19-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi tegishli vakolatli organlar hamda tashkilotlarning xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki uni sodir etgan g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslarni aniqlash hamda ularga profilaktik ta’sir ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlardir.
Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlar muayyan shaxsning, uning ijtimoiy muhitining o‘ziga xos xususiyatlari, ijtimoiy-maishiy sharoitlari va turmush tarzi, uning g‘ayriijtimoiy xulq-atvori, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga moyilligi, shuningdek u sodir etgan tazyiq va zo‘ravonlikning ijtimoiy xavflilik darajasini tavsiflovchi boshqa omillar hisobga olingan holda qo‘llaniladi.
20-modda. Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo‘llash uchun asoslar Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga doir yakka tartibdagi chora-tadbirlarni qo‘llash uchun quyidagilar asos bo‘ladi:
tazyiq va zo‘ravonlik qurbonining murojaati;
jismoniy yoki yuridik shaxslarning xabarlari;
tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etish yoxud ularni sodir etishga urinish faktlarining vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan bevosita aniqlanishi;
davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan materiallar.
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishni amalga oshiruvchi vakolatli organlar hamda tashkilotlar tazyiq va zo‘ravonlik faktlari aniqlangan taqdirda bu haqda tegishli ichki ishlar organlariga darhol xabar qilishi shart.
Ichki ishlar organlari tazyiq va zo‘ravonlik to‘g‘risida og‘zaki yoki yozma xabar olganda bunday harakatlarga chek qo‘yish va ularning oldini olish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan yakka tartibdagi chora-tadbirlar ko‘rishi shart.