sinfdan sinfga o‘tkazish — o‘quvchini bir sinfdan boshqa parallel sinfga o‘tkazish;
bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish — o‘quvchini bir maktabdan boshqa bir maktabning tegishli sinfiga o‘tkazish.
2. Mazkur Nizom talablari:
barcha vazirlik va idoralar tasarrufidagi maktablarga;
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazishga nisbatan tatbiq etiladi.
3. O‘quvchilarni nodavlat ta’lim muassasalaridan maktablarga o‘tkazish mazkur Nizomda belgilangan tartibda, maktablardan nodavlat ta’lim muassasalariga o‘tkazish mazkur Nizom va nodavlat ta’lim muassasalarining ustavlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Mazkur Nizom jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
5. Maktab o‘quvchilarini sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish masalalari umumiy o‘rta ta’limning majburiyligi hamda O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi shaxslarning ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqini inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
6. O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish bepul amalga oshiriladi.
2-bob. O‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish
7. O‘quvchining ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (bundan buyon matnda ota-onalar deb yuritiladi) o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish huquqiga ega.
8. Ota-onalar farzandini sinfdan sinfga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
9. Maktab direktori arizani qabul qilib olgan kundan boshlab bir ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi.
Sinfdagi o‘quvchilar soni belgilangan me’yordan ortiq bo‘lgan taqdirda, maktab direktori o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazishni rad qilishi mumkin.
Sinfdan sinfga o‘tkazish rad etilganligi haqida maktab direktori tomonidan uch kun ichida ota-onalarga yozma ravishda ma’lum qilinadi.
10. Maktab direktorining o‘quvchini sinfdan sinfga o‘tkazish to‘g‘risidagi buyrug‘i qabul qilingach, uch kun ichida sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.
3-bob. O‘quvchini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish
11. Ota-onalar o‘z xohishiga ko‘ra o‘quv yili davomida yoki u tugaganidan so‘ng farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish huquqiga ega.
12. Ota-onalar farzandini bir maktabdan boshqasiga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda o‘quvchi ta’lim olayotgan maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat qiladi.
13. Ariza maktab direktori tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi va o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktabga taqdim etish uchun ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda maktabdan ketish taloni beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
14. Ota-onalar farzandi o‘qishni davom ettirishi uchun tanlangan maktab direktoriga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga maktabdan ketish taloni ilova qilinadi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2018-yil 26-dekabrdagi 17-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2684-1, 29.01.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2019-y., 10/19/2684-1/2548-son)
15. O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori ariza va maktabdan ketish talonini qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida ota-onalarga o‘quvchi ta’lim olayotgan maktabga taqdim etish uchun ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda maktabga kelish talonini beradi.
16. O‘quvchi ta’lim olayotgan maktab direktori maktabga kelish talonini qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qiladi. Maktab direktori mazkur buyruq bilan ota-onalarni tanishtirganligi to‘g‘risida imzo qo‘ydirib, ularga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi va hujjatlar berilganligi to‘g‘risida tilxat oladi:
o‘quvchining maktab o‘quvchilari safidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma;
o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli;
o‘quvchining tibbiy kartasi.
Oldingi tahrirga qarang.
161. Nodavlat umumta’lim tashkilotidan o‘qishini davlat umumta’lim muassasasiga ko‘chirgan o‘quvchilarning ota-onalari o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktoriga ta’lim oluvchilar safidan chiqarilganligi to‘g‘risidagi buyruqdan ko‘chirma, o‘qiganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma hamda ta’lim oluvchining baholar (o‘zlashtirish) tabelini taqdim etadi.
(161-band O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2020-yil 27-yanvardagi 2-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2684-2, 10.02.2020-y.) asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.02.2020-y., 10/20/2684-2/0162-son)
17. Ota-onalarning hujjatlarni olganligi haqidagi tilxati, kelish taloni va o‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktorining o‘quvchining o‘qishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyrug‘idan ko‘chirma o‘quvchining maktabda saqlanadigan shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi.
18. O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori boshqa maktabdan o‘tkazilayotgan o‘quvchining o‘quv jarayonlaridan chetda qolib ketmasligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rishi shart.
19. O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktab direktori mazkur Nizomning 16-bandida belgilangan hujjatlarni qabul qilib olgach, shu kunning o‘zida o‘quvchini maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
Maktab direktori mazkur buyruqdan ko‘chirmani bir ish kuni ichida o‘quvchi ilgari ta’lim olgan maktabga ma’lumot uchun yuboradi.
20. O‘quvchini o‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risida yoki maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgach, uch kun muddatda sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. O‘qishni davom ettirish uchun tanlangan maktabga o‘tkazilgan o‘quvchi o‘n kun ichida sababsiz yoki maktab rahbariyati va sinf rahbarini xabardor qilmasdan dars mashg‘ulotlariga kelmasa, maktab direktori bu haqda ota-onalarni, o‘quvchining yashash joyidagi Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasini hamda o‘quvchi ilgari ta’lim olgan maktab direktorini yozma ravishda ogohlantiradi va bir vaqtning o‘zida o‘quvchining darslarga kelmaganligi sabablarini aniqlash va uni dars mashg‘ulotlariga jalb etish choralarini ko‘radi.
(21-band O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2021-yil 26-oktabrdagi 31-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2684-3, 06.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.11.2021-y., 10/21/2684-3/1031-son)
4-bob. O‘quvchini xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish
22. Ota-onalar o‘qish, ishlash, uzoq muddatli davolanish yoki boshqa maqsadlarda doimiy yoki vaqtincha yashash uchun xorijiy davlatga ketayotgan bo‘lsa, farzandini doimiy yoki vaqtincha yashash uchun ketayotgan davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish huquqiga ega.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Ota-onalar farzandini xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazish uchun uning sabablarini ko‘rsatgan holda maktab direktori nomiga ariza bilan murojaat etadi. Arizaga Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasining voyaga yetmaganni maktab o‘quvchilari safidan chiqarish uchun roziligi aks etgan qaroridan ko‘chirma ilova qilinadi.
(23-band O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2021-yil 26-oktabrdagi 31-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2684-3, 06.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.11.2021-y., 10/21/2684-3/1031-son)
24. Ariza maktab direktori tomonidan bir ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, o‘quvchini maktab o‘quvchilari safidan chiqarish to‘g‘risida buyruq qabul qilinadi. Maktab direktori mazkur buyruq bilan ota-onalarni tanishtirganligi to‘g‘risida imzo qo‘ydirib, ularga mazkur Nizomning 16-bandida belgilangan hujjatlarni taqdim etadi va hujjatlarni olganligi to‘g‘risida tilxat oladi.
Ota-onalarning hujjatlarni olganligi haqidagi tilxati o‘quvchining maktabda saqlanadigan shaxsiy hujjatlar yig‘majildiga tikib qo‘yiladi.
25. O‘quvchilar safidan chiqarish to‘g‘risidagi buyruq qabul qilingach, uch kun ichida sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
26. Maktab direktori tomonidan xorijiy davlatdagi ta’lim muassasasiga o‘tkazilayotganligi sababli o‘quvchilar safidan chiqarilgan voyaga yetmaganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi hamda har o‘quv yili choraklari oxirida tegishli tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limiga, tuman (shahar) ichki ishlar bo‘limiga (boshqarmasiga) va Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasiga taqdim etiladi.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2021-yil 26-oktabrdagi 31-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2684-3, 06.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.11.2021-y., 10/21/2684-3/1031-son)
5-bob. Xorijiy davlatda ta’lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosini O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish
27. Ota-onalar xorijiy davlatda ta’lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan farzandini O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish huquqiga ega.
28. Xorijiy davlatda ta’lim olgan bolani O‘zbekiston Respublikasidagi maktabga o‘tkazish uchun ota-onalar tomonidan maktab direktoriga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ota-ona tomonidan maktab direktori nomiga ariza;
bolaning xorijiy davlatda ta’lim olganligi haqidagi hujjatning (hujjatlarning) asli va notarial tasdiqlangan tarjimasi;
Oldingi tahrirga qarang.
(28-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2021-yil 26-oktabrdagi 31-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2684-3, 06.11.2021-y.) asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.11.2021-y., 10/21/2684-3/1031-son)
bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida tibbiy ma’lumotnoma;
Oldingi tahrirga qarang.
(28-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2021-yil 26-oktabrdagi 31-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2684-3, 06.11.2021-y.) asosan chiqarilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.11.2021-y., 10/21/2684-3/1031-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(28-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2018-yil 26-dekabrdagi 17-mh-sonli buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 2684-1, 29.01.2019-y.) asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2019-y., 10/19/2684-1/2548-son)
29. Maktab direktori taqdim etilgan hujjatlarni bir ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va bolani maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqaradi.
30. Maktab direktori bolaning xorijiy davlatda o‘qigan ta’lim dasturi maktabning o‘quv dasturlariga mos kelish-kelmasligini aniqlaydi hamda fanlar bo‘yicha aniqlangan farqlarni joriy yoki navbatdagi o‘quv yilida bartaraf etish choralarini ko‘radi.
Bolaning xorijiy davlatda ta’lim olganligi haqidagi hujjat mavjud bo‘lmaganda, maktab direktori bolani uning yoshi va bilim darajasiga mos sinfga qabul qilishi lozim.
31. Bolani maktab o‘quvchilari safiga qabul qilish to‘g‘risida buyruq chiqarilgach, uch kun muddatda sinf jurnali va o‘quvchilar harakati daftariga tegishli yozuv kiritiladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
32. O‘quvchini ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan sinfga yoki ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktabga o‘tkazish, shuningdek ularni ichki tartib qoidalarni buzganligi uchun ushbu sinflardan (maktablardan) boshqa sinflarga (maktablarga) o‘tkazish Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat umumta’lim muassasalarining ixtisoslashtirilgan sinflariga, davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalariga o‘quvchilar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 2321, 2012-yil 1-fevral) muvofiq amalga oshiriladi, ushbu bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan holat bundan mustasno.
Ota-onalarning istagiga ko‘ra o‘quvchini ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan sinfdan boshqa sinfga yoki ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktabdan boshqa maktabga o‘tkazish mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlarni maktab o‘quvchilari safidan chiqarish Bolalar masalalari bo‘yicha tuman (shahar) komissiyasining roziligi bilan amalga oshiriladi.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirining 2021-yil 26-oktabrdagi 31-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2684-3, 06.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 06.11.2021-y., 10/21/2684-3/1031-son)
Oldingi tahrirga qarang.
34. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
(34-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
35. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan kelishilgan.
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
2015-yil 2-iyun
Sog‘liqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2015-yil 2-iyun
Davlat test markazi direktori J. ISMOILOV
2015-yil 2-iyun
O‘quvchilarni sinfdan sinfga va bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
______________________________________________
(viloyat (respublika, shahar), tuman (shahar)