Shkalalash – aniq jarayonlarni raqamlar tizimi yordamida modellashtirish.
Uning turli uslublari sifat tavsiflarini miqdoriy o‘zgarishlarga aylantirishga yordam
beradi.
Reyting nazorati asosida o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini hisobga olishning
yuqorida keltirilgan metodlari bilan birga test usulidan ham samarali
foydalanilmoqda. Test so‘rovidan nafaqat o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va
malakalari darajasini aniqlash, balki 1993 yildan boshlab O‘zbekiston
Respublikasida abituriyentlarni oliy o‘quv yurtlariga tanlov asosida qabul qilish
jarayonida ham samarali foydalanib kelinmoqda.
Test – aniq maqsad asosida muayyan holat darajasini sifat va miqdoriy
ko‘rsatkichlarda belgilashga imkon beruvchi sinov vositasi.
Pedagogik amaliyotda testning bir qator afzalliklari ko‘zga tashlanadi. Ular
quyidagilardir:
1) nazorat uchun vaqtning kam sarflanishi;
2) nazariy va amaliy bilim darajasini ob’ektiv sharoitda aniqlash imkonining
mavjudligi;
3) bir vaqtning o‘zida ko‘p sonli o‘quvchilar bilan nazoratni tashkil etish
mumkinligi;
4) bilim natijalarining o‘qituvchi tomonidan qisqa muddatda tekshirilishi;
5) barcha o‘quvchilarga bir xil murakkablikdagi savollar berilib, ular uchun bir
xil sharoitning yaratilishi.
Ta’lim tizimi uzluksiz ravishda islohotlarni amalga oshirishni talab etadigan
sohadir.
Ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish jarayonida o‘quvchilarning bilim,
ko‘nikma va malakalarini nazorat qilish va baholash ham yangicha mazmun kasb
etdi. Davlat ta’lim standartlarining ishlab chiqilganligi, yangi o‘quv dasturining
amaliyotga joriy etilganligi, erkin va mustaqil fikrlovchi shaxsni tarbiyalashga
nisbatan yuqori talabning qo‘yilayotganligi, ta’lim amaliyotiga pedagogik
texnologiyalar olib kirilayotganligi, o‘quvchilarni kasbga muvaffaqiyatli yo‘llash
maqsadida psixologik va pedagogik diagnostika barcha turdagi ta’lim
muassasalarida keng ko‘lamda amalga oshirilayotganligi kabi holatlar ko‘zga
tashlanayotgan bir vaqtda o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini eng
samarali shakl, metod va vositalar yordamida nazorat qilish hamda baholash muhim
ahamiyatga ega.
O‘quvchilar bilimini baholashning besh balli tizimining eskirganligi, zamon
talablariga javob bera olmagani uni reyting tizimi asosida baholash uslubi bilan
almashtirishni taqozo etdi. Shu o‘rinda «Qanday sabablarga ko‘ra besh balli
baholash mezoni o‘zini oqlamadiq» degan savolga javob berish o‘rinlidir:
Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasining «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi»
ta’limni dekmokratik va insonparvarlik tamoyillari asosida rivojlantirishni nazarda
tutadi. Besh balli baholash tizimi qattiqqo‘llik, o‘qituvchining mustabidligi hamda
uning ta’lim jarayonida yakka hukmronligini ta’minlashga xizmat qilib kelgan.
Demak, ushbu jarayonda talab va amaldagi holat bir-biriga muvofiq kelmaydi.
Ikkinchidan, baholash mezoni o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida ixtiloflarni
keltirib chiqarishga emas, aksincha, o‘zaro faol hamkorlik, bir-birini tushuna
olishlari uchun xizmat qilishi lozim.
Uchinchidan, baholash mezoni faqatgina o‘quvchilar tomonidan bilim,
ko‘nikma va malakalarning o‘zlashtirilish darajasini nazorat qilish uchungina emas,
balki ta’limni tashhis etishning faol ko‘makchisiga aylanishi zarur.
Baholashning besh balli tizimi birdan beshgacha farqlanuvchi dastlabki baholar
qo‘yish tartibini bildirib, mohiyatan baholar o‘rtasida yig‘indisining o‘rtacha
arifmetik qiymati asosida choraklik (yillik) bahoni belgilashdan iborat.
Masalan, o‘quvchi biror o‘quv fanidan uchta nazorat ishini 3, 4 va 5 ga
bajargan, joriy nazorat bo‘yicha ham shunday natijalarni qayd etgan bo‘lsa, unga
chorak uchun «4» baho qo‘yiladi. Bu esa o‘quvchi joriy, oraliq va yakuniy nazorat
paytida yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, ijobiy baholanishiga, chorak oxirida muayyan
mavzudan olgan «5» bahoga berilgan javoblarining mutlaqo inobatga olmasligiga
sharoit yaratadi.
Dostları ilə paylaş: |