1-mavzu. Xufyona iqtisodiyotning nazariy va metodologik asoslari


-mavzu. Iqtisodiy tizimlar taraqqiyotida xufyona iqtisodiyotning



Yüklə 0,6 Mb.
səhifə12/41
tarix07.01.2024
ölçüsü0,6 Mb.
#207804
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   41
1-mavzu. Xufyona iqtisodiyotning nazariy va metodologik asoslari-fayllar.org

4-mavzu. Iqtisodiy tizimlar taraqqiyotida xufyona iqtisodiyotning
o‘rni.
  1. Xufyona iqtisodiyot jaxon iqtisodiy tarixining elementi.


  2. Xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtiruvchi omil sifatida.


  3. Xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotni sekinlashtiruvchi omil sifatida.


  4. O‘zbekistonda xufyona iqtisodiyotning ijtimoiy - iqtisodiy taraqqiyotga ta’siri.


    1. Xufyona iqtisodiyot jahon iqtisodiy tarixining elementi


O‘z fuqarolariga ma’lum bir majburiyatlar yuklovchi va cheklovlar o‘rnatuvchi davlat paydo bo‘lishi bilan “ijtimoiy kelishuv”ni pisand qilmaydigan shaxslarning davlatdan tashqari faoliyati - yashirin iqtisodiyot vujudga keladi.


Industriyalashtirishgacha bo‘lgan rivojlanish sharoitida - osiyocha ishlab chiqarish usuli hukmron jamiyatlarda - yashirin iqtisodiy faoliyatning har uchchala turi uchraydi. “Suvda suzib yurgan baliq uni ichmoqdami yoki yo‘qmi, aniqlash qanchalik qiyin bo‘lsa, amaldorning davlat mulkini o‘zlashtirayotganini aniqlash ham shunchalik qiyindir”1. Bunday fikrlar uzoq zamonlar Misrdan Xitoygacha bo‘lgan kenglikda keng tarqalgan edi. Davlat boshqaruvi ilmi to‘g‘risidagi Sharq traktatlarida davlat cho‘ntagi bilan o‘z cho‘ntagini adashtiradigan amaldorlarning riboxo‘rligi (poraxo‘rligi) ustidan arzlar juda ko‘p uchraydi. Xitoy jamiyatshunoslik fanining yuksak yodgorligi hisoblangan - “Yan te lun” (“Tuz va temir to‘g‘risida bahs”) asarini xo‘jalik yuritishning norasmiy (“kul rang”) sektori to‘g‘risidagi eng qadimgi “stenogramma” (eramizdan avval 81 y.) deb hisoblash mumkin: tuz va temirga davlat monopoliyasi ushbu noyob mahsulotlarni ommaviy ravishda yashirin ishlab chiqarishga olib keldi. “Qora” yashirin iqtisodiyotga misol qilib papiruslarda yozilgan Qadimgi Misrdagi maqbaralarni talon-taroj qiluvchilar faoliyatini keltirish mumkin.
Yevropada antik va o‘rta asrlarda davlat hali jamiyat ustidan ommaviy nazorat o‘rnatishga intilmas edi, va yashirin iqtisodiy faoliyat Sharq mamlakatlaridagiga nisbatan kam darajada rivojlangan edi. Shunday bo‘lsa-da, yevropaliklar ham bu davrda yashirin iqtisodiy faoliyat to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lganlar. Masalan, G‘arbiy Yevropada “kul rang” (norasmiy) iqtisodiy faoliyat sexlarda qabul qilingan tartib-qoidalarga, imtiyozlarga rioya qilmaydigan sexdan tashqari faoliyat ko‘rinishida rivoj topgan. “Oq yoqali” yashirin iqtisodiyotga misol qilib nasroniy mamlakatlardagi sudxo‘rlikni keltirish mumkin. Diniy huquq bilan foiz evaziga qarz berish taqiqlangan bo‘lsa-da, bu bilan kichik milliy-diniy guruhlar (birinchi navbatda, yahudiylar)dan tashqari oqsuyak va cherkov feodallari ham shug‘ullanganlar.
Jamiyatni industriyalashtirishgacha bo‘lgan sharoitda industriyalashtirish jamiyatdagi o‘zgarishlar yashirin tadbirkorlik faoliyatining barcha turlari keskin rivojlanishiga olib keldi. Kapitalistik ishlab chiqarishning ilk shakllari (masalan, tarqalib ketgan manufaktura) qonuniy sex hunarmadchiligiga nisbatan ommaviy “maxfiy” oppozitsiyani namoyon etadi. XVI-XVIII asrlarda O‘rta va Karib dengizlarida, Hind okeanida dengiz qaroqchiligi rivojlanib, dengiz marshrutlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Davlatchilik rivojlangan barcha mamlakatlarning davlat apparati korrupsiya va davlat mulkini talon-taroj qilishga duchor bo‘ldi.
“Protestant etikasi” raqobatga ijozat beruvchi, lekin zo‘ravonlik va qonunbuzarlikni inkor etuvchi “halol biznes” shaklida boylik ortidan quvishni boshlagandan so‘ng kapitalizm mustahkam oyoqqa tura boshladi. Yangi davrda yashirin biznesning ba’zi shakllari qonuniylashib bordi (masalan, bank sohasi) va uning eng jinoiy shakllari bilan (qaroqchilik, korrupsiya) kurash qat’iylashib bordi. “Klassik” kapitalizm davrida yashirin iqtisodiyot biroz chekinsa-da, lekin butunlay yo‘q bo‘lib ketmadi. Masalan, XIX asrga qadar amal qilgan savdoni cheklash oddiy tovarlarning ommaviy kontrabandasini yuzaga keltirdi; qullar bilan savdo qilish kontrabandasi esa XIX asr o‘rtalariga qadar ravnaq topdi. XX asr boshlaridagi bozor xo‘jaligini davlat tomonidan tartibga solishning kuchaytirilishi zamonaviy tipdagi uyushgan jinoyatchilik shakllanishiga olib keldi.
Xufyona iqtisodiyot rivoj topishining yangi bosqichi XX asrning o‘rtalaridan boshlandi. U xo‘jalikning global transformatsiyasi, o‘zgarishi bilan bog‘liqdir. Rivojlanayotgan mamlakatlarda yashirin iqtisodiy faoliyatning kengayib borishi ushbu mamlakatlarning zamonaviy industrial mamlakatlarga va jahon bozoriga qo‘shilib borishi bilan bog‘liqdir. 1970-yillardan boshlab “sotsialistik” mamlakatlar iqtisodiyoti jinoiylashuvi industrial jamiyatni ma’muriy boshqaruv modelining bozor boshqaruvi modeli oldidagi yengilishi natijasida yuzaga keldi. Sobiq sotsialistik mamlakatlarda 1990- yillardagi radikal iqtisodiy islohotlar davomida “buyuk jinoiy inqilob” bo‘lib o‘tdi, va yashirin iqtisodiy faoliyatning barcha turlari keskin rivoj topa boshladi.
Xufyona iqtisodiyotning o‘sishi industrializatsiyadan keyingi jamiyatga qadam qo‘yayotgan rivojlangan mamlakatlar uchun ham xos bo‘lib, ularda shaxs erkinligi sifat jihatdan o‘sishi alohida ahamiyatga molik. Norasmiy bandlikning o‘sishi, “qo‘llarni bog‘laydigan” davlat cheklovlarini aylanib o‘tishga intilish, iste’molchilarning “taqiqlangan ne’matlar”ga intilishi yuqori darajada rivojlangan jamiyatlarni tizimli modernizatsiyalashning qo‘shimcha samarasidir.
Shunday qilib, har qanday ijtimoiy-iqtisodiy tizimning rivojlanishi (ibtidoiy jamoa tuzumidan tashqari) albatta yashirin iqtisodiy munosabatlarni rivojini ham taqazo etadi. Shunday ekan, bu munosabatlar tasodifiy emas, balki formatsion taraqqiyot natijasida qonuniy yuzaga kelgandir.
    1. Xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtiruvchi


omil sifatida


Jamiyat taraqqiyoti muntazam ravishda amalga oshirilayotgan innovatsiyalar bilan bog‘liqdir. Innovatsiyalar deganda ko‘pincha texnik xususiyatga ega ixtirolar nazarda tutiladi, aslida esa yangi institutlar (yangi “o‘yin qoidalari”)ning ixtiro qilinishi ham texnik ixtirolardan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga egadir. Masalan, aksiyadorlik jamiyatlarining “ixtiro qilinishi” kapitalistik iqtisodiyot taraqqiyoti uchun bug‘ mashinasi ixtirosidan ko‘ra ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lgan. Ammo institutsional novatorlik doimo har qanday jamiyatda ko‘pchilikni tashkil etuvchi an’anaviy qadriyatlar tarafdorlarining qarshiligiga duch keladi. Qonunchilik me’yorlari ko‘pchilikning
xohishini aks ettirgani sababli, yangi “o‘yin qoidalari”ning paydo bo‘lishi qonunchilikning buzilishi orqali amalga oshiriladi. Binobarin, institutsional novatorlik o‘zida albatta eski rasmiy (qonuniy) va yangi norasmiy (noqonuniy) amaliyotlar raqobatini muj assamlashtiradi.
Fridrix fon Xayek qayd etishicha, raqobat tadqiqot jarayoni sifatida juda muhim bo‘lib, raqobat vaqtida tadqiqotchilar foydalanilmagan imkoniyatlarni qidiradilar va boshqa insonlarga ko‘rsatadilar45. Bu “raqobat, ixtiro jarayoni kabi” o‘zida albatta qonuniy iqtisodiyotning yashirin iqtisodiyot bilan raqobatini ham mujassamlashtiradi. Yangi qoidalarning norasmiy xususiyati ularni amalga oshirishda qo‘shimcha xarajatlarini keltirib chiqaradi, shu sababdan eski rasmiy va yangi norasmiy o‘yin qoidalari o‘rtasidagi raqobatda an’anaviy tizim bilan taqqoslaganda katta afzalliklarni ta’minlovchi yangi qoidalar g‘olib chiqadi.
Xufyona iqtisodiyotning ushbu innovatsion roli tizimlararo siljishlarda (bir iqtisodiy tizimdan ikkinchisiga o‘tishda) yaqqolroq aks etadi. Sobiq ittifoqning so‘nggi o‘n yilligida yashirin iqtisodiyotning jadal rivojlanishi bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin.
1970-yillarda sovet xufyona iqtisodiyotining “kashf’ etilishi xorijiy sovetologlar tomonidan “sotsialistik lager” mamlakatlaridagi markazlashtirilgan reja, total hisobot va nazoratga asoslangan mustaqil xo‘jalik faoliyati o‘rganilishi bilan bog‘liqdir. Birinchi tadqiqotchilar sobiq SSSR iqtisodiyotida amal qilayotgan mexanizmlar rasmiy e’lon qilingan va sovet matbuotida targ‘ib etilayotgan modeldan farq qilishini qayd etishgan. Bu borada Aron Katsenelinboygen ilg‘or surgan konsepsiya juda qiziqarlidir. Unda to‘liq rejalashtiriladigan sovet xo‘jaligida go‘yoki bozor munosabatlarini batafsil tasniflanishi amalga oshirilgan. Taklif etilayotgan yondashuvda yashirin munosabatlar g‘ayrioddiy hodisa emas, balki bozor aloqalari tizimining tarkibiy qismlaridan biri sifatida namoyon bo‘lgan. Maqola muallifi quyidagicha fikr bildirgan: “Sovet tajribasi marksistik yondashuvdan farqli o‘laroq rejali sotsialistik tizim bozor elementlariga muhtoj ekanligini ko‘rsatdi. SSSRda mavjud bo‘lgan bozorlarning bir qator turlari haqida to‘xtalib o‘tish mumkin”.

Shunday qilib, A. Katsenelinboygen sovet iqtisodiyotini rasmiy- rejali munosabatlarning bozor (qonuniy, yarimqonuniy va umuman noqonuniy) munosabatlari bilan o‘ziga xos sintezi sifatida o‘rganishni tavsiya etgan. Buning natijasida sovet xo‘jaligi tizimining yashirin ko‘pukladliligi masalasi ko‘tariladi. 1980-yillarda sovetologlar SSSRda to‘liq rejalashtirish va markazdan boshqarish pardasi ortida aralash tipdagi iqtisodiy tizim yashiringan degan fikrga kelishgan edi. Bunda norasmiy va nazorat ostida bo‘lmagan ishlab chiqarishning ahamiyati rasmiy ishlab chiqarishning ahamiyatidan kam emas.


1960-1980 yillarda SSSRda oddiy tovar va xizmatlarning yashirin bozori rivojlanishi “oddiy sovet odamini” bozor munosabatlari to‘g‘risidagi quyidagi ba’zi elementar tushunchalar bilan tanishtirdi: insonlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarni o‘rnatish kerak - “sen - menga, men - senga” tamoyili asosida; pul - buyuk o‘lchov vositasi; savdo-sotiq tanlovga imkoniyati bo‘lishi va tomonlarning o‘zaro roziligi bilan amalga oshiriladi. Sovet tizimida deyarli barcha insonlar noqonuniy bozor munosabatlari ishtirokchisi bo‘lganligi, hamda yashirin bozor munosabatlarining ommaviyligi 1990 yillarda iqtisodiyotning bozor modernizatsiyalashuvi jarayonini yengillashtirdi - ko‘pgina bozor institutlari (masalan, vositachilik savdosi) bo‘sh joyda emas, balki shu yashirin tuzilmani oshkorlashtirish orqali vujudga keldi. Aynan sovet yashirin iqtisodiyoti (kam sonli dissidentlarning “chiqishlari” emas) ma’muriy-buyruqbozliq iqtisodiy tizimidan bozor xo‘jaligiga o‘tishni tayyorlashda katta rol o‘ynadi.
Xufyona iqtisodiyot faqatgina tizimlararo emas, balki tizim ichidagi siljishlarning ham tashabbuskoridir. Masalan, erkin raqobat kapitalizmidan “monopolistik” kapitalizmga o‘tish AQShda (boshqa mamlakatlarda ham) ochiqdan-ochiq qonunni buzuvchi “qaroqchi- baronlar”ning (Djon Rokfeller yoki Djon Morgan kabi) faoliyati bilan bog‘liqdir.
4.3.Xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi omil sifatida
Institutsional innovatsiyalarni paydo bo‘lishi uchun yashirin iqtisodiyot ijobiy ta’sir ko‘rsatsa, uni ildiz otishi uchun esa, aksincha, xavflidir. Yangi “o‘yin qoidalari” ommaviy tus olishi uchun, ular jinoiylik belgilarini yo‘qotishlari va rasmiy hayotda va omma ongida o‘rnashgan bo‘lishi kerak. Ammo yashirin iqtisodiy faoliyat “soyada yashash”ni yengillashtiruvchi ko‘pgina me’yorlarni yuzaga keltiradi, lekin “soyadan chiqishga” to‘sqinlik qiladi. Shu sababdan, sobiq norasmiy “o‘yin qoidalari”ni qonuniylashtirish yangi institutsional amaliyotni yashirinlik “merosi”dan “tozalash” uchun kurashni bekor qilmaydi.
Yangi “o‘yin qoidalari” noqonuniy maqomga ega bo‘lgan bir vaqtda, ularning ishtirokchilari qonunni (yoki boshqa umumqabul qilingan me’yorlarni) buzishga mohirlik bilan yondashishlari zarur. Ammo qonunga bunday befarq munosabat uzoq muddat davom etishi mumkin emas. Har qanaqa ishbilarmonlik madaniyati qonunni hurmatlaydi, aks holda biznes “qoidasiz o‘yin”ga aylanadi va o‘z- o‘zidan yemirilib ketadi. Shu sababdan xufyona iqtisodiy faoliyat sektoridagi munosabatlarni qonuniylashtirish qonunsizlikni qonuniylashtirish degani emas.
Xufyonalik “merosi”ning boshqa elementi bu - yashirin sektor munosabatlarida ular rivojlanayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tuzumning elementlari mavjudligidir. Yashirin iqtisodiy munosabatlar qonuniylashayotganda, bu elementlar jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi elementlarga aylanadi va chetga chiqarilib tashlanishi zarur.
Sobiq ittifoqning 1980-yillaridagi yashirin iqtisodiyotni tadqiq etuvchi ko‘pchilik olimlar uning bozor xususiyatiga ega ekanligini ta’kidlagan holda, yashirin iqtisodiyot sub’ektlarini kelajakdagi “normal” bozor munosabatlarining agentlari sifatida e’tirof etilmaganini qayd etdilar. L.Timofeyevning yozishicha “Bugungi kunda avvalgi tuzumda raykom sekretari bo‘lganlar hozirgi vaqtda banklar va birjalarning prezidentlari bo‘lib olishgani ahloqshunoslarni xavotirga solmoqda. Ular xususiy mulk asosida bo‘lsa ham, huddi avvalgidek, mamlakatdagi barcha moddiy boyliklarni tasarruf etishadi. Ming afsuski, bozor qonunlari shuni taqozo etadi”. Ushbu holatni muqarrarligini siyosatchi Andranik Migranyan ham ta’kidlagan edi: “O‘g‘irlanishi kerak bo‘lgan narsa tezroq o‘g‘irlanishi zarur. Bu o‘g‘irlikni tugatishning yagona usulidir”. Ammo tabiiy savol tug‘iladi: “o‘g‘ri”ning bilim va ko‘nikmasi o‘g‘irlangan buyum va resurslarni samarali boshqarish uchun yetarlimikan?
Zamonaviy tadbirkorlar ko‘pchilik holatda sovet davrida yashirin sexlar ochib ish yuritganlar yoki “eski” xo‘jalik-partiya elitasi vakillari hisoblanishadi. Ular kuyungan holda ishlab chiqarishlarini takomillashtirishga harakat qilishayotganlari yo‘q. Ular boshqa yengilroq, kamsarf, risk darajasi kam usulardan foydalanishmoqda. Ularning xatti-harakati - Veber bo‘yicha “halol daromad”ga va Shumpeter bo‘yicha ijodiy o‘zini namoyon etishga intilish emas, balki bu Marks bo‘yicha “barcha insoniy qonuniyatlarni poymol qilmoq”likdir. Sovet davridagi yashirin “ma’muriy bozor” qatnashchilari hozirgi vaqtda normal bozor raqobatining dushmanlari sifatida faoliyat yuritishmoqda. Bunday nobozor yoki bozorga qarshi faoliyat ularni avval ham sog‘lom bozor munosabatlariga qo‘shilmaganliklaridan dalolat beradi.
Ba’zi tadqiqotchilar sobiq Sovet Ittifoqi davridagi yashirin iqtisodiyotda noqonuniy bozor sektori mavjud bo‘lgan, odamlarni xo‘jalik yuritishga to‘siq bo‘luvchi ma’muriy cheklovlardan ozod etilsa, mamlakatda birdaniga iqtisodiy erkinlik iqtisodiy taraqqiyotning sababchisi bo‘ladi, degan fikr bildirganlar. Ammo iqtisodiyotni boshqarishda davlatning aralashuvi katta ahamiyatga ega ekanligi e’tiborga olinmagan.
Sovet xo‘jalik tizimida aslida bitta emas, balki ikkita parallel xufyona iqtisodiyotlar mavjud edi - bozor (kamyob va noyob tovarlarni noqonuniy ishlab chiqarish) va ma’muriy-buyruqbozlik (tanish- bilishchilik evaziga noqonuniy imtiyozlarga ega bo‘lish). Bu ikki tizim mohiyatan bir tanganing ikki tomonidir, chunki rollarni almashish umumiy qoida sifatida qabul qilingan edi. “Yashirin sex” yurituvchisi o‘z biznesi bilan faqatgina mahalliy (yoki undan ham yuqoriroq) rahbariyatning xayrixohligi ostida shug‘ullanishi mumkin edi. Bu holatda kam xarajatli va yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish qobiliyati “sovg‘a” berish qobiliyatichalik ahamiyatga ega emas.
Ikki tomonlama faoliyat yuritish bozor institutlarini paydo bo‘lib, shakllanib borishida ham o‘z aksini topdi. Xufyona iqtisodiy munosabatlar odamlarni rasmiy hujjatlarga norasmiy yondashuvga, inson kapitalini rivojlantirishda malakani oshirishga emas, balki “kerakli” odamlar bilan munosabatlar o‘rnatishga undadi. Iqtisodiy tizim taraqqiyotida yashirin iqtisodiyot funksiyalarining ikkiyoqlamaligi universal qonuniyatni yuzaga keltiradi: yashirin iqtisodiy munosabatlar institutsional innovatsiyalarning yo‘nalishlarini belgilaydi, ammo ommaviy ravishda joriy etish jarayonida ularni “orqaga tortish”ni boshlaydi.
Nazorat savollari:
  1. Xufyona iqtisodiyotni j ahon iqtisodiy tarixining elementi sifatida ta’riflang?


  2. Xufyona iqtisodiyot kapitalizm rivojlanishi davrida rivojlanishiga nima sabab bo‘lgan?


  3. Xufyona iqtisodiyot rivojlanishining hozirgi bosqichini tavsiflab bering.


  4. Xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotni j adallashtiruvchi omil sifatida ta’riflang?


  5. Nima uchun xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtiruvchi omil bo‘ladi?


  6. Xufyona iqtisodiyotning ijtimoiy taraqqiyotni jadallashtiruvchi omil bo‘lishiga nima sabab bo‘ladi?


  7. Nima uchun xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotni sekinlashtiruvchi omil bo‘ladi?


  8. Xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotni sekinlashtiruvchi omil sifatida ta’riflang.


  9. Xufyona iqtisodiyot ijtimoiy taraqqiyotni sekinlashtiruvchi omil bo‘lishiga misollar keltiring.


  10. Hozirgi vaqtda xufyona iqtisodiyotning ijtimoiy taraqqiyotga salbiy ta’siri nimalarda ko‘rinadi?





Yüklə 0,6 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   8   9   10   11   12   13   14   15   ...   41




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin