­kinchi signallar sistemasi ham ishga tusha boshlaydi. Lekin ilk tarbiya yoshidagi davrda birinchi signallar sistemasining faoli-yati ustun bo‘ladi. Bu davrda ikkinchi signallar sistemasi doirasida, ya’ni nutq materiallari, so‘zlar, gaplarga nisbatan shartli reflekslar yuzaga kela boshlaydi. Bu yoshdagi bolalar anchagina so‘zlarning ma’nosini to‘gri tushuna oladigan bo‘ladilar.
Ilk yosh davridagi bolalar analizatorlari ham tobora takomillashib boradi. Ularning ko‘rish, eshitish, ta’m va hid bilish, teri hamda harakat sezgilarining sezgirligi ancha o‘tkirlashadi. Ana shularning hammasi ilk yosh davridagi bolalar psixikasi- ning yanada rivojlanishi uchun qulay sharoit tug‘diradi.
Ma’lumki, bolaning ilk tarbiya yoshidagi davri butun sez­gi a’zolarining jadal taraqqiy etish davri, ya’ni senzitiv davr hisoblanadi. Aslini olganda bolaning uch yoshgacha bolgan davri senzitiv taraqqiyotining boshlanish davridir. Bu davrdan boshlab bolaning turmush tajribasi orta boradi. Bolalarning tashgi olamni bilishdagi aktivliklari ortgan sari ular bir-birlaridan individual jihatdan farq qila boshlaydilar. Buning sababi shundaki, har bir bola maxsus sharoitda oziga xos ravish- da aktivlik ko‘rsatadi va tevarak-atrofidagi turli-tuman narsa va hodisalarni bilishga harakat qiladi. Bu esa ularda har sohaga doir o‘nlab savollarning paydo bo‘lishiga olib keladi. Mana shularning barchasi bolaning ilk yosh davrila boshlanadigan haqiqiy senzitiv davr uchun asos yaratadi. Bog‘chagacha tarbiya yoshidagi bolalarning analizatorlari yaxshi takomillashgani va ular erkin harakat qila olish imkoni- yatiga ega bo‘lganliklari tufayli bu davrda psixik jihatdan tez rivojlanadilar. Ma’lumki, ilk yosh davridagi bolalar faqat yurib va emaklabgina qolmay, yugurish, sakrash hamda baland va past to‘siqlardan oshib o‘tish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar. Ilk yosh davridagi bolalarning ertadan kechgacha turli harakatlar qila olish imkoniyatlari tevarak-atrofdagi muhitni bilish ehtiyojini qondirishda juda katta sharoit yaratib beradi.
Ilk yosh davridagi bolaning turmush tajribasi deyarli yo‘q bo‘lganligi uchun uni hamma narsa qiziqtiradi. U o‘zining kundalik tinimsiz harakatlari davomida kattalarga taqlid qilib, mustaqil ravishda kiyinish, yechinish, ovqat yeyish, yuvinish kabi harakatlarni o‘zlashtira boshlaydi. Ilk yosh davridagi bola o‘zining kundalik harakatlari davomida hech bir erinmay, ko‘z o‘ngidagi hamma narsalarni tekshirib ko‘radi. Natijada juda ko‘p yangiliklarni bilib oladi, o‘zining sezgi va idrokini, tasavvur va xotirasini, tafakkur va nutqini, hissiyot va xayolini — umuman hamma psixik jarayonlarini rivojlantiradi.
Ilk yosh davridagi bolalarda nutq juda tez rivojlana bosh­laydi. Ikki yoshga to‘lgan bola bir necha so‘zlarni aniq talaffuz qila oladi va atrofdagi kattalarning gapiga tushuna boshlaydi. Nutqning o‘sishi, ya’ni so‘zlay bilish qobiliyati bolaning bu- tun psixik taraqqiyotiga, undagi barcha psixik jarayonorlarning va psixik xususiyatlarning o‘sishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Ilk yosh davridagi bolaning psixik taraqqiyotida asosan ikkita omil

  • erkin harakatlar va nutq katta ahamiyat kasb etadi.

Bu yoshdagi davrda sezgilarning rivojlanishi analizatorning tobora takomillashuvi bilan bog‘liqdir. Ikki yoshdan oshgan bolaning sezgilari (ko‘rish, eshitish, hid va ta’m bilish, teri va harakat kabi) uning har kungi xilma-xil harakatlari davomida turli narsalarga bevosita to‘qnash kelishi natijasida rivojlanadi. Bola yoshiga to‘lib yura boshlagach, harakat sezgilarining rivojlanishi uchun juda keng imkoniyatlar maydonga keladi. Bu yoshda bola ko‘p narsalarni o‘zi mustaqil ravishda qo‘liga olib ushlab, timirskilab ko‘radi, stulga chiqib tushadi, karavot tagiga kiradi, quti va eshiklarni tartib bilan ochib yopadi. Ana shuning uchun bola yurgandan so‘ng uning predmetlarni bi­lish doirasi juda kengayib, har kungi tinimsiz harakatlarida ju­da ko‘p narsalarni bilib oladi va uning harakat sezgilari ham takomillashadi hamda fazoni va fazoviy munosabatlarni (baland, past kabi) anglay boshlaydi.
Ilk yoshiga kelib bolaning barcha sezgi a’zolari tuzilishi jihatidan deyarli to‘la takomillashgan bo‘ladi. Ilk yoshda ko‘proq sezgi a’zolarining markaziy qismlari takomillashadi. Ilk yoshdagi bolalarga xos bo‘lgan miya po‘stida har qanday qo‘zg‘alishning keng irradiatsiyalanish (yoyilish) xususiyati qisman bog‘cha yoshidagi davrda ham saqlanib qolgan bo‘ladi. Bu esa bolalar- da farq ajratish sezgilarining takomillashuviga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun, 2—3 yoshli bolalar narsalarning farqini tez ajrata olmasliklari tufayli har bir narsani bevosita ushlab, timirskilab ko‘rishga bo‘lgan intilishlari bog‘cha yoshidagi davrda ham qisman saqlanib qoladi. Keyinchalik turmush tajribasining bir- muncha ortishi bilan ko‘rish va eshitish sezgilari teri, muskul va harakat sezgilaridan (ya’ni narsalarni hamisha bevosita timirskilab ko‘rishdan) ustunlik darajasiga ko‘tariladi.
Bu yoshdagi bolalar idrokining yana farqlanadigan tomoni shundaki, ular idrok qilayotgan narsalarni umumlashtira olmaydilar. Atrof-muhitdagi narsalarni qanday bo‘lsa shundayligicha idrok qiladilar. Bu xususiyat ularning rasmlarni idrok qilishlarida yaqqol ko‘rinadi. Masalan, bir yarim, ikki yoshli bolaga otning kallasi solingan surat ko‘rsatilsa, u «Otning o‘zi qani?» deb so‘raydi.
Ikki yoshga yaqinlashib qolgan bolaning idrokida narsalarni bir-biridan farqlash juda yaqqol ko‘rinadi. Masalan, bola suratda tasvirlangan it, ayiq, qarg‘a, koptok, mashina va hokazolar-ni bemalol tanib, ajrata oladi.
2—3 yoshli bolalarning idroklarida ayrim fazoviy elementlar ham ko‘rina boshlaydi. Masalan, ular narsalarning katta- kichikligini farqlay boshlaydilar. Bu yoshdagi bolalar «katta», «kichik» so‘zlarini hali ayta olmasalar ham bunday tushunchani imo-ishora va allaqanday ovoz chiqarish bilan ifodalashga in- tiladilar. Katta narsalar haqida qo‘llarini baland ko‘tarib «u-u- u» deyishlari kichkina narsalarni ifodalamoqchi bo‘lganlarida esa «burunlarini bujmaytirib, ko‘zlarini yarim yumib, ingichka ovoz chiqarib «i-i-i» deyishlari mumkin.
Ilk yoshidagi bolalarning nutqni egallashlari idrokning yana ham rivojlanishi uchun juda katta imkoniyat tug‘diradi. Nutqni egallagan bola idrok qilayotgan narsalarning nomini ataydigan bo‘ladi. Bu idrokning onglilik darajasini yanada o‘stiradi. Ana shu davrdan boshlab bola endi nutq orqali ham (ya’ni narsalar- ning nomini eshitish orqali) idrok qila oladigan bo‘ladi. Bola nomini bila olmagan narsalari haqida «Bu nima?», «Buning oti nima?» deb savol bera boshlaydi.
Ilk yosh davridagi bolaning yoshi ulg‘ayib, atrof-muhit- dagi turli-tuman narsalar haqida tasavvurlari ko‘paygan sari uning xotirasi ham tez rivojlana boshlaydi. Bu yoshdagi bola­ning xotirasi asosan ixtiyorsiz xotiradir. Har kimning o‘z taj- ribasidan ma’lumki, ikki-uch yoshlik davridagi ko‘rgan-bilgan narsalari esida yaxshi saqlanib qolmaydi, chunki bu yoshda turmush tajlibasi hali juda oz bo‘ladi hamda esda olib qo- lishda hech qanday sistema bo‘lmaydi. Shu sababli esda olib qolish tufayli yuzaga kelgan assotsiatsiyalar muvaqqat aloqalar lokal xarakterga ega bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, bu yoshda esda olib qolingan narsalar uzun-yuluq, ya’ni bir-biri bilan bog‘lanmagan bo‘ladi. Shu sababli bir-biri bilan bog‘liq bo‘lmagan, yakka-yakka holda yuzaga kelgan muvaqqat alo- qalarni tiklab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham odatda «men es- es bilaman» yoki «sal-pal esimda qolgan» deb gapiriladi.
Ilk yoshdagi bolalarda xotiraning barcha jarayonlari ko‘rina boshlaydi. Masalan, kichik yoshdagi bolalar dastlab mexanik ravishda, ya’ni ma’nosiga tushunmasdan esda olib qolaveradi- lar. Buning o‘z sabablari bor, albatta. Birinchidan, yuqorida aytib o‘tganimiz kabi bolalarda turmush tajribasi juda oz bo‘ladi va ular ko‘p narsalarni hali mutlaqo bilmaydilar, lekin hayotda to‘qnash kelganlari sababli eslarida olib qoladilar. Ikkinchidan, bolalar nerv sistemasining plastikligi, ya’ni juda egiluvchanligi kattalarnikidan ustunroq bo‘ladi. Ana shu sababli bolalar ko‘pincha mexanik esda olib qoladilar. Buni bolalarning juda ko‘p so‘zlarni tezda eslab qola olishida ko‘rish mumkin, lekin ular hamma so‘zlarning ham ma’nosiga tushunavermaydi.
Ilk yosh davridagi bolalar tafakkurining o‘sishiga nutq ju­da katta ta’sir ko‘rsatadi. Chunki, til bilan tafakkur o‘zaro uz­viy bog‘liq jarayonlardir. Lekin bog‘chagacha tarbiya yoshidagi bolalarda hali tom ma’nodagi tafakkur bo‘lmaydi. Bu yosh­dagi bolalarning tafakkurlari o‘ziga xos xususiyatlarga hamda konkret xarakterga egadir. Ular ayni chog‘da idrok qilib turgan narsalari haqidagina juda sodda tafakkur qila oladilar. Bundan tashqari, bu yoshdagi bolalarning tafakkur jarayonlarda harakat elementlari ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun ham ularning tafak- kurini ba’zan harakatli tafakkur deb ham yuritiladi. Bunda kat- talar harakatning mohiyatini tushuntiradilar va harakatni qan- day bajarishni o‘rgatadilar, bolani «olib kel», «joyiga qo‘y», «rasm chiz», «ushlab tur» kabi so‘z birikmalaridan iborat topshiriqning mohiyati bilan tanishtirib, keyin unga harakatni bajarish yo‘llari («Qalamni mana bunday ushla», «Avval qo‘lingga ol», «Ol­din o‘ng qo‘ling bilan tut», «Qoshiqni bunday ushlab og‘zingga olib bor» deb) ko‘rsatiladi va asta-sekin bola bu harakatlarni o‘zlashtirib, bajarishga harakat qiladi. Shuning uchun ham bola- da predmetli harakatni o‘stirish murakkab jarayondir.
