15. IX asr boshlarida Movarounnahrning siyosiy ahvoli. Tohiriylar davlatining tashkil topishi. Siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy hayot. VIII asr oxiri-IX asr boshida xalifalikni larzaga keltirgan og'ir siyosiy vaziyat abbosiylarni Movarounnahr va Xurosonda olib borilayotgan siyosatni o'zgartirishga majbur etdi. Mahalliy zodagonlar Movarounnahr va Xurosonni nafaqat o'z tasarruflariga o'tkazib oldilar, balki xalifalik markazida ham hokimiyatni boshqarishda tobora ko'proq rol o'ynaydigan bo'lib qoladilar. Bunga, ayniqsa, xalifa Horun ar-Rashid vafotidan so'ng uning o'g'illari Ma'mun bilan Amin o'rtasida taxt uchun bo'lgan kurash katta yo'l ochib berdi. Xalifalikning markaziy qismidagi arablar Aminni xalifalik taxtiga ko'taradilar. Bundan norozi bo'lgan Ma'mun ukasi Aminga qarshi kurash boshlaydi. Hirot viloyatining zodagonlaridan Tohir ibn Husayn boshliq Xuroson va Movarounnahr mulkdorlari unga yordam beradilar. 813-yilda ular Bag'dodga yurish qiladilar. Poytaxt qo'lga kiritilib, Ma'mun xalifalik taxtiga o'tiradi. Buning evaziga Tohir 821-yilda Xuroson va Movarounnahr noibi etib tayinlanadi. Sluiningdek, Ma'mun Movarounnahr zodagonlarining ham yordamini unutmadi. Somonxudotning nabiralarini ayrim shahar va viloyatlarga noib qilib tayinlaydi. Buning evaziga aka-uka somoniylar Movarounnahrning har yilgi xirojidan juda katta mablag'ini tohiriylar orqali xalifa xazinasiga yuborib luradilar. Tohir davlat ishlarini mustaqil idora etish maqsadida 822-yilda xalifa nomini xutbadan chiqartirib tashlatadi. Bu amalda Bag'dod bilan aloqani uzish va o'zini mustaqil deb e'lon qilish edi. Biroq ko'p vaqt o'tmay u to'satdan vafot eadi. Tohirning o'g'illari Talxa va Abul Abbos Abdulloh otasining o'rniga birin-ketin noiblik qiladilar. Shunday qilib, Xuroson va Movarounnahr boshqaruvi tohiriylar xonadoniga meros bo'lib qoladi. Abul Abbos Abdulloh noibligi (830-844) davrida poytaxt Marvdan Nishopur shahriga ko'chiriladi. Movarounnahr shaharlarida noiblik qilayotgan Somonxudot avlodlarining mahalliy noibligi tohiriylar tomonidan tan olinadi. Bu shubhasiz, Xuroson va Movarounnahrda bir asrdan oshiqroq hukm surgan xalifalik hukmronligining tugaganligini bildirardi. Tohiriylar zamonida ham mehnat ahlining ahvoli nihoyatda og'irligicha qolaverdi. Mulkdor dehqonlarning jabr-zulmidan, davlatning og'ir soliqlaridan bezor bo'lgan xalq qo'zg'olon ko'taradi. Ularga «g'oziylar» ham qo'shiladilar. Qo'zg'olonga safforiylar - aka-uka Ya'qub va Amr ibn Layslar boshchilik qiladilar. 873-yilda Xuroson poytaxti Nishopurni egallaydilar. Natijada tohiriylar hukmronligi tugatilib, hokimiyat safforiylar qo'liga o'tadi.