1-mavzu “Soliq nazariyasi” fanining predmeti, mazmuni va
5. Soliqlarning tamoyillari.
Soliqlarning funktsiyasini o‘rganish ularning iqtisodiyotdagi rolini ko‘rsatib bersa, soliqqa tortish tamoyillari soliq munosabatlarini amaliyotda tashkil etish, soliqqa tortish, uni undirish amaliyotining mazmunini ochib beradi. Ko‘plab iqtisodchilar soliqqa tortish iqtisodiyotning ravnaqiga olib kelishi mumkin bo‘lgan tamoyillarni qayd etishgan.
Soliqqa tortish tamoyillarini A.Smit o‘zining «Xalqlar boyligining sabablari va tabiatlari» nomli kitobida (1776) ilk bor soliq tamoyillarini asoslab bergan:
1. Davlat fuqarolari davlat xarajatlarini qoplashda o‘zlari hukumat muhofazasida foydalanayotgan daromadlariga muvofiq tarzda qatnashishlari lozim.
2. Har bir odam to‘laydigan soliq aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak, bunda o‘zboshimchalik ketmaydi. Soliq miqdori, to‘lanadigan vaqti va tartibi uni to‘lovchiga ham, boshqa har qanday odamga ham birday aniq va ma’lum bo‘lishi zarur.
3. Har bir soliq to‘lovchiga har jihatdan qulay bo‘lgan vaqtda va tartibda undirilishi kerak.
4. Har bir soliq shunday tarzda tuzilishi kerakki, bunda soliq to‘lovchining hamyonidan ketadigan pul davlat byudjetiga kelib tushadigan mablag‘ga nisbatan ortiq bo‘lishiga mumkin qadar yo‘l qo‘yilmasin.
Hozirgi sharoitga tatbiqan olganda, soliqqa tortish samarali tizimining quyidagi tamoyillarini ta’riflab o‘tish mumkin:
1. Etarlilik tamoyili. Mazkur tamoyilga muvofiq soliqqa tortish darajasi shunday bo‘lishi lozimki, u davlat intilayotgan xalq xo‘jaligi samaradorligiga erishishni kafolatlay olsin. Soliqqa tortish tizimi iqtisodiyot, ijtimoiy himoya, mudofaa qobiliyati va boshqa sohalardagi davlat siyosatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan moliya resurslari to‘planishini ta’minlasin. Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, soliq stavkalari o‘zicha olganda soliq yuki ko‘rsatkichi hisoblanmaydi, chunki soliq to‘lovchi soliq to‘lar ekan, davlat tomonidan bepul xizmatlardan bahramand bo‘lgani holda, ayni choqda o‘zining ba’zi xarajatlarini qisqartiradi. Masalan, davlat umumiy foydalanish yo‘llarining holati yaxshi saqlanishini ta’minlash bilan soliq to‘lovchining transport xarajatlarini kamaytiradi, bepul maorif, sog‘liqni saqlashni ta’minlash bilan yollanma xodimlarning xarajatlarini qisqartiradi, demak, ish haqi xarajatlarini ham kamaytirgan bo‘ladi. Shunday qilib, to‘langan soliqlarning faqat xizmatlar ko‘rinishidagi talab etilmagan bir qismigina soliq yuki ko‘rsatkichi hisoblanadi. Xulosa qilib aytish mumkinki, etarlilik tamoyili soliq siyosatini belgilayotganda uni davlatning qabul qilingan ijtimoiy-iqtisodiy siyosati bilan qat’iy ravishda uyg‘unlashtirishni taqozo etadi.
2. Tadbirkorlik va investitsiyalarni rag‘batlantirish. Soliq tizimi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni, jumladan, chet el sub’ektlarini, ishlab chiqarishni rivojlantirish, uskunalar va zamonaviy texnologiyalar sotib olish uchun mablag‘ yo‘naltirishni, ya’ni kapital jamg‘arish va shu yo‘l bilan texnologiyalarni takomillashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi lozim.
Soliq tizimi resurslarning samarali taqsimlanishiga to‘sqinlik qilmasligi hamda xo‘jalikni mustaqil yuritish omillarini cheklab qo‘ymasligi lozim. Agar soliqlar katta bo‘lgani uchun tadbirkorlarning ishlab chiqarishni kengaytirishdan, boshqa turdagi iqtisodiy faoliyat ko‘rsatishdan manfaatdorligiga putur etkazsa, mamlakat iqtisodiyoti pastga qarab ketishi xavfi tug‘iladi. Soliqlar miqdori haddan tashqari katta qilib belgilansa, ishlab chiqarish hajmlari kamayib ketadi, bu jarayon zahiralar, banklardagi pul mablag‘larining barakasi uchishiga, ilgari to‘plangan mablag‘larning eyilib ketishiga olib keladi.
Soliqqa tortish, agar u, birinchidan, ishchi kuchini ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan darajada saqlab turishga zarur bo‘lgan iste’molning minimal hajmlariga salbiy ta’sir etsa, ikkinchidan, mehnatga nisbatan iqtisodiy va moddiy rag‘batlarning harakat doirasini toraytirib qo‘ysa, uchinchidan, jamg‘arma miqdorini kamaytirsa va mablag‘ning to‘planish jarayonini sekinlashtirsa, ishlab chiqarish imkoniyatlarini yomonlashtirib yuborishi mumkin.
Soliqqa tortishning keyingi ikki salbiy omilini batafsil ko‘rib chiqaylik. Moddiy rag‘batlantirishlarga nisbatan soliqqa tortishning noxush ta’sir etishi ish haqi tizimida salbiy alomatlar paydo bo‘lishida ko‘zga tashlanadi.
Yuqori darajada tabaqalashtirilgan soliq stavkalarining qo‘llanilishi natijasida xodim tomonidan ana shu moddiy rag‘batni qabul qilishdagi oddiylik va maqbullik ko‘lami torayib qoladi.
Soliqqa tortish bazasi va uning hajmlarini noto‘g‘ri belgilash xodimlarning malaka oshirishga, ratsionalizatorlik va ixtirochilik faoliyati bilan shug‘ullanishga va boshqa sohalarga bo‘lgan intilishiga salbiy ta’sir etadi, boisi - mehnatga to‘lanadigan haq miqdori, haqiqiy mehnat xarajatlarining murakkabligi va xususiyati o‘zgarishi befarq bo‘lib qoladi.
Soliqqa tortishning iqtisodiy omillarga ta’siri ikki xil ko‘rinishda bo‘ladi hamda qiyosiy oqibat va daromad oqibati shaklida ifodalanadi. Qiyosiy oqibat mehnat natijalari, jamg‘arish, investitsiyalash, yangi g‘oyalarni joriy etish va ishlab chiqarish faoliyatining boshqa xil ko‘rinishlari bilan shug‘ullanish uchun nisbatan kamroq darajada rag‘batlantirishda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, progressiv (oshib boruvchi) soliqqa tortishda bunday oqibatning rag‘batlantirishga zid ta’siri yaqqol ifodalanadi.
Dunyodagi bir qator mamlakatlarda kapitaldan kelgan daromad va iste’molga qarab soliqqa tortishni ko‘zda tutgan soliq islohoti o‘tkazilmoqda. Soliqqa tortishning salbiy ta’sirini silliqlash maqsadida ishchi kuchini taklif etish sohasida ish haqi ko‘rinishidagi daromadlardan olinadigan soliqlarning eng yuqori qilib belgilangan stavkalari pasaytirilmoqda. Jamg‘arish va investitsiyalashga soliqlarning ta’sir etishi borasida ham muayyan yutuqlarga erishildi.
Soliqlarning ta’siri investitsiyalar tarkibida ham yaqqol seziladi. Turli ko‘rinishdagi aktivlar uchun joriy etilgan har xil soliq tartiblari investitsiya imkoniyatlari va sarmoyadorlarning portfeli tarkibida sezilib qoladi. Soliq tizimidagi kamchilik va nuqsonlar iqtisodiy o‘sish sur’atlarining pasayib ketishiga olib kelishi mumkin, bu hol pirovard natijada davlat byudjeti daromadlarining o‘zgarishiga ham ta’sir etmay qolmaydi.
Soliqqa tortishdagi og‘irlikni kapitaldan shaxsiy jamg‘arishga o‘tkazishning umumiy ta’sirini bir xil ma’noda baholash qiyin, jamg‘armaning umumiy hajmi uchun kelib chiqadigan oqibatlar soliq tushumlarining hukumat tomonidan ishlatilish xususiyatiga bog‘liq bo‘ladi.
Agar yopiq iqtisodiyot sharoitida soliq tizimi uy xo‘jaliklaridagi jamg‘armalar darajasining pasayib ketishiga olib kelgan bo‘lsa, u holda bir tekis foiz stavkasi oshgan, bu esa investitsiya kapitaliga talabning kamayishi ta’sir ko‘rsatgan bo‘ladi. Ochiq iqtisodiyotda esa, jamg‘armalardan olinadigan daromad soliqlari investitsiyalarga cheklangan darajada ta’sir qiladi, chunki bunda chet eldan kapitalning ko‘proq oqib kelish imkoniyati bor, binobarin, xorijlik sarmoyador jahon bozorida ustun hisoblangan stavkani mo‘ljallaydi. Biroq bunday holatda kapitalga bo‘lgan mulkchilik harakatga keladi. Bunga misol tariqasida Yaponiyadan kapitalning AQShga oqib o‘tganligini ko‘rsatish mumkin, AQShda kapitaldan foydalanganlik uchun foiz stavkasi past bo‘lgan. Ayni paytda AQShda rezidentlar jamg‘armalarini soliqqa tortish stavkasi Yaponiyadagiga qaraganda yuqori edi.
Binobarin, soliq siyosati o‘z-o‘zidan, agar u davlatning moliya-pul siyosati boshqa unsurlaridan ayri holda amalga oshirilsa, takror ishlab chiqarish jarayonlariga rag‘batlantiruvchi ta’sir o‘tkazmasligi ham mumkin.
3. Soliqqa tortishning adolatlilik tamoyili. Adolat tamoyillariga muvofiq, soliqlar jamiyat tomonidan oqilona va adolatli deb tan olingan umumiy ob’ektiv qoidalarga binoan belgilanishi lozim. Adolatlilik tamoyilining bir qancha asosiy guruhdagi soliqqa tortish tamoyillariga bo‘linadi. Bularni ikki guruhga bo‘lgan holda o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bunda gorizontal va vertikal adolatni bir-biridan farqlash lozish. Gorizontal adolat tamoyili daromad olishning turli sharoitlarida soliq to‘lovchilarga nisbatan soliqqa tortishning taxminan teng shartlarini qo‘llanishni ko‘zda tutadi.
Vertikal adolat deganda, xo‘jalik yuritishning bir muncha og‘ir sharoitlarida ishlayotgan sub’ektlar uchun soliqqa tortishning bir qadar yumshoqroq shartlarini, engil daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lgan sub’ektlar uchun esa og‘irroq shartlarni qo‘llanish tushuniladi. Soliqlarning rag‘yuatlantirish funktsiyasini bajarish doirasida ikkinchi tamoyil buzilishi mumkin. Masalan, xalq iste’moli tovarlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish maqsadida ularni ishlab chiqarish bo‘yicha soliqqa tortishda bir qadar imtiyozli shartlar yoki buning aksicha vino-aroq va tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishni cheklash uchun ulardan olinadigan egri soliqlarning yuqori stavkalari belgilangan hollar ham bo‘ladi.
Ijtimoiy adolat tamoyilini amalga oshirishga turlicha yondashuvlar bo‘lishi mumkin. Agar soliqlarni to‘plangan soliqlar hisobidan ro‘yobga chiqariladigan davlat dasturlaridan keyinchalik foyda ko‘radigan shaxslar to‘lasa, u holda adolatli deb hisoblanadi. Aytaylik, transport vositalariga soliqlardan tushadigan mablag‘ni davlat katta yo‘llarni ta’mirlashga yoki qurishga sarflasa, bundan soliq to‘lovchilarning o‘zlari - avtomobil egalari naf ko‘radi. Biroq bunday yondashuvni keng miqyosda amalga oshirishning iloji bo‘lmaydi. Huquq-tartibotni mustahkamlash, maorifni rivojlantirish, atrof-muhitni qo‘riqlashdan aniq ravishda kim ko‘proq foyda ko‘rishini qanday qilib hisoblab chiqish mumkin? Hatto bepul sog‘liqni saqlash dasturlaridan asosan ko‘p bolali oilalar, keksa va nochor fuqarolar foydalanishlari aniqlab chiqilgan taqdirda ham ana shu maqsadlar uchun maxsus soliqlarni aynan ularning o‘zidan undirishni talab qilish adolatdan bo‘ladimi?
Amaliyotda boshqacha yondashuv birmuncha kengroq qo‘llaniladi, unga ko‘ra to‘lov qobiliyati tamoyili asos qilib olinadi: soliq to‘lovchining daromadi qanchalik yuqori bo‘lsa, undan shuncha ko‘p miqdorda soliq undiriladi. Bu gapning ma’nosi shuki, badavlat odamlar bepul maktab maorifi, milliy mudofaa, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar uchun bir qadar yuksak iqtisodiy mas’uliyatni his etishlari lozim, chunki ular kambag‘allarga nisbatan ko‘proq to‘lashga qodirdirlar. Boy odamlar bepul davlat dasturlaridan foydalanadilarmi, agar foydalansalar, qay darajada - buning ahamiyati yo‘q. Aslini olganda, o‘ziga to‘q kishilar ta’lim berish va xizmat ko‘rsatish yaxshiroq yo‘lga qo‘yilgan maktab va shifoxonalarni tanlaydilar. Bunday to‘lov qobiliyati kontseptsiyasi AQSh soliq siyosatida keng tarqalgan.
Biroq amaliyotda soliqqa tortishning mazkur kontseptsiyasi tez-tez jiddiy qiyinchiliklarga duch kelib turadi. Yiliga 100 ming dollar daromad oladigan kishi yiliga 10 ming dollar daromad oladigan kishiga nisbatan ko‘proq soliq to‘lashga qodir, degan fikrga qo‘shilish mumkin. Biroq bunda birinchi kishi ikkinchisiga qaraganda aynan necha baravar ko‘p soliq to‘lash imkoniyatiga ega, degan masala noaniqdir. Badavlat odam o‘zining daromadidan o‘sha hissani va mutlaq katta summani to‘laydimi yoki soliq sifatida umuman ko‘proq hissani to‘laydimi? Afsuski, aniq bir odamning soliq to‘lash imkoniyatlarini o‘lchash uchun ilmiy asoslangan qandaydir usullar yo‘q. Amaliyotda bunga javob, takliflar va taxminlar empirik yo‘l bilan yoki hukumatning daromadlarga bo‘lgan joriy ehtiyojlari, siyosiy qarashi asosida paydo bo‘ladi.
Soliqqa tortishdagi adolat tamoyili ba’zi hollarda taqsimotdagi ijtimoiy adolat tamoyili ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Shuni ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, bu tamoyilni daromadlarni teng ravishda taqsimlash, baravarlashtirish deb tushunmaslik kerak. Qonun oldida tenglikka rioya etilishi, ijtimoiy mumtozlikka, irq va dinga munosiblikka asoslangan imtiyozlarning bekor qilinishi, inson asosiy huquqlarga birday ega bo‘lishi kabi tenglik tamoyillari bo‘lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan va bu tamoyillarga qadriyatlarning ijtimoiy tizimida qat’iy amal qilmoq lozim. Moddiy tenglik, ya’ni daromadlar, mulk, iste’mol sohasidagi tenglik haqida gap ketadigan bo‘lsa, aytish kerakki, bunday tenglikka erishib bo‘lmaydi. Davlat va jamiyat barcha fuqarolar yaxshi hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib berishlari kerak, albatta, soliqqa tortish tizimi esa istiqbolga mo‘ljallangan rejada aholining farovonligini umumiy tarzda amalga oshirish orqali jamiyat quyi qatlamlarining ahvoli izchil ravishda yaxshilanib borishiga ko‘maklashmog‘i zarur.
4. Oddiylik va xolislik. Bu tamoyil soliqqa tortish bazasini aniqlashda, soliqlarni hisoblab chiqishda oddiylik bo‘lishini, taqdim etiladigan hisobotlarning mazmunini soddalashtirishni, shuningdek soliqlarning eng muhim turlari bo‘yicha yagona stavkalar belgilashni, beriladigan imtiyozlarni iloji boricha kamaytirishni ko‘zda tutadi. Bu o‘rinda nazarda tutilayotgan narsa shuki, soliqlarning rag‘batlantirish funktsiyasi doirasida beriladigan imtiyozlar yakka tartibdagi xususiyatga ega bo‘lmasligi, balki muayyan faoliyat turlarini rag‘batlantirishga, soliq to‘lovchilarning mulkchilik shakli va qaysi idoraga mansubligidan qat’i nazar, ma’lum turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni ko‘paytirishga qaratilmog‘i lozim. Ba’zi sohalarda paydo bo‘ladigan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojni qondirishni byudjet-kredit siyosati orqali amalga oshirish maqsadga muvofiqdir. Buning sababi shuki, soliq imtiyozlarining haddan tashqari ko‘pligi qonunlarni murakkablashtirib yuboradi, tushunishni qiyinlashtiradi hamda turlicha talqin qilinishiga olib keladi, bu hol pirovard natijada soliq to‘lovchilarning soliqlarga nisbatan munosabatlariga salbiy ta’sir qiladi. Shu bilan birga aniq qilib belgilangan imtiyozlar soliq yukini boshqa soliq to‘lovchilar zimmasiga o‘tkazib, ijtimoiy adolatsizlik ro‘y berishiga olib keladi.
5. Boshqarishga qulaylik. Samarali soliq tizimiga qo‘yiladigan muhim talablardan biri boshqaruvga qulay bo‘lishidir. Soliqlarni undirib olishda samaradorlikka erishish ko‘p hollarda soliqlarning soliq to‘lovchilarga yaxshi tushunarli bo‘lishiga bog‘liq.
Ayrim mamlakatlarda soliqqa tortishning nihoyatda murakkab tartibi amal qiladi, aytaylik, shkala va stavkalar turi, soliqlar tarkibi, ularni to‘lash qoidalari va tartiblari haddan tashqari ko‘p. Buning ustiga ular soliq tushumlarining ko‘payishiga hech qanday yordam bermaydi hamda soliqlarning rag‘batlantiruvchi funktsiyasi bajarilishida rol o‘ynamaydi.
6. Soliqlarni yig‘ish jarayonini imkon qadar arzonlashtirish. Mazkur tamoyil davlat va soliq to‘lovchilar tomonidan soliqlarni yig‘ish uchun ketadigan xarajatlarni mumkin qadar kamaytirishni ko‘zda tutadi. Buning uchun respublikamizda soliqqa tortish tartibini takomillashtirish bilan bir qatorda soliqlarni maqbullashtirish, kompyuter texnologiyalari, soliq axborotlarining to‘g‘riligini bevosita nazorat qilish usullarini qo‘llanish orqali soliq to‘lovchilarning xarajatlarini kamaytirish maqsadida davlat hisobidan saqlanadigan servis-markazlar, soliqqa tortish masalalari xususida soliq organlari tomonidan bepul maslahatxonalar tashkil etilgan.
7. Soliq stavkalarini qiyoslash. Soliq stavkalari boshqa davlatlardagi xuddi shunday soliqlarning stavkalari bilan qiyoslanishi, ya’ni mintaqaning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan holda boshqa mamlakatlar bilan teng bo‘lgan xo‘jalik faoliyati shart-sharoitlari vujudga keltirilishi lozim. Agar qattiq shartlar belgilab qo‘yilgudek bo‘lsa, bu hol respublika iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb qilishni mushkullashtirib yuboradi, aksincha, engil sharoit yaratilsa, mamlakat byudjetiga salbiy ta’sir qiladi.
Soliqqa tortish tamoyillari va soliq qonunchiligi tamoyillari muayyan o‘xshashlikka ega va ularni to‘liq hayotga tadbiq etish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim vazifalaridan biridir.31