1-Modul “Tarbiya” fanini o’qitish metodikasining nazariy asosla
Boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasi metodlari. Boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasida metodlarni belgilash va ularga asoslanish muhim hisoblanadi. Buning uchun quyidagilarga e’tibor berish maqsadga muvofiq bo’ladi:
boshlang’ich sinf o’quvchilarining jismoniy, yosh va ruhiy xususiyatlarini hisobga olish;
oddiydan murakkablikka qarab rivojlanadigan metodlarni tanlash;
imkon qadar ta’lim jarayoni va pedagogik tajribalardan o’tgan metodlarga tayanish;
zamonaviy texnik jihozlarga mos tushadigan metodlarni kengroq qo’llash.
Bunday yondashuv boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasida oqilona metodlarni tanlash imkonini beradi. Shu jihatdan bu o’rinda eng muhim metodlarning tahliliga e’tiboringizni tortamiz.
Ko’niktirish metodi. Tarbiya jarayoni asosan rag’batlantirish, ko’niktirish kabi usullarga tayanadi. Aksincha, avtoritar usullar tarbiyaning sifat samaradorligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Shu ma’noda boshlang’ich sinf o’quvchilari jamoaparvarlikka, o’zgalarni hurmat qilishga va o’zini tuta olishga ko’niktirib borilishi kerak. SHu tariqa ularning kelgusi faoliyati uchun bunday ko’nikma muhim o’rin tutadi. Ko’niktirish metodi tarbiya jarayonida ko’ndirish, tarbiyalanuvchini hurmat qilish va uni tinglash imkoniyatlarini beradi.
O’rgatish metodi. Boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasida bu metod eng muhim yondashuvlarni beradi. Shu jihatdan boshlang’ich sinf o’quvchilari insoniylik, ezgulik, adolat kabi fazilatlarga o’rgatilishi kerak. Buning uchun o’quvchilarda uchraydigan egoizm, tushunmaslik, noto’g’ri tushunish kabi illatlar bosqichma-bosqich isloh qilib borilishi kerak. O’quvchilarni tushunish ularni fazilatlarga o’rgatishning eng muhim yo’lidir. Buning uchun o’qituvchilar hamisha o’quvchilarni tushunishi taqoza etiladi.
Yo’naltirish metodi. Bu metodga ko’ra, o’quvchilar ideal maqsad va intilishlarga yo’naltirilishi kerak. Bilim to’g’ri berilsa, tarbiya jarayonida o’quvchilarda ana shunday intilishlar tarkib topadi. Keyingi paytlarda pedagogik ilmiy- tadqiqotlarimizda ideal maqsad va uning ahamiyatini tadqiq etish susaygan. Aslida ideal maqsad o’quvchilar ongida boshlang’ich ta’limda shakllantirilishi kutilgan samarani beradi. O’quvchilarning qiziqishi, xohishi va istagi hisobga olingan holda ideal maqsadlarga yo’naltirilishi tarbiyaning sifatini oshiradi.
E’tibor berilsa, boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasida oddiy, lekin samara beradigan metodlarga tayanish maqsadga muvofiq bo’ladi.
Mamlakatimiz ta’lim tizimida amal qilinayotgan tarbiya tamoyillari milliy va umuminsoniy xususiyatlarga egaligiga e’tibor berish lozim. Shu sababli hozirgi zamon boshlang’ich ta’limi istiqbolli mo’ljallab amalga oshirilayotganligi bilan ajralib turadi. Oliy pedagogik ta’lim jarayonida mazkur masalalarga e’tibor berish va ta’lim tamoyillarini chuqur o’zlashtirish bo’lajak boshlang’ich sinf o’qituvchilarining kasbiy kompetentsiyalari tarkibiga kiradi.
Mustahkamlash uchun savollar va topshiriq: Boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasida pedagogik tamoyillar deganda nimalarni tushunasiz?
Boshlang’ich sinf o’quvchilari tarbiyasida psixofiziologik va ijtimoiy tamoyillarini nimalar tashkil etadi?
1 Ўзбекистон миллий энциклопедияси. 8-Том. –Т., 2004. 270 –бет
2 Бордовская Н., Реян А. Педагогика. –Санкт-Петербург, 2001. –С.32