Amensalizm – o‘zaro biotik munosabat turi bo‘lib, bu munosabatda
bir turning faoliyati ikkinchi turga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, salbiy ta’sir
ko‘rsatayotgan organizmning o‘zi esa bu munosabatdan foyda ham, zarar
ham ko‘rmaydi. Masalan, yorug‘sevar o‘t o‘simliklar baland daraxtlar
soyasida o‘sganda yorug‘lik yetishmasligi tufayli rivojlanishdan orqada
qoladi. Daraxtlarga esa bu «qo‘shnichilik»dan foyda ham, ziyon ham
yetmaydi. Mog‘or zamburug‘lari tashqi muhitga antibiotiklar ishlab chiqarib,
bakteriyalarning o‘sishini va ko‘payishini to‘xtatib qo‘yadi.
Yirtqichlilik («yirtqich – o‘lja») – turlararo o‘zaro biotik munosabat
turi bo‘lib, bir populatsiya individlari boshqa populatsiya individlari uchun
oziq vazifasini o‘taydi.
«Yirtqich – o‘lja» munosabatlari bevosita oziq munosabatlari bo‘lib, o‘lja
tur uchun zararli, yirtqich tur uchun esa foydali hisoblanadi. Odatda boshqa
hayvonlar bilan oziqlanadigan hayvonlar yirtqichlar deb ataladi. O‘txo‘r
hayvonlar yirtqich deb hisoblanmasa-da, hayvon va o‘simlik orasidagi oziq
aloqalari «yirtqich – o‘lja» munosabatiga juda o‘xshash bo‘ladi.
Yirtqichlik munosabatlarining yana bir ko‘rinishi – kannibalizm (tur
ichidagi yirtqichlilik), ya’ni bir turga mansub organizmlarning bir-birlarini
yeb qo‘yishidir. Masalan, qoraqurtning urg‘ochilari urug‘langandan so‘ng
erkaklarini yeb qo‘ysa, balxash olabug‘a balig‘i o‘zining tuxumdan chiqqan
mayda baliqchalarini yeb qo‘yadi.
Yirtqichlar asosan kasal, nimjon individlarni qirib, populatsiyaning
genofondini tozalovchi sanitarlar vazifasini bajaradi, natijada populatsiyaning
sog‘lom, yashash muhitiga ko‘proq moslashgan individlari yashab qoladi,
populatsiyaning genofondi yaxshilanadi.
Tuproq tarkibida azotning kam bo‘lishi, tuproq yuzasi doimo suv bilan
yuvib turiladigan joylarda o‘sadigan o‘simliklarning azotga bo‘lgan ehtiyoji
evolutsiya jarayonida muayyan o‘zgarishlar keltirib chiqargan. O‘simliklarda
hasharotlarni tutish uchun moslamalar shakllanishi natijasida hasharotxo‘r
o‘simliklar kelib chiqqan.