Uchinchi bosqich (2000-2009 yy.) –faol demokratik yangilanishlar va mamlakatni modernizatsiya qilish davri bo‘lib, iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, siyosiy hayotimizni, qonunchilik, sud-huquq tizimi va ijtimoiy-gumanitar sohalarni izchil isloh qilishda muhim rol o‘ynagan davr bo‘ldi. Bu davr bevosita ikki palatali Oliy Majlis tizimiga o‘tish bilan bog‘liq saylov qonunchiligi tadrijiy taraqqiyoti uchinchi bosqichning asosiy mazmun-mohiyatini tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov 2000 yil 25 mayda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi chaqiriq Oliy Majlisining ikkinchi sessiyasidagi “O‘zgarish va yangilanish – hayot talabi” ma’ruzalarida: “... hayot o‘zgarishi bilan, odamlarimizning avvalgi siyosiy va ma’naviy ongi ulg‘ayishi bilan, bizning parlamentimizning tashkil etilishida ham, uning faoliyatida ham o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Shu holatlarni nazarda tutib, men doimiy asosda ishlaydigan ikki palatali parlament tizimiga o‘tish taklifini kiritmoqchiman”25 deb, ilgari surgan mazkur g‘oyalari bu davrda qabul qilingan qonun ijodkorlik faoliyati dasturida markaziy bo‘g‘in bo‘ldi26. Bunda asosiy e’tibor quyi palata – qonunchilik palatasini shakllantirishning bosh prinsipi asosan partiyaviy vakillik prinsipi bo‘ldi. Bu siyosiy partiya vakillarining o‘z ijtimoiy-siyosiy qarashlarini va saylovlar manfaatlarini ifodalash uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Parlamentning yuqori palatasi – Senat teng huquqli hududiy vakillik organi sifatidagi vakolatlari hamda u pog‘onali saylovlar asosida shakllanishi konstitutsiyaviy qonunda mustahkamlab qo‘yildi27.
Davlat boshqaruvini demokratlashtirish va yangilash hamda erkinlashtirish sharoitida Prezident vakolati muddatini o‘zgartirilishi va uning ayrim vakolatlarini Senat va Bosh vazirga o‘tkazilishi, ikki palatali parlament barpo etilishi o‘z-o‘zidan saylov to‘g‘risidagi qonunlarning o‘zgarishiga olib keldi. Shu bois 2003 yilning 29 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylovlar28 hamda хalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar to‘g‘risidagi qonunlar yangi tahrirda qabul qilindi. Shunday qilib, ikki palatali parlamentga saylovlar uchun zarur normativ-huquqiy baza amalda yaratildi. Unda saylov huquqining хalqaro standartlari va saylov tizimlarini rivojlantirish tajribasi, shuningdek mamlakatda parlamentarizm taraqqiyotining milliy хususiyatlari e’tiborga olindi. Masalan, 2004 yilgi saylovlarga qadar saylov qonunchiligiga joriy etilgan eng muhim yangiliklar qatorida – mahalliy Kengashlarning deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi bekor qilinganligi, siyosiy partiyalar deputatlikka nomzodlar ko‘rsatganida хotin-qizlar uchun kvota belgilangani, shuningdek saylovoldi tashviqotini olib borishda partiyalar faoliyatini moliyalashtirish masalasining hal etilganligini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. 2004 yil 30 aprelda “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonun esa partiyalarga saylovoldi kurashini faol va saylovchilar uchun qiziqarli tarzda o‘tkazishlariga qo‘shimcha imkon yaratdi29.
Bundan tashqari, 2008 yil 19 noyabrda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun saylov jarayonining huquqiy asoslarini yanada rivojlantirdi. Ushbu qonunga muvofiq, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlari sonini 120 tadan 150 taga oshirildi. Bunda 135 ta o‘rinni siyosiy partiyalardan ko‘ppartiyaviylik asosida bir mandatli okruglarda saylanadigan deputatlar egallaydi. O‘zbekiston ekologik harakatidan esa Qonunchilik palatasining o‘n besh deputati mazkur harakatning oliy organi (Konferensiyasi) tomonidan Markaziy saylov komissiyasi belgilaydigan muddatlarda saylanadigan bo‘ldi. Shuningdek, jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan real jarayonlarda siyosiy partiyalarning roli kuchayib borayotganligi inobatga olinib saylovchilarning tashabbuskor guruhlaridan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish instituti bekor qilindi. Shuningdek, deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillari soni 5 nafardan 10 nafarga oshirildi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda saylov komissiyalari faoliyatining oshkoraligini yanada kuchaytirishni ta’minlashga yo‘naltirilgan bir qator yangi tartib-qoidalar joriy etilmoqda.
Dostları ilə paylaş: |