12. Shaxsdа jаmiyatdаn, o’zligidаn bеgоnаlаshish muаmmоsi. 13. О (1)
122.Faoliyat falsafasi (prakseologiya)
Praksiologiya (yunon. praktikos – faol) – falsafaning inson faoliyatini o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘limlaridan biri. Faoliyat tushunchasi inson borlig‘ining tabiati va mohiyatini, uning shaxsiy imkoniyatlari, ijtimoiy aloqalari va munosabatlarini, inson ma’naviy dunyosi va moddiy amaliyot jabhasini teranroq tushunish imkonini beradi. Inson faoliyati o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, hayvonlar faolligidan butunlay farq qiladi. U individ va umuman jamiyat borlig‘ining alohida usuli hisoblanadi. Ijtimoiy yo‘nalganligiga qarab faoliyatning turli fanlarda o‘ziga xos xususiyatlari bo‘ladi. Ijtimoiy falsafa shaxsning ijtimoiylashuvi, ya’ni jamiyat to‘plagan tajriba, qadriyatlar va me’yorlarni o‘zlashtirish usuli sifatidagi faoliyat mazmunini yoritadi. Sotsiologiyada faoliyat (ijtimoiy harakat) ijtimoiy organizmning sub’ektiv motivatsiya va boshqalarga qarab mo‘ljal olish bilan tavsiflanadigan hamda shaxs va jamiyatning aloqasini ta’minlaydigan hujayrasi sifatida qaraladi. Ontologiyada faoliyat inson borlig‘i usuli bo‘lib, unda odamzotning mohiyatini belgilovchi kuchlar ayniqsa to‘la aks etadi. Bilish nazariyasida asosiy e’tibor bilishning negizi va bilimlarimiz haqiqiyligining muhim mezoni bo‘lgan amaliyot sifatida tushuniladigan faoliyatga qaratiladi. Axloq va huquq falsafasida xohish-iroda erkinligi muammolari va inson faoliyatini tartibga solish usullari o‘rganiladi. Inson faoliyatining madaniyat bilan aloqasi mazkur faoliyatning o‘ziga xos xususiyatini aks ettiruvchi muhim falsafiy muammolardan biridir. To‘g‘ri, inson yaratgan barcha narsalar ham madaniyatga 233 mansub bo‘lavermaydi, lekin ijodiy faoliyatsiz madaniyat mavjud bo‘lishi mumkin emas. YOndashuvlarning bunday rang-barangligi tasodifiy bir hol emas, chunki inson faoliyati uning yashash omili hisoblanadi va odamzotning tabiatga, jamiyatga, o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatlari doirasini to‘la qamrab oladi. Moddiy va ma’naviy ne’matlar ishlab chiqarish, siyosat va boshqaruv, muloqot va bilish, badiiy ijod va falsafiy mulohaza yuritish, tarbiya va o‘zini o‘zi tarbiyalash – bularning barchasi faoliyatni insonning dunyoga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatining universal shakli, shaxs va jamiyatning rang-barang ehtiyojlarini qondirish usuli sifatida tavsiflaydi. Faoliyat tushunchasining mazmuni. Falsafada faoliyat insonga xos bo‘lgan va tashqi dunyoni oqilona o‘zgartirishga qaratilgan faollikning alohida shakli sifatida tavsiflanadi. Ijtimoiy falsafada faoliyat ijtimoiy jarayonlarni amalga oshirish, insonning o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, o‘zini qurshagan dunyo bilan aloqaga kirishish usuli sifatida qaraladi1 . Faoliyat muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish qobiliyati uning amaldagi moddiy ifodasiga o‘zaro o‘tishini nazarda tutadi. Bu faol inson tashqi dunyoni o‘zgartirishi va o‘zi ham o‘zgarishini anglatadi. Forobiy fikricha “inson faoliyatsiz turaolmaydi, ammo har qanday faoliyat va harakat insonni inson qilib ko‘rsata olmaydi. CHunki o‘z tabiatiga ko‘ra hayvonlar ham harakat qiladilar. Hayvon ovqatni ko‘radi va unga intiladi va bunda ongsiz harakatni amalga oshiradi. Odamni hayvondan ajratadigan narsa- alohida iroda bo‘lib, u ixtiyor deb nomlanadi” 2 . Ixtiyor – komillikka intilish va unga erishish sari harakat demakdir. Inson maqsadni ham, unga erishish vositalari, yo‘lni ham bilib oladi. Natijada u o‘z maqsadiga etish uchun ongli faoliyat olib boradi. Inson juda ko‘p narsani orzu qilib yashaydi, biroq ularning hammasiga ham ega bo‘lmaydi. SHu bois haqiqiy baxtga u dunyoda erishiladi, oxiratda mutloq baxtga erishishga qaratilgan har qanday harakat – fazilatdir deb hisoblaydi. XX asrning atoqli mutafakkiri E.Kassirer insonning eng muhim xususiyati, uning o‘ziga xos belgisi metafizik yoki jismoniy tabiati emas, balki uning faoliyatidir, deb qayd etgan edi. Insoniyat sohasini aynan mehnat, faoliyat turlari tizimi belgilaydi. Kassirer til, mif, din, san’at, fan, tarixni inson faoliyati tizimining turli sektorlari sifatida qayd etadi. Insonni tushunish bu faoliyat turlaridan har birining teran qatlamlari haqida tasavvur hosil qilish va ayni vaqtda uni yaxlit bir butun organizm sifatida tushunish demakdir. Faoliyatni sotsiologik jihatdan tavsiflash qilmish, xatti-harakat, xulq-atvor tushunchalari yordamida amalga oshiriladi. Bu tasodifiy bir hol emas.. Jamiyat odamlar birgalikda amalga oshiradigan faoliyat shakllaridan biri hisoblanadi, shu sababli inson faoliyati doim ijtimoiy xususiyat kasb etadi, garchi o‘z shaxsiy ehtiyojlari va egoistik tushuniladigan manfaatlar yo‘lida amalga oshirilsa-da, boshqalarga qaratilgan bo‘ladi. Qilmish – shaxs faolligi namoyon bo‘lishining bir shakli bo‘lib, uning ijtimoiy ahamiyatga molik natijalar uchun javobgarligini nazarda tutadi. Ayni holda mazkur natijalar shaxsning muayyan maqsadlari yoki mo‘ljallari bilan belgilangan yoki belgilanmagani ahamiyatga ega bo‘lmaydi.
Psixologiyada faoliyatga mufassalroq tavsif berilgan bo‘lib, u insonning dunyo bilan munosabatlari dinamik tizimi sifatida talqin qilinadi. Bunda sub’ektda ruhiy obraz yuzaga keladi va u ob’ektda mujassamlashadi. Sodda qilib aytganda, faoliyat insonning har qanday ob’ektga (dunyoga) shunday bir munosabatini aks ettiradiki, uning zamirida nafaqat ob’ekt (dunyo) haqidagi bilim, balki uni o‘zgartirish natijasida inson nimaga erishishi mumkinligi haqidagi tasavvur ham yotadi. Psixologiyada bilim va maqsadning inson ehtiyojlari bilan belgilangan o‘ziga xos chatishuvi faoliyat jarayonida ob’ektda gavdalanadigan obraz sifatida qaraladi. SHunday qilib, faoliyat sub’ektning borliqqa bo‘lgan munosabatlarini ro‘yobga chiqarish usuli hisoblanadi. Ammo faoliyatning o‘zi insonning tashqi dunyoga bevosita munosabati bilan emas, balki uni anglab etishi, ya’ni ruhiy motivlar, maqsadlar, vositalar (mehnat qurollari) bilan tavsiflanadi. Faoliyatning tuzilishi. Faoliyatning umumiy tuzilishi ehtiyojlar bilan belgilanadi Insonning ehtiyojlari uning faollik manbai hisoblanadi. Hayot ehtiyojlari (insonning jonli mavjudot sifatidagi ehtiyojlari), ijtimoiy ehtiyojlar (ijtimoiy rivojlanish ehtiyojlari, shuningdek shaxsning jamiyatga moslashuv ehtiyojlari) va ma’naviy (ma’rifiy, diniy, axloqiy, estetik va sh.k.) ehtiyojlar farqlanadi. Ehtiyojlarning rang-barangligi inson faoliyati turlarining rangbarangligini belgilaydi. Faoliyat turlarini tasniflash zamirida yotuvchi eng muhim omil u qaratilgan va faoliyat motivini tashkil etadigan predmetlar farqidir. Faoliyat motivsiz bo‘lmaydi, «motivlashtirilmagan» faoliyat sub’ektiv pinhona motivga ega bo‘ladi. Harakatlar va amallar. Faoliyat harakatlardan tashkil topadi. Harakat alohida maqsadga, ya’ni erishilishi lozim bo‘lgan natija haqidagi tasavvurga bo‘ysunadigan jarayon sifatida tavsiflanadi. Maqsad inson ongida ehtiyoj va motiv bilan faoliyat ob’ektiv holatlarining nisbatlashuvi jarayonida yuzaga keladi. O‘z navbatida, holatlar maqsadga erishish yo‘llarini belgilaydi. Bular faoliyat shartlari bilan belgilanadigan amallar hisoblanadi. SHunday qilib, umuman faoliyat motiv bilan, harakat – maqsadlar bilan, amallar – shartlar bilan belgilanadi. Faoliyatning atributlari. Inson faoliyati o‘ta rang-barangdir. YUqorida qayd etib o‘tilganidek, faoliyat turlarini tasniflash uchun asos bo‘lib uning inson tomonidan o‘zgartiriladigan ob’ekt: tabiat, jamiyat, insonning o‘ziga qaratilganligi xizmat qiladi. Faoliyat atributlari (xossalari) faoliyatni motivlashtirish va amalga oshirish mexanizmlarini tavsiflaydi. Faoliyat atributlari orasida avvalo sub’ektlilik va moddiylik qayd etiladi. Sub’ektlilik va moddiylik. Faoliyatning sub’ektliligi shu bilan izohlanadiki, u shaxsning o‘tmishdagi tajribasi, uning ehtiyojlari va mo‘ljallari, motivlari va maqsadlari, emotsiyalari va irodasini tavsiflovchi xususiyatlari, bilish qobiliyatlari 235 va hokazolar bilan belgilanadi. Faoliyatning moddiyligi insondan tashqarida joylashgan va uning qo‘li bilan o‘zgartiriladigan tabiat va jamiyat kuchlariga qaratilganini anglatadi. Ammo insonning o‘zi, uning o‘z-o‘zini kamol toptirishi, o‘z-o‘zini tarbiyalashi va shaxs o‘z oldiga qo‘yadigan maqsadlarga erishishga qaratilgan tegishli harakatlar ham o‘zgartirish faoliyatining predmeti bo‘lishi mumkin