Ko‘rsatmali-harakat tafakkuri kichik yoshdagi bolalarga, ya’ni ko‘proq endi tili chiqqan 2—3yoshli bolalarga xosdir. Bu yoshdagi bolalar konkret narsalarni harakatlantirish, har tomonla- ma timirskilab, sinchiklab ko‘rish orqali tafakkur qiladilar. Ularning tafakkurlarida albatta so‘zlar ishtirok qiladi. Lekin konkret ko‘rgazmali harakatlar so‘zlardan ustunlik qiladi. Agar bolalarning oldidan harakatlantirib o‘ynayotgan narsalari olib qo‘yilsa, ular faqat so‘zlar orqali (ya’ni konkret narsalarsiz) tafakkur qilmay qo‘yadilar. 2—3 yoshli bolalar turli narsalar bilan o‘ynar ekanlar, ular bu narsalarni oldindan o‘ylay olmaydilar, o‘z xatti-harakatlarini hali oldindan rejalashtira olmaydilar. Kichik yoshdagi bolalar konkret, ya’ni ko‘z o‘ngidagi narsalarning harakatiga qarab fikr yuritadilar. Ana shuning uchun ularning tafakkurlari ko‘rgazmali harakat tafakkuri deb yuritiladi. Kichik bolalarga xos bo‘lgan ko‘rsatmali harakat tafakkurini nutq orqali, tushunchalar orqali amalga oshiriladigan tafakkurga tayyorgarlik davri desak bo‘ladi.
Ilk yoshdagi bolalarda tafakkurning fikriy operatsiyalarini, ya’ni analiz, sintez, umumiylashtirish kabilarni ko‘rmaymiz. Ular qo‘llaridagi o‘yinchoqlarini yoki qo‘llariga tushib qolgan narsalarni amaliy (aylantirib, paypaslab, buzib) analiz qiladilar. Lekin sintez qilishga hali qurbilari yetmaydi. Ilk yosh davrining oxiriga kelib tafakkurning o‘sishida nutqning roli juda oshadi. Bola yangi so‘zlarni mumkin qadar ko‘proq bilib olib, ulardan o‘z tafakkurida keng foydalana boshlaydi. Bu esa fikr­lash operatsiyalarining o‘sishiga yordam beradi. Bolada so‘zlar vositasi bilan analiz va sintez qilish, abstraksiyalash hamda umumlashtirishning dastlabki alomatlari ko‘rina boshlaydi.
Ilk yosh davrining oxiriga kelib bola ayrim tushunchalar- ni bilib olishga va bu tushunchalarning eng muhim belgilarini o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘ladi. Masalan, bola ko‘pincha kat­ta kishilar bilan bolalar o‘rtasidagi farqni bilishga qiziqadi. U bu farqni kuzatib, taqqoslab, ko‘pgina savollarga javob topadi.
Natijada bola tegishli tushunchalarning ayrim belgilarini bilib oladi. Uch yoshga to‘lay deb qolgan bola katta yoshdagi hamma odamning ishga barvaqt ketishini juda yaxshi biladi. Agar bu yoshdagi bolaga «Adang endi barvaqt ishga ketmaydi» deyilsa, u hayron bo‘lib qoladi. Chunki katta odam bo‘lgan adasining ishga bormasligi uning tushunchasiga to‘g‘ri kelmaydi. Uning tushunchasida hamma katta odamlar barvaqt ishga ketishi ke­rak. Shuning uchun u hech bir o‘ylab o‘tirmay, «Adam kattalar-ku!» deb javob beradi. Bog‘chagacha tarbiya yoshidagi bola­lar o‘z tushunchalaridan foydalanib katta, kichik, baland, past, ko‘p, oz kabi sodda xulosalar chiqara oladilar, bu esa bola tafakkurining yanada rivojlanishi uchun zamin yaratadi Ilk yosh davrining oxiriga kelib, ya’ni bolaning uch yoshga to‘- lish oldida bola nutqdan aloqa vositasi sifatida bemalol foydalana oladigan bo‘ladi. Bolaning bunday xususiyatlarga ega bo‘lib borishi uning psixik taraqqiyotiga va, ayniqsa, tafakkurining rivojlanishiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bolalar tili chiqa boshlagach dastavval o‘ziga eng yaqin bo‘lgan kishilar va eng ko‘p ko‘radigan narsalarning nomini, masalan «oyi», «opa», «dada», «ada», «ma», «ol», «ber» kabi so‘zlarni aytadilar. Ikki yoshga to‘lgan bola ko‘rgan narsalarini so‘z bilan ifodalab, idrok qilayotgan narsalar- ning ma’nosini yaxshiroq tushunadigan bo‘ladi. Bola endi ayrim uzuq-yuluq so‘zlardangina emas, balki sodda gaplardan foydalana boshlaydi. Biroq, bu yoshdagi bolaning tovush chiqarish apparati hali yetarlicha takomillashmagani sababli uning talaffuzida an­cha kamchiliklar uchraydi. U ayrim so‘zlarni katta odamlardek aniq va to‘g‘ri talaffuz eta olmaydi. Bundan tashqari so‘z zaxirasi yetishmasligi tufayli imo-ishoralardan foydalanadilar. Shuning uchun ayrim hollarda endi gapira boshlagan bolaning tiliga tushunish qiyin bo‘ladi. Buni vaziyatli (situativ), ya’ni ayni shu sharoit bilan bog‘liq bo‘lgan nutq deb yuritiladi Bolaning bunday o‘ziga xos tilini uning eng yaqin odami bo‘lmish onasi va otasigina tushunadi. So‘z boyligi orta borgach, bolaning o‘ziga xos bo‘lgan situativ tili haqiqiy, ya’ni hamma uchun tushunarli tilga aylanadi.
Bola 2 yoshga to‘lganda nutqning rivojida yangi davr boshlanadi. U ona tilining grammatik qoidalariga muvofiq gap tuzishga harakat qiladi. Uning nutqida deyarli barcha so‘z turkumlari, murakkab bog‘lovchisiz gaplar uchray boshlaydi.
Bola uch yoshga qadam qo‘yganda, unda nutqni tu­shunishning ko‘lami kengayadi, sifati esa yuqori darajaga ko‘tariladi. 2-3 yoshli bola kattalarning amaliy faoliyatni bajarishga doir nutqini tushunishdan tashqari ertak, hikoya, she’r kabilarni tinglashni ham yoqtirishi sababli ularda bayon qilingan fikrlarni ham tushunishga intiladi. 3 yoshli bola faqat ya-qin kishilari bilan emas, balki begonalar, tengqurlari bilan ham muloqot ko‘lami kengayishi natijasida unda tom ma’nodagi nutq faoliyati vujudga keladi. Bolada kattalarning nutqiga, xatti-harakatiga qiziqish kuchayadi, o‘ziga daxlsiz fikr va mulohazalarni tinglash mayli paydo bo‘ladi, shuningdek, uning o‘zi atrof-muhitda, kattalar davrasida olgan ma’lumotlar va axborotlar bo‘yicha boshqalar bilan muloqotga kirishish istagi tug‘iladi. Uch yoshli bolaning nutqi muloqot quroli vazifasini bajarib, amaliy faoliyat bilan uzviy bog‘liq holda ro‘yobga chiqadi. Un­da dialogik nutq paydo bo‘ladi, chunki uning o‘ziga yoqadigan narsalar haqida savollar berishi yoki kattalarning savoliga javob qaytarishi dialogik nutqni taqozo etadi. Dialogik nutq zamirida ona tilining grammatik tuzilishini faol egallash uchun keng imkoniyatlar yotadi, dialogik nutq bolaning kattalar bilan hamkorlikdagi faoliyatining ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.
Xayol jarayonining dastlabki ko‘rinishlari bolada ikki yosh­ga to‘lib, uch yoshga qadam qo‘yganida ko‘rina boshlaydi. Ikki yoshli bolalarda ko‘rinadigan dastlabki xayol ma’lum bir maqsadni ko‘zlamaydigan ixtiyorsiz xayoldir.
Til chiqishi bolalarda xayol jarayonining o‘sishiga ta’sir ko‘rsatadi. Ana shu davrdan boshlab bola tevarak-atrofdagi kishilarning so‘zini yaxshi tushunadigan bo‘lib o‘zidagi tasavvur­lar zaxirasini bevosita idrok qilingan narsalar orqaligina emas, balki katta yoshli odamlar nutqi bilan ham to‘ldirib boradi. Bola o‘ziga tushunarli mavzulardagi hikoya va ertaklarni qiziqib tinglaydi. O‘zi asosiy qahramon bo‘lib qatnashadigan hikoyalar­ni jon-u dili bilan eshitadigan bo‘ladi. Bunday hikoya bolaga ju­da tushunarli bo‘ladi, chunki bola hikoyani eshitib turib, bevosi- ta, o‘zining idrokiga tayanadi. Bu yerda o‘ylab chiqarilgan voqea bolaning o‘zi haqiqatdan ishtirok qilgan voqealarga ulanib ketadi. Bolaning hikoya va ertaklarni eshitishga juda ham qiziqishi, hikoya va ertaklarni tinglayotganida bolalarning tajribasini orttiradigan va xayolini o‘stirishga yordam beradigan xilma-xil va aniq tasavvurlar hosil bo‘lishini ko‘rsatadi.
