Tomas Gobbs (1588-1679 yy.) Bekon materializmini bir tizimga solib, uning ta'limotini rivojlantirgan mexanistik usulga asoslanuvchi faylasufdir. Materiyani birlamchi, ongni esa ikkilamchi, deb hisoblagan Gobbs faqatgina bor jismlar mavjud, qolganlari esa to'qib chiqarilgan tasavvurlardir, deb hisoblaydi. U
«Tafakkurni fikr qiluvchi materiyadan ajratish mumkin emas» degan g'oyat muhim fikrni ilgari suradi.
Materiya abadiy, ayrim jismlar esa vaqtinchalik ko'rinishga ega, ular vujudga keladi va yo'q bo'ladi. Gobbsning fikricha, olam mexanik harakat qonunlariga bo'ysundirilgan jismlar majmuidir. Gobbs din insonlarga ta'sir etishning alohida uslubidir, deb hisoblaydi. U matematik edi, shuning uchun ham har qanday to'g'ri chiziq nuqtalardan iborat deb, materiyaning rang-barangligini hisobga olmay, tabiatdagi barcha narsalarni geometriya fani nuqtai-nazaridan tushuntirar edi.
4. XVIII—XIX asr Nemis klassik falsafasi. Falsafa fanining rivojlanishida nemis faylasuflarining ham hissasi katta. XVIII-XIX asrlarda Germaniyada falsafiy fikrlarning shakllanishida, bir tomondan, 1789-1794 yillardagi fransuz inqilobi va uning kishilik jamiyatining doimo o'zgarib turishi haqidagi xulosasi katta ahamiyatga ega bo'lgan bo'lsa, ikkinchi tomondan o'sha davr Germaniya ijtimoiy hayotiga ham o'z ta'sirini ko'rsatdi. Germaniya bu davrda nisbatan qoloq mamlakat bo'lib, nemis burjuaziyasi inqilobdan qo'rqar, shu bilan birga kapitalizmning rivojlanishidan manfaatdor edi. Nemis burjuaziyasining bu ikki yoqlamaligi o'sha davr falsafasida ham o'z ifodasini topdi.
Nemis klassik falsafasining asoschisi Immanuil Kant (1724-1804 yy.)dir. Kant falsafasining xususiyati shundaki, u materializmni idealizm bilan kelishtirishdan hamda bir-biriga qarama-qarshi bo'lgan falsafiy oqimlarni bir sistemada birga qo'shishdan iboratdir. Uning falsafasini ikki: tanqidiy falsafagacha bo'lgan (XVIII asrning 70 yillarigacha), tanqidiy falsafa davriga bo'lish mumkin. Kant o'z falsafasining dastlabki davrlarida asosan tabiatshunoslikning falsafiy masalalari bilan shug'ullandi. U 1785 yilda yozgan eng yirik asari «Butun umumiy tabiiy tarix va osmon nazariyasi»da Quyosh sistemasi koinotdagi boshlang'ich katta tumanlikning aylanma harakat qilishi natijasida kelib chiqqan, deb hisoblaydi. Bu jarayonning sababi «dastlabki turtki» emas, balki o'zaro tortilish va itarilish orasidagi ziddiyatdir. Shu sababli Quyosh sistemasidagi barcha sayyoralar, jumladan Yer ham Kant ta'limotiga ko'ra, uzoq davom etgan tabiiy tarixiy taraqqiyotning mahsulidir. Kantning bu xulosasi uning tabiat hodisalarini dialektik tarzda tushunganligidan dalolat beradi. Lekin u ilmiy materialistik qarashlarini din bilan bog'lashni lozim topdi. Uningcha, tabiat hodisalarining ma'lum tartibiga, muayyan qonuniyatga bo'ysinishida Xudoning karomati bor.
XVIII asrning 70 yillaridan boshlab Kant faoliyatining ikkinchi davri boshlanadi va «Sof aqlni tanqid» (1781y.), «Prolegomenlar» (1783y.), «Muhokama qobiliyatini tanqid» (1790 y.) kabi asarlarida o'zining transtsendantal yoki tanqidiy idealizm sistemasini asoslaydi. Bu asarlarida u o'z e'tiborini insonning bilish qobiliyati va imkoniyatlarini tahlil qilishga qaratib, ob'ektiv reallikning mavjudligini e'tirof etadi va uni «narsa o'zida» deb ataydi. Lekin uningcha, «narsa o'zida»ni bilish mumkin emas.
Kantning fikricha, «narsa, predmetlar bizning ongimizdan tashqari mavjud, biroq ular nimadan iborat ekanligini biz bilmaymiz va hech qachon bila olmaymiz ham…Biz ob'ektlarni bizning sezgilarimizga qanday tuyulsa shunday bilishimiz mumkin, ammo aslida ular qanday, buni biz bila olmaymiz».
Kant inson bilimini ikki guruhga ajratadi: 1. Tajriba asosida hosil bo'ladigan bilimlar (aposteriori). 2. Tajribagacha yoki unga bog'liq bo'lmagan bilimlar (apriori). Fazo, vaqt, sababiyat kabi tushunchalar aprior bilimlar shakli bo'lib, bular tajriba natijasida hosil qilinadigan bilimlardan ustun turadi. Tajribaviy bilimlar alohida-alohida olingan, bir-biri bilan bog'lanmagan hodisalarni ifodalasa, tajribagacha bo'lgan aprior bilimlar esa hodisalar o'rtasidagi umumiy sababiy va zaruriy bog'lanishlarni, ya'ni qonuniyatlarni ifodalaydi.
Dunyo qonunlarining ob'ektiv xususiyatga ega ekanligini Kant mutlaqo tan olmaydi. Uning fikriga ko'ra, kishilarning idroki tabiatga qonunlar ato qiladi, shuning uchun ham inson aqlli tabiatga moslashishi kerak emas, balki tabiat inson aqliga moslashishi lozim.
Kantning falsafa taraqqiyotidagi xizmatlaridan biri shu bo'ladiki, u keyinchalik Gegel tomonidan dialektikani yaratishda asos bo'lib xizmat qilgan antinomiyalarni ko'rsatib o'tdi.
Kantning ta'limotiga ko'ra, inson aqli tabiatan antinomiyalidir, ya'ni ziddiyatlarda ikkilanuvchidir. Shuning uchun qarama-qarshi fikrlarni bab-baravar isbotlash yo'li bilan asoslab berish mumkin. Masalan, olam ham nihoyalidir va ham chegaralari yo'qdir. Bo'linmas zarrachalar (atomlar) bor va bunday zararlar yo'q va hokazo. Uningcha, bu ziddiyatlar har qanday holda faqat zoxiriydir.
Kant axloq masalalariga ham katta e'tibor berdi. Uning nuqtai nazaricha, jamiyatdagi har bir kishining xulq-atvori, irodasi ob'ektiv reallikdan tamomila ajralgan va o'zgarmasdir. Aqlning asosi esa kishilar ongidagi o'zgarmas amir farmondir.
Kant mutlaq buyruqni (qat'iy imperativ) etikaning asosiy qonuni deb e'lon qildi. Bu buyruq uningcha, xatti-harakatning mazmuniga mutlaqo bog'liq bo'lmagan holda xulq-atvorning yalpi umumiy qonuni bo'la oladigan qoidaga amal qilishini talab etadi.
Kantning jamiyat hayotining tarixiy jarayonida antogonizmlarning roli, abadiy tinchlikni barqaror qilishda turli davlatlar uchun o'zaro foydali aloqalarni rivojlantirish haqidagi ta'limoti falsafaning keyingi rivojlanishiga g'oyat katta ta'sir ko'rsatdi.