Mustaqillik yillarida davlat boshqaruv tizimida amalga oshirilgan islohatlarning xususiyatlari mavzusida doklad tayyorlash.
Reja:
1.Mustaqillik yillarida davlat boshqaruvi.
2. O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi.
3.Islohatlarning amaldagi o`rni.
Ekspertlar mamlakatimizda mustaqillik yillarida davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish jarayonida ikkita asosiy vazifa uddalanganini qayd etishadi. Avvalo, iqtisodiyotda ma'muriy-buyruqbozlik va taqsimot tizimidan bozor munosabatlariga o‘tilgan bo‘lsa, ikkinchidan, davlat organlarining yangi sharoitlarda samarali faoliyat yuritishiga erishildi. Ma'muriy islohotlar davlat boshqaruvi tizimi organlari tuzilmasini unifikatsiyalashtirdi. Davlat xizmati ushbu tizimning asosiy unsuriga aylandi.
Tahlillar shuni ko‘rsatayaptiki, davlat xizmati faoliyatini tartibga soladigan hujjatlar bugungi kunning talab va vazifalariga javob bermayapti, sohadagi barcha masalani qamrab olmasdan, yagona huquqiy standartlar hamda ma'muriy-boshqaruv amaliyotini o‘rnatishga xalaqit qilmoqda. Xususan, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish darajasining pastligi, yagona kadrlar siyosatining yo‘qligi, davlat xizmatchilarining ijtimoiy va huquqiy himoyasi ular tomonidan bajarilayotgan vazifalarga mos emasligi davlat xizmatchilarining ish faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatayapti. Bularning barchasi, o‘z navbatida, tashkilotlar, fuqarolar hamda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi munosabatlarning byurokratlashuviga, davlat tuzilmalari faoliyati yopiqligiga shart-sharoit yaratmoqda.
Bundan tashqari, huquqiy asoslar “Elektron hukumat” tizimining jadal ravnaqidan, davlat xizmatlari va ma'muriy tartib-taomillarining taraqqiyotidan ortda qolmoqda. Amaldagi qonun hujjatlarida davlat hokimiyati organlari xodimlarini belgilashda bir qator tushunchalar qo‘llaniladi. Biroq ko‘lamiga ko‘ra, biri-biridan tubdan farq qiladi.
Hukumatning 1997 yil 3 iyuldagi qarorida ko‘rsatilgan Davlat xizmatchilarining lavozimlari ro‘yxatiga vazirlik va idoralar, hokimliklar, o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda prokuratura idoralari xodimlarining qator lavozimlari kiritilgan. Vaholonki, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 2 martdagi qarori bilan tasdiqlangan Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarining odob-axloq namunaviy qoidalarida davlat xizmatchisi deganda, faqatgina hokimliklar, vazirlik va idoralar xodimlari tushuniladi.
Qonunchilikda ayni paytda “ma'muriy-boshqaruv xodimlari” degan tushuncha ham qo‘llanilmoqda. U yuqorida qayd etilgan ro‘yxatga kiritilmagan qator tashkilotlarni ham o‘z ichiga oladi. Nomenklaturada xo‘jalik boshqaruvi organlari lavozimlari borligi uning asosiy farqi hisoblanadi. Shu bilan birga, qonunchiligimizda saylanadigan mansabdor shaxslar faoliyati tartibga solingan. Masalan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining maqomi hamda vakolatlari belgilab qo‘yilgan.
Bir qator hujjatlar, jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi, “Prokuratura to‘g‘risida”gi, “Sudlar to‘g‘risida”gi, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi, “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunlar ayrim davlat organlarining maqomini belgilab beradi.
Ko‘plab idoralar o‘z maqomi, maqsad va vazifalari belgilangan tegishli nizomlar asosida ish olib bormoqda.
Ko‘rinib turibdiki, davr davlat xizmatlari sifatini oshirish, davlat xizmatchilari faoliyatining ochiqligi va qonuniyligini ta'minlash bo‘yicha vazifalarni hal qilishni kun tartibiga olib chiqmoqda. Bu vazifalar davlat xizmatchisi huquq va vakolatlarini aniq belgilab berishni taqozo etayapti. Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida davlat xizmati institutini isloh etish, davlat xizmatchilarining moddiy va ijtimoiy ta'minoti, ularning kasbiy tayyorgarligini tubdan takomillashtirish, bu sohaga yangicha fikrlaydigan, mas'uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar kadrlarni jalb etish bo‘yicha samarali tizim yaratish zarurligini ta'kidlagan edi.
Davlatimiz rahbari yaqin kunlarda “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi. Bu vazifa 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida alohida bandda ko‘rsatib o‘tilgan.
Hozirgi kunda yuqori turuvchi lavozimlarga tayinlash va ko‘rsatish, kadrlar zaxirasini shakllantirish, xizmatchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tizimi borasida yagona yondashuv yo‘q, mazkur jarayon jamoatchilik bexabar bo‘lgan ichki hujjatlar bilan tartibga solinadi.
Ayni paytda ba'zi idoralarda, misol uchun, Davlat soliq qo‘mitasida ishga qabul qilish tartibi aniq bo‘lib, ularda bu taomil tanlov asosida amalga oshirilishi belgilangan. Bunday yondashuv xolisona qaror qabul qilish, malakali xodimni tanlab olish, kadrlar zaxirasi uchun ma'lumotlar bazasini yaratish imkonini beribgina qolmasdan, fuqarolarning ishga joylashishda teng huquqliligini ta'minlashga xizmat qiladi. Fikrimizcha, bunday yondashuv davlat xizmatiga qabul qilish bo‘yicha yagona standartning asosiy unsurlaridan biri bo‘lishi va qonuniy asosga ega bo‘lmog‘i lozim.
Bugun vazirlik va idoralarga taqsimlashda nomzodlarni tayinlash va vakolatli organlar bilan kelishish jarayonini yanada batafsil tartibga solish, uning ochiqligini ta'minlash zarurati tug‘ilmoqda.
Shuni qayd etish kerakki, xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish ularni baholashning asosiy vositasi hisoblanadi. Bu taomil kasbiy va boshqaruv ko‘nikmalarini takomillashtirishdagi muammolarni hamda mansab pillapoyasidan yuqori lavozimlarga ko‘tarilishi uchun salohiyatini aniqlash imkonini beradi. Amaliyot malakani baholash tizimiga aniq ko‘rsatkichlarni joriy qilish zaruratini ko‘rsatayapti. Bular davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda amaliy natijalarga erishish bilan uzviy bog‘liq bo‘lishi lozim. Bunda aholi so‘rovlari asosida natijalarni baholash kerak.
Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, bundan keyin joylardagi rahbarlar faoliyatiga, birinchi navbatda, ular boshqarayotgan hududdagi aholidan tushayotgan murojaatlar soni, ularning xalq ichida yurishi, mavjud muammolarning amaliy yechimiga qarab baho beriladi. Qisqacha aytganda, rahbarlarga xalqning o‘zi baho beradi.
Amaldagi davlat xizmati tizimida rotatsiya mexanizmi, ya'ni mansabdor shaxsning davlat organlari gorizontal yo‘nalishida ishga ko‘chirilishi yetarli darajada tartibga solinmagan. Bundan tashqari, davlat organlari xodimlari uchun Yagona tarif setkasi bo‘lishiga qaramasdan, juda ko‘plab idoraviy farqlar va istisnolar mavjud. Bu esa, oxir-oqibat, mansabdor shaxslarning oylik maoshi hajmiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatadi. Bunda ham yagona yondashuv va standartlar asosida ish olib borish maqsadga muvofiq.
Bugun yangicha hamda mustaqil fikrlaydigan, mas'uliyatli, tashabbuskor, ilg‘or boshqaruv usullarini puxta o‘zlashtirgan, halol, o‘z Vatani va xalqiga sodiq kadrlarni tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratmasdan sifat o‘zgarishlariga erishib bo‘lmasligi aniq.
Shu sababli davlat xizmatini modernizatsiya qilish masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilning 3 yanvar kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unda davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari tomonidan o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarining bajarilishi samaradorligi mezonlarini, standartlarini va uning sifatini baholash tizimlarini joriy etish, davlat organlari xodimlarining huquqiy maqomini belgilash, xizmatni o‘tashning shaffof tartibini o‘rnatish, shaxsiy va kasbiy sifatlar, ochiqlik, beg‘arazlik, adolatlilik va xolislik prinsiplari asosida tanlov bo‘yicha saralash hamda xizmatda ko‘tarilish tizimini joriy etish, davlat organlarining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlarining samarali ijtimoiy himoya qilinishini, moddiy ta'minot olishini va rag‘batlantirilishini ta'minlash davlat boshqaruvi sohasida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar sifatida belgilab berilgan.
Shu yilning 9 yanvarida esa Prezidentimizning “Davlat boshqaruvi hududiy organlari faoliyatini yanada takomillashtirish va xodimlarini moddiy rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni faoliyatini yanada takomillashtirish, samaradorligini oshirish va tuzilmasini maqbullashtirish, shuningdek, uning tarkibiy tuzilmalari vazifalari hamda funksiyalaridagi takrorlanishlarni bartaraf etish, ularni ajratish va aniqlashtirish maqsadida joriy yil 1 mart kuni davlatimiz rahbari “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmonga imzo chekdi. 7 mart kuni esa hukumatning “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shaharlar va tumanlar hokimliklari xodimlarining lavozim maoshlariga uzoq muddat ishlaganligi uchun har oylik ustama to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish yo‘nalishida 17 ta qonunni ishlab chiqish va qabul qilish ko‘zda tutilgan. Birgina joriy yilning o‘zida Davlat dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasida ma'muriy islohotlar konsepsiyasi hamda ushbu islohotlarni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi, “Davlat boshqaruvi asoslari to‘g‘risida”gi, “Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi, “Davlat va xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunlar loyihalari ishlab chiqilishi belgilangan.
Bularning barchasi davlat xizmatchilari ish faoliyati samaradorligini oshirish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni amalda qaror toptirishga xizmat qiladi.
Mustaqillik yillarida О‘zbekiston Respublikasida davlat boshqaruv tizimi, ijtimoiy – iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy sohalarda katta o’zgarishlar amalga oshirildi. Shuningdek, ta’lim sohasida ham bir qator islohotlar o’tqazilib, barkamol avlodni shakllantirishga yunaltirilgan Milliy dastur izchillik bilan rivojlantirilib borilmoqda.Bugun jahonda yuz berayotgan voqea va hodisalar, mafkuraviy qarama-qarshiliklarning mazmun-mohiyatini tahlil etish, turli hil yot g’oyalardan yoshlarni himoya qilish uchun tarixiy tafakkurni shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Umumiy o’rta ta’limda o’quvchilar Vatan tarixining mustaqillik davrini oxirgi sinfda besh-olti yil oldin yozilgan darslik asosida o’qitilib kelinmoqda va bugungi jamiyatda kechayotgan jarayonlarni dasturga kiritish va ular haqida keng ma’lumot berish ancha qiyin kechmoqda.Shuning uchun OTMda О‘zbekistonning eng yangi davri tarixini chuqur o’rganish o’ta dolzarb vazifa hisoblanadi, chunki yosh mutaxasislarning bugungi davr siyosati, davr qahramonlarini, ayniqsa uzining ham shu jarayon ishtirokchisi ekanligini to’g’ri va tuliq anglashi jamiyat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu dasturda О‘zbekistonning eng yangi tarixini, ya’ni О‘zbekistonning davlat mustaqilligiga erishishi arafasida yuzaga kelgan murakkab vaziyat, respublika mustaqilligining e’lon qilinishi, mustaqillik yillarida mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy sohalardagi islohotlar va ularning bosqichlarini, О‘zbekistonning jahon hamjamiyatiga har tomonlama integrasiyasini, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni ta’minlash, tinchliksevar tashqi siyosat kabi masalalarning ilmiy va amaliy ahamiyati ochib beriladi.
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy etish” borasidagi davlat siyosati, huquqiy-normativ hujjatlarning qabul qilinishi, mazkur yoʻnalishdagi ishlarning samaradorligiga toʻsiq boʻlayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlar: jamiyatni demokratlashtirish, ilgʻor xalqaro tajribaga asoslangan davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini rivojlantirish, taʼlim tizimini takomillashtirish, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, xalqaro savdoda xususiy tadbirkorlikning raqobatbardoshligini oshirish, innovatsiyani rivojlantirish va boshqalar.
Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻsatkichlarini oshirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar. Ushbu koʻrsatkichlarni oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasida quyidagi suveren indeks va indikatorlar tizimiga integratsiyalashuv jarayonlari jadallashtirilmoqda: “Biznes yuritish” indeksi, Boshqaruv sifati indikatorlari, Elektron hukumatni rivojlantirish reytingi, “Korrupsiyani qabul qilish” indeksi, “Logistika samaradorligi”indeksi, Jahon bankining Statistik salohiyat indeksi, Iqtisodiy erkinlik indeksi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash tizimi, Inson kamoloti indeksi, Huquq ustuvorligi indeksi, Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksi, Matbuot erkinligi indeksi (umumiy 13 ta). O‘zbekiston va jahon hamjamiyati
Oʻzbekistonning tinchliksevar tashqi siyosati va uning jahon hamjamiyati tomonidan tan olinishi. Oʻzbekistonning xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy-siyosiy aloqalarining yoʻlga qoʻyilishi. Oʻzbekiston Respublikasining BMTga aʼzo boʻlishi va jahon hamjamiyatidagi oʻziga xos oʻrni. Oʻzbekistonning MDHdagi oʻrni va mavqeining oshib borishi. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari. Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan istiqbolli hamkorliklari. Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi. Oʻzbekiston tashqi siyosatida Rossiya, AQSH, Xitoy mamlakatlarining oʻrni.
Oʻzbekistonning geosiyosiy va geoiqtisodiy oʻrni. Oʻzbekistonning mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasida olib borgan siyosati. Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalari, terrorizm, giyohvandlik va odam savdosiga qarshi kurashda Oʻzbekiston Respublikasining faolligi. Oʻzbekistonning SHHT bilan aloqalari. Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlari bilan yangi strategik sherikchilik shartnomalarining imzolanishi. Oʻzbekiston Respublikasining faol tashqi siyosatining yangi bosqichi. Oʻzbekistonning mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasida olib borgan siyosati. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash hamda chuqur oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlar.
Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini ta’minlash uchun muhim poydevor bo‘ldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.
Iqtisodiyotda ma’muriy-buyruqbozlikka asoslangan boshqaruv tizimidan mutlaqo voz kechilib, bozor islohotlari bosqichma-bosqich amalga oshirilgani va pul-kredit siyosati puxta o‘ylab olib borilgani makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyotning yuqori sur’atlar bilan o‘sishini, inflatsiyani prognoz ko‘rsatkichlari darajasida saqlab qolishni ta’minladi hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilishiga xizmat qildi.
Ayni vaqtda mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lining chuqur tahlili, bugungi kunda jahon bozori kon’yunkturasi keskin o‘zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib borayotgani davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarishni taqozo etmoqda.
Olib borilayotgan islohotlar samarasini yanada oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish hamda hayotning barcha sohalarini liberallashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida:
1. Aholi va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni har tomonlama o‘rganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish, shuningdek keng jamoatchilik muhokamasi natijasida ishlab chiqilgan hamda quyidagilarni nazarda tutadigan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Harakatlar strategiyasi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda parlamentning hamda siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilish, davlat xizmatining tashkiliy-huquqiy asoslarini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimini takomillashtirish, davlat xizmatlari sifati va samarasini oshirish, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini amalda tatbiq etish, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish;
qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishga yo‘naltirilgan sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash, ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va xo‘jalik qonunchiligini, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samarasini oshirish, sud jarayonida tortishuv tamoyilini to‘laqonli joriy etish, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash;
iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga yo‘naltirilgan makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish bo‘yicha institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirish, hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash orqali mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga xorijiy sarmoyalarni faol jalb etish;
ijtimoiy sohani rivojlantirishga yo‘naltirilgan aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoyasi va sog‘lig‘ini saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha maqsadli dasturlarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat, ilm-fan, adabiyot, san’at va sport sohalarini rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish;
xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishga yo‘naltirilgan davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya 2-ilovaga muvofiq;
Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar 3-7-ilovalarga muvofiq tuzilsin.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
Harakatlar strategiyasini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari faoliyatining birlamchi vazifasi va bosh ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi;
Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, yurtimizda yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.
4. 2017-yil O‘zbekiston Respublikasida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilingani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar zimmasiga Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish, shuningdek Harakatlar strategiyasini 2018-2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarini tayyorlash vazifasi yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar bilan birgalikda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyati muvofiqlashtirib borilishini, shuningdek uning joylarda ijro etilishi ustidan tizimli nazoratni ta’minlasin.
Belgilab qo‘yilsinki, Davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi umumlashtirilgan axborot Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalar tomonidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga taqdim etib boriladi.
6. Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul davlat organlari va tashkilotlar quyidagilarga alohida e’tibor qaratsin:
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali mexanizm va usullarini joriy etish, mansabdor shaxslarning aholi oldida hisobot berishi tizimini amalda tatbiq etish, shu asosda xalqning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda byurokratik to‘siq va g‘ovlar yaratilishiga, aholi bilan muloqot jarayonini kampaniyabozlikka aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikka;
Davlat dasturi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarning ochiqligi, ularda fuqarolar, barcha darajadagi davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nuroniylar, xotin-qizlar, yoshlar, ijodiy va ilmiy muassasalar vakillarining keng ishtirok etishiga.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat dasturida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli va o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, kelishilishi va kiritilishi ustidan monitoring qilish hamda uning natijalari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasiga har chorakda axborot berib borishni ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda, shuningdek O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda:
mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet tarmog‘ida keng sharhlab borilishini, uning demokratik islohotlarni chuqurlashtirishga, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga, shuningdek inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish, fuqarolarning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, jamiyatda qonun ustuvorligi, qonuniylik va adolat, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo va fuqarolararo totuvlikni qaror toptirish maqsadida davlat organlarining aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotini kuchaytirishga yo‘naltirilganini jamoatchilikka tushuntirilishini;
Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishi va natijalari to‘g‘risidagi xolis, to‘liq ma’lumot aholiga tezlik bilan yetkazilishini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha komissiyalarga rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy taraqqiyot tajribasini, zarur bo‘lganda, xalqaro, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlari vakillarini jalb qilgan holda, o‘rganishda ko‘maklashsin.
Mustaqillik yillarida mamlakatda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurishga, erkin bozor munosabatlariga va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirishga, xalq osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun shart-sharoitlar yaratishga, xalqaro maydonda O‘zbekistonning munosib o‘rin egallashiga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Bosib o‘tilgan yo‘l va orttirilgan tajribani xolisona baholashdan, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni tahlil qilishdan hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda, oldimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning muhim ustuvorliklarini hamda aniq marralarini belgilash vazifasi turgan edi.
Mazkur vazifani amalga oshirish yo‘lida aholining keng qatlamlari, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari, davlat organlarining rahbarlari va mutaxassislari bilan amaliy suhbat hamda muhokamalar olib borildi, shuningdek amaldagi qonun hujjatlari, milliy va xalqaro tashkilotlarning axborot-tahliliy materiallari, ma’ruzalari, tavsiyalari va sharhlari o‘rganildi, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi.
Kelib tushgan takliflarni jamlash, chuqur o‘rganish hamda umumlashtirish asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni loyihasi ishlab chiqilib, u bilan:
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi (keyingi o‘rinlarda – Harakatlar strategiyasi);
Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda – Davlat dasturi) tasdiqlandi.
Loyihalarni tayyorlash davomida aholining keng qatlamlari orasida qizg‘in muhokamalar olib borildi. Loyihalar muhokama uchun turli axborot maydonlariga joylashtirildi, ularning natijasida ko‘plab taklif va mulohazalar kelib tushdi. Fuqarolar siyosiy-huquqiy borada yuksak faollik ko‘rsatib, olib borilayotgan islohotlarga alohida qiziqish va daxldorlikni namoyon qildilar.
Xususan, loyihalarning “Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi” portalida yo‘lga qo‘yilgan jamoatchilik muhokamasi natijalari bo‘yicha 1 310 ta taklif va mulohaza kelib tushib, ular asosida Davlat dasturining 41 ta bandi qayta ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, 2017-yil 23-27-yanvar kunlari Toshkent shahrida media-haftalik va xalqaro davra suhbati tashkil etilib, ularda 1 300 dan ortiq mutaxassis va ekspert, jamoatchilikning, ommaviy axborot vositalarining, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning, shuningdek O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yirik xorijiy investorlarning vakillari ishtirok etishdi.
Harakatlar strategiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan saylovoldi jarayoni, jamoatchilik, ishbilarmon doiralar vakillari hamda davlat organlari bilan uchrashuvlar chog‘ida bildirilgan mamlakatni ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar rivojlantirishning konseptual masalalari kiritildi.
Harakatlar strategiyasining maqsadi olib borilayotgan islohotlar samaradorligini tubdan oshirishdan, davlat va jamiyatning har tomonlama va jadal rivojlanishini ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishdan, mamlakatni modernizatsiyalash va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirishdan iboratdir.
Xususan, mamlakatni rivojlantirishning quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalishi belgilangan:
1. Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish;
2. Qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish;
3. Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish;
4. Ijtimoiy sohani rivojlantirish;
5. Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish.
Mazkur yo‘nalishlarning har biri mamlakatdagi islohotlarni va yangilanishlarni yanada chuqurlashtirishga oid aniq bo‘limlardan iborat.
Harakatlar strategiyasini besh bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda, bunda yillarga beriladigan nomlarga muvofiq har yili uni amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi tasdiqlanadi.
Davlat dasturining “Davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish” deb nomlangan birinchi yo‘nalishini amalga oshirishda davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini kuchaytirish, qonun ijodkorligi faoliyatining sifatini tubdan yaxshilash, davlatning hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Davlat boshqaruvini takomillashtirish, eng avvalo davlat xizmatini isloh qilish, iqtisodiyotda davlat boshqaruvini kamaytirish, davlat va xususiy sektorlarning o‘zaro foydali hamkorligining zamonaviy shakllarini, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xalq bilan samarali muloqotni ta’minlash Davlat dasturining eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri bo‘ldi. Shu munosabat bilan jamoatchilik nazoratini takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish, shuningdek mahallaning jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Davlat dasturining ikkinchi yo‘nalishi qonun ustuvorligini va sudning chinakam mustaqilligini ta’minlash chora-tadbirlarini nazarda tutadi. Jumladan, qarorlar qabul qilishda sudlar mustaqilligini ta’minlashi kerak bo‘lgan Oliy sud kengashini tuzish, professional sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Ma’muriy sudlarni, xo‘jalik sudlari tizimida mintaqaviy apellatsiya sudlarini tuzish, sudya yordamchisi lavozimini ta’sis etish orqali sudlarni kelgusida ixtisoslashtirish va ularning devonini mustahkamlash nazarda tutilmoqda.
Sansalorlikka va ishlarning ko‘rib chiqilishi sudlar tomonidan asossiz cho‘zib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida protsessual qonun hujjatlarini takomillashtirish, quyi instansiya sudlarining kamchiliklarini mustaqil bartaraf etish va uzil-kesil qaror qabul qilish yuzasidan yuqori sud instansiyalarining vakolatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Ushbu yo‘nalish doirasida barcha huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari, davlat hamda xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining xalq bilan bevosita muloqotini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlarini ro‘yobga chiqarish, aholi ularga erkin murojaat eta olishini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda erkinliklari buzilganligi to‘g‘risidagi murojaatlarning, xabarlarning o‘z vaqtida olinishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Huquqbuzarliklarning oldini olish tizimiga, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ichki ishlar organlarining faoliyatini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek ushbu yo‘nalish 2018-2021-yillarda jinoyat va jinoyat-protsessual qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish konsepsiyasini ishlab chiqishni, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari xodimlarini o‘qitish, tanlash va joy-joyiga qo‘yish tizimini takomillashtirishni, murojaatlarni muntazam tahlil qilishni hamda vaqti-vaqti bilan uning natijalarini e’lon qilib borishni, advokaturani rivojlantirishni, notariat tizimini va FHDYo organlarini isloh qilishni ham o‘z ichiga oladi.
“Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” deb nomlangan uchinchi yo‘nalishda ko‘rsatilgan chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish uchun milliy valyuta va narxlarning barqarorligini ta’minlash, valyutani tartibga solishning zamonaviy bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish, mahalliy byudjetlarning daromad bazasini kengaytirish, tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportga mo‘ljallangan mahsulot va materiallar ishlab chiqarish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, transport-logistika infratuzilmasini, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda xorijiy investorlar uchun investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, soliq ma’murchiligini yaxshilash, bank faoliyatini tartibga solishning zamonaviy prinsiplari va mexanizmlarini joriy etish, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, shuningdek turizm industriyasini jadal rivojlantirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek ushbu yo‘nalish xususiy mulkni, moliya bozorini himoya qilish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiyalash, zargarlik sohasini rivojlantirish, ayrim milliy korxonalarning aksiyalarini (IPO) nufuzli xorijiy fond birjalariga dastlabki tarzda joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rish chora-tadbirlarini ham o‘z ichiga oladi.
2017-2021-yillarda umumiy qiymati 40 milliard AQSh dollari miqdoridagi 649 ta investitsiya loyihasini nazarda tutuvchi tarmoq dasturlarini ro‘yobga chiqarish rejalashtirilmoqda. Natijada keyingi 5-yilda sanoat mahsulotini ishlab chiqarish 1,5 baravar, uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33,6 foizdan 36 foizgacha, qayta ishlash tarmog‘i ulushi 80 foizdan 85 foizgacha oshadi.
“Ijtimoiy sohani rivojlantirish” deb nomlangan to‘rtinchi yo‘nalish aholi bandligini oshirish, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va ularning salomatligini saqlash, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va modernizatsiyalash, aholini elektr energiya, gaz bilan ta’minlashni yaxshilash, aholining muhtoj qatlamlariga ko‘rsatiladigan ijtimoiy yordam sifatini oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi maqomini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish, maktabgacha ta’lim muassasalarining qulayligini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus va oliy ta’lim sifatini yaxshilash hamda ularni rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Xususan, hududlarni har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha qariyb 25 mingta investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarish hisobiga 256,4 ming ish o‘rni tashkil etish orqali aholini ish bilan ta’minlash dasturlarini to‘liq ijro etish nazarda tutilgan. Ishsizlik darajasi eng yuqori bo‘lgan mintaqalarda 46,8 ming yangi ish o‘rni tashkil etish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun ta’lim muassasalarining 10 ming nafar bitiruvchisiga kreditlar ajratish rejalashtirilmoqda.
Katta yoshli avlodni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy nafaqalar berish tartibini takomillashtirish, sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish chora-tadbirlari kiritilgan. Jumladan, 78 ta tuman tibbiyot birlashmasini, 7 ta shahar va 2 ta viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qayta qurish, tez tibbiy yordam xizmatini 1200 ta maxsus avtotransport bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda.
Qishloq joylarda 15 mingta arzon uy-joy, 415 kilometrlik suv ta’minoti quvurlari, 316 kilometrlik gaz ta’minoti quvurlari va 291 kilometrlik ichki yo‘llar qurish rejalashtirilgan. Aholiga transport xizmatlari ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida 86 ta yangi avtobus yo‘nalishini joriy etish va 537 ta zamonaviy avtobus xarid qilish nazarda tutilmoqda.
“Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish” deb nomlangan beshinchi yo‘nalish doirasida respublikaning konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini himoya qilishga doir chora-tadbirlarni ro‘yobga chiqarish, kiberxavfsizlik sohasida axborot, normativ-huquqiy asoslar tizimini takomillashtirish, aholini favqulodda vaziyatlardan xabardor qilish tizimini tashkil etish va rivojlantirish, Orol fojiasining oqibatlarini yumshatish, shuningdek Millatlararo munosabatlar sohasidagi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari konsepsiyasini hamda Diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy hamkorlar bilan siyosiy-diplomatik sohadagi hamkorlikni rivojlantirishga doir “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan 2017-yilga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik va moliyaviy-texnik hamkorligini tubdan rivojlantirish va kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Davlat dasturining yuqorida qayd etilgan barcha chora-tadbirlarini amalga oshirishga 37,7 trillion so‘m va 8,3 milliard AQSh dollari yo‘naltiriladi.
Kelgusi besh yilda mamlakatni rivojlantirishning strategik va ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida Farmon asosida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tuzilmoqda.Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlar to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilish Harakatlar strategiyasi beshta yo‘nalishining har biri bo‘yicha tuzilgan komissiyalar zimmasiga yuklatilgan.
Ushbu komissiyalar zimmasiga nafaqat yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirish, balki 2018-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tegishli yillik davlat dasturlari loyihalarini tayyorlash ham yuklatilmoqda.
Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasining mamlakatni isloh qilish va modernizatsiyalash, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun ustuvorligini, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlat chegaralarining daxlsizligini, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yo‘lidagi shaxdam harakatlariga yangi kuch bag‘ishlaydi
Dostları ilə paylaş: |