Nutqning o‘sishi bolaning yangi taassurotlar hosil qilishi va uni boyitishi bilangina cheklanib qolmay, balki u miyada hosil bo‘lgan yangi-yangi obrazlarni so‘zlar bilan ifodalashga yordam beradi. Masalan, ikki yarim yoshlardagi qizcha derazalardagi pardalar hilpirab va quyosh nurlarining shu’lalaridan tovlanib turganini ko‘rib, o‘zini polga tashlaydi va, «... qarang, oyi, go‘yo dengizga o‘xshaydi. Men cho‘milayapman...», - deydi. Bola nut- qida shu go‘yo so‘zining paydo bo‘lishi juda ham xarakterlidir. Bola xayolidagi vaziyatni shu so‘z bilan ifodalaydi, real narsalar bilan xayolidagi narsalarni bir-biridan ajratadigan bo‘ladi.
Bola kattalarning gaplariga tushunadigan bo‘lgach, turli ertak va hikoyalarni qiziqib tinglaydigan bo‘ladi. Bolalar o‘zlari biladigan, o‘zlariga yaxshi tanish bo‘lgan narsalar (hayvonlar, bolalar kabi) haqidagi hikoyalarni jon-u dili bilan eshitadilar. Bola bunday hikoyalarni eshitishda bevosita o‘zining idrokiga, tasavvurlariga tayanadi. Bunday hikoyalarda («Uch ayiq», «Qizil shapka- cha») o‘ylab chiqarilgan voqea bolaning o‘zi haqiqatda ishtirok qilgan, idrok qilgan voqealarga ulanib ketadi. Natijada bolaning tajribasi ortadi va mustah kamlanadi. Bu esa o‘z navbatida bola xayolining o‘sishiga yordam beradi. Har bir hikoyani eshitganda bolada xilma-xil tasavvurlar yuzaga keladi. Bola bu tasavvurlari yordamida xayol qilish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Bola hikoya eshitish orqali olgan tasavvurlarini so‘zlar bilan ifodalaydi, taj­ribasi oshib boradi. 3 yoshda bolaning xayol obrazlari tevarak- atrofdagi predmetlarning ta’sirida tug‘iladi va ma’lum maqsadga bo‘ysunadi. Bola qo‘g‘irchoqni ko‘rib bo‘lgandan keyin, uni ki- yintiradi va «uxlashga» yotqizadi. Bordi-yu shu on «ayiqcha»ni ko‘rib qolsa diqqatini qo‘g‘irchog‘dan olib, ana shu «ayiqcha»ga qaratadi va u bilan «o‘rmonga sayr qilishga» ketadi. Bolada tajriba ortib, o‘yin faoliyati murakkablashib borishi bilan xayol ham boyib boradi.
Bolalar xayolining dastlabki rivojlanishida ular o‘yinining roli juda kattadir. Ularning yoshi ulg‘aygan sari ular o‘yinining mazmuni ham o‘zgarib boradi. Ikki yoshga to‘lish oldidan bolalar o‘yinida muhim o‘zgarishlar ro‘y beradi. Manipulat- siya o‘yinlari bilan bir qatorda tasviriy o‘yin elementlari ham paydo bo‘ladi. Bola turmushda ko‘rgan ish harakatlarini o‘z o‘yinida aks ettiradi. Masalan bola qo‘g‘irchog‘ini «ovqatlanti- radi», yotqizib «uxlatadi», uni «erkalaydi», «arg‘imchoqda uchi- radi». Bola katta bo‘lgani sayin o‘yinda katta yoshli kishilarning harakatlariga taqlid qil ish tobora ko‘p o‘rin egallay boshlaydi. Ayni vaqtda o‘yinlar murakkablashib, mazmuni ham turli-tu- man bo‘la boradi. Masalan, bola o‘ziga g‘amxo‘rlik qilayotgan onasining harakatlariga, duradgor, haydovchi, sartaroshning harakatlariga taqlid qila boshlaydi. Bolaning bunday o‘yinlarida esa endi tiklovchi xayolning yuzaga kela boshlaganini ko‘ramiz.

Yüklə 450,02 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   10   11   12   13   14   15   16   17   ...   67




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin