1. Rossiyada 1917-yil voqealari va uning Turkistonga ta’siri



Yüklə 40,01 Kb.
səhifə2/3
tarix30.09.2023
ölçüsü40,01 Kb.
#151275
1   2   3
8-mustaqil ish

2.Turkiston Muxtoriyati.
Sovetlar mahalliy aholining asriy orzularini ruyobga chiqarishni emas, balki aksincha uni har sohada kamsitish, milliy va diniy qadriyatlarini tahqirlash yo’lidan bordilar. Sovet hokimiyatining mahalliy aholining xususiy mulklarini tortib olish, hamma narsani Sovetlar manfaatlari yo’lida umumlashtirish yo’lida amalga oshirgan g’ayritabiiy faoliyati pirovard oqibatda o’lka halqlarining keskin norozilik harakatlarining kuchaya borishiga sabab bo’ldi.
Sovet hokimiyati Turkiston jilovini qo’lga olib, o’zining avval e’lon qilgan balandparvoz va’dalaridan voz kechib, o’lka xalqlariga qarata olib borgan ikkiyuzlamachilik va munofiqlik siyosatiga javoban yurtning millatparvar rahnamolari faol harakatga keldilar. 1917-yil 26-noyabrida Qo’qonda o’lka musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi chaqirildi. Unda Turkiston o’lkasining 5 viloyatidan 200 nafardan ziyodroq vakillar ishtirok etdi. Qurultoy ishida “Sho’roi
Islom”, “Sho’roi Ulamo”, Musulmon harbiylari Sho’rosi, o’lka yahudiylar jamiyati namoyandalari ham qatnashdilar. Qurultoyda Turkiston Muxtoriyati tuzildi. Bu xususda qabul qilingan qarorda shunday deyiladi: “Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o’z huquqlarini o’zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya respublikasi tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etadi”. Shundan so’ng qurultoy “Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik aholi huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qiladi”.
Yangidan tarkib topayotgan davlat Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo’ldi. Qurultoyda Turkiston Muxtoriyatining hokimiyat organi - Muvaqqat Kengash tuzildi. Muvaqqat Kengash tarkibi 12 kishidan iborat etib belgilandi. Dastlab unga quyidagi nomzodlar kiritildi:

  1. M. Tinishpayev - bosh vazir, ichki ishlar vaziri; (Qozoq taraqqiyparvarlari

1917-yil-dekabrda Orenburgda s’ezd o’tkazib «Alash-O’rda» avtonom Respublikasini tuzdilar, uning hukumati tarkibiga M.Tinishpayev saylanadi. Shu munosabat bilan M.Tinishpayev «Alash O’rda» poytaxti Semipalatinskka ketadi.)

  1. Islom Shoahmedov - bosh vazir o’rinbosari;

  2. Mustafo Cho’qayev tashqi ishlar vaziri (keyinroq bosh vazir);

  3. Ubaydulla Xo’jayev - harbiy vazir;

  4. Yurali Agayev - yer va suv boyliklari vaziri;

  5. Obidjon Mahmudov - oziq-ovqat vaziri;

  6. Abdurahmon O’razayev - ichki ishlar vaziri o’rinbosari;

  7. Solomon Gertsfeld - moliya vaziri.

Hukumat tarkibiga yevropalik aholi orasidan yana to’rtta vakil kiritilishi belgilab qo’yilgan edi.
Qurultoyning yana bir katta xizmati, bu uning tomonidan Turkiston Milliy majlisi (parlamenti) tuzilganligi bo’ldi. Unga “Sho’roi Ulamo” tashkiloti rahbari Sherali Lapin rais etib saylandi.
Milliy Majlis tarkibiga Muvaqqat Kengash a’zolaridan tashqari o’sha davrning atoqli arboblari: T. Norbo’tabekov, S. Sharifxo’jayev, Nosirxonto’ra Komolxonto’ra o’g’li, M. Behbudiy, Alixonto’ra Shokirxonto’ra o’g’li, Sobirjon Yusupov, Odiljon Umarov singari yurt peshvolari ham saylangan edilar.
Shunday qilib, o’lkaning mo’’tabar millatparvar zotlaridan iborat milliy hokimiyat tashkil etilib, uning zimmasiga ulug’vor vazifalar yuklandi. Eng muhimi, Turkiston xalqining erki, mustaqilligini asta-sekin tiklash - bu xalqchil hukumatning bosh vazifasi edi. Shu boisdan ham o’lkaning millionlab fuqarolari Turkiston Muxtoriyati e’lon qilinganligini katta qoniqish ruhi bilan qarshi oldilar.
1917-yil-dekabr oyi boshlarida Toshkent, Namangan, Jalolobod, Qo’qon, Samarqand shaharlari aholisi mitinglar, namoyishlar uyushtirib, muxtoriyatni qizg’in qo’llab-quvvatlab chiqdilar.
Biroq o’lkada o’rnashib olgan va asosiy boshqaruv jilovini qo’lda ushlab turgan Turkiston sovet hukumati va uning joylardagi hokimiyat mahkamalari
Turkiston muxtoriyati va uning tarafdorlarini yo’q qilish yo’lini butun choralar bilan o’tkazib bordi.
1917-yil 13-dekabrida Toshkentda muxtoriyatni yoqlab o’tkazilgan katta mitingni zo’rlik bilan tarqatib yuborilishi, bugina emas, unda sovet kuchlari otgan miltiq va pulemyotlar sadosi ostida ko’plab qurbonlar berilishi (eski shaharlik 16 kishi otib o’ldirilgan edi) - bu Turkiston muxtoriyatiga nisbatan uyushtirilgan dastlabki suiqasd edi.
1917-yil 25-dekabr kuni Qo’qonda o’lka musulmon ishchi, askar va dehqonlarining I favqulodda qurultoyi ish boshladi. Unda 200 ga yaqin kishi ishtirok etdi. Qurultoy muxtoriyatni har tomonlama quvvatlash, unga moddiy va ma’naviy madad ko’rsatish shiori ostida o’tdi. Unda Turkiston Muvaqqat Kengashi tarkibini musulmon ishchi, askar va dehqon deputatlari qurultoyi vakillari hisobiga to’ldirish to’g’risida qaror qilindi. Qurultoy o’zining so’nggi ish kuni - 27dekabrda Petrogradga, Xalq Komissarlari Soveti Raisi V.I. Lenin nomiga telegramma yo’lladi. Unda Turkiston muxtoriyatini e’tirof etish, Toshkent Xalq Komissarlari Sovetiga hokimiyatni Turkiston muxtoriyati Muvaqqat Kengashiga topshirish to’g’risida farmoyish berish so’ralgan edi.
Lenin va uning safdoshlari esa ochiq va yashirin tarzda Toshkentda faoliyat yuritayotgan Turkistondagi sovet hukumati oldiga milliy muxtoriyatni tugatishni vazifa qilib qo’yganligi hech kimga sir emas. Turkistondagi sovet hokimiyati o’lka muxtoriyati faoliyatini cheklash, uni butunlay barham toptirishga qaratilgan xoinona yo’l tutdi. Bu manfur maqsadni amalga oshirish uchun sovetlar hokimiyati tasanufida bo’lgan hamma vositalar ishga solindi. 1918-yil 19-26-yanvarda bo’lib o’tgan Turkiston o’lka sovetlarining IV s’ezdi Turkiston muxtoriyati hukumatini, uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb hisobladi va ularning boshliqlarini qamoqqa olishga qaror qildi.
Buning ustiga Turkiston muxtoriyati o’zini o’zi yetarli darajada himoya qila olish imkoniyatiga ega bo’lolmadi. Muxtoriyatchilar orasida ko’pgina muhim xayotiy masalalarda birlik, hamjihatlik, jipslik mavjud emasdi. Unga moddiy, ma’naviy hamda harbiy, moliyaviy madad ko’rsata oladigan real kuchlar va imkoniyatlar yo’q edi. 1918-yil 18-fevralda «Ulamo» jamiyati tashabbusi bilan Muxtoriyatda to’ntarish sodir etildi. Mustafo Cho’qayev boshchiligidagi hukumat ag’darildi. Hukumat boshqaruvi Qo’qon shahar militsiyasi boshlig’i Kichik
Ergashga o’tadi.
Turkiston sovet hukumati 1918-yil 14-fevralida Farg’ona viloyati hududida favqulodda harbiy holat joriy etdi. Uning Qo’qondagi mahalliy hokimiyati - ishchi va askar deputatlari soveti 17-fevralda muxtoriyat vakillarini taslim bo’lishga da’vat qildi. Ayni vaqtda Toshkentdan Perefilev boshchiligida qurollangan ko’p sonli qizil qo’shin olib kelindi va ular darhol ishga solindi. Qo’qondagi ashaddiy millatchi arman dashnoqlari ham bu bosqinga jalb qilindi. (Dashnoq - 1890-yilda Tiflisda tashkil etilgan «Dashnaktsutyun» («Ittifoq») arman milliy partiyasi a’zosi. Dashnoqlarning bir qismi 1915-yilgi turk-arman qrig’inida qo’chib Turkistonga kelgan edilar.). Ayniqsa 19-21-fevral kunlari Qo’qon xalqi ustiga balo-kazo yog’ildi. Shahar o’t ichida yondi. Shu tariqa, Turkiston Muxtoriyati mag’lubiyatga uchradi.
Eng dahshatliligi shuki, bu xunrezlik tagida hech bir gunohi bo’lmagan ming- minglab Qo’qon fuqarosi mislsiz jabr tortdi, behisob qurbonlar berdi. Qo’qonda sovetlar sodir etgan qonli fojiani sovet davlati arboblaridan biri D. Manjara keyinroq shunday deb e’tirof etgandi: “Milliy siyosatda yo’l qo’yilgan xatolarimiz tufayli Qo’qon muxtoriyati vujudga keldi. Uni yo’qotish paytida yana bir xatoga yo’l qo’ydik. Qurol-yarog’i deyarli bo’lmagan muxtoriyatchilar joylashgan eski shaharni qamal qilish o’rniga, biz to’plardan o’qqa tutdik, keyin dashnoqlarning qurolli to’dalarini ishga soldik. Natijada talon-taroj, nomusga tegish, qirg’in boshlandi. Bundan muxtoriyatchilarga aloqasi bo’lmagan tinch aholi katta zarar ko’rdi”.
TASSRning tuzilishi. Sovet hokimiyati o’zining avvaldan rejalashtirgan sotsialistik yo’nalishdagi iqtisodiy va siyosiy qayta qurishlar yo’lini izchil amalga oshirishga kirishdi. Chunonchi, yer to’g’risidagi dekret asosida yerga bo’lgan xususiy mulkchilikni tugatish boshlandi. Shu maqsadda joylarda yer qo’mitalari tuzildi. Jumladan, 1918-yil kuzida Sirdaryo viloyatida 51 ta, Samarqand viloyatida
50 ta, Yettisuvda 25 ta shunday qo’mitalar tashkil etildi. Biroq dehqonlar sovet ma’murlarining yer qo’mitalarini tuzish harakatini keskin norozilik bilan qarshi oldilar. Shunga qaramasdan bolsheviklar bu yo’lni qat’iy amalga oshirishda davom etdilar. Buning natijasida o’lkadagi ko’plab miqdordagi yirik mulklar, xususiy yerlar musodara etildi va milliylashtirildi.
Sovet hukmdorlarining yana bir hiylakorligi va ustamonligi shunda ko’rinadiki, ular Turkiston muxtoriyati tajribasidan muhim xulosa chiqarib, bu hududda o’ziga xos sovet muxtor respublikasini tuzishga yo’l tutdilar. Bundan ko’zda tutilgan bosh maqsad - Turkistonning kelajakda mustaqil, suveren davlat bo’lib, ajralib chiqib ketishiga izn bermaslik edi. Sovetlar ishlab chiqqan rejaga ko’ra 1918-yilning 20aprelidan 1-mayigacha Toshkentda bo’lib o’tgan o’lka Sovetlarining V qurultoyida Turkiston avtonom sovet sotsialistik respublikasi (TASSR) tuzildi va RSFSR tarkibiga kiritildi. Sinfiylik tamoyillariga asoslangan o’ziga xos davlat boshqaruvida hokimiyat funksiyalari butunlay sovetlar va ularning organlari ixtiyorida edi. Qurultoyda respublikaning hokimiyat organlari: Markaziy Ijroiya Qo’mitasi (MIQ) va Xalq Komissarlari Soveti (XKS) saylandi. MIQning jami 36 a’zosidan atigi 9 nafari mahalliy millat kishilari edi. Avtonom respublika MIQning raisi etib bolshevik P. A. Kobozev saylandi, bolshevik F. I. Kolesov boshchiligida 16 kishidan iborat tuzilgan XKS tarkibiga ham 3 nafar mahalliy aholi vakillari kiritilgan edi, xolos.
1918-yil iyunda 2 ming nafar bolsheviklarni o’z safida birlashtirgan Turkiston Kompartiyasi tuzildi. 1919-yil-martida Turkiston Kompartiyasi huzurida Turor Risqulov raisligida O’lka musulmonlari byurosi tuziladi. Musbyuroning organi - «Ishtirokiyun» gazetasi nashr etila boshlandi, unda Turkiston ma’murlarining shovinistik siyosati fosh etila bordi.
1918-yil oktabrida bo’lgan o’lka sovetlarining VI qurultoyida TASSR Konstitutsiyasi qabul qilindi. Unda Turkistonni RSFSRning “ajralmas, tarkibiy qismi” ekanligi, o’lka xalqlarining barcha hayotiy masalalari uning mas’ulligida ekanligi qonunlashtirildi.
Turkistonda sovet hokimiyatining tobora kuchayishi, uning yakkahukmronligining ortib borishi, o’lka hayotining hamma jabhalarining qattiq markazlashtirilishi, qattiqqo’l iqtisodiy tadbirlarning o’tkazilishi faqat mahalliy aholi qatlamlarining keskin noroziligiga sabab bo’lib qolmasdan, boshqa siyosiy muxolifatchi kuchlarni ham harakatga keltirdi.
1919-yil 19-yanvarida harbiy komissar K.Osipov uyushtirgan isyon natijasida Toshkentda 14 nafar Turkiston xalq komissarlarining otib o’ldirilishi ham buning aniq ifodasi bo’lgandi. Ammo tezlikda o’zlarini o’nglab olishga ulgirgan bolsheviklar vaziyatni o’z foydalariga o’zgartirib, sovet hokimiyatini yana saqlab qolishga muvaffaq bo’ldi, hokimiyat organlari yangi kadrlar bilan to’ldirildi. Rahbarlik lavozimlariga mahalliy millat vakillari ham jalb etila bordi.
Moskva sovet Turkistoniga o’z ta’sirini kuchaytirish, uni har tomonlama o’ziga qaram qilish maqsadida 1919-yil kuzida Toshkentga alohida favqulodda vakolatlar berilgan Turkkomissiya (Sh. Eliava - rais, V. Bokiy, F. Goloshchekin, V. Kuybishev, M. Frunze, Ya. Rudzutak)ni yubordi. Uning butun faoliyati TASSR sovet va partiya qurilishi ishlarini jadal sur’atlar bilan olib borish, yangi tuzumni chuqur ildiz ottirish edi. TASSR hayotida kechayotgan barcha ijtimoiy - siyosiy, iqtisodiy va madaniy jarayonlar bilan bog’liq eng asosiy masalalarning birortasi ham Turkkomissiya a’zolarining izmisiz hal etilmas edi.
Bu davrda mahalliy xalq orasidan chiqqan, sovet va partiya qurilishida ancha tajriba ortirgan, chiniqqan T. Risqulov, N. To’raqulov, A. Rahimboyev, N. Xo’jayev, Q. Otaboyev, A. Ikromov, S. Segizboyev kabi yurt arboblari u yoki bu rahbariy mansablarda faoliyat yuritgan bo’lsalar-da, ammo ularning inon-ixtiyori moskvalik hukmdorlar tizginida bo’lgan. Xullas, Turkkomissiya siymosida TASSR hayotida zo’rlik bilan qaror topdirib borilayotgan bolsheviklar diktaturasining asl mazmun-mundarijasi mujassamlashgan edi.
Rossiyada 1917-yilda yuz bergan fevral inqilobiy o’zgarishi chorizmning yarim mustamlaka o’lkalari hisoblangan Xiva xonligi va Buxoro amirligida ham aks-sado bermay qolmadi. Avvalo, bu tobe davlatlarning Rossiya ta’siridan xalos bo’lishga intilishi ko’zga tashlansa, ikkinchi tomondan, mahalliy xalqning demokratik erkinliklar va huquqlarga ega bo’lish sari harakatlari faollashdi.
Jumladan, Xorazmda Yosh xivaliklar harakati xonlikdagi siyosiy vaziyatni o’zgartirish va bir qator demokratik o’zgarishlarni yuzaga chiqarishga otlandilar. Yosh xivaliklar yetakchilari ishlab chiqqan manifestda konstitutsion monarxiya tuzish, xonning vakolatlarini cheklash, iqtisodiyot, ta’lim va madaniy xayot jabhalarini isloh qilish talablari ilgari surilgandi. Xivada ijtimoiy-siyosiy vaziyat keskin tus olayotganidan cho’chigan Isfandiyorxon (1910-1918) 1917-yil 5-aprel kuni manifestni imzolashga majbur bo’ldi. Manifest talablariga ko’ra xonlikda konstitutsion monarxiya tuzumi o’rnatildi. Ayni paytda tarkibi 30-50 kishidan iborat ruhoniylar va savdo-sanoat ahli vakillaridan saylangan Majlis va Nozirlar Kengashi tuziladi. Ular xalq vakilligi boshqaruvi organlari sifatida xon hokimiyati vakolatlarini ma’lum darajada chekladi. Manifestga muvofiq yosh xivaliklarning taniqli rahbari Bobooxun Salimov Majlis raisi, Matmurodov esa Nozirlar Kengashi raisi etib saylandilar. Xon xazinasi va uni tasarruf qilish ustidan nazorat o’rnatildi. Xon temir yo’llar qurish, pochta-telegraf o’rnatish, yangi jadid maktablari ochish to’g’risida va’dalar berdi. Biroq Xiva xoni va uning atrofidagi mutaassib kuchlar bu demokratik o’zgarishlarni yo’qqa chiqarish, eski tartiblarni qayta tiklash payida bo’ldilar.
1917-yil-iyuniga kelib Isfandiyorxon Rossiya Muvaqqat hukumatining Xivadagi vakili, general Mirbadalov yordamiga tayanib, Matmurodov boshliq Yosh xivaliklar rahbarlarini qamoqqa oladi. Bu partiyaning faoliyati qonundan tashqari deb e’lon qilinadi. Yosh xivaliklarning ko’plari qo’lga olinib jazolanadi. Qolganlari xonlik hududini tark etadilar.
Xiva xonligining tugatilishi. 1917-yil kuzida Rossiyada ro’y byergan oktabr o’zgarishi, Turkistonda mustabid sovet hokimiyatining o’rnatilishi davomida Xivada ham demokratik harakat yangi bosqichga qadam qo’yadi. Demokratik kuchlar, aholining kambag’al tabaqalari faol harakatga kela bordilar. Qo’ng’irot, Ko’hna Urganch, Xojayli, Taxta, Porsu bekliklarida mahalliy aholi qat’iy harakatlarga chiqdi. Buning ustiga mamlakatni boshqara olmay qolgan xonning 1918-yil yanvarida turkmanlar sardori Junaidxonni Xivaga chaqirishi va uni bosh qo’mondon etib tayinlanishi ham vaziyatni yanada chigallashtirib yubordi.
Junaidxon tez orada Isfandiyorxonni qatl ettirib, o’rniga uning tog’asi, irodasiz Said Abdullani nomiga xon qilib ko’tarib, amalda yakka hukmdor bo’lib oldi. Junaidxonning harbiy diktaturasi zulmidan og’ir aziyat chekkan ko’plab aholi qo’shni Turkistonga qochib o’ta boshladi. Ularning ko’plari Sovetlar tayyorlagan qizil qo’shinlar safini to’ldirib bordi. Bularniig hammasi Sovetlarga qo’l keldi. Shu zaylda ularga qarashli Amudaryo bo’limida (Turtko’lda) N. A. Shaydakov va N. M. Shcherbakov boshchiligida shimoliy va janubiy harbiy dastalar tuzilib, xonlik tuzumini ag’darishga shay qilib qo’yildi. Darhaqiqat, Turkiston sovet rahnamolari yo’l-yo’riqlari asosida harakatga kelgan qizil qo’shinlar va shuningdek, o’zbek va turkman aholisidan tashkil topgan qo’zg’olon dastalari 1919-yil dekabri oxirlaridan Junaidxon rejimiga qarshi harbiy yurish boshlaydilar. Bu kuchlar Junaidga ketmaket zarbalar berib, birin-ketin xonlik hududlarini qo’lga kiritib bordilar. 1920-yil 2fevralda Xiva egallandi. Junaidxon qolgan-qutgan qo’shini bilan Qoraqum sahrosiga chekinadi. Qo’g’irchoq xon Said Abdullo taxtdan voz kechadi. Shu tariqa, sovetlar kuchi bilan Xiva xonligi ag’darildi va 5 kishidan iborat Inqilobiy qo’mita tuzildi. Uning tarkibiga Yosh xivaliklar va turkman urug’-qabilalaridan vakillar kiritildi.
Inqilobiy qo’mita raisi etib Yosh xivaliklar rahbari D.Sultonmurodov saylandi. Tez orda Yosh xivaliklar ishlab chiqqan manifest e’lon qilinadi.
1920-yilning 27-30-aprel kunlari Xivada bo’lib o’tgan xalq vakillari Butunxorazm qurultoyi xonlik tugatilganligi va yangidan Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilganligini e’lon qildi. Qurultoy XXSRning muvaqqat
Konstitutsiyasini qabul qildi. Qurultoy shuningdek 15 kishidan iborat hukumat -
Xalq Nozirlar Kengashini sayladi. Yosh xivaliklar rahbarlaridan Polvonniyoz
Yusupov uning birinchi raisi bo’ldi. Tez orada (iyunda) Rossiya bolshevik rahbarlari ko’magida Xorazm Kompartiyasi tashkil etilib, uning hukmronlik mavqei hayotda tayin etib borildi. Sovet Rossiyasi ayni paytda yangi tug’ilgan
Xorazm Xalq Sovet Respublikasini o’z ta’sir doirasiga olish maqsadida 1920-yil 13-sentabrda XXSR bilan ittifoq shartnomasini tuzadi. Bu shartnoma bilan birga ikkala respublika o’rtasida imzolangan xarbiy-siyosiy va iqtisodiy kelishuvlar asosida Xorazm Xalq Sovet Respublikasiga sovet Rossiyasi tomonidan tegishli harbiy, iqtisodiy va madaniy yordam ko’rsatish ko’zda tutilgan edi. Biroq “katta og’a”ning bunday yordami zamirida Xorazm Xalq Sovet Respublikasining ichki ishlariga aralashish, uning siyosatini o’z manfaatlariga bo’ysundirish maqsadlari yotardi. Faqatgina 1921-yil davomida Xorazm Xalq Sovet Respublikasida uchmarta (mart,-sentabr,-noyabrda) hukumat o’zgarishi yasalib, Moskvaga ma’qul kelmagan uning tarkibi o’zgartirildi. O’z xalqining milliy manfaatlarini ko’zlab siyosat yuritgan Polvonniyoz Yusupov, M. Ibniyaminov, O. Muhammadrahimov bosh bo’lgan hukumat tarkiblari bekor qilindi, ularning rahbarlari asossiz qoralandi, so’ngra turli jazolarga giriftor etildi.
1923-yil oktabrida bo’lib o’tgan IV Butunxorazm Sovetlari Qurultoyi Xorazm Xalq Sovet Respublikasini Xorazm Sovet Sotsialistik Respublikasi deb e’lon qildi va respublikaning yangi konstitutspyasini qabul qildi. Unda Xorazmda Sovetlar rahbarligida amalga oshirilgan jiddiy o’zgarishlar orqasida bu respublika endilikda o’z taraqqiyotining yangi, sotsialistik bosqichiga kirganligi alohida ta’kidlandi. Konstitutsiya yerga bo’lgan xususiy mulkchilikni bekor qildi, barcha erlar umumxalq mulki deb e’lon etildi. Vaqf mulklari maorif nozirligi ixtiyoriga olindi. Xorazm xalqlarining xohish-irodasiga zid tarzda amalga oshirilgan bu xil tadbirlar va eng asosiysi, respublikani boshqarish jilovini tobora Sovetlar hukmronligi qo’l ostiga o’tib borishi, pirovardida voha aholisining umumiy noroziligining kuchayib borishiga sabab bo’ldi.

Yüklə 40,01 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin