1. Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jinoiy qonunchilik]



Yüklə 58,56 Kb.
tarix22.05.2023
ölçüsü58,56 Kb.
#119649
13 20.04.2021




[OKOZ:

1.16.00.00.00 Xavfsizlik va huquq tartibot muhofazasi / 16.11.00.00 Jinoyat qonunchiligi / 16.11.03.00 Jazo va uning tayinlanishi. Jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilish;

2.17.00.00.00 Odil sudlov / 17.02.00.00 Sud tizimi / 17.02.20.00 Sud amaliyoti va statistikasi]

[TSZ:

1.Odil sudlov. Huquq-tartibotni muhofaza qilish. Adliya / Jinoiy qonunchilik]

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilganligi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan hamda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga asoslanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, jinoyat ishlarini apellatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish sud protsessi ishtirokchilarining qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari ustidan shikoyat berishga bo‘lgan huquqini kafolatlovchi muhim huquqiy institut hisoblanadi.
2. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (bundan buyon matnda JPK deb yuritiladi) 4972-moddasiga muvofiq, apellatsiya tartibida ish yuritish mahkum, oqlangan shaxs, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili, fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar, ular vakillarining shikoyati, shuningdek, prokuror va uning o‘rinbosari protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi.
Apellatsiya tartibida ish yuritish JPK 4972-moddasi to‘rtinchi qismiga muvofiq, hukmning o‘z huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga daxldor qismi ustidan shikoyat berish huquqiga ega boshqa shaxslar tomonidan ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Ular jumlasiga qonunda belgilangan tartibda protsessning u yoki bu ishtirokchisi sifatida e’tirof etilmagan, biroq o‘zining haqiqiy holatiga ko‘ra, sud himoyasiga muhtoj bo‘lgan shaxslar (garov beruvchi, mulki xatlangan shaxs va boshqalar) kiradi.
Shu munosabat bilan birinchi instansiya sudi shikoyat (protest)ni qabul qilish paytida apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxsning bunday huquqqa egaligini tekshirishi shart.
3. Qonunga ko‘ra, apellatsiya shikoyati (protesti) hukm chiqargan sud orqali beriladi.
Birinchi instansiya sudi hukmi ustidan apellatsiya shikoyati (protesti) hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa, ularga hukm nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shunday muddat ichida beriladi.
Bevosita apellatsiya instansiyasi sudiga berilgan shikoyat (protest) JPK 4976-moddasi talablarini bajarish uchun hukm chiqargan sudga yuborilishi kerak.
Har bir apellatsiya shikoyati (protesti) kelib tushgan sanasi ko‘rsatilgan holda ro‘yxatga olinishi shart.
4. Apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddatini tiklash to‘g‘risidagi iltimosnoma sud tomonidan JPK 4975-moddasi birinchi qismiga muvofiq, ko‘rib chiqiladi va bu haqda ajrim chiqariladi.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan JPK 49711-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, yigirma kun ichida xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin.
O‘tkazib yuborilgan muddatni tiklashni rad etish to‘g‘risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat (protest) berilganda, apellatsiya instansiyasi sudi xususiy shikoyatni (protestni) asosli deb topsa, birinchi instansiya sudining ajrimini bekor qilib, o‘tkazib yuborilgan muddatni tiklaydi va ishni apellatsiya shikoyati, protesti (xususiy shikoyat yoki xususiy protest) bo‘yicha mazmunan ko‘radi. Bunda ko‘rsatilgan muddatni tiklash to‘g‘risidagi ajrim e’lon qilingandan so‘ng apellatsiya instansiyasi sudining majlisi JPK 4976-moddasi ikkinchi qismi talablarini bajarish uchun keyinga qoldiriladi.
5. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunda apellatsiya tartibida ish yuritish predmeti bo‘yicha muayyan istisnolar belgilangan.
Jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan sud muhokamasi chog‘ida chiqarilgan va dalillarni tekshirish tartibiga, protsess ishtirokchilarining iltimosnomalariga, ehtiyot chorasini tanlash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga, shuningdek, sud majlisi zalida tartib saqlashga oid ajrimlar ustidan shikoyat (protest) berilishi mumkin emas. Ushbu ajrimlar bo‘yicha e’tirozlar apellatsiya shikoyati (protesti)ga kiritilishi mumkin.
Hukm chiqarilgandan so‘ng qabul qilingan amnistiya aktini tatbiq etish, tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalalari yuzasidan, shuningdek, mahkumga nisbatan ijro etilmagan bir necha hukm mavjud bo‘lib, keyingi hukmni chiqargan sud bundan bexabar bo‘lgan va h.k. hollarda berilgan shikoyat (protest), agar unda ayni bir paytda jinoyat ishining mazmuni yoki hukm (ajrim)ning qonuniyligi va asosliligi bo‘yicha boshqa masalalar qo‘yilgan bo‘lmasa, apellatsiya tartibida alohida ko‘rilmaydi. Bu masalalar birinchi instansiya sudi tomonidan JPK 540-moddasi va 541-moddasi birinchi qismi qoidalariga muvofiq hal etiladi. Bunday masalalar yuzasidan chiqarilgan sud ajrimi ustidan umumiy asoslarda xususiy shikoyat (xususiy protest) berilishi mumkin.
6. JPK 4978-moddasida apellatsiya shikoyati (protesti)ning mazmuni yuzasidan muayyan talablar belgilanganligi tufayli, birinchi instansiya sudi shikoyat (protest) beruvchi shaxs tomonidan ularga rioya etilganligini tekshirishi shart.
Agar shikoyat (protest)ning mazmuni qonun talablariga javob bermasa va bu keyinchalik ishni mazmunan ko‘rishga to‘sqinlik qilsa, sudya uch kunlik muddat ichida ajrim bilan uni bergan shaxsga qaytaradi. Bunday holda shikoyat (protest) qayta rasmiylashtirish uchun JPK 4977-moddasida belgilangan doirada muddat belgilanadi. Mazkur muddat shikoyat (protest)ni uni bergan shaxsga qaytarish to‘g‘risidagi ajrim topshirilgan kundan boshlab hisoblanadi.
Shikoyat (protest), jumladan, unda quyidagilar bo‘lmasa qaytarilishi mumkin, ya’ni:
1) shikoyat (protest) yo‘llanayotgan sudning nomi;
2) shikoyat bergan shaxs, uning protsessual mavqeyi, yashash joyi yoki turish manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
Oldingi tahrirga qarang.
3) hukmni chiqargan sudning nomi, sud ishining raqami, hukm chiqarilgan sana, shikoyat berilayotgan va protest bildirilayotgan hukm kimga nisbatan chiqarilgan bo‘lsa, shu shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
(6-bandning uchinchi xatboshisi 3-kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
4) shikoyat (protest) bergan shaxsning vajlari, uning fikriga ko‘ra, hukm yoki boshqa qarorning noto‘g‘riligi nimadan iborat ekanligi hamda iltimosining mohiyati;
5) shikoyat (protest) bergan shaxs o‘z talablarini asoslayotgan, shu jumladan, birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilmagan dalillar;
6) yangidan taqdim etilayotgan dalillar va ularning birinchi instansiya sudiga taqdim etilmaganligi sabablari;
7) shikoyatga (protestga) ilova qilinayotgan materiallar ro‘yxati;
8) shikoyat (protest) berilgan sana hamda shikoyat (protest) berayotgan shaxsning imzosi.
Agar shikoyat (protest) bergan shaxs sud tomonidan belgilangan muddatda ajrimda ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etsa, shikoyat (protest) sudga dastlab taqdim etilgan kundan boshlab berilgan hisoblanadi. Sud ko‘rsatmalaridan biri bajarilmagan holda shikoyat (protest) berilmagan hisoblanadi.
7. Sudlar shuni nazarda tutishi lozimki, qonun apellatsiya shikoyati berish huquqini amalga oshirish muddatini mahkum, oqlangan shaxs va jabrlanuvchiga hukm nusxasini topshirish fakti bilan bog‘laydi. Shu munosabat bilan ishdagi materiallar (masalan, sud majlisi bayonnomasi) bilan tanishgandan so‘ng “asosiy” shikoyat (protest) taqdim etilishini ko‘rsatib, “dastlabki” apellatsiya shikoyati (protesti) berilishi qonunda nazarda tutilmagan.
8. Jinoyat protsessi ishtirokchisining o‘z shikoyati (protesti)ga o‘zgartirish kiritish huquqi apellatsiya instansiyasi sudi majlisi boshlangunga qadar amalga oshirilishi mumkin. Biroq, JPK 4979-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, apellatsiya shikoyati (protesti) vajlarini mahkumning ahvolini og‘irlashtiradigan tomonga faqat sud qarori ustidan shikoyat (protest) berish uchun belgilangan muddatda o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
JPK 4974-moddasida belgilangan muddatlar o‘tgandan so‘ng berilgan, mahkumning ahvolini og‘irlashtirishga qaratilgan talablar apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘rib chiqilmaydi, shu jumladan, o‘tkazib yuborilgan apellatsiya shikoyati (protesti) berish muddati tiklangandan so‘ng berilgan bunday talablar.
9. JPK 49710-moddasiga muvofiq, apellatsiya shikoyati (protesti) bergan shaxs o‘z shikoyati (protesti)ni, mahkum esa, himoyachisi bergan shikoyatni ham qaytarib olish huquqiga ega. Protestni qaytarib olish huquqi yuqori turuvchi prokurorga ham tegishli.
Qonun mazmuniga ko‘ra, apellatsiya shikoyati (protesti) apellatsiya instansiyasi sudi maslahatxonaga kirgunga qadar qaytarib olinishi mumkin.
Apellatsiya shikoyati (protesti)ning qaytarib olinishi, agar ish bo‘yicha boshqa protsess ishtirokchilari tomonidan berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘lmasa, apellatsiya tartibida ish yuritish tugatilishiga olib keladi. Bunday holda sud apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olgan shaxsga nisbatan apellatsiya tartibida ish yuritishni tugatadi va boshqa shaxslarga nisbatan davom ettiradi.
Sud apellatsiya tartibida ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi masalani hal qilgunga qadar apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarib olayotgan shaxsga apellatsiya tartibida ish yuritish tugatilishi apellatsiya shikoyati (protesti) bilan takroran murojaat qilishga to‘sqinlik qilishini tushuntirishi shart.
10. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, JPK 4977-moddasi ikkinchi qismi talablarining bajarilishi protsess ishtirokchilari huquqlarining ta’minlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Shu munosabat bilan apellatsiya instansiyasi sudi ishni sud majlisida ko‘rishga tayyorlash paytida quyidagilarni tekshirishi shart:
mahkum (oqlangan shaxs)ga, jabrlanuvchiga birinchi instansiya sudi qarorlari nusxasining topshirilganligini;
protsess ishtirokchilariga apellatsiya shikoyati (protesti), shuningdek, qo‘shimcha materiallar kelib tushganligi to‘g‘risida xabar berilganligini;
apellatsiya shikoyati (protesti) bilan protsess ishtirokchilari tanishtirilganligi hamda ularga ushbu hujjatlar nusxasi topshirilganligini;
jinoyat ishi apellatsiya instansiyasi sudiga yuborilganligi to‘g‘risida JPK 4972-moddasida ko‘rsatilgan shaxslar xabardor qilinganligini.
Apellatsiya instansiyasi sudi sud qarorining ishda taraf bo‘lmagan shaxs huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi yuzasidan apellatsiya shikoyati (protesti) bilan kelib tushgan ishni ko‘rishga tayyorlash paytida quyidagilarni tekshirishi shart:
unga sud qarori nusxasi topshirilganligini;
unga shikoyat (protest) berilganligi to‘g‘risida xabar berilganligini;
kelib tushgan shikoyat (protest) nusxasi unga berilganligini;
unga apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etish huquqi tushuntirilganligini;
jinoyat ishi apellatsiya instansiyasi sudiga yuborilganligi to‘g‘risida unga xabar qilinganligini.
Ushbu talablar bajarilmaganligi aniqlangan va ularni o‘zi amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi ishni qayta rasmiylashtirish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga haqli. Birinchi instansiya sudi tomonidan ishni qayta rasmiylashtirish JPK 4977-moddasida nazarda tutilgan muddatlarda amalga oshirilishi lozim.
11. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqda yoki uy qamog‘ida saqlanayotgan va apellatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish istagini bildirgan mahkumning unda ishtirok etishini ta’minlash ushbu sudning majburiyati hisoblanadi. Shuning uchun jinoyat ishi kelib tushganidan keyin mahkum apellatsiya instansiyasi sudida ishtirok etish istagini bildirgan yoki bildirmaganligini aniqlash va natijasiga qarab, uni sud majlisiga olib kelish bo‘yicha choralar ko‘rish yoki videokonferensaloqa tizimidan foydalanish orqali sud majlisida ishtirok etishi huquqini ta’minlash lozim.
Qo‘llanilgan ehtiyot chorasi turidan qat’iy nazar, mahkumning apellatsiya instansiyasi sudi majlisida qatnashish huquqidan mahrum etilishi jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi deb baholanadi va apellatsiya instansiyasi sudi ajrimi yoki hukmining bekor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
12. JPK 49716-moddasi birinchi qismida apellatsiya sudi majlisida ishtirok etishi shart bo‘lgan taraflar nazarda tutilgan. Shu sababli apellatsiya instansiyasi sudi har bir ish bo‘yicha ularni sud majlisi joyi, sanasi va vaqti to‘g‘risida oldindan xabardor etish choralarini ko‘rishi shart.
Prokuror yoki himoyachi sud majlisiga kelmay qolgan taqdirda jinoyat ishini ko‘rib chiqish keyinga qoldiriladi.
13. Apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etish huquqiga ega jinoyat protsessi ishtirokchilari doirasi qonunda belgilangan (JPK 49715-moddasi birinchi qismi 2-bandi).
Apellatsiya instansiyasi sudida ishning ko‘rilish joyi, sanasi va vaqti to‘g‘risida tegishli ravishda xabardor etilgan shaxslarning sud majlisiga kelmasligi jinoyat ishini ko‘rish uchun to‘sqinlik qilmaydi, sud majlisida ishtirok etishi shart bo‘lgan shaxslar bundan mustasno.
14. Apellatsiya instansiyasi sudi xolislik va beg‘arazlikni saqlagan holda taraflarga o‘z protsessual huquq va majburiyatlarini amalga oshirishi uchun zarur sharoit yaratib berishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
JPK 49717-moddasi birinchi qismiga muvofiq, apellatsiya instansiyasi sudida jinoyat ishi birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha, JPK 552-bobida nazarda tutilgan qoidalar inobatga olingan holda, ko‘riladi.
(14-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qarori tahririda)
15. JPK 49725-moddasiga muvofiq, sud jinoyat ishini apellatsiya tartibida ko‘rishda apellatsiya shikoyati, protesti vajlari bilan chegaralanmasdan, sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini barcha mahkumlarga, shu jumladan, apellatsiya shikoyati bermagan shaxslarga yoki o‘ziga nisbatan shikoyat, protest berilmagan mahkumlarga nisbatan ham to‘la hajmda tekshiradi. Biroq, agar bu mahkum (oqlangan shaxs) ahvolining og‘irlashuviga olib kelsa, prokuror protesti yoki jabrlanuvchining, uning vakilining shikoyati bo‘lmagan hollarda, sud shikoyat (protest)da keltirilgan vajlar doirasidan chetga chiqishga, shuningdek, apellatsiya shikoyati bermagan mahkumlar (oqlangan shaxslar)ga nisbatan ishni ko‘rishga haqli emas (JPK 49729-moddasi ikkinchi va uchinchi qismlari).
Agar birinchi instansiya sudi tomonidan sud tergovining to‘liq emasligiga yoki bir yoqlamaligiga yoxud protsessual buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, apellatsiya instansiyasi sudi to‘liq yoki qisman sud tergovini o‘tkazish yo‘li bilan bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish, protsessual buzilishlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Shu maqsadda apellatsiya instansiyasi sudi ish holatlari to‘la, har tomonlama va xolisona tekshirib chiqilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan, JPK 49725-moddasi uchinchi qismi 1 — 7-bandlarida nazarda tutilgan harakatlarni bajarishga haqli.
Apellatsiya instansiyasi sudi taraflarning iltimosnomalarini (yangi guvohlarni so‘roq qilish, ekspertizalar o‘tkazish, ashyoviy dalillar va hujjatlarni talab qilib olish va boshqalar haqida), ular birinchi instansiya sudi tomonidan rad etilganligi sababligina, rad etishga haqli emas. Zarur hollarda sud qo‘shimcha dalillarni talab qilib olishda tashabbus ko‘rsatishi lozim.
JPK 49725-moddasiga muvofiq, qo‘shimcha materiallar sud tomonidan tergov organlariga muayyan tergov harakatlarini o‘tkazish to‘g‘risida topshiriq berish yo‘li bilan ham olinishi mumkin. Bu haqda apellatsiya instansiyasi sudi ajrim chiqaradi, ishning muhokamasi esa keyinga qoldiriladi.
Apellatsiya instansiyasi sudi qaror qabul qilish chog‘ida birinchi instansiya sudi tomonidan tekshirilgan dalillarni ham, apellatsiya instansiyasi sudiga taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki u tomonidan talab qilib olingan va tekshirib chiqilgan yangi dalillarni ham e’tiborga oladi.
16. Apellatsiya shikoyatida (protestida) protsess ishtirokchilarining sud majlisi bayonnomasida qayd etilgan ko‘rsatuvlari ularning birinchi instansiya sudida aslida bergan ko‘rsatuvlariga mos emasligi to‘g‘risida keltirilgan vajlar bu shaxslarni apellatsiya instansiyasi sudi majlisida so‘roq qilish yo‘li bilan tekshirilishi mumkin.
17. Apellatsiya instansiyasi sudida taraflar muzokaralari JPK 449-moddasi qoidalariga muvofiq o‘tkaziladi, biroq bunda shikoyat (protest) bergan shaxs birinchi bo‘lib so‘zga chiqadi.
Ish bo‘yicha bir necha apellatsiya shikoyati (protesti) mavjud bo‘lganda, birinchi bo‘lib ayblov tarafiga tegishli protsess ishtirokchilari so‘zga chiqadi.
18. Qonunga ko‘ra, apellatsiya instansiyasi sudi majlisida ishtirok etayotgan mahkumga oxirgi so‘z berilmasligi jinoyat-protsessual qonunining jiddiy buzilishi sanaladi va apellatsiya hukmi yoki ajrimining bekor bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
19. JPK 49729-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, apellatsiya instansiyasi sudi jazoni kuchaytirishga, shuningdek, unga e’lon qilingan ayblov doirasida og‘irroq jinoyatga doir qonunni qo‘llashga faqat shu asoslarga ko‘ra jabrlanuvchi yoki uning vakili tomonidan shikoyat berilgan yoxud prokuror tomonidan protest bildirilgan hollardagina haqli.
Apellatsiya instansiyasi sudi faqat prokuror tomonidan protest bildirilgan, jabrlanuvchi yoki uning qonuniy vakili tomonidan shikoyat berilgan hollardagina oqlov hukmini bekor qilib, ayblov hukmi chiqarishga haqli.
Agar ishni ko‘rish vaqtida sudlanuvchining unga ilgari ayblov qo‘yilmagan jinoyatni sodir etganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, apellatsiya instansiyasi sudi yangi ayblov bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qiladi (JPK 416-moddasi birinchi qismi).
Agar ishni ko‘rish vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlansa, apellatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi masalani hal qilish uchun tegishli materiallarni ilova qilgan holda bu haqda prokurorga xabar qiladi (JPK 417-moddasi birinchi qismi).
Agar jinoyat ishini apellatsiya tartibida ko‘rish chog‘ida JPK 416-moddasi ikkinchi — beshinchi qismlarida, JPK 417-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlar aniqlansa, sud prokurorning, jabrlanuvchining, uning vakilining, mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining iltimosnomasiga ko‘ra, sudlanuvchini yangi ayblov bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish yoki boshqa shaxsni ish bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etish to‘g‘risidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqida ajrim chiqaradi va uning ijrosini ayblov dalolatnomasi yoki ayblov xulosasini tasdiqlagan prokurorga ijro muddatini bir oygacha doirada ko‘rsatgan holda topshiradi. Bunda ko‘rilayotgan jinoyat ishi sudning ish yurituvida qoladi.
Bunday iltimosnoma kiritilmagan, sudning ajrimi JPK 416, 417-moddalarida belgilangan muddatda bajarilmagan, prokurorning ayblovga qo‘shimcha kiritish yoki yangi shaxsni ishda ayblanuvchi sifatida ishtirok etish uchun jalb etish mumkin emasligi to‘g‘risidagi xulosasi kelib tushgan holda, apellatsiya instansiyasi sudi sud muhokamasini e’lon qilingan ayblov doirasida va jinoyat ishida mavjud bo‘lgan dalillar asosida davom ettiradi.
Mahkumga yangi ayblovning qo‘yilishi yoki yangi shaxs ayblanuvchi sifatida ishda ishtirok etish uchun jalb etilishi apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan ayblov hukmi bekor qilinishiga va ish birinchi instansiya sudiga yangidan ko‘rish uchun yuborilishiga asos bo‘ladi.
20. Qandaydir sababga ko‘ra, ayrim mahkumlarga nisbatan qonunda belgilangan muddatda berilgan apellatsiya shikoyati (protesti) boshqa mahkumlarga nisbatan ish ko‘rilgandan so‘ng kelib tushsa yoki o‘tkazib yuborilgan muddat JPK 4975-moddasi tartibida tiklansa yoxud mahkumning, uning himoyachisining yoki qonuniy vakilining apellatsiya shikoyati shu mahkumga nisbatan protsessning boshqa ishtirokchisi tomonidan berilgan shikoyat (protest) ko‘rilgandan so‘ng kelib tushsa, apellatsiya instansiyasi sudi JPK 49735-moddasida belgilangan qoidalarga rioya qilishi kerak.
21. Apellatsiya instansiyasi sudi, agar chiqarilgan hukm JPK 455-moddasi talablariga muvofiq ekanligini aniqlasa, uni o‘zgarishsiz qoldiradi.
Hukmni o‘zgarishsiz qoldirganda apellatsiya instansiyasi sudi quyidagilarga haqli:
JPK 533-moddasi birinchi qismi 3-bandida ko‘rsatilgan asos mavjud bo‘lganda, hukmning ijrosini kechiktirishga;
amnistiya aktini qo‘llashga.
22. JPK 49719-moddasida hukm bekor qilinishi va o‘zgartirilishi uchun bir xil asoslar belgilangan bo‘lib, apellatsiya instansiyasi sudi, ishning muayyan holatlaridan kelib chiqqan holda, bu asoslarni u yoki bu tarzda qo‘llashi mumkin.
Hukm quyidagi hollarda o‘zgartirilishi shart, agar:
sud tergovi to‘liq bo‘lmasa yoki bir yoqlama olib borilgan bo‘lib, biroq yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar to‘ldirilganidan so‘ng apellatsiya instansiyasi sudi jinoyat kvalifikatsiyasini o‘zgartirish zarurligi haqida xulosaga kelsa;
hukmda bayon qilingan sud xulosalari ishning haqiqiy holatlariga muvofiq bo‘lmay, biroq apellatsiya instansiyasi sudi ularga mahkumning ahvolini og‘irlashtirmagan holda tegishli baho bera olsa;
ish bo‘yicha JPK normalari buzilgan bo‘lib, biroq ularning apellatsiya instansiyasida bartaraf etilishi hukmni bekor qilishni talab etmasa;
sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi (bundan buyon matnda JK deb yuritiladi) normalari noto‘g‘ri qo‘llanilgan bo‘lib, biroq apellatsiya instansiyasi sudi bu xatoni mahkumning ahvolini og‘irlashtirmagan holda tuzatishi mumkin bo‘lsa;
apellatsiya instansiyasi sudi tayinlangan jazo yengillashtirilishi lozim deb hisoblasa.
23. Apellatsiya instansiyasi sudi hukmni o‘zgartirish uchun asoslar mavjud bo‘lganda quyidagilarga haqli:
qilmishni JK boshqa moddasiga (bir necha moddalariga) qayta kvalifikatsiya qilishga;
hukmdan ayblovning bir qismini (ayrim epizodlarini) yoki mahkumning javobgarligini og‘irlashtiruvchi belgilarni chiqarishga;
hukmdan jinoyatlarning ideal majmui tariqasida qilmishni noto‘g‘ri baholash tufayli ortiqcha e’lon qilingan JK moddasini chiqarishga;
JK 70 — 72-moddalarida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, mahkumni jazodan ozod qilishga;
jazo miqdorini o‘zgartirishga va JK Maxsus qismi moddasi sanksiyasi doirasida boshqa yengilroq yoxud JK 57-moddasini qo‘llagan holda jazo tayinlashga;
mahkumning ahvolini og‘irlashtirmagan holda JK 59 yoki 60-moddasini qo‘llab, jazo miqdorini o‘zgartirishga;
jinoyat natijasida yetkazilgan zarar, shuningdek, ma’naviy ziyonning kompensatsiyasi miqdorini ko‘paytirish yoki kamaytirishga, shuningdek, ushbu masala birinchi instansiya sudi tomonidan hal etilmagan hollarda, bunday zararni qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishga;
mahkumni o‘ta xavfli retsidivist deb topishga yoki hukmdan uni o‘ta xavfli retsidivist deb topish haqidagi qarorni chiqarishga;
mahkumga nisbatan jazoni ijro etish koloniyasining boshqa, shu jumladan, qattiqroq turini belgilashga;
ashyoviy dalillar, protsessual chiqimlar to‘g‘risidagi masalalarni va boshqa masalalarni hal etishga.
24. Asosiy jazo yengillashtirilganda, shu jumladan, JK 57-moddasi qo‘llanilganda ham, apellatsiya instansiyasi sudi hukmning qo‘shimcha jazo tayinlash haqidagi qismini o‘zgarishsiz qoldirishi mumkin.
25. JPK 49729-moddasi birinchi va ikkinchi qismlari talablariga rioya etgan holda mahkumning qilmishini JK bir moddasidan ikki va undan ortiq moddalariga qayta kvalifikatsiya qilganda, apellatsiya instansiyasi sudi hukmga tegishli o‘zgartirishlar kiritishi va JK 59-moddasida belgilangan qoidalarga muvofiq jazo tayinlashga haqli.
Agar JK bir moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi shart bo‘lgan ikki yoki undan ortiq qilmish JK bir necha moddasi bilan noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan bo‘lsa, apellatsiya instansiyasi sudi ushbu qilmishlarni JK tegishli moddasiga qayta kvalifikatsiya qilib, shu modda bo‘yicha yangi jazo belgilashga haqli.
26. Birinchi instansiya sudi tomonidan jazolarni qoplash prinsipi (JK 59-moddasi ikkinchi qismi) noto‘g‘ri qo‘llanilganligi aniqlanganda, apellatsiya instansiyasi sudi jazolarni qo‘shish prinsipiga o‘tishi mumkin. Bunda yangi jazo hukm bo‘yicha tayinlangan uzil-kesil jazo miqdoridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
27. Boshqa epizodlar bilan umumiy kvalifikatsiya qilingan bir yoki bir necha epizod (masalan, bir necha marta pora olganlik) bo‘yicha ish holatlari to‘liq tekshirilmagan deb topilganda, agar yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni to‘ldirish uchun imkoniyat bo‘lmasa, apellatsiya instansiyasi sudi hukmni o‘zgartirib, ularni hukmdan chiqarishi lozim.
Agar mahkum JK turli moddalari bo‘yicha kvalifikatsiya qilingan bir necha jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan bo‘lsa, apellatsiya instansiyasi sudi hukmning bir yoki bir necha jinoyatga oid qismini o‘zgartirib, o‘sha mahkumga nisbatan hukmning qolgan qismini o‘zgarishsiz qoldirishi mumkin.
28. Jinoyat-protsessual qonuni normalarining hukm so‘zsiz bekor qilinishiga sabab bo‘ladigan darajada jiddiy buzilishi tushunchasi JPK 49722-moddasida ko‘rsatilgan. Bunday qonun buzilishini aniqlaganda, apellatsiya instansiyasi sudi jinoyat ishi kimning shikoyati (protesti)ga ko‘ra ko‘rilayotganligidan qat’iy nazar, yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi daxl etgan barcha mahkumlarga nisbatan hukmni bekor qilishi shart.
Shuni nazarda tutish lozimki, jinoyat-protsessual qonuni normalari jiddiy buzilganligining aniqlanishi apellatsiya instansiyasi sudini shikoyat, protestda keltirilgan boshqa vajlarni ham (ayblovning isbotlanganligi, kvalifikatsiyaning to‘g‘riligi, jazoning adolatliligi to‘g‘risida va h.k.) mazmunan ko‘rib chiqish va ular bo‘yicha ajrimda tegishli xulosa chiqarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Jinoyat ishi bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan jinoyat-protsessual qonuni jiddiy buzilishi hollari apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan hukm bekor qilinib, yangi hukm, shu jumladan, ayblov yoki oqlov hukmi chiqarilishiga yoki ishning JPK 84-moddasiga muvofiq tugatilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
29. Shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod etishni nazarda tutuvchi amnistiya aktiga zid ravishda yoki jinoiy javobgarlikka tortish muddati o‘tgandan so‘ng jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hollarda, hukm, garchi unda mahkum jazodan ozod qilingan bo‘lsa-da, bekor qilinib, ish tugatilishi kerak.
Agar apellatsiya instansiyasi sudi mahkumning harakatlarini JK boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilish kerakligi to‘g‘risida xulosaga kelsa va bu modda shaxsni jazodan ozod etishni nazarda tutuvchi yoki jazo qo‘llanilishini istisno etuvchi amnistiya akti ta’siri doirasiga tushsa, apellatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi qabul qilishi shart bo‘lgan qaror chiqarishi kerak. Mahkumning harakatlari JK boshqa moddasiga qayta kvalifikatsiya qilinib, bu modda bo‘yicha shaxs JPK 463-moddasi ikkinchi qismi 2-bandi hamda uchinchi qismi 2 va 5-bandlariga ko‘ra, jazodan ozod qilinishi lozim bo‘lgan yoki unga nisbatan jazo tayinlanishi istisno etilgan hollarda ham shunday qaror qabul qilinishi lozim.
30. Agar amnistiya akti birinchi instansiya sudi tomonidan qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan mahkumga nisbatan qo‘llanilgan bo‘lsa, apellatsiya instansiyasi sudi, jabrlanuvchi yoki uning vakilining shikoyati yoki prokuror protesti bo‘lgan taqdirda, hukmni bekor qiladi va yangi hukm chiqarish orqali amnistiya aktini qo‘llamagan holda yangi jazo tayinlaydi (JPK 49729-moddasi birinchi va ikkinchi qismlari). Agar apellatsiya instansiyasi sudi amnistiya akti qo‘llanilgan holda hukmda tayinlangan jazo amnistiya akti qo‘llanilmagan holda ham mahkum uchun yetarli deb topsa, u hukmdan amnistiya aktini qo‘llash haqidagi xulosa va qarorni chiqarib, hukmda amnistiya akti qo‘llanilgan holda tayinlangan jazoni qoldirishga haqli.
31. Apellatsiya instansiyasi sudi mahkumga nisbatan unga e’lon qilingan ayblov doirasida jabrlanuvchi, uning vakili shikoyatida yoki prokuror protestida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha jazoni kuchaytirish yoki og‘irroq jinoyatga oid qonunni qo‘llash lozimligi to‘g‘risida xulosaga kelsa, birinchi instansiya sudi hukmini bekor qiladi va yangi ayblov hukmi chiqaradi. Masalan, shikoyat (protest)da faqat mahkumning harakatlari noto‘g‘ri kvalifikatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sud hukmni jazoning yengilligi sababli bekor qilishga haqli emas.
O‘zga mahkumlar yoki ular himoyachilarining og‘irroq jinoyatga doir qonunni qo‘llash zarurligi yoki jazoning yengilligi to‘g‘risidagi shikoyatlari hukmni mahkumning ahvolini og‘irlashtiruvchi tomonga bekor qilish uchun sabab bo‘la olmaydi.
32. Apellatsiya instansiyasi sudi hukmni bekor qilish uchun asoslar mavjud bo‘lganda quyidagilarga haqli:
1) ayblov hukmini bekor qilish va oqlov hukmi chiqarishga;
2) ayblov hukmini bekor qilish va yangi ayblov hukmi chiqarishga;
3) oqlov hukmini bekor qilish va ayblov hukmi chiqarishga;
4) ayblov hukmini bekor qilish va jinoyat ishini tugatishga;
5) JPK 416-moddasi o‘n ikkinchi qismida yoki 417-moddasi yettinchi qismida nazarda tutilgan holatlar aniqlanganda, ayblov hukmini bekor qilish va ishni birinchi instansiya sudiga yuborishga.
Ushbu bandning 1 — 3-kichik bandlarida nazarda tutilgan hollarda apellatsiya instansiyasi sudi apellatsiya hukmini chiqaradi.
33. Jinoyat-protsessual qonuni mazmuniga ko‘ra, ishni xususiy shikoyat (protest) bo‘yicha ko‘rganda apellatsiya instansiyasi sudi quyidagilarga haqli:
1) birinchi instansiya sudi ajrimini o‘zgarishsiz, xususiy shikoyatni (protestni) esa, qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilish va ishni yangidan ko‘rish uchun yuborishga;
3) birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilish va ishni umumiy asoslarda dastlabki tergov o‘tkazish uchun prokurorga yuborishga;
4) birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilish va amnistiya aktini qo‘llashga;
5) birinchi instansiya sudi ajrimini bekor qilish va ishni tugatishga;
6) birinchi instansiya sudi xususiy ajrimini bekor qilishga;
7) birinchi instansiya sudi ajrimini o‘zgartirishga.
Apellatsiya instansiyasi sudining xususiy shikoyat (protest) bo‘yicha chiqargan ajrimi uzil-kesil hisoblanadi.
34. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, oqlov hukmining oqlov asoslariga doir qismi faqat oqlangan shaxs, uning himoyachisi, qonuniy vakilining shikoyatiga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin (JPK 49730-moddasi ikkinchi qismi).
Oqlov hukmi apellatsiya instansiyasi sudi tomonidan, faqat, shaxsning asossiz oqlanganligi to‘g‘risida jabrlanuvchi (uning vakili)ning shikoyati yoki prokurorning protesti bo‘lgan holda bekor qilinishi mumkin.
Ayrim oqlangan shaxslarga nisbatan shikoyat (protest) berilishi boshqa oqlangan shaxslarga nisbatan hukmning bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi uchun asos bo‘lmaydi.
35. Agar mahkum o‘zi yoki protsessning boshqa ishtirokchilari tomonidan apellatsiya shikoyati (protesti) berilgandan so‘ng, biroq ish apellatsiya instansiyasi sudida ko‘rilgunga qadar vafot etsa, ish yuritish umumiy asoslarda davom ettiriladi.
Marhumni reabilitatsiya qilish uchun asoslar bo‘lgan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi ayblov hukmini bekor qilib, oqlov hukmi chiqaradi, boshqa hollarda esa, hukmni bekor qilib, ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishini JPK 84-moddasi birinchi qismi 3-bandiga muvofiq tugatadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Agar marhumning yaqin qarindoshlaridan birortasi jinoyat ishi JPK 84-moddasi birinchi qismi 3-bandiga asosan tugatilishiga e’tiroz bildirsa, jinoyat ishini yuritish umumiy tartibda olib boriladi.
(35-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi 9-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Ish tugatilganda ashyoviy dalillar taqdiri haqidagi masala JPK 211-moddasiga muvofiq, ularning tegishliligi to‘g‘risida nizo kelib chiqqanda esa — fuqarolik ish yurituv tartibida ko‘rilishi mumkin. Marhumning harakatlari bilan yetkazilgan zararni undirish masalasi ham jabrlanuvchi yoki prokuror tomonidan marhumning vorislariga yoki uning mulkini boshqarish huquqini o‘ziga olgan shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan da’vo bo‘yicha fuqarolik ish yurituv tartibida ko‘riladi.
36. Apellatsiya instansiyasi sudining hukmi va ajrimi JPK 49731-moddasi talablariga muvofiq bo‘lishi, jumladan, unda apellatsiya shikoyati (protesti)da keltirilgan har bir vaj muhokama etilib, uning asosliligi yoki asossizligi yuzasidan xulosalar bayon etilishi shart.
Apellatsiya instansiyasi sudining hukmi, ajrimi u e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi va birinchi instansiya sudi tomonidan ish apellatsiya instansiyasi sudidan kelib tushgan kundan e’tiboran uch sutka ichida ijroga qaratiladi.
37. JPK 298-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lganda, shuningdek, surishtiruv, dastlabki tergov yuritilgan yoki sud muhokamasi vaqtida qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilganligini aniqlagan taqdirda, apellatsiya instansiyasi sudi xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan tegishli organ yoki mansabdor shaxsning e’tiborini bunga jalb etishi mumkin.
Sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilganda, apellatsiya instansiyasi sudi uning qonuniyligi va asosliligini shubha ostiga oluvchi xususiy ajrim chiqarishga haqli emas.
38. Odil sudlov sifatini oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va ularga tenglashtirilgan sudlarga ishlarning apellatsiya instansiyasida sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona ko‘rib chiqilishi uchun qonunda berilgan barcha imkoniyatlardan foydalanish tavsiya etilsin.
39. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida” 2018-yil 24-avgustdagi 25-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K. KAMILOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi I. ALIMOV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-aprel,
13-son

Yüklə 58,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin