2. Faoliyat turlari boʻyicha pul oqimlarini baholash Bozor iqtisodiyoti sharoitida pul mablagʻlari yuqori darajada chegaralangan resurslardan biri hisoblanadi, shuning uchun ham korxona moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirish koʻp jihatdan moliyaviy menejerlar tomonidan pul mablagʻlarini toʻgʻri taqsimlash va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish qobiliyati bilan belgilanadi. Pul mablagʻlari korxonaga ish haqi toʻlash, xom ashyo, materiallar, asosiy vositalar xarid qilish, soliqlarni toʻlash, qarzlar boʻyicha xizmat koʻrsatish, dividendlar toʻlash va boshqalar uchun zarur.
Pul mablagʻlarini samarali boshqarish uchun quyidagilarni bilish lozim:
- aniq bir davrlar boʻyicha talab qilinadigan pul mablagʻlari miqdorlari;
- pul mablagʻlariga boʻlgan ehtiyoj tuzilmasi;
- pul oqimlarining tegishli elementlarini shakllantiruvchi faoliyat turlari va ularning shakllanish mexanizmlari.
Bunga bogʻliq holda pul oqimlarini boshqarishning muhim instrumenti sifatida pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobot keltiriladi. Koʻrib chiqilgan sabablardan kelib chiqqan holda moliyaviy menejerlar, shuningdek kreditorlar, aksiyadorlar, investorlar va boshqa manfaatdor shaxslar chuqur oʻrganishlari talab etiladi. Natijada esa quyidagi savollarga javob topish imkoniyati yuzaga keladi:
- Qanday asosiy manbalardan va qancha miqdorda pul mablagʻlari olingan va ulardan qaysi yoʻnalishlarda foydalanilgan?
- Korxona oʻz asosiy faoliyati orqali pul mablagʻlari tushumlarini turli xil toʻlovlar summasidan oshirishni ta’minlash imkoniyatiga egami?
- Korxona oʻz majburiyatlari boʻyicha xizmat koʻrsatish va ularni qoplash qobiliyatiga egami?
- Asosiy faoliyatni yuritish uchun pul mablagʻlari yetarlimi?
- Korxona pul mablagʻlarining ichki manbalari hisobiga investitsion talablarni qanday darajada ta’minlay olishi mumkin?
- Olingan foyda miqdori va pul mablagʻlari hajmi oʻrtasidagi farqni qanday tushuntirish mumkin va boshqa savollar?
Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlariga muvofiq pul oqimlari toʻgʻrisidagi hisobot koʻrib chiqilayotgan davr boʻyicha pul mablagʻlari harakatini aks ettiruvchi moddalardagi oʻzgarishlar sabablarini izohlab berishi va operatsion, investitsion va moliyaviy faoliyatlar kesimida korxona pul oqimlari toʻgʻrisidagi axborotlardan tarkib topishi lozim. Hisobotning sanab oʻtilgan boʻlimlari moddalari tarkibi, shuningdek ularni detallashtirish darajasi korxona tomonidan mustaqil belgilanadi.
Pul oqimlari harakatini chuqur oʻrganish uchun soddalashtirilgan tartibda tuzilgan pul mablagʻlari manbalari va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi analitik hisobotdan foydalanish tavsiya etiladi.
Pul mablagʻlari manbalari va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi analitik hisobotni balans moddalari asosida mustaqil tuzish talab etiladi. Balansning aktivi korxonaning investitsion qarorlarini ham oʻzida aks ettirishi va kapitalni joylashtirish yoʻnalishlarini koʻrsatib berishi sababli uning moddalaridagi har qanday oʻsish doimo pul mablagʻlaridan foydalanishni anglatadi va aksincha.
Oʻz navbatida passiv korxonaning moliyalashtirish manbalarini oʻzida ochib beradi. Bunda balans moddalaridagi oʻsish pul mablagʻlarining kirimini, kamayish esa chiqib ketishini anglatadi.
Keltirilgan mulohazalarga asoslangan holda quyida mos shaklni keltiramiz (1-jadval).
1-jadval