Valyuta cheklovlari. Ushbu tadbir eksport qiluvchilaring xorijiy valyutalardagi tushumlaridan foydalanishni cheklash, xorijiy valyutani import qiluvchilarga sotishni litsenziyalash orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, u valyuta operatsiyalarni maxsus ruxsatnomaga ega bo’lgan banklarda amalga oshirilishi hamda to’lov balansidagi taqchillikni kamaytirish maqsadida, kapital eksportini chegaralash va uning oqib kelishini rag’batlantirish, tovarlar importini chegaralashga qaratilgan tadbirlar yig’indisidir.
Moliya va pul-kredit siyosati. To’lov balansidagi taqchillikni bartaraf etish maqsadida eksport qiluvchilarga byudjet subsidiyalari beriladi, protektsionistik (ichki ishlab chiqaruvchilarni himoyalash) maqsadlarida import bojlari oshiriladi, mamlakatga pul oqimining kirib kelishini rag’batlantirish maqsadida qimmatli qog’ozlar egasi bo’lgan xorijliklardan olinadigan soliqlarni bekor qilish kabi chora-tadbirlardan keng foydalaniladi. Shuningdek, pul-kredit siyosati, bank hisob siyosati va muomaladagi pulning massasini belgilash tadbirlari yuqoridagi maqsadlardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.