[
OKOZ:
1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.20.00.00 Banklar va kredit tashkilotlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Bank va kredit faoliyatini litsenziyalash. Ruxsat berish tartib-taomillari;
2.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.01.00 Umumiy masalalar]
[
TSZ:
1.Moliya / Valyutani tartibga solish. Qimmatbaho metallar (toshlar)]
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 22-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 11-oktabrda ma’qullangan
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 25-aprelda qabul qilingan “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi 216-I-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 54-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 9, 241-modda; 1999-yil, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 9, 491-modda, № 10, 536-modda; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2009-yil, № 4, 133-modda, № 9, 337-modda; 2012-yil, № 4, 105-modda; 2013-yil № 4, 98-modda; 2017-yil, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 4, 224-modda, № 10, 670-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda) o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-noyabr,
O‘RQ-580-son
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida
(yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi bank faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik
Banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
bank — bank hisobvaraqlarini ochish va yuritish, to‘lovlarni amalga oshirish, omonatlarga (depozitlarga) pul mablag‘larini jalb etish, o‘z nomidan kreditlar berish bo‘yicha bank faoliyati sifatida aniqlangan operatsiyalar majmuini amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti bo‘lgan yuridik shaxs;
banklar guruhi — moliya institutlarining yuridik shaxs bo‘lmagan birlashmasi bo‘lib, bunda asosiy bank boshqa moliya institutlarini nazorat qiladi;