11.5. Pul massasi va iqtisodiy sikllar M. Fridmen Anna Shvarts bilan birga yozgan «Qo’shma Shtatlarning monetar tarixi (1867–1960 yil)» asarida katta hajmdagi materiallar yordamida pul massasining kuchayishi bilan iqtisodiy sikl fazalari o’rtasida bog’liqlik borligini ko’rsatib berdi. U pul massasi o’sishining tezlashuvi yoki sekinlashuvini kuzatib, deyarli 100 yil mobaynida AQSh ning barcha xo’jalik dinamikasi pul massasi harakati bilan aniqlanib kelingan, degan xulosaga kelgan. Pul massasining o’sish sur‘atining o’zgarishi ijtimoiy mahsulot o’sishida o’zgarish keltirib chiqaradi. Pul massasining yuqori o’sish cho’qqisi ishlab chiqarishning o’sishini, pul massasining quyi nuqtasi ishlab chiqarishning pasayishini keltirib chiqaradi. Shunday qilib, pul massasi (muomaladagi pul miqdori) iqtisodiy hayotga iste‘molchilar va firmalar sarf-xarajatlari orqali bevosita ta’sir ko’rsatadi.
Pul taklifining ko’payishi bilan bog’liq bo’lgan o’zgarishlar faqat miqdor ko’rsatkichlarida o’z ifodasini topmaydi. Pulning aylanishi va mahsulotlar miqdori doimiy bo’lganda pul taklifining o’zgarishi bahoga to’g’ri ta’sir ko’rsatadi: pul taklifi kuchayganda uning xarid qobiliyati pasayadi, ya’ni baho oshadi. Agar pul taklifining ko’payishi YaIM ko’payishi bilan birga olib borilsa, baholar oshmaydi.
Baholarning o’zini o’zi tartiblab turishi va pullarning sotib olish qobiliyatining tenglashuvi natijasida pul sektori bilan tovar sektori o’rtasida zaruriy aloqa o’rnatiladi.
Pul massasini tartiblash (ko’paytirish) banklar tizimi orqali resurslarning tarmoqlar o’rtasida taqsimlanishiga ta’sir ko’rsatadi, texnika taraqqiyotiga «yordam beradi», iqtisodiy faollikni qo’llabquvvatlashga imkon beradi. Pul dastaklaridan nihoyatda ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak. Pul massasi bilan iqtisodiy o’sish o’rtasida muvozanat bo’lishi zarur. Shu bois M. Fridmen monetar qoidalarni qonun yo’li bilan belgilash taklifi bilan chiqdi, unga ko’ra real yalpi ichki mahsulotning o’sishi bir yilda 3 foizni tashkil etganda (AQSh uchun) pul massasining o’rtacha o’sish sur‘ati 3-5 foiz miqdorida belgilanishi lozim. Bu iqtisodiyotda faollikni keltirib chiqaradi. Agar pul taklifining ko’payishi yiliga 3-5 foizdan oshib ketsa, inflyatsiyaning kuchayishiga olib keladi, agar pulning ko’payishi 3–5 foizdan past bo’lsa, YaIM o’sishi pasayadi.
M. Fridmen fikri bo’yicha Buyuk turg’unlik davri qiyinchiliklari eng avvalo, federal rezerv tizimining (FRT) iqtisodiyotda pul miqdorining kamayib ketishini bartaraf etishga qurbi yetmaganligi bilan bog’liq (fond bozorining sinishi va banklarning xonavayron bo’lishi sababli). Pul massasining yetishmasligi esa talabga salbiy ta’sir ko’rsatdi, real ishlab chiqarish hajmi esa pasayib bordi. Bu yerda shu narsani aytish kerakki, monetaristlarning tanqidi behuda bo’lgani yo’q, u keyinchalik o’z foydasini ko’rsatadi. 1987-yil 19-oktabrda jahon miqyosida fond bozori sinishi kuzatildi. Ammo FRT va boshqa markaziy banklarning qat‘iy xatti-harakati tezda o’z samarasini berdi. Rag’batlantiruvchi pul siyosati amalga oshirildi. Foiz stavkasi pasaydi, bu bank ishidagi sarosimani to’xtatdi.
Monetarizm konsepsiyasining keynschilikdan farqi. Yuqorida qayd qilib o’tilganidek, pul siyosati pul talabi va uning taklifi o’rtasida nisbat o’rnatishga yo’naltirilgan bo’lishi kerak. Pul taklifining o’sishi (pulning o’sish foizi) baholar barqarorlikni ta’minlaydigan darajada bo’lishi lozim. M. Fridmen fikriga ko’ra bunday darajani aniqlash juda murakkab. Markaziy bank prognozlarida xatolar tez-tez uchrab turadi. Iqtisodiy rivojlanishga aynan qaysi omillar ta’sir ko’rsatayotganligini aniqlash qiyin va hatto mumkin emas. Qabul qilinayotgan qarorlar kechikkan bo’lishi va ba’zida qarama-qarshi natijalarni keltirib chiqarishi ham mumkin: masalan, ba’zan ishlab chiqarishning o’sishini rag’batlantirish ko’zda tutilganda, pasayish kelib chiqadi, ya’ni qabul qilingan qaror o’sishga to’sqinlik qiladi.
Markaziy bank qisqa muddatli tartiblashning konyunkturali siyosatidan voz kechishi va iqtisodiyotga uzoq muddatli ta’sir ko’rsatish, pul massasini asta-sekin ko’paytirib borish siyosatiga o’tishi kerak. Pul massasi nominal YaIM ga ta’sir ko’rsatadi.
Monetar konsepsiya va monetar tavsiyalar keynschilikdan farq qiladi, ba’zan esa unga qarama-qarshidir. Shu bilan birga iqtisodiyotni tartiblash muammosidagi bu ikki yondashuv o’rtasiga katta chegara qo’yish ham noto’g’ri. Har ikkala nazariya eng avvalo, bozor iqtisodiyoti sharoitida qo’llanishga qurilgan. Ma’lum ma’noda har ikkala nazariya bir-birini o’zaro to’ldirib turadi (umumiy daromadni aniqlash nazariyasini tashkil etadi). J.M.Keyns daromadlarining xarajatlarga miqdoriy bog’liqligini asoslab berdi, M.Fridmen esa daromadlarning pulga bog’liqligini ko’rsatib berdi. Shu bilan birga, J.M.Keyns va M.Fridmen yondashuvlari o’rtasida ayrim farqlar mavjud. Ularning ba’zilarini umumiy sxemali ko’rinishda aks ettirish mumkin (11.1-jadval).