Yo‘ldosheva Gulchiroy Rashid qizi
Peshku tuman 22-maktab o‘qituvchisi
AMIR TEMURNING BUNYODKORLIK FAOLIYATI
Annotatsiya.
Maqolaning mazmuni XIV-XV asrlarda Movarounnahr va
Xurosonda hukmronlik qilgan Amir Temur davrida amalga oshirilgan obodonchilik
va bunyodkorlikning rivojlanishiga qaratilgan. Chunki aynan shu davr Sharqdagi
“Uchinchi Renessans”ni boshlab bergan hisoblanadi.
Kalit so‘zlar:
temuriylar, Markaziy Osiyo, «Qubbat ul-ilm val-adab», Go‘ri
Amir, Gavharshodbegim, Oqsaroy, Bo‘stonsaroy.
Amir Temur va uning avlodlari hukm surgan tarixiy davrni nazardan o‘tkazar
ekanmiz, bunda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotning yuksak marralari sari
ko‘tarilgan Movarounnahr va Xurosonning butun yorqin manzarasi ko‘z o‘ngimizda
namoyon bo‘ladi. Markaziy Osiyo xalqlari sivilizatsiyasi va madaniyati ravnaqining
yuqori cho‘qqisi hisoblangan Temuriylar davri nafaqat shu mintaqa doirasida, balki
umumjahon miqyosida ham o‘ziga xos yuksak bosqich bo‘ldi. Uning qudratli aks-
sadosi asrlar osha avlodlar qalbi va tafakkurini hamon nurlantirib kelmoqda.
Ona tariximizning mana shu muhim bosqichida xalq dahosi, qudrati bilan
betimsol moddiy va ma’naviy madaniyat namunalari, mislsiz osori atiqalaru
monumental me’moriy obidalar bunyod etildi. llm-fan yuksaldi. Bunday yuksalish
Amir Temur va uning avlodlarining ilm-fan, ma’rifat ravnaqiga alohida rag‘bat, katta
-145-
sa’y-harakat bog‘laganliklari natijasi bo‘ldi. Xususan, Amir Temur siymosiga
to‘xtaladigan bo‘lsak, uning o‘zi yuksak ma’rifatparvar hukmdor sifatida xalq ichidan
chiqqan qanchadan-qancha noyob iste’dodlar, ilmu urfon va din ahllari, me’moru
hunarmandlarni parvarishlab o‘stirish barobarida mamlakat obodonligi, ravnaqi
uchun ham doimiy harakatda, izlanishda bo‘ldi.
Sohibqironning bunyodkorlik sohasidagi tarixiy xizmatlari beqiyosdir. Tarix bu
ko‘hna dunyoda o‘tgan ko‘p jahongirlarni biladi. Ularning aksariyati faqat buzgan.
Amir Temurning ulardan farqi shundaki, u umr buyi bunyodkorlik bilan mashg‘ul
bo‘lgan. Uning «
Qay bir joydan bir g‘isht olsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydirdim, bir
daraxt kestirsam, o‘rniga o‘nta ko‘chat ektirdim
», degan so‘zlari buning yorqin
isbotidir. Amir Temurga har bir zafarli voqea va sevinchli hodisani muhtasham
me’morlik obidasi barpo etish bilan nishonlash odat bo‘lgan. Shu maqsadda
Hindiston, Sheroz, Isfahon va Damashqning mashhur usta-hunarmandlari
mamlakatda hashamdor imoratu inshootlar bino qilganlar. Amir Temur zabt etgan
mamlakatlarning bir qator shaharlari (Bag‘dod, Darband, Baylaqon)ni qayta tikladi.
Amir Temur Tabrizda masjid, Sherozda saroy, Bag‘dodda Madrasa, Turkistonda
mashhur shayx Ahmad Yassaviy qabri ustiga maqbara qurdirgan bo‘lsa-da, lekin
asosiy e’tiborini ona shahri Kesh va poytaxti Samarqandga qaratdi. Keshda otasining
qabri ustiga maqbara, o‘g‘li Jahongirga maqbara bilan masjid qurdirdi. Amir Temur
hukmronligining ilk davrida Kesh shahrini poytaxtga aylantirish niyatida bo‘lib,
uning obodonchiligiga katta ahamiyat berdi, bu yerda mashhur Oqsaroy qad ko‘tardi.
Amir Temur Keshni Movarounnahrning madaniy markaziga aylantirishga harakat
qildi. Shu boisdan bu shahar «Qubbat ul-ilm val-adab» unvoniga ega bo‘ldi. Saltanat
poytaxti Samarqand Amir Temur davrida ayniqsa gullab-yashnadi. Shaharda Isfahon,
Sheroz, Halab, Xorazm, Buxoro, Qarshi va Kesh shaharlarining me’moru binokorlari
qo‘li bilan saroylar, masjidlar, madrasalar, maqbaralar quriladi. Shahar tashqarisida
esa bog‘-rog‘lar va bo‘stonlar barpo etiladi. Xususan Shohizinda me’moriy
majmuasiga mansub Shodimulk og‘o maqbarasi, Shirinbeka og‘o maqbarasi va
boshqalar quriladi. Shaharda Bibixonim jome masjidi, Amir Temurning qarorgohi
-146-
Ko‘ksaroy va Bo‘stonsaroylar qad ko‘taradi. Umuman olganda Samarqand shahri
Amir Temur davrida o‘zining qadimgi o‘rni Afrosiyobdan birmuncha janubroqda
butunlay yangidan qurildi. Shahar tevaragi mustahkam qal’a devori bilan o‘ralib,
Ohanin, Shayxzoda, Chorsu, Korizgoh, So‘zangaron va Feruza kabi nomlar bilan
ataluvchi 6 ta darvoza o‘rnatildi. Movarounnahrning dehqonchilik vohalarida,
xususan Zarafshon vodiysida o‘nlab sug‘orish tarmoqlari chiqarilib, dehqonchilik
maydonlari kengaytirildi. Yangi qishloqlar barpo etildi. Ibn Arabshohning
yozishicha, Amir Temur Samarqand atrofida qad ko‘targan bir qancha yangi
qishloqlarni Sharqning mashhur shaharlari Dimishq (Damashq), Misr, Bag‘dod,
Sultoniya va Sheroz nomlari bilan atadi. Amir Temurning fikricha, Samarqand
kattaligi, go‘zalligi hamda tevarak-atrofining obod etilganligi jihatidan dunyodagi
eng yirik shaharlardan ham ustunroq turmog‘i lozim edi.
Hofizi Abro‘ning yozishicha, Amir Temur turk, arab va eronliklar tarixini
chuqur bilgan. U davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan har bir masalani hal etishda, shu
sohaning bilimdonlari va ulamolari bilan maslahatlashardi. Odatda u tibbiyot,
riyoziyot, falakiyot, tarix, adabiyot, tilshunoslik ilmi namoyandalari, shuningdek
ilohiyot va din sohasidagi mashhur ulamolar bilan suhbatlar o‘tkazardi. Amir Temur
saroyida ulamolardan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mavlono Shamsuddin
Munshiy, mavlono Abdullo Lison, mavlono Bahruddin Ahmad, mavlono
Nu’monuddin Xorazmiy, Xo‘ja Afzal, mavlono Alouddin Koshiy, Jalol Xokiy va
boshqalar xizmat qilardi.
Alisher Navoiyga Amir Temurning ilm va ma’naviyat aqliga ko‘rsatgan
g‘amxo‘rligi juda yoqar edi. Bu haqda Navoiy shunday degandi: «
Agar Temur
qayerda fan, madaniyat va san’at ahlini uchratsa, ularni o‘z homiyligiga olar, ularga
izzat-ikrom ko‘rsatar, ularning tarbiyasiga ahamiyat berar hamda bu zotlardan o‘z
oliy majlisida nadim (maslahatchi) sifatida va boshqa lavozimlardan foydalanardi
».
Ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan moddiy va ma’naviy madaniyatning yuksak
namunalari, dur-u javohirlari mana necha asrlardirki, jahon ahlini hayratga solib,
-147-
minnatdor avlodlar ardog‘ida e’zozlanib kelmoqda. Bu meros yana asrlar davomida
xalqimiz ma’naviyatining ajralmas qismi bo‘lib qolishiga ishonamiz.
Dostları ilə paylaş: |