Islom ta’limoti.Islom so‘zining arab tilidagi lug‘aviy ma’nosi – taslim bo‘lish, bo‘ysunish, istilohda esa yagona Allohga bo‘ysunish ma’nolarini beradi. Islom dini ta’limoti bo‘yicha Muhammad payg‘ambar avvalgi (o‘rta Yer havzasi sivilizatsiyasida ma’lum bo‘lgan) payg‘ambarlar ishini davom ettirgan, ular dinini qayta tiklagan, qiyomat oldidan yuborilgan oxirgi payg‘ambar (Xotam al-anbiyo’) – nabiy va rasul deb tan olinadi.
Islomning asosiy shartlari hisoblanmish besh rukn quyidagilardir:
imon;
namoz;
zakot;
ro‘za;
haj;
Imon masalasida islomda (ahl as-sunna, shi‘alar, xavorijlar ichida) avvalgi davrda turli maktablar vujudga kelib, ular shu kungacha rivojlanib kelmoqda. Ba’zi ta’limotlar (masalan, mu’tazila, murji’a) yo‘qolib, yangi teologik maktablar paydo bo‘lgan. Shuningdek, ko‘p hollarda alohida olingan mashhur mutafakkir-ulamoning shaxsiy yo‘li (mazhabi) o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi. Ahl as-sunna va-l-jamoa ichida klassik davrda ikki asosiy maktab – moturidiylar va ash’ariylar kuchli mavqega ega bo‘ldilar. Masalan, moturidiylar nazdida aqida masalalarida quyidagicha fikr mavjud:
«Imon» so‘zining lug‘aviy ma’nosi ishonmoq, tasdiqlamoq bo‘lib, istilohda esa «La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh» («Allohdan o‘zga iloh yo‘q va Muhammad – Allohning payg‘ambari») kalimasini til bilan aytib (al-iqror bi-l-lison), dil bilan tasdiqlash (at-tasdiq bi-l-qalb) demakdir. Mazkur ta’limot boshqalaridan imon masalasida amalni imondan alohida hisoblashi bilan farqlanadi. Imonning yetti sharti bor. Ular:
Allohning borligi va birligiga imon keltirish, ya’ni Allohning Qur’oni karimda va Muhammad payg‘ambar hadislarida bayon qilingan barcha ismlari va sifatlariga imon keltirish. Ibodat qilish va sig‘inishga undan o‘zga loyiq zot yo‘q deb bilish, uning barcha buyruqlarini qabul qilish va barcha qaytargan narsalaridan qaytish. Qur’onning «al-Ixlos» surasida Alloh taoloning yagonaligi shunday ta’riflanadi: «Aytgin (Ey, Muhammad payg‘ambar): Alloh yagonadir, beniyozdir (hech kim va hech narsaga muhtoj emas, balki barcha unga muhtojdir), tug‘magan, tug‘ilmagan va uning tengi yo‘qdir» (Qur’on, 112:1-4);
farishtalarning borligiga imon keltirish. Farishtalar (malo’ika) Allohning nurdan yaratgan, uning buyruqlarini so‘zsiz bajaruvchi, uning amridan tashqari chiqmaydigan xos bandalaridir. Ulardan Jabroil, Mikoil kabi buyuk farishtalarning nomlari Qur’onda zikr etilgan. Jabroil farishtaning vazifalaridan biri payg‘ambarlarga Allohning vahylarini yetkazish bo‘lgan. Farishtalardan ba’zilari odamlar bilan doim birga bo‘lib, ularning yaxshi va yomon ishlarini yozib boradilar. Qur’onda ular «Kirom kotibun» (mukarram kotiblar) deb zikr etilgan (Qur’on, 82: 10-12). Bundan tashqari, tafsir kitoblarida Isrofil, Azro’il nomli farishtalarning ismlari qayd etilgan. Qur’on va hadislarda farishtalar haqida juda ko‘p yerda so‘z yuritilgan. Ularga ishonish imonning shartlaridandir;
ilohiy kitoblarga imon keltirish. Alloh Muhammad payg‘ambarga Qur’onni nozil qilganidek, boshqa payg‘ambarlarga ham kitoblar tushirgan. Ulardan bizga ma’lum bo‘lganlari: Ibrohim payg‘ambarga «Sahifalar», Muso payg‘ambarga «Tavrot», Dovud payg‘ambarga «Zabur» va Iso payg‘ambarga berilgan «Injil» kitoblaridir. Ulardan boshqa payg‘ambarlarga yuborilgan kitoblar haqida Qur’on va hadislarda xabar berilmagan. Yuqorida nomlari zikr etilgan kitoblarning barchasi Qur’onda Alloh tomonidan nozil qilingan deb ta’kidlanganligi sababli ularga shunday deb ishonish imonning shartlaridan hisoblanadi. Islom ta’limotiga ko‘ra, oldingi ilohiy kitoblar buzilib ketganligi sababli Qur’on ularning ta’limotini tiklab kelgan;
payg‘ambarlarning haqligiga imon keltirish. Alloh insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun payg‘ambarlar yuborgan. Barcha payg‘ambarlar bir zanjirning bo‘g‘inlari kabidirlar. Qur’onda 25 payg‘ambarning nomlari zikr etilgan. Hadislarda payg‘ambarlarning umumiy soni 124 ming ekanligi bayon qilingan. Musulmonlar uchun ulardan Qur’onda nomi zikr qilingan va zikr qilinmaganlarning barchasiga barobar imon keltirish shart;
oxirat kuniga ishonish. Dunyoning ibtidosi bo‘lgani kabi uning intihosi ham bor. Islom ta’limotiga ko‘ra, bu dunyo bir sinov maydonidir. Bu dunyoda qilingan savob ishlar uchun mukofot, gunoh ishlar uchun jazo beriladigan oxirat hayoti mavjud. Qiyomat kuniga va oxirat hayotiga ishonish islomning asosiy g‘oyalaridandir;
taqdirga – inson boshiga tushgan yaxshiligu yomonlik Allohdan ekaniga e’tiqod qilish. Yuqorida aytib o‘tilganidek, islomning ma’nosi «taslim bo‘lmoq» dir. Shunga binoan, inson hayotda ro‘baro‘ bo‘ladigan barcha yaxshi-yomon ishlarni o‘zi uchun Alloh tomonidan belgilangan sinov va imtihon deb bilishi lozim. Yaxshiliklarga shukur qilmog‘i, qiyinchilik va mashaqqatlarga sabr qilmog‘i imonning shartlaridan hisoblanadi;
o‘limdan keyin qayta tirilishga ishonish. Islom ta’limotiga ko‘ra, qiyomat kuni bo‘lganda barcha insonlar qabrdan turadilar va mahshargoh maydoniga yig‘iladilar. U yerda barcha odamlar dunyodagi amallariga qarab mukofot (jannat) yoki jazo (do‘zax)ga mahkum etiladilar.