181-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish va pensiya tayinlashda ish stajini inobatga olish majburiyatini yuklashni soʼradi
17-kazus
Fuqaro B.Olimov 2022-yil 10-mart kuni pensiya tayinlashni so’rab Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Norin tuman bo‘limiga murojaat qildi. 2022-yil 18-mart kuni Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Norin tuman bo‘limi pensiya va nafaqalarni tayinlash komissiyasi tomonidan B.Olimovning mehnat daftarchasida 1995-yil 3-apreldan 2005-yil 18-noyabrga qadar Norin bog’dorchilik davlat xo’jaligining issiqxonasida ishlaganligi to’g’risidagi yozuv mavjud bo’lsa-da, lekin shu ishlagan davr uchun ish haqi kitoblari saqlanmaganligi sababli hisobga olinmadi va pensiya tayinlash rad qilindi. Bundan norozi bo’lgan B.Olimov Norin tuman Adliya bo’limiga murojaat qildi va Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Norin tuman bo‘limi tomonidan o’zining vajlari tinglanmasdan pensiya tayinlash rad etilganligini ta’kidladi.
18-kazus
Fuqaro B. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarni tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 3755-sonli Qaroriga muvofiq Oʼzbekistan Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Аkademiyasida tashkil etilgan “Taraqqiyot” Respublika tanlovida ishtirok etadi.
Fuqaro B.ning tanlov veb-portali orqali joʼnatgan hujjatlari tanlov shartlariga mos kelganligi, uning anketalarida ishtirokchilarga qoʼyilgan talablarga zid holatlar aniqlanmaganligi tufayli, dastlabki onlayn saralash bosqichdan yuqori natijalar bilan oʼtadi.
Biroq, fuqaro B. Komissiya tomonidan “Soliq va bojxona sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi” nomenatsiyasi boʼyicha oʼtkazilgan navbatdagi “Yozma tahliliy material bosqichi” natijalari eʼlon qilinganidan soʼng, rahbarlik lavozimlarida ishlamagan nomzod sifatida tanlov ishtirokchilari roʼyxatidan chiqariladi.
Bundan norozi boʼlib, fuqaro B. maʼmuriy sudga murojaat qilib, oʼz murojaatida javobgar Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʼyicha “Taraqqiyot” Respublika tanlovini oʼtkazishni tashkil etish boʼyicha komissiyaning uni tanlov ishtirokchiligidan chiqarishda ifodalangan xatti-harakatlarini gʼayriqonuniy deb topib, Komissiya zimmasiga uni tanlovda ishtirok etish huquqlarini tiklash majburiyatini yuklashni soʼraydi.
Birinchi instantsiya sudi, javobgar Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish boʼyicha “Taraqqiyot” Respublika tanlovini oʼtkazishni tashkil etish boʼyicha komissiyasi maʼmuriy organ emasligi, shunga koʼra fuqaro B.ning shikoyatda keltirgan talablari maʼmuriy sudning sudloviga taalluqli emasligini asos qilib, shikoyatni ish yurituviga qabul qilishni rad etish haqida ajrim chiqaradi
19-kazus
Toshkent shahri adliya boshqarmasi tomonidan 2015 yil 3 mayda fuqaro O.ga advokatlik faoliyati bilan shugʼullanish huquqini beruvchi litsenziya berilgan. Fuqaro O. ushbu litsenziya asosida “REAL PROTECT” advokatlik byurosini tashkil qilib, advokatlik faoliyati bilan shugʼullanib keladi.
Аdvokat O.ning xizmatidan foydalangan fuqaro F. 2019 yilning yanvar oyida Аdvokatlar Palatasiga advokat O.ning ustidan shikoyat qiladi. Fuqaro F. oʼz shikoyatida advokat O. 2017 yilda fuqaro P.ga nisbatan qoʼzgʼatilgan jinoyat ishi boʼyicha, unga bepul yuridik yordam koʼrsatish haqida shartnoma tuzgan boʼlsada, koʼrsatgan xizmati uchun undan uning turmush oʼrtogʼi M. orqali dastlab 5.000.000 soʼm, keyinchalik boʼlib-boʼlib 6.000.000 soʼm pul mablagʼlarini olib, advokatura tizimi kassasiga kirim qilmaganligi, shuningdek, advokat O. fuqaro F.ning turmush oʼrtogʼi M. bilan shaxsiy munosabatga kirishib, u bilan telefon orqali turli mazmundagi, axloq qoidalariga toʼgʼri kelmaydigan yozishmalar yozishib, shaxsiy maqsadlari yoʼlida uchrashib, er-xotinlarning oʼzaro munosabatlari buzilishiga, oqibatda ularning oilasi buzilib, ajrashib ketishlariga sabab boʼlganligini koʼrsatib oʼtadi.
Аdvokatlar palatasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi huzuridagi malaka komissiyasi tomonidan fuqaro F.ning shikoyati asosida advokat O.ning xatti-harakatlariga nisbatan oʼtkazilgan xizmat tekshiruvi natijalariga koʼra, Malaka komissiyasining 2019 yil 1 martdagi 4-sonli majlis bayonnomasi asosida qabul qilgan qarori bilan, advokat O.ga nisbatan intizomiy ish qoʼzgʼatilib, unga advokatlik faoliyati bilan shugʼullanish huquqini beruvchi litsenziyani amal qilish muddatini tugatish masalasini koʼrib chiqish uchun Аdvokatlar Palatasi Oliy malaka komissiyasiga murojaat qilish belgilanadi.
Аdvokat O.ga nisbatan qoʼzgʼatilgan intizomiy ish Oliy malaka komissiyasining 2019 yil 19 martdagi majlisida koʼrib chiqilib, advokat O.ning xatti-harakatlarini advokaturaning nufuziga va advokatning shaxsiy qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi harakat sifatida baholanib, unga advokatlik faoliyati bilan shugʼullanish huquqini beruvchi litsenziyani amal qilish muddatini tugatish masalasini hal qilish uchun Аdliya vazirligiga yuborish haqida xulosa qilinadi.
Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi arizachi sifatida sudga advokat O.ga advokatlik faoliyati bilan shugʼullanish huquqini beruvchi litsenziyani amal qilish muddatini tugatishni soʼrab ariza bilan murojaat qiladi.
20-kazus
Namangan viloyati Pop tumani Gʼurumsaroy qishlogʼida yashovchi fuqarolar tuman hokimligiga shikoyat qildilar. Ular oʼz shikoyatlarida qishloqlaridagi paxta tozalash zavodi xususiylashtirilib yangitdan faoliyatini boshlagach zavoddan chiqayotgan changning miqdori xaddan tashqari oshib ketgani, hovli-joylarini bir kunda 2 mm gacha chang qoplayotgani, qishloq aholisi ochiq havoda nafas ololmay qolganini, ilgari zavod ishlagan paytda bunday holat boʼlmaganini bildirishdi.
Tuman hokimligi shikoyat arizasiga javoban, bu muammo boʼyicha xususiy korxona faoliyatiga aralasha olmasligi va fuqarolar atrof-tabiiy muhitni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari lozimligini bildirdi.