1. Moliya / Baxolash faoliyati]


maxsus o‘quvdan o‘tganlik haqida sertifikat



Yüklə 96,61 Kb.
səhifə3/6
tarix27.04.2022
ölçüsü96,61 Kb.
#56440
1   2   3   4   5   6
3153 15.04.2019

maxsus o‘quvdan o‘tganlik haqida sertifikat — baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalari takliflarini hisobga olgan holda, vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadigan dastur bo‘yicha baholovchilarni tayyorlash markazlarida maxsus o‘quvdan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat;

baholash faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organ (bundan buyon matnda vakolatli organ deb yuritiladi) — O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.

2-bob. Talabgorlarga qo‘yiladigan talablar

2. Malaka imtihonidan o‘tish uchun talabgor:

a) oliy iqtisodiy, yuridik yoki texnik ma’lumotga, baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida so‘nggi besh yilda kamida bir yil ish stajiga ega bo‘lishi;

yoxud oliy ma’lumotga, so‘nggi besh yilda mol-mulkni baholashda baholovchi yoki baholovchining yordamchisi lavozimida kamida ikki yil ish stajiga ega bo‘lishi kerak.

Bunda xorijiy davlatlarda olingan oliy ma’lumot yoki ilmiy daraja belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasidagi ma’lumotga ekvivalent deb topilgan taqdirda e’tiborga olinadi;

b) maxsus o‘quvdan o‘tganlik haqida sertifikatga ega bo‘lishi, bunda o‘qish tugagan paytdan boshlab imtihon topshirish uchun hujjatlar topshirilgungacha o‘tgan vaqt o‘n ikki oydan oshmasligi kerak.

3. “Baholash ishi: baholash faoliyati va rieltorlik (obyektlar bo‘yicha) (5A231501)” yoki “Ko‘chmas mulkni ekspertiza qilish va boshqarish: Baholash va ko‘chmas mulkni boshqarish (5A340901)” mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan yoki baholovchining xalqaro sertifikatiga ega bo‘lgan talabgor maxsus o‘quvdan o‘tmasdan malaka imtihonini topshirishga haqli.

3-bob. Malaka imtihonini topshirish tartibi

4. Talabgor vakolatli organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish to‘g‘risidagi ariza;

b) mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq to‘ldirilgan so‘rovnoma;

v) pasport nusxasi (yashash uchun guvohnoma — xorijiy fuqarolar va fuqaroligi yo‘q shaxslar uchun);

g) oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning yoxud xorijiy ta’lim muassasasida olingan oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatning nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) to‘g‘risidagi guvohnomasining nusxasi;

d) mehnat daftarchasining nusxasi (baholovchi yoki baholovchining yordamchisi sifatida ish stajining borligini tasdiqlaydigan “Elektron mehnat daftarchasi” tizimidan ko‘chirma);

e) 3,5 x 4,5 hajmdagi 2 dona fotosurat;

j) maxsus o‘quvdan o‘tganlik haqida sertifikatning nusxasi;

z) baholovchining xalqaro sertifikati nusxasi — xalqaro baholovchi sertifikatiga ega talabgorlar uchun;

i) malaka imtihonidan o‘tish va malaka sertifikati berilishi uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.

Talabgordan mazkur bandda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

5. Mazkur Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan hujjatlar talabgor tomonidan vakolatli organga shaxsan, pochta yoki elektron aloqasi orqali ularni olinganligini tasdiqlovchi xabarnoma bilan birga topshiriladi.

6. Vakolatli organ ariza tushgan kundan boshlab uch ish kuni mobaynida talabgorning malaka imtihoniga qo‘yilishi yoki qo‘yilmasligi haqida qaror qabul qiladi.

7. Quyidagilar talabgorning malaka imtihoniga qo‘yilmasligiga asos bo‘ladi:

a) talabgor mazkur Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan talablarga javob bermaganda;

b) mazkur Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan hujjatlarni to‘liq bo‘lmagan holda taqdim etganda;

v) sud tartibida moliya-xo‘jalik munosabatlari sohasida muayyan lavozimni egallash yoki ushbu sohada muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilganda.

Boshqa asoslarga ko‘ra malaka imtihoniga qo‘yishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

8. Talabgorni malaka imtihoniga qo‘yishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, vakolatli organ rad etish asoslarini ko‘rsatgan holda talabgorni yozma ravishda qabul qilingan qaror haqida xabardor qiladi.

9. Malaka imtihoniga qo‘yilishi rad etilgan talabgor rad etishga sabab bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etgandan keyingina qayta ariza berishi mumkin.

10. Malaka imtihoniga qo‘yilgan talabgor malaka imtihonini o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi haqida imtihon o‘tkaziladigan kundan kamida o‘n kun oldin pochta yoki elektron aloqasi orqali xabardor qilinadi.

Malaka imtihoniga qo‘yilgan talabgorlar ro‘yxati vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.

11. Talabgorni malaka imtihoniga qo‘yish yuzasidan qaror qabul qilinganda imtihonga qo‘yilganlar ro‘yxati imtihon komissiyasiga topshiriladi. Bunda malaka imtihoni guruhlar shakllanishiga qarab, lekin ikki oyda kamida bir marotaba o‘tkaziladi.

12. Imtihon komissiyasi tarkibi va test savollari vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi. Imtihon komissiyasi tarkibiga vakolatli organ xodimlari, shuningdek baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalari vakillari kiritiladi.

13. Malaka imtihonini topshirishda talabgor pasporti yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatning aslini taqdim etadi.

14. Pasport yoki uning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatga ega bo‘lmagan yoxud malaka imtihoniga kechikkan talabgorlar kelmagan hisoblanadi va navbatdagi malaka imtihonidan o‘tadigan talabgorlar ro‘yxatiga kiritiladi, bu haqda shaxsan, pochta yoki elektron aloqasi orqali uch ish kunidan kechiktirmay xabardor qilinadi.

15. Agarda talabgor tegishli tarzda xabardor qilinganidan keyin ikki marotaba malaka imtihonini topshirish uchun kelmasa, taqdim etilgan hujjatlar talabgorga qaytariladi. Bunda malaka imtihonidan o‘tish uchun to‘langan yig‘im summasi qaytarib berilmaydi.

Hujjatlarni qayta topshirish mazkur Nizomning 4-bandida ko‘rsatilgan tartibda amalga oshiriladi.

16. Malaka imtihoni kompyuterda topshiriladigan test sinovlari orqali talabgorning tanloviga ko‘ra o‘zbek yoki rus tilida o‘tkaziladi.

17. Test savollar variantlari va ularning javoblari baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalari, shuningdek baholovchilarni tayyorlash markazlari takliflarini hisobga olgan holda vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan baholovchilarning o‘quv dasturi asosida ishlab chiqiladi.

Test savollari qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni hisobga olgan holda yangilab boriladi.

18. Test sinovi 40 daqiqa ichida o‘tkaziladi va o‘quv dasturining barcha bo‘limlarini aks ettiruvchi 75 ta savoldan iborat bo‘ladi.

Savollarining 70 foizidan kam bo‘lmagan savollarga to‘g‘ri javob bergan talabgor malaka imtihonidan o‘tgan hisoblanadi.

19. Malaka imtihonini topshirish jarayonida talabgorga quyidagilar taqiqlanadi:

a) qonun hujjatlari va yo‘riqnoma materiallari, axborotnomalar va maxsus adabiyotlardan foydalanish;

b) mobil aloqa vositasi va boshqa aloqa vositalaridan foydalanish;

v) boshqa talabgorlar bilan suhbatlashish.

Ushbu talablarni buzgan talabgorlar auditoriyadan chiqarib yuboriladi va malaka imtihonidan o‘tmagan hisoblanadi.

Begona shaxslarga malaka imtihonida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.

20. Malaka imtihonidan o‘ta olmagan talabgorga besh ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlari shaxsan yoki buyurtma xati orqali qaytarib yuboriladi. Bunda to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.

21. Malaka imtihonidan o‘tmagan talabgor malaka imtihonini takroran topshirish uchun mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etishga haqli, bunda malaka imtihoni o‘tkazilgan kundan boshlab kamida bir oy vaqt o‘tgan bo‘lishi kerak.

22. Malaka imtihonining natijalari malaka imtihoni o‘tkazilgan kundan so‘ng uch kunlik muddatda imtihon komissiyasining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi va vakolatli organ buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

23. Talabgorlarning test javoblari hamda imtihon komissiyasining bayonnomalari vakolatli organda saqlanadi.

24. Malaka imtihonining shaffofligi va xolisligini ta’minlash maqsadida malaka imtihonini o‘tkazish jarayoni uzluksiz ravishda videoyozuvga (ovozli) tushiriladi, videotasvir vakolatli organda uch yil mobaynida saqlanadi.

4-bob. Malaka sertifikatini rasmiylashtirish va berish

25. Malaka sertifikati talabgorning fotosurati yopishtirilgan maxsus blankada mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shaklda rasmiylashtiriladi va O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida yuridik kuchga ega bo‘ladi.

26. Malaka sertifikatining blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi hamda hisobga olish seriyasi, tartib raqami va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi. Malaka sertifikatining blankalari vakolatli organ buyurtmanomasiga asosan “Davlat belgisi” davlat ishlab chiqarish birlashmasida bosmaxona usulida tayyorlanadi.

27. Malaka sertifikati vakolatli organ tomonidan imtihon komissiyasining bayonnomasi olinganidan keyin o‘n kun muddatda rasmiylashtiriladi va malaka sertifikatining egasiga yoki ishonchnoma asosida uning vakiliga baholovchilar reyestriga imzosi qo‘yilganidan so‘ng beriladi.

28. Malaka sertifikatini birinchi marta olgan talabgorga “sertifikatlangan baholovchi” toifasi beriladi.

29. Agar talabgor malaka sertifikatini rasmiylashtirish kunidan boshlab uch oy ichida uni olishga kelmasa yoki uni olishdan yozma ravishda ixtiyoriy bosh tortsa vakolatli organ mazkur sertifikatni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli. Bunda talabgorlarga to‘langan yig‘im summasi qaytarilmaydi.

30. Malaka sertifikati besh yil muddatga beriladi va uning amal qilish muddati besh yillik muddatlarga uzaytirilishi mumkin.

31. Malaka sertifikatiga ega bo‘lgan har bir baholovchi malaka sertifikati olingan yildan keyingi yildan boshlab har yili baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalarining takliflari hisobga olingan holda vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan malaka oshirish dasturlari bo‘yicha kamida 40 soatlik malaka oshirish kurslaridan o‘tishi shart.

Malaka sertifikatini olgan baholovchi malaka oshirish kurslaridan o‘tmagan taqdirda, u maxsus o‘quv kurslaridan o‘tishi kerak. Bunday baholovchilarning malaka sertifikati amal qilish muddati faqat maxsus o‘quv kurslaridan o‘tganidan keyin uzaytiriladi.

5-bob. Apellatsiyani ko‘rib chiqish tartibi

32. Malaka imtihonidan o‘ta olmagan talabgor malaka imtihoni o‘tkazilgan kundan boshlab o‘ttiz kalendar kuni ichida vakolatli organga apellatsiya berish huquqiga ega. Apellatsiya yozma ravishda taqdim etiladi.

33. Vakolatli organ bir haftalik muddatda kiritilgan apellatsiyani ko‘rib chiqadi va talabgorga qabul qilingan qaror haqida yozma ravishda xabar beradi.

34 Apellatsiyani ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan vakolatli organ tomonidan quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:

a) imtihon natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida;

b) apellatsiya bergan shaxs uchun takroran malaka imtihonini o‘tkazish to‘g‘risida.

35. Malaka imtihoni natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellatsiyani qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi:

a) apellatsiya mazkur Nizom talablarini buzgan holda taqdim etilgan bo‘lsa;

b) apellatsiyada ko‘rsatilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmasa.

36. Malaka imtihonini takroran o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror apellatsiya bergan talabgorning malaka imtihoni mazkur Nizom talablariga zid ravishda o‘tkazilganligi holatlari aniqlangan taqdirda qabul qilinadi.

37. Vakolatli organ tomonidan apellatsiya bergan talabgor uchun malaka imtihonini takroran o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, takroriy malaka imtihoni mazkur Nizomda belgilangan tartibda o‘tkaziladi.

38. Talabgor takroran apellatsiya berishi mumkin emas.

39. Vakolatli organning qarori ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq sudga shikoyat qilinishi mumkin.

6-bob. Malaka sertifikatini amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish va dublikat berish

40. Baholovchi vakolatli organga malaka sertifikati muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonini topshirish to‘g‘risidagi mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi lozim:

a) mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda to‘ldirilgan so‘rovnoma;

b) malaka sertifikatining asl nusxasi;

v) malaka sertifikati olingan yildan keyingi yildan boshlab har yili malaka oshirish kursidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi.

Har yili malaka oshirish kursidan o‘tganligi haqidagi hujjatlar bo‘lmagan taqdirda baholovchi maxsus o‘quvdan o‘tganlik haqidagi sertifikatning nusxasini ilova qilishi lozim;

g) malaka imtihonidan o‘tish va malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdoridagi yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat.

41. Malaka sertifikatining muddati baholovchi malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda uzaytiriladi.

42. Malaka sertifikatining amal qilish muddatini uzaytirish uchun malaka imtihonidan o‘ta olmagan taqdirda, malaka sertifikatini qaytadan berish mazkur Nizom asosida amalga oshiriladi.

43. Malaka sertifikatining amal qilish muddatining uzaytirilishi belgilangan tartibda mazkur sertifikatning blankasida maxsus belgini (yozuv) qayd etish orqali amalga oshiriladi.

Malaka sertifikati blankasida uning muddatini uzaytirishga taalluqli to‘ldirilmagan qatorlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, baholovchiga avvalgi ro‘yxatga olish raqami qo‘yilgan yangi malaka sertifikati beriladi. Ilgari berilgan malaka sertifikati blankasi vakolatli organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

44. Baholovchining familiyasi (ismi, sharifi) yoki pasport ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, u vakolatli organga malaka sertifikatini qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart, bunda arizaga qayta rasmiylashtirilishi lozim bo‘lgan malaka sertifikatining asl nusxasi bilan birga tegishli o‘zgarishlarni tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari ilova qilinadi.

45. Malaka sertifikatining qayta rasmiylashtirilishi baholovchi tomonidan ariza berilgan paytdan boshlab o‘n kun mobaynida amalga oshiriladi, bunda malaka sertifikatining avvalgi raqam va ilgari belgilangan amal qilish muddati yangi blankada beriladi. Ilgari berilgan malaka sertifikati blanki vakolatli organga topshirilishi lozim. Topshirilgan blank vakolatli organ tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

46. Yo‘qotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikatining o‘rniga baholovchining arizasiga ko‘ra sertifikat dublikati beriladi.

Baholovchi malaka sertifikatining yo‘qolganligi va uni haqiqiy emas deb tan olinganligi haqida matbuotda e’lon berishi va e’lon nusxasini vakolatli organga taqdim etishi kerak.

47. Malaka sertifikati dublikatida uning avvalgi qayd etilgan raqami va ilgari belgilangan amal qilish muddati yoziladi, yangi blankaning yuqoridagi o‘ng burchagiga “Dublikat” yozuvi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Yaroqsiz holga kelgan malaka sertifikati vakolatli organga qaytariladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilinadi.

48. Malaka sertifikatining dublikatini berishda yoki uni qayta rasmiylashtirishda baholovchidan eng kam oylik ish haqi miqdorining ellik foizi miqdorida yig‘im undiriladi.

7-bob. Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish va uni bekor qilish tartibi

49. Quyidagilar malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish uchun asos hisoblanadi:

a) baholovchining arizasi;

b) baholash faoliyatini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablarini muntazam yoki bir marta qo‘pol ravishda buzish. Malaka sertifikatini amal qilinishini to‘xtatishga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan qonun hujjatlari talablarini bir marta qo‘pol ravishda buzishga quyidagilar kiradi:

baholash faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda baholash faoliyatini amalga oshirishda mustaqillikni ta’minlamaslik;

baholash to‘g‘risidagi hisobotni va (yoki) ekspert xulosasini noto‘g‘ri tuzish;

baholash ishlarini o‘tkazishda olingan maxfiy axborotni mulkdor yoki baholash buyurtmachisining ruxsatisiz oshkor qilish, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;

baholovchining nazorat yoki huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan o‘tkaziladigan tekshiruvlarda va boshqa tadbirlarda o‘zi shtatida turadigan yoki fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnoma tuzgan baholovchi tashkilotning tegishli ruxsatnomasisiz (buyrug‘isiz) mutaxassis sifatida qatnashishi;

v) moliya-xo‘jalik munosabatlari sohasida muayyan lavozimni egallash yoki muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi qonuniy kuchga kirgan sud hukmi;

g) fuqaroni belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga layoqati cheklangan deb e’tirof etish to‘g‘risidagi sud qarori.

50. Malaka sertifikati uning amal qilish muddatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan boshlab to‘xtatiladi. Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror vakolatli organ tomonidan baholovchi tashkilotlar va baholovchilarning professional birlashmalari fikrini inobatga olgan holda qabul qilinadi.

Baholovchi tashkilot litsenziyasining amal qilishi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qoidabuzarliklar uchun to‘xtatilgan taqdirda, litsenziya amal qilishini to‘xtatish haqida qaror qabul qilingan sanadan baholovchi tashkilot litsenziyasining amal qilinishi to‘xtatilishiga olib kelgan qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan baholovchi va rahbarning malaka sertifikatlari amal qilishi to‘xtaydi.

51. Malaka sertifikati quyidagi hollarda vakolatli organning qaroriga binoan bekor qilinadi:

vakolatli organning malaka sertifikatini berish to‘g‘risidagi qarorining noqonuniyligi sud tomonidan e’tirof etilganda;

sertifikat qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi aniqlanganda.

52. Vakolatli organning malaka sertifikatini bekor qilish to‘g‘risidagi qarori malaka sertifikati berilgan sanadan boshlab amal qiladi.

53. Qonun hujjatlarini buzganlik uchun malaka sertifikatlari bekor qilingan yoki amal qilishi to‘xtatilgan baholovchilar, malaka sertifikatlari bekor qilingan yoxud amal qilishi to‘xtatilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida malaka sertifikatini takroran olish uchun imtihonga qo‘yilmaydi.

54. Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi qaror ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

55. Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror besh kunlik muddatda baholovchi va ushbu baholovchi mulkni baholashda nomidan ish yuritayotgan baholash tashkilotiga yuboriladi.

56. Baholovchi uning malaka sertifikatini to‘xtatish yoki amal qilishini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorni olgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida mazkur sertifikatni vakolatli organga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yo‘q qilish uchun qaytarishi shart.

57. Malaka sertifikatining amal qilishini to‘xtatish yoki uni bekor qilish to‘g‘risidagi qaror ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.

8-bob. Baholovchilarning reyestri

58. Vakolatli organ tomonidan baholovchilarning potensial mijozlarini xabardor qilish maqsadida baholovchilarning reyestri yuritiladi va unda quyidagi ma’lumotlar qayd etiladi:

malaka sertifikati olingan sana, uni olgan shaxsning familiyasi, ismi, sharifi va imzosi;

pasport ma’lumotlari va turar joyi;

ish joyi;

malaka sertifikatining hisobga olish seriyasi, raqami va berilgan sanasi;

malaka sertifikatining amal qilish muddati uzaytirilganligi, amal qilishi to‘xtatilganligi, bekor qilinganligi, qayta rasmiylashtirilganligi hamda dublikat berilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar.

59. Baholovchilarning reyestri qog‘oz va elektron shaklda yuritiladi.

Reyestr shakli vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.

60. Baholovchilar reyestriga kiritilgan ma’lumotlar tanishish uchun ommabop bo‘lib, vakolatli organning rasmiy veb-saytida chop etiladi.

9-bob. Yakuniy qoidalar

61. Mazkur Nizomni bajarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi

62. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

63. Mazkur Nizom “O‘zbekiston baholovchilar jamiyati” Jamoat birlashmasi va Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.

O‘zbekiston baholovchilar jamiyatining raisi N. MIRZARAXIMOVA

2019-yil 5-mart



Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasining raisi A. ISLAMOV

2019-yil 5-mart

Baholovchining malaka sertifikatini berish tartibi to‘g‘risida nizomga
1-ILOVA


O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Kimdan _______________________
______________________________
______________________________


Yüklə 96,61 